Sunbul bilan Gul
Qadim zamonda bir boy bor ekan. U xotini bilan juda ham ahil va xushvaqt umr kechirar ekan. Boyning ikki o‘g‘li bor ekan. Kattasining ismi — Sunbul, kichigining ismi — Gul ekan. Bolalar maktabga borib, yaxshi o‘qishibdi.Sunbul bilan Gul
DO`STLARGA ULASHING:
Kunlarning birida Sunbul bilan Gulning onasi o‘libdi. Ikkisi yetim qolibdi.
Boy uylanmoqchi bo‘lib, bir boyning qiziga sovchi yuboribdi. Boy ham ma’qul ko‘rib, to‘y-tomosha qilib, qizini boyga beribdi. O’gay ona Sunbul bilan Gulni tarbiya qilibdi. Bolalar katta bo‘libdi. O’gay ona Gulning aqlli, chiroyli bo‘lganidan uni yaxshi ko‘rib qolgan ekan. Bir kuni u Gulni yoniga chaqirib, uni yaxshi ko‘rib qolganini aytibdi. Gul:
— Oyi, men sizning o‘g‘lingiz bo‘laman-ku, menga shunday gaplarni aytishga uyalmaysizmi? Men bunday gaplarga quloq soladigan bola emasman, — debdi va xafa bo‘lib uydan chiqib ketibdi. Xotin eri kelganida yig‘lab:
— Kecha o‘g‘lingiz Gul mening yonimga kirib, senga oshiq bo‘lib qoldim, deb zo‘rlik qilmoqchi bo‘ldi, — debdi. Boy g‘azablanib, qamchi olib, Gulning maktabdan kelishini poylabdi. Sunbul bilan Gul bir-birini ko‘rmasa turolmas ekan, hamma vaqt birga yurar ekan. O’sha kuni Sunbul maktabda bir o‘rtog‘i bilan qolibdi. Gulning yolg‘iz o‘zi uyga qaytibdi. Gul kelib uyga kirgan zahoti otasi uni tutib olib, hech narsa so‘ramay qamchi bilan ura boshlabdi, bosh-ko‘zlarini yorib, uyidan haydab chiqaribdi.
Bu voqeadan biroz vaqt o‘tgandan keyin Sunbul uyga kelsa, Gul yo‘q emish. U onasidan:
— Gul qayoqda? —deb so‘rabdi.
— Men bilmayman, dadang ichkarida o‘tiribdi, undan so‘ra! — deb javob beribdi o‘gay onasi. Sunbul ichkariga kirib:
— Dada, Gul qayoqqa ketdi? —deb so‘rabdi.
— Onangga birmuncha yomon gaplarni aytibdi. Men uni urib, uydan haydab yubordim, — debdi. Sunbulning uyda bo‘lib o‘tgan voqeadan xabari bor ekan.
— Ey, ota, bekor qilibsiz. Uni sababsiz haydabsiz. Endi Gul bo‘lmagandan keyin men ham bu yerda turmayman. Men ukamdan o‘lib ayrilmasam, tirik ayrilmayman, — debdi. Hech narsaga qaramay, uydan chiqib, ukasini qidirib ketibdi. Shaharda ko‘chama-ko‘cha ukasini qidirib, ikki kun yuribdi. Shaharning bir chetiga borsa, Gul charchab, ochlikdan holsizlanib, uxlab qolgan ekan. Sunbul ukasini uyg‘otib ko‘rishibdi, ikkisi yig‘lashibdi. Gul:
— O’zimizning onamiz bo‘lsa, biz bunday kunlarga qolmas edik, bizni otamizga aytib uydan haydatmas edi, — debdi. Birozdan keyin Sunbul Gulga:
— Sen shu yerda dam olib tur, men biroz non topib kelay, — debdi. Ukasini yotqizib, o‘zi bir qishloqqa ketibdi. Gul yana yotib uxlab qolibdi. Bir vaqt osmonda uchib yurgan bir katta oq qush Gulning boshiga kelib qo‘nibdi. Gulning nafasini o‘ziga tortib olib, uchib ketibdi. Oradan birmuncha vaqt o‘tgandan keyin Sunbul non topib kelibdi. Qarasa, Gul o‘lib yotgan emish. Sunbul xafa bo‘libdi, yig‘labdi, bir qancha vaqt ukasining boshida o‘tiribdi. O’ylab-o‘ylab, bir qancha tosh yig‘ib, ukasining atrofini o‘rabdi. Uning yoniga hech qanday jonivor o‘tolmaydigan qilibdi.
