Isitma chiqishi: uni tushirish usullari, turlari, tana harorati normasi haqida malumot

Isitma chiqishi: uni tushirish usullari, turlari, tana harorati normasi haqida malumot

Tana harorati oshishi yoki isitma chiqishi, ko‘pincha insonlarni sarosimaga tushib qolishiga sabab bo‘ladi. Haqiqatdan ham tana harorati ko‘tarilishi xavflimi?

Odatda, qaysi kasalliklarda tana harorati ko‘tariladi? Qanday holatlarda tana haroratini tushiruvchi preparatlar qabul qilish kerak?

Bolalarda va keksalarda tana harorati normada qanday ko‘rsatkichlarda bo‘lishi kerak?

Shu kabi savollarga ushbu maqolamiz orqali batafsil javob topishingiz mumkin.

 Termoregulyatsiya

Inson tana harorati termoregulyatsiya jarayoni bilan boshqariladi, ya’ni bu funksiya doimiy haroratni ushlab turish vazifasini bajaradi. 

Normal holatda, sog‘lom insonda tana harorati gipotalamus ta’siri ostida boshqariladi.

Lekin hozirgi kunda olimlar tomonidan qayd etishicha, tana haroratini boshqaruvchi markazni yagona deb bo‘lmaydi, chunki inson tana haroratiga ta’sir etuvchi bir necha faktorlar bor.

Tana harorati normasi

Barcha «bilgan», tana haroratining normal ko‘rsatkichi – 36,6 °C atrofida​. Aslida, tana harorati normada shunday ko‘rsatkichda bo‘lishi kerakmi?!

Umuman olib qaraganda, 36,6 °C​ ko‘rsatkich faqatgina o‘rtacha hisoblangan sondir.

Aslida, tana haroratining normal ko‘rsatkichi aniq bir ko‘rsatkichda emas, balki ma’lum diapazon oralig‘ida bo‘ladi – 36,0 °C​ dan 37,2 °C​ gacha.

Organizm 37,0 °C haroratda mukammal ishlaydi. Normal tana harorati esa, har insonning yoshiga, jinsiga, vaqtga, jismoniy faolligiga va boshqa bir qancha omillarga bogʻliq holda maʼlum diapazonda oʻzgarib turadi.

Inson o‘z tana haroratini tez-tez o‘lchab turib, o‘zi uchun normal bo‘lgan ko‘rsatkichni bilib olishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. 

Inson yoshi kattalashgan sari temperaturasi pasayib boradi, bolalik davrida esa tana harorati yuqori ko‘rsatkichlarda bo‘ladi. Shuning uchun ba’zi hollarda 36,0 °C​ kattalar uchun normal hisoblanadi.

Bolalar uchun esa, bu ko‘rsatkich gipotermiya bo‘lib hisoblanadi.

Kattalarda tana harorati

Yosh bolalarda tana harorati tez-tez o‘zgarib turadi, kattalarda esa (16-18 yoshdan boshlab) deyarli stabil bo‘ladi. Lekin sutka davomida kattalarda tana haroratining ko‘rsatkichi bir xil bo‘lmaydi.

Chunki sutka davomida ro‘y beradigan fiziologik o‘zgarishlar ham bor. Masalan, sog‘lom odamning tongi va kechki tana harorati ko‘rsatkichlari 0,5-1,0 °C ga farq qiladi.

Quyidagi jadvalda tana haroratining o‘lchash turiga ko‘ra, 11-65 yosh va 65 yoshdan katta insonlar uchun normal ko‘rsatkichlar keltirilgan.

O’lchash usuli 11-65 yosh 65 yoshdan katta
Og’iz orqali 36,4-37,6 °C 35.8-36.9 °C
Rektal 37,0-38,1 °C 36,2–37,3 °C
Qo’ltiq osti 35.2-36.9 °C 35.6-36.3 °C
Quloq nayi 35,9-37,6 °C 35,8-37,5 °C

Oʻsmirlik davrida – tana haroratining sezilarli oʻzgarib turishi kuzatiladi. Chunki bu davrda insonda gormonal yetilish holatlari kechayotgan boʻladi. Qizlarda tana harorati 13-14 yoshlarida stabil holatga keladi, oʻgʻil bolalarda esa 18 yoshdan keyin stabillashadi.

Odatda, erkaklar tana harorati ayollarnikidan 0,5 °C​ ga pastroq bo‘ladi.

Tana harorati tashqi muhit ta’sirlarida ham o‘zgarib turadi, masalan jismoniy zo‘riqish vaqtida, ma’lum bir mahsulotlarni iste’mol qilganda (achchiq va o‘tkir mahsulotlar), stress vaqtida, qo‘rqqanda, hatto aqliy mehnat bilan ko‘p shug‘ullanganda harorat ko‘tariladi.

