Sharof Rashidov ijodiga chizgilar

Sharof Rashidov ijodiga chizgilar
sharof rashidov ijodiga chizgilar 65cb254de78c4

5866521

Sharof Rashidov ijodiga chizgilar

Mundarija скрыть
Sharof Rashidov ijodiga chizgilar
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Men O‘zbek xalqining atoqli yozuvchisi, Davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov nomini ilk bora o‘rta maktabda o‘qib yurgan chog‘imda bobom Obloqul Murodov (oxirati obod bo‘lsin)ning shaxsiy kutubxonasida “Kashmir qo‘shig‘i” dostonini o‘qiganimda taniganman. Bobom Obloqul Murodov uzoq yillar hozirgi Amir Temur mahallasida o‘zi tashkil etgan maktabning direktori bo‘lib ishlaganlar. U kishi o‘ta ma’rifatli inson bo‘lib, farzandlari va nabiralariga ham kitob o‘qishni, bilim olishni o‘rgatgan edilar.
Men Sharof Rashidovniing “Kashmir qo‘shig‘i” qissasini to‘liq o‘qib chiqqanimdan so‘ng o‘zimcha bu qissa hind diyoridagi afsonalardan olib yozilgani va Sharof Rashidovning bu voqelikni qayerdan olganiga qiziqsinib yurardim. Biroq Sharof Rashidov haqida, uning ijodi hususida birorta bir yirik kitob yoki tadqiqot topa olmaganman.
Qissadagi Erk, Hurriyat, Mustaqillik kabi orzu – istaklarning ro‘yobga chiqqanini biz yoshlar mustaqillik yillarida anglaganmiz albatta.
Men umumta’lim maktabini va kasb hunar – kollejini tamomlab, Jizzax Davlat pedagogika instituti ingliz tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirdim. O‘qish davomida ustozlarimdan ko‘p narsa o‘rgandim. Til va adabiyot yo‘nalishida ilmiy maqolalar yozdim, turli ilmiy anjumanlarda qatnashdim va nihoyat 2016 yil Navoiy nomli Davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldim. Shu bois men o‘tgan yili noyabr oyida mamlakatimiz prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Arnasoy tumanida bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvda qatnashishga muvaffaq bo‘ldim. Kechagidek yodimda, Shavkat Miromonovich o‘z nutqida, Sharof Rashidov hayoti va faoliyati hususida to‘xtalib, u insonning O‘zbekiston uchun, o‘zbek xalqi uchun qilgan fidoyi mehnatlarini yuqori baholadilar. Ul zotni O‘zbek xalqining ulug‘ farzandi deya sharoflab, 2017 yil Sharof Rashidovning 100 yillik yubileyini tantanali nishonlaymiz degan so‘zlar, zaldagilarning gulduros qarsaklari bilan ma’qullandi.
Uchrashuvdan qaytgach, ustozim professor Muhammadjon Xolbekovdan Sharof Rashidov haqida kengroq bilimga ega bo‘lishni so‘rab murojaat qilarkanman, u kishi menga Sharof Rashidov hayoti va ijodi haqida bilganlarini so‘zlab berdilar va menga bir qator kitoblarni o‘qishimni tavsiya qildilar.
Viloyat kutubxonasiga borib, Sharof Rashidovning “G‘oliblar” povesti, “Bo‘rondan kuchli” romani, “Kashmir qo‘shig‘i” va “Ikki dil dostoni” qissalarini, hamda ijodining so‘nggi yillarida yozgan “Dil amri” qissasini topib o‘qib chiqdim. Ammo adibning o‘zbek va rus tillarida hayot vaqtida chop etilgan besh jildlik “Asarlar to‘plami”ni topa olmadim.
Sharof Rashidov ijodi o‘z vaqtida nafaqat O‘zbekistonda balki sobiq ittifoq va chet mamlakatlarda ham mashhur bo‘lgan ekan, uning “Kashmir qo‘shig‘i” qator tillarga tarjima qilingan, hatto rus, yapon va AQSh teatrlarida “Hind afsonasi” nomi bilan baletlar qo‘yilgan. “Ikki dil dostoni” qissasi asosida badiiy film olingan.