— Xayr, ukam, ikkimiz onadan, otadan ajralgan edik. Endi men sendan ham ajraldim, — deb yig‘lab-yig‘lab yo‘lga ravona bo‘libdi. Bir necha kun yo‘l yurib bir shaharga yetibdi. Qarasa, bir katta maydonga xalq yig‘ilgan emish, u yerda bir qushni uchirishga tayyorgarlik ko‘rib to‘y-tomosha qilayotgan emishlar. Sunbul hayron bo‘libdi, keyin bilsa, qush — davlat qushi ekan. Uni podsho saylash uchun uchirayotgan ekanlar. Sunbul bir daraxtning yoniga borib, unga suyanib turibdi, davlat qushini uchirishibdi. Qush uchib-uchib, aylanib yurib Sunbulning boshiga qo‘nibdi. Xalq yopirilib kelibdi, qarasa, davlat qushi Sunbulning boshiga qo‘ngan ekan.
Yurtning kattalari:
— Bu bizning odamimiz emas, bu bir musofirga o‘xshaydi, qushimiz yanglishdi, — debdilar va qushni qaytadan uchiribdilar. Qush aylanib-aylanib, uchib yurib yana Sunbulning boshiga qo‘nibdi. Odamlar kelib qarasa, qush yana Sunbulning boshiga qo‘ngan emish. Qushni olibdilar. Bu safar Sunbulni shahar chetidagi bir uyga olib borib qamab qo‘yishibdi. Qaytib kelib qushni yana uchirishibdi. Qush osmonda uchib yurib Sunbulni topolmay, shaharning chetiga uchib boribdi, Sunbul yotgan uyning ustiga qo‘nibdi. Odamlar qushning orqasidan yugurib borib qarasalar, qush yana Sunbulning boshiga qo‘nibdi. Odamlar hayron bo‘libdilar. Ulardan biri:
— Qush uch marta uchdi, har uchishida shu bolaning boshiga qo‘ndi. Qoida bo‘yicha shu bola podsho bo‘lishi kerak, — debdi.
Xalq bu so‘zni ma’qul topibdi. Sunbulni podsho qilib ko‘tarishibdi. Sunbul podsho bo‘lib turaversin, endi gapni boshqa tomondan eshiting:
Sunbul podsho bo‘lgan shaharda bir ovchi bor ekan. U o‘zimni yangi podshoga bir tanitib qo‘yay, deb ovga chiqibdi. Yurib-yurib bir shahar yoniga kelib qolibdi, qarasa bir tosh ustida katta oq qush qo‘nib turgan emish. Qushni poylab otibdi. Qush yumalab tushibdi. Ovchi borib, qushni olmoqchi bo‘lganida tosh orasidan bir bola chiqibdi. Qush yiqilgan zahotiyoq uning so‘nggi nafasi Gulga kirgan ekan, Gul tirilib o‘rnidan turibdi. Ovchi tirilgan boladan:
— Sen kimning bolasisan, bu yerda nima qilib yotgan eding? — deb so‘rabdi. Gul:
— Biz aka-uka yetim edik. Akam Sunbul meni bu joyga qo‘yib, o‘zi non topib kelish uchun ketgan edi. Men akamni kutib uxlab qolibman, shu vaqtgacha kelgani yo‘q, endi kelib qolar, — debdi. Ovchi Gulga tikilib, o‘z yurtining podshosi Sunbulga o‘xshatibdi. Sunbulning ukasi bo‘lsa kerak, deb o‘ylabdi. Unga Sunbulning podsho bo‘lganini aytmasdan:
— Men seni Sunbul akang yoniga olib borib qo‘yaman, yur, — debdi. Bolani otga mindirib, qushini olib, shaharga jo‘nabdi. Kechqurun shaharga yetib kelishibdi. Ovchi bolani uyiga keltirib, bet-qo‘llarini yuvib, yaxshi ovqatlar bilan mehmon qilibdi. Qorong‘i tushgach, ovchi:
— O’g‘lim, bugun shu yerda yot, kech kirib qoldi. Ertaga men seni Sunbul yoniga olib boraman, — debdi. Gul rozi bo‘libdi. Ovchi mehmonxonaga joy solib Gulni yotqizibdi. O’zi boshqa xonaga kirib yotib uxlabdi. Gul, uyqusi kelmay, o‘ylab yotibdi, sekin eshikni ochib, ko‘chaga chiqibdi. “Ko‘chani bir tomosha qilay”, deb aylanib yurganda bir mirshab Gulni ko‘rib: “Bu kechasi yurgan o‘g‘ri bola bo‘lsa kerak”, deb tutib olibdi, olib borib zindonga tashlabdi. Yarim kecha bo‘lganda ovchi uyg‘onib, Gul uxladimikan, deb mehmonxonaga kirib qarabdi, qarasa, Gul joyida yo‘q emish. Hovliga chiqsa darvoza ochiq emish. Ko‘chaga chiqib ancha joygacha boribdi, bir mirshabni ko‘ribdi, ovchi undan:
— Siz bir yosh bolani ko‘rmadingizmi? —deb so‘rabdi.