Homiladorlikda tana harorati
Foto: www.momjunction.com

Homiladorlikda tana harorati

Tana harorati boshqarilishi gormonlar nisbati o‘zgarishiga juda sezuvchan, shuning uchun homiladorlik vaqtida ayol kishi temperaturasi oshganligini his etib turadi. 

Gormonal o‘zgarishlar deganda, klimaks davri yoki hayz ko‘rish vaqti tushiniladi.

Ayollar o‘z organizmining holati haqida bilishlari, homiladorlik vaqtida tana haroratining kichik ko‘rsatkichlarga o‘zgarib turishini va bu normal holat ekanligini ham unutmasligi kerak.

Masalan, tana harorati 37°C ​ko‘rsatkichlarda homiladorlikning birinchi haftalarida kuzatilsa, yondosh simptomlar bo‘lmasa, buni ayollarda kechayotgan gormonal o‘zgarishlar bilan tushuntirsa bo‘ladi, odatda progesteron gormoni hisobiga.

Shunday bo‘lsada, homiladorlik vaqtida tana harorati subfebril ko‘rsatkichlarda (37-38 °C​) doimiy tursa, bu shifokor huzuriga borishga sabab hisoblanadi.

Bunday holatda maxsus analiz va tekshiruvlardan o‘tish kerak va sitomegalovirus, silpiyelonefrit, gerpes, gepatit va boshqalarni istisno qilish lozim.

Homiladorlik vaqtida tana harorati ko‘tarilishi mavsumiy O‘​RVI kasalliklarida ko‘tarilishi ham mumkin. Bunda mustaqil ravishda o‘z boshimchalik bilan davo choralarini qo‘llamay, shifokor bilan maslahatlashish shart.

Oddiy shamollash holatlari homilaga jiddiy ta’sir qilmasada, gripp bilan kasallanish homila hayoti uchun jiddiy xavf solishi mumkin.

Homiladorlikda gripp holatlarida tana harorati 39 °C​ gacha ko‘tarilishi mumkin.

Bolalar tana harorati

1 yoshgacha bo‘lgan bolalarda termoregulyatsiya funksiyasi hali to‘liq shakllanmagan bo‘lganligi sababli, kichik ta’sir natijasida ham tana harorati o‘zgarib qolishi mumkin.

Ayniqsa, 3 oylikkacha bo‘lgan bolakaylarda bu holat tez-tez kuzatiladi.
Ota-onalar tana harorati ko‘tarilganda vahimaga tushib qolishadi. Biroq bolalarda tana haroratining 37-38 °C​ ko‘rsatkichlarda bo‘lishiga quyidagi omillar ham sabab bo‘lishi mumkin:

  • Bolani juda qalin kiyintirish;
  • Ko‘p yig‘lashi;
  • Kulish;
  • Ovqatlanish, sut bilan oziqlanish;
  • Bolani 34-36 °C​ dan yuqori haroratli suvda cho‘miltirish.

Odatda chaqaloqlarda uyqudan keyin harorat biroz pastroq, lekin o‘yin, aktiv harakatlardan keyin tana harorati yana ko‘tariladi.

Shuning uchun tana haroratini o‘lchaganda tashqi muhit omillarini ham inobatga olish zarur. Shunday bo‘lsa ham baland ko‘rsatkichdagi (38 °C​) tana harorati, bola uchun xavfli bo‘lishi mumkin.

Quyidagi jadvalda tana haroratining o‘lchash usuliga ko‘ra, 2 yoshgacha va 3-10 yosh bolalar uchun normal ko‘rsatkichlar keltirilgan.

O’lchash usuli 0-2 yosh 3-10 yosh
Og’iz 35.5-37.5  °C 35.5-37.5 °C
Rektal 36,6-38 °C 36,6-38 °C
Qo’ltiq 34,7–37,3 °C 35,9-36,7 °C
Quloq 36,4-38 °C 36.1-37.8 °C

Organizm tanani sovitish uchun ko‘p suyuqlik sarflaydi, natijada bolalarda suvsizlanish holatlari kelib chiqishi mumkin. Suvsizlanish esa, bola hayoti uchun xavfli bo‘lishi, oddiy O‘​RVI kasalliklarining pnevmoniyaga o‘tib ketishi, bola hushini yo‘qotishi mumkin.

Bundan tashqari, 5 yoshgacha bo‘lgan ayrim bolalarda, tana haroratining febril (38-39 °C​) darajada ko‘tarilishi hisobiga sudorgilar (talvasalar) kuzatiladi.

Agar shu kabi holat bir marta bo‘lsa ham yuzaga kelsa, kelajakda tana haroratining kichik ko‘rsatkichlarda o‘zgarishi ham xavfli bo‘lishi mumkin.

Tana harorati o‘zgarishining xavflari

Inson – issiq qonli jonzot. Bu degani, organizm tana haroratini tashqi muhit faktