Xorazm shevasi soʻzlaridan

Xorazm shevasi soʻzlaridan
xorazm shevasi socabbzlaridan 65cb332b6fdb0

000 640x400 1

Xorazm shevasi soʻzlaridan

DO`STLARGA ULASHING:

Bu galgi lugʻatimiz Xorazm viloyati shevasi asosida tuzildi.

 

Yoqtu

Xorazm shevasida ushbu soʻz “yorugʻ” maʼnosini ifodalaydi. Mumtoz adabiyot namunalarida ham undan keng foydalanilgan. Masalan:

Iki yoqtu guhar olamga bergan,

Muhabbat ganjini odamgʻa bergan.

(“Muhabbatnoma”dan).

 

Digʻiriq

Ushbu soʻz vohaning asosan Urganch, Xiva, Xonqa tumanlarida “tor koʻcha”, “jin koʻcha”, “boshi berk koʻcha” maʼnolarida keladi. Masalan: “Digʻiriqdan u yogʻiga yoʻl yoʻq edi”.

 

Xaraz

Bu soʻz “tegirmon” maʼnosida qoʻllanilib, vohaning barcha tumanlari uchun xarakterlidir. Masalan: “Otanazar kun peshinlab un torttirgani xarazga ketdi”.

 

Secha

Asosan oʻgʻuz shevasiga xos boʻlib, “chumchuq” maʼnosida keladi. Vohaning Urganch, Xonqa, Xiva, Yangiariq, Qoʻshkoʻpir tumanlarida bu soʻz keng qoʻllaniladi. Masalan: “Bola qoʻliga tosh olib ulgurmay, shoxdagi sechalar pir etib uchib ketdi”.

 

Uchak

Vohada bu soʻz “tom” maʼnosida qoʻllaniladi. Gurlan, Yangibozor tumanlarida esa uning muqobili sifatida “tambash” soʻzidan foydalaniladi. Masalan: “Dovul ogʻa somon tashlash uchun uchakka chiqdi”.

 

Qarinja

Xorazm vohasida hozir ham qoʻllanib kelinadigan bu soʻz “chumoli” maʼnosini ifodalaydi. Masalan: “U qoʻlida oʻrmalab ketayotgan qarinjani puflab tashladi”.

Rabgʻuziyda “qarinja” – “qarinchqa” tarzida uchraydi:

“Qarinchqalarning ulugʻi oqsoq erdi”. (“Qisasi Rabgʻuziy”dan)

 

Akmal JUMAMURODOV

tayyorladi.

oriftolib.uz

“Yoshlik” jurnalining 2016 yil 8-sonidan olindi.

Xorazm shevasi soʻzlaridan