— Men ko‘chada kezib yurganimda bir bolani ko‘rdim. Uni kechasi yurgan o‘g‘ri bola bo‘lsa kerak, deb qamab qo‘ydim, — debdi. Ovchi:
— Yomon qilibsan, u bola podshohimizning ukasi edi. Podsho sening bu ishingdan xabar topsa, ikkovimizni ham jazolamay qo‘ymaydi, — debdi. Mirshab qo‘rqqanidan ovchiga aytibdi:
— Bo‘lmasa, endi bu bolani yo‘qotish kerak. Bolani bir namatga o‘rab xumdonning go‘lohiga tashlaymiz, unda kuyib o‘ladi. Biz jazodan qutulamiz, — debdi. Ovchi:
— Darhaqiqat shunday qilaylik, bo‘lmasa har ikkimizga ham yomon bo‘ladi, — debdi. Mirshab yugurib borib bolani zindondan olib chiqibdi. Ovchi bir oq namat keltiribdi. Gulni namatga o‘rab xumdonning go‘lohiga tashlab ketishibdi. Ertasiga tongda bir xotin xumdondan olov olmoqchi bo‘lib, go‘lohni kavlasa bir namatning cheti ko‘rinibdi. “Bu nima ekan” deb tortib, ichini ochib qarasa, bir chiroyli bola yotgan emish. Bolaning endigina oyog‘i kuygan ekan. Xotinning rahmi kelib, xumdonga tashlagan odamlarni qarg‘ab, bolani uyiga olib borib, uch oy parvarish qilibdi. Gul tuzalib o‘rnidan turibdi.
Xotin ir yigirar ekan, kunlarning birida yigirgan irini sotib kelish uchun o‘z o‘g‘li bilan Gulni bozorga yuboribdi. Bolalar bozorda yurganda ovchi Gulni ko‘rib, tanib qolibdi. Hovliqib mirshabning yoniga boribdi:
— Go‘lohga tashlangan bola o‘lmagan ekan, bozorda ir sotib o‘tiribdi, — debdi. Mirshab kelib qarasa, bola haqiqatan o‘tirgan ekan.
Mirshab darhol bir xotinni chaqirib, qo‘liga birmuncha pul beribdi.
— Anavi ir sotib o‘tirgan bolaning yoniga borib: ”Iping necha pul”, deb so‘ragan bo‘ling, birdaniga “voydod” deb baqiring. Men yugurib borib “Nima bo‘ldi” deyman. Siz: “Bu bola meni haqorat qildi”, deng, — debdi. Xotin pul uchun hech narsadan qaytmaydigan beburd xotin ekan. U “Xo‘p” deb borib bolaning irini so‘rab turib, birdaniga “voydod” deb yuboribdi. Mirshab yugurib borib:
— Nima bo‘ldi? — debdi. Xotin:
— Mana bu bola meni haqorat qildi, — debdi. Mirshab darhol bolani sudrab olib borib yana zindonga solibdi. Oradan besh-olti kun o‘tibdi. Shaharda bir atoqli Sobirboy degan savdogar bor ekan.
Mirshab Sobirboyning savdoga jo‘namoqchi bo‘lganini eshitib, uning yoniga kelibdi:
— Sizni savdoga boradi deb eshitdim, zindonda bir yomon o‘g‘ri muttaham bola bor. Shu bolani sizga arzon bahoga sotaman, uni ham olib keting-da, yo‘lingizdagi ajdahoga tashlang. Ilgari ajdahoga sigir yoki ot tashlab ketgan bo‘lsangiz, bu safar shu bolani tashlab ketasiz. Shu yomon boladan hamma qutuladi. Bu bola necha marta zindonga tushgan bo‘lsa ham o‘g‘riligini tashlamadi, — debdi.
Sobirboy:
— Ha, juda yaxshi, — debdi. Gulni arzon bahoga sotib olibdi. Shu kuni kechasi boy Gulni tuyaga o‘tqazib, bir necha savdogar karvonlari bilan jo‘nabdi. Yo‘lda Gul otlarni boqib, sug‘orib, choylarni qaynatib, tinmay xizmat qilibdi. Uning ishi boyga yoqib qolibdi. Sobirboy ajdaho yotgan joyga kelganda bir tuyani so‘yib go‘shtini unga tashlab o‘tib ketibdi. Uzoq shaharga borib, qirq tuyadagi mollarini sotib, ko‘p foyda qilibdi. Bir kun Sobirboy Gulning qo‘liga pul berib:
— Bugun shaharni tomosha qilib kel. Ertaga kechasi o‘z yurtimizga jo‘naymiz, — debdi. Gul pulni olib, suyunib chiqib ketibdi. Shaharni aylanib yurib bir anhor bo‘yiga kelibdi. Shu anhorda cho‘milmoqchi bo‘libdi. Qarasa, anhorning yonida juda katta, chiroyli bir imorat ham bor emish. Anhorning suvi tiniq, muzdek ekan. Gulning cho‘milgisi kelibdi. Kiyimlarini yechib, cho‘milibdi. Suvdan chiqib kiyimlarini kiyib tursa, bir qizil olma suvga tushibdi. Gul suvdan olmani olib chiqsa, yana bir olma tushibdi. Uni ham olib chiqsa, yana bittasi tushibdi. Gul bu olmani ham olib hayron bo‘lib, kiyimlarini kiyib baland imoratning yuqori qavatlariga qarasa, derazadan bir chiroyli qiz qarab turgan emish. Qiz Gulni “Beri keling”, deb imlabdi. Gul qiz turgan tomonga qarab yuribdi. Katta imoratning yoniga borishi bilanoq qiz ichkaridan chiqibdi. Qiz yigitni ko‘rishi bilanoq qizarib, yerga qarabdi:
— Qayerdan bo‘lasiz, bu yerda nima qilib yuribsiz? — deb so‘rabdi.
Yigit musofir ekanini, bir boyning xizmatkori bo‘lib bu yerlarga kelib qolganini aytib beribdi. Qiz Gulga:
— Siz menga yoqib qoldingiz, olmani men tashlagan edim. Qani endi ikkimiz birga o‘ynab, kulib yursak, — debdi.
— Sizdek boyning qizi mendek musofir, kambag‘al yigitga tegarmidi, qani endi sizga yetishsam, — debdi.
— Siz otamga sovchi yuboring. Otam sizdan faqat yetti xum tilla so‘raydi, xolos, — debdi qiz.
Gul:
— Sizga aytdim-ku, kambag‘alman deb, menda yetti xum tilla u yoqda tursin, yetti dona chaqa ham yo‘q, — debdi. Qiz:
— Agar siz sevib, ko‘ngil bersangiz sovchi yubora bering, hammasini o‘zim to‘g‘rilayman, — debdi.
— So‘zingizda tursangiz mayli, sovchi yuboraman, — debdi Gul.
— Bo‘lmasa va’damiz va’da! Siz otamga sovchi yuboring, mana bu kalitni oling! Otam yetti xum tilla so‘rasa, falon yerda bir hovli bor. Hovliga kirsangiz bir uy bor. Uyning eshigini oching. Shu uyda mening yetti xum tillam bor, shuni olib otamga yuboring, — debdi qiz. Gul kalitni olib, boyning yoniga qaytibdi.
— Shaharni yaxshi tomosha qildingmi? —deb so‘rabdi boy.
