TOLIB KARIMOV haqida
DO`STLARGA ULASHING:
O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1940)
Teatr aktyori Tolib Karimov 1940 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1961 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatgach, 1961—63 yillarda institut yo‘llanmasi bilan Ko‘qondagi Hamza nomli teatr¬da aktyor sifatida ijodiy faoliya¬tini boshlaydi. Bu teatrda u S.Ahmadning «Hasan-Husan» komediyasida militsioner, Odil Yokubovning «Olma gullaganda» asarida Aziz, Lazutinning «Serjant militsiyasi» asarida serjant va boshqa bir necha rollarni ijro etdi. T.Karimov 1963 yilda Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatriga ishga o‘tib, to shu kungacha ushbu teatrda faoliyat ko‘rsatib kelmokda. Shu davrda u g‘arb dramaturglari, rus va boshqa qardosh xalqlar, shuningdek o‘zbek dramaturglarining asarlari asosida sahnalashtirilgan qirqdan ortiq spektakllarda asosiy rollar¬ni o‘ynadi. U yaratgan Yo‘lchi (Oybek, «Qug‘lug‘ qon»), G‘ofur (Hamza, «Boy ila xizmatchi»), general Kolotov (L.Sheynin, «Mudhish aybnoma»), Aziz (S.Azimov, «Zamon dramasi»), Cho‘pon (Sofokl, «Shoh Edip»), Ulug‘bek (Shayxzoda, «Mirzo Ulug‘bek»), Darvesh (M.Karim, «Oy tutilgan tunda»), shoh Ma’mun (Uyg‘un, «Abu Rayhon Beruniy»), Pinochet (Bichkov, «Men Chiliga ishonaman»), Abreskov (L.Tolstoy, «Tirik murda»), Azizboy (Izzat Sulton, «Istehkom»), Hojidarg‘a (T.To‘la, «Nodirabegim»), professor Ivanov (A.Safronov, «Yurak operatsiyasi»), Ahmad Tanbal (P.Qodirov, «Yulduzli tunlar»), Mirzakarim Qutidor (I.Sulton, «Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari»), Husayn Boyqaro (Uyg‘un, I.Sul¬ton «Alisher Navoiy»), Amir Temur (A.Samad, «Sohibqiron Temur») va boshqa obrazlar aktyor ijodida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Husayn Boyqaro kabi hukmdorlar, Yo‘ldosh Oxunboboyev, Pinochet kabi davlat arboblari obrazlarini yaratish Tolib Karimovdan katta iqtidor va masuliyatni talab etardi. Aktyordagi baland bo‘y, qaddi-qomat, o‘ziga xos fayzli tashqi qiyofa buyuk hukmdorlar va taniqli davlat arboblari obrazlarini gavdalantirishda qo‘l kelgan, U o‘ziga berilgan rolni nihoyatda jonli, hayotiy tarzda haqqoniy aks ettirishga erishgan. Bu o‘rinda yana uning ijrosidagi Mirzakarim Qutidor («Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari»), Azizboy («Istehqom»), Tantiboyvachcha («Qutlug‘ qon»), Ahmad Tanbal («Yulduzli tunlar») kabi obrazlarning jozibasi, haqqoniyligini alohida ta’kidlash zarur. Mustaqillik aktyor ijodiga yangi ruh, yangi mazmun olib keldi. U bu yillarda Sayd Baraka (A.Oripov, «Sohibqiron»), Doktor Tavin (A.Kassono, «Yetti faryod»), Imom (O.Yoqubov, «Bir koshona siri»), Tolib (H. Muhammad, «Xotinlar gapidan chiqqan hangoma»), Sayd Obid (M.Shayxzoda, «Mirzo Ulug‘bek») kabi obrazlarni yaratdi. Tolib Karimov ijodini televideniyesiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. U O‘zbekiston televideniyesida tayyorlangan o‘ttizdan ortiq telepostanovkalarda asosiy rollarni ijro etdi. Jo‘ra (G‘.G‘ulom, «Yodgor»), G‘ulomjon (M.Ismoiliy, «Farg‘ona tong otguncha»), Nizomjon (S.Ahmad, «Ufq»), Navoiy (I.Maxsumov, «Navoiy Astrobodda»), Y.Oxunboboyev (H.No‘’mon, Sh.Shorahmedov «Ota»),Qalandar Qarqoniy (O.Yoqubov, «Ulug‘bek xazinasi»),Firidun (M.Ibrohimov, «Shunday kun keladi»), Sirojiddin (O‘.Hoshimov, «Hyp borki, soya bor»), Qosimbek (P.Qodirov, «Bobur»), Karim Jamolovich (E.Usmon, «Qo‘riqxona»), Hakimboyvachcha (Oybek, «Qutlug‘ qon»), Qosimjon (O‘.Hoshimov, «Inson sadoqati»), Masiddiq (A.Abdumo‘minov, «Shikoyatga o‘rin yo‘q»), Azimjon (H.No‘’mon, «Yoshlikda bergan ko‘ngil»), Muxtorov (Ivan Le, «Tog‘ oralig‘ida»), Rolle (Shiller, «Qaroqchilar»), Naimiy (A.Muxtor, «Uch opa-singillar») va boshqa obrazlar aktyorning kat¬ta salohiyat egasi ekanligidan yorqin dalolat berib turibdi. Shuningdek, u «Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi» teleko‘rsatuvlarida ham ko‘plab asosiy rollarni ijro etdi. Umuman telepostanovka, telespektakl, videofilm va respublika radiosida berilgan radiospektakllarda faol qatnashish T.Karimovning keng san’at muxlislariga yaqindan tanilishida yetakchi omil bo‘ldi. Tolib Karimovga 1987 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni berildi. «Qutlug‘ qon» spektaklida Tantiboyvachcha rolini ijro etgani uchun u 1989 yilda Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Aktyor 1997 yilda «Mehnat shuhrati»ordeni bilan taqdirlandi.
TOLIB KARIMOV haqida
Related Posts