“Kashmir qo‘shig‘i” qissasini o‘qirkanmiz afsonaviy qahramonlar – asalarilar shohi Bambur, gullar malikasi “Nargiz” ijobiy obrazlar ramzi bo‘lsa, ularga qarshi turuvchi Bo‘ron, zararkunanda Harutlar salbiy obraz sifatida tasvirlanadi. Eng qizig‘i Bambur bilan Nargiz tarafida qushlar, gullar, dov-daraxtlar, muattar hidlar, dil rishtalari bog‘lanib turadi, ularni himoya qiladi. Bo‘ron bilan Horutning izmida shamol, vabo, izg‘irin va chaqmoq kabi salbiy qiyofalar paydo bo‘ladi. Muallif yuksak hayolat parvozida qalam yuritar ekan, tabiatning jonlanishi, tilga kirishi, yashash uchun kurashdan iborat hayotbaxsh faoliyatni ramziy ma’noda qissaga singdiradi. Qissaning tili boy, lug‘ati rang-barang, uslubi shirador, jilvakor uslub ekanligini, majoz, sifatlash, o‘xshatishlarga boyligi o‘quvchini o‘ziga maftun etadi.
Sharof Rashidov “Kashmir qo‘shig‘i”ni aynan ijodiy kuchga to‘lgan qirq yoshida yozgan ekan. Adib hayot vaqtida ushbu qissa qayta-qayta nashr qilingan.
Sharof Rashidovning “Ikki dil dostoni” aslida kinoqissa (kinotsenariy) tarzida yozilgan. Qissaning boshida muallif qadimgi bir kitobga murojaat qiladi: “Uning har bir sahifasi – husnixat san’atining noyob zarxal naqshlar va rango-rang lavhalar bilan bezalgan, arab harflari yozilgan sahifaning ustida quyidagi to‘ng‘ich satrlar ko‘zga tashlanadi:
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir zamonda
Bir Qorashox bo‘lgan ekan, hind tomonda,
Saroyida yashar ekan, nurday toza,
Momiqday oq, gulday nozik bir raqqosa.
degan satrlar bilan boshlanadi. Qadimiy kitobning yangi sahifasi ochiladi. Arab harflari yozilgan sahifaning ustida quyidagi satrlar namoyon bo‘ladi:
Bu on boshqa, juda uzoq bir Vatanda
Yashar ekan Mudan otliq bir sozanda,
Nash-u nava chashmasi u, shodlikka yor,
Fazlu hunar topgan undan shon, iftihor.
Voqea davomida Qorashox saroyi ta’rifi keltiriladi: Raqqosa qiz Komde raqs tushmoqda. Shu payt saroydagi xizmatkorlardan biri ayvon eshigini ochib yuboradi. Uzoq-uzoqlardan Mudan chalayotgan tanbur ovozi yangraydi. Shu ko‘yda Komde va Mudanning ilk uchrashuvi sodir bo‘ladi. Voqealar davomida Komde bilan Mudanning muhabbati avj olib boradi, yovuz kuchlar ular muhabbatiga rahna solmoqqa harakat qiladilar. Ammo har qanday holatlarda ham ikki qalb bir – biriga intilib yashaydi va  kitobning so‘nggi sahifasida quyidagi satrlar namoyon bo‘ladi.
Madh etilib vafo ahlin armoni,
Shunday tugar ikki dilning dostoni.
Xullas, men Sharof Rashidov ijodi haqida so‘z yuritar ekanman, o‘z tengqurlarim – talabalarga ul zotning asarlarini o‘qishni tavsiya etgan bo‘lardim. Ayniqsa, uning “Kashmir qo‘shig‘i” va “Ikki dil dostoni” qissasi yosh kitobxon ahliga ma’qul bo‘ladi deb o‘ylayman. O‘zim bo‘lsa adibning “Kashmir qissasi” dostonini ingliz tiliga tarjima qilib, uning yubileyiga tortiq qilish niyatidaman.
Shahlo Obloqulova,
Jizzax DPI 4 kurs talabasi, Alisher Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi
jspi.uz

Sharof Rashidov ijodiga chizgilar