— Juda yaxshi tomosha qildim. Bir qizni yaxshi ko‘rib qoldim, sizga malol kelmasa o‘shanga sovchi bo‘lib borsangiz, — debdi. Sobirboy:
— Iye, esingni yedingmi, hech narsang bo‘lmasa, qanday qilib uylanasan? — debdi boy. Gul:
— Boy bobo, tashvish tortmang, bir ilojini qilarman, sizni uyaltirmayman, — debdi. Boy:
— Ha, uyaltirmasang borib ko‘ray, — deb qizning uyiga bir kishi bilan sovchi bo‘lib boribdi. Qizning otasi:
— Qizimni beraman, lekin yetti xum tilla qalin bersangiz, — debdi. Sobirboy yetti xum tillaning daragini eshitib, qo‘rqib o‘rnidan turibdi:
— Xo‘p, o‘g‘lim bilan gaplashib ko‘rayin, — deb xayrlashibdi. Karvon saroyga hovliqqanicha yetib kelibdi. Gul uni ko‘rishi bilanoq:
— Boy aka, qizning otasi nima dedi? — deb so‘rabdi. Sobirboy zarda bilan:
— Nima der edi. Yetti xum tilla keltirsangiz, qizimni beraman, bo‘lmasa ovora bo‘lmang, dedi. Hayron bo‘lib qoldim. Men butun mol-mulkimni sotsam ham yetti xum tillaga ega bo‘la olmayman, — debdi. Gul:
— Siz xafa bo‘lmang, boy bobo! Qizning otasiga yetti xum tilla topib beramiz, — debdi-da, qizning gaplarini aytibdi. Ikkovi birgalashib qiz aytgan uyga boribdi, yetti xum tillani olib qizning otasiga berishibdi.
Boy to‘y-tomosha qilib qizni Gulga beribdi. Qiz har kuni ertalab choy qo‘yib, dasturxon tayyorlar ekan. Sobirboy Gul bilan qizning xizmatidan xursand ekan. Bir kun Gul bilan qiz uxlab qolib, vaqtida choy qaynatmabdi. Boy ularni uyg‘otish uchun Gul bilan qiz yotgan uyga kiribdi. Qizning chiroyliligini ko‘rib, unga oshiq bo‘lib qolibdi. Fikri buzilib: “Shunday chiroyli qiz mening malayimga teng emas. Bu qiz menga munosib ekan, qanday bo‘lmasin Gulni yo‘qotib, qizni o‘zim olishim kerak”, deb o‘ylabdi. Ularni uyg‘otib, o‘zi turgan uyga kelibdi. Gul o‘rnidan turib, tashqariga chiqibdi, chiqib otlarni sug‘oribdi, qiz choy qaynatibdi. O’tirishib choy ichishibdi. Sobirboy choyni ichib bo‘lib:
— Endi sizlar hamma narsani joylanglar. Men hozir bir aylanib kelaman, ertaga ertalab yo‘lga chiqamiz, — debdi.
Gul bilan qiz bor narsalarini yig‘ishtirishibdi. Sobirboy bir sandiqchining do‘koniga borib, unga:
— Menga bir mustahkam sandiq yasab, kechasi karvon saroyiga olib boring. Men sizni kutib o‘tiraman, — debdi va saroyiga jo‘nabdi.
Kechasi hamma uxlagandan keyin boy sandiqchini kutib o‘tiribdi. Yarim kechada sandiqchi sandiqni olib kelibdi. Boy pul berib sandiqchini jo‘natibdi, sandiqni Gul ko‘rmaydigan bir joyga yashiribdi. Ertasiga tongda boy, Gul va qiz yo‘lga chiqishibdi. Ikki kun yo‘l bosib, bir joyda dam olish uchun to‘xtashibdi. Gul bilan qiz uxlab qolibdi. Sobirboy Gulning oyoq-qo‘llarini bog‘lab, sandiqqa solib, daryoga tashlab oqizib yuboribdi, qizni esa o‘zi bilan olib ketibdi.
Gul daryoda oqib-oqib Sunbul podsho bo‘lib yashayotgan shaharga kelib qolibdi. Daryo ikkiga bo‘linib, bir qismi Sunbul podshoning bog‘idan o‘tar ekan. Sandiq bog‘ga oqib kirib bir joyda to‘xtabdi. Tongda bog‘bon suv olish uchun daryo bo‘yiga kelgan ekan, ko‘zi sandiqqa tushibdi. Darhol sandiqni suvdan sudrab chiqaribdi. Sandiqni ochib qarasa, bir chiroyli yigit holdan ketib, hushsiz bo‘lib yotgan emish. Bog‘bonning yigitga rahmi kelib, uni uyiga olib kirib dori-darmon bilan parvarish qilibdi. Bog‘bonning hech farzandi yo‘q ekan. Gulni xuddi o‘z farzandidek juda yaxshi ko‘rib qolibdi. Oradan o‘n kun o‘tgandan keyin u sog‘ayibdi. Bir kun bog‘dagi gullardan terib, bir guldasta bog‘lab, bog‘bonga beribdi:
— Mana shu gulni podshohingizga olib boring. Podsho “Gulni kim bog‘ladi”, deb so‘rasa, o‘zim, deb ayting, — debdi.
Bog‘bon gulni Sunbul podshoga olib boribdi. Sunbul gulni olib, u yoq-bu yog‘ini ko‘rib, hidlab:
— Bu gulni kim bog‘ladi? — deb so‘rabdi. Bog‘bon:
— O’zim bog‘ladim, — debdi. Sunbul:
— Rahmat! — deb gulni olib qolibdi. Bog‘bon bog‘ga qaytibdi. Sunbul gulni ko‘rib, ukasi Gul esiga tushib juda xafa bo‘libdi. “Ukam xuddi shunday gul bog‘lar edi. Bu gulni ukam bog‘lamadimikin, deb o‘ylabdi. Yana “Yo‘q, men ukamni o‘zim toshlar orasiga ko‘mib kelgan edim-ku”, deb o‘ksinib yig‘labdi.
Kunlarning birida Gul ko‘chaga chiqib aylanib yursa, odamlar u yoq-bu yoqqa ot chopishib, tomosha qilib yurishgan emish. Gul uyga kirib bog‘bondan so‘rabdi:
— Bobo, nima uchun odamlar ot chopib, tomosha qilib yuribdilar? — debdi. Bog‘bon:
— E, bolam, shahrimizda Sobirboy degan katta savdogar bor.
U savdogar borib bir qizni olib kelgan ekan. Shu qizni olmoqchi. Qiz “Meni oladigan bo‘lsangiz qirq kun to‘y-tomosha qilib bering. Shunda bu taklifingizga ko‘naman”, degan ekan. Boy to‘y-tomosha berayotir.
Bugun shu to‘yning boshlanganiga o‘ttiz sakkiz kun bo‘ldi, — debdi. Gul xotinining Sobirboyga tegmoqchi bo‘lganini eshitib juda qayg‘uribdi.
Kechasi o‘ylab, uxlamabdi. Tong otibdi. Gul bog‘dagi eng ajoyib xushbo‘y gullardan bir dasta yasabdi. Nonushta vaqtida bog‘bonga aytibdi:
— Ota, men sizga bir ish aytsam, qilasizmi? — debdi.
— Qani ayt, bolam, bajaraman, — debdi chol.
— Siz qalandar kiyimini kiyib, eshakka mining, qo‘yningizga mana bu guldastani solib boyning uyiga boring. Qiz yoningizga chiqsa, qo‘yningizdagi gulni hech kimga ko‘rsatmay qizga bering. “Gul o‘zi bormi”, deb so‘rasa, “Bor” deb ayting, — debdi.
Bog‘bon qalandar kiyimini kiyib, eshakka minib, Gul yasab bergan guldastani olib, qo‘yniga solib, Sobirboyning eshigiga gadoy suratida boribdi.
— Haq, Olloh, — debdi. Qiz uydan yugurib non ko‘tarib chiqibdi.
Bog‘bonga nonni uzatganida bog‘bon qo‘ynidan gulni chiqarib qizga beribdi. Qiz guldastani ko‘rib tanibdi.
— Gul o‘zi bormi? —deb so‘rabdi. Bog‘bon:
— Bor, sog‘-salomat yuribdi, — debdi. Qiz suyunib:
— Unday bo‘lsa, bugun Gulni olib keling, — debdi. Bog‘bon uyiga qaytib qizning so‘zlarini Gulga aytibdi. Shu kunning o‘zida Gul ham qalandar kiyimini kiyib bog‘bon bilan birga Sobirboyning eshigiga borishibdi. Qiz suyunib, ularni uyiga olib kiribdi, Gul bilan qiz bir-biri bilan ko‘rishib, yig‘lashibdi.
— Men boyga qirq kun to‘y qilsangiz tegaman, dedim. Qirq kun ichida sizdan xabar toparman, deb o‘yladim. Endi ko‘rishdik. Ertaga qirq kun to‘ladi. Kechqurun nikoh o‘qitadi. Endi menga maslahat bering, nima qilay, nima qilsam boydan qutulib, yana ikkimiz birga bo‘lamiz, — debdi qiz.
Gul o‘ylab-o‘ylab turib:
— Ertaga qirq kun ham to‘lsin, nikoh qilish oldidan odamlarga ayting: “Boy akam qirq kun to‘y qildi. Endi yana bir shartim bor: shuni bajarsa tegaman, shartim shundan iboratki, Sunbul bilan Gul hikoyasini aytib bersin. Agar o‘zi aytib bera olmasa, uni biladigan biror kishi topsin”. Buni hech kim bilmaydi, o‘zim aytaman, — debdi.
Qiz:
— Xo‘p, aytaman, — debdi. Ular xayrlashib, bog‘bon bilan Gul uylariga jo‘nabdi. To‘y-tomoshaga qirq kun to‘libdi. Nikoh qilish oldidan qiz chiqib, xalqqa qarab, Gul o‘rgatgan gaplarni aytibdi. Sobirboy bu hikoyani bilmaganidan xafa bo‘lib, qizning gaplarini Sunbul shohga borib aytibdi. Podsho hayron bo‘lib:
— Mayli, ertaga shaharga butun xalqni yig‘ib so‘raylik: oradan biror kishi chiqib, aytib berar, — debdi. Qirq birinchi kuni Sunbul shoh butun xalqni yig‘ib:
— “Sunbul bilan Gul” hikoyasini kim biladi? —deb so‘rabdi.
Ular orasida bu hikoyani biladigan hech kim yo‘q ekan. Podsho:
— Bu yerga kelmagan hech odam qoldimi? — debdi. Bir odam chiqib:
— Podshohim, sizning bog‘boningiz bilan uning uyida turadigan bir tozi bola qoldi, — debdi.
Sunbul darhol odam yuborib ularni keltiribdi. Gul esa kiyim kiyib tozi qiyofasida kelgani uchun uni Sunbul tanimabdi. Gul Sunbulni tanibdi. Sunbul Guldan:
— “Sunbul bilan Gul” hikoyasini bilasanmi? — deb so‘rabdi. Gul:
— Bilaman, — debdi.
Gul o‘zining boshidan o‘tganlarni birma-bir hikoya qilib beribdi. Birinchi marta tosh orasidan chiqarib, bu shaharga olib kelgan ovchini o‘z yoniga chaqiribdi. Ovchi Gul yoniga kelib o‘tiribdi. Gul hikoyasini davom ettirib, mirshabni chaqiribdi. Mirshab ham Gul yoniga kelib o‘tiribdi. Yana hikoyasini davom ettiribdi, so‘ngra Sobirboyni chaqirib, yoniga o‘tqazibdi. Ovchi, mirshab, Sobirboy qo‘rqqanlaridan dag‘-dag‘ titrab o‘tiribdilar.
Gul hikoyasini davom ettirib, tamom qilish oldida xumdondan o‘zini qutultirib, parvarish qilgan xotinni, suvdan, sandiqdan olib tarbiya qilgan bog‘bonni yoniga chaqirib olibdi.
— Endi hikoyam tamom. Menga yaxshilik qilganlar mana shu xotin bilan bog‘bon, yomonlik qilganlar ovchi, mirshab ikkovi, — deb ko‘rsatibdi. — Mening xotinimni olmoqchi bo‘lib, meni suvga oqizgan, qirq kun to‘y-tomosha qilgan savdogar Sobirboy mana shu, — deb uni ham ko‘rsatibdi. — Men tozi, qalandar bola emasman. Men mana shu Gul degan bolaning o‘ziman. Men Sunbul deb atagan akam — Siz, podshohim, — deb kiyimlarini yechib, boshidagi yasama tozini olib tashlabdi. Sunbul ukasi bilan quchoqlashib ko‘rishibdi. Darhol ovchi, mirshab va Sobirboyni dorga ostiribdi. Bog‘bon bilan xumdondan qutqarib olgan xotinga rahmat aytib, ularga tillalar beribdi; ularni yaxshi imoratlarga o‘tqazib, izzat-hurmat qilibdi. Xotin bilan bog‘bon Sunbul bilan Gulga ona va ota bo‘libdi. Gul Sunbulga vazir bo‘libdi. Qirq kecha, qirq kunduz to‘y-tomosha bo‘lib, Gul va uning xotini qaytadan qo‘shilishibdi, aka-uka murod-maqsadlariga yetibdilar.
Sunbul bilan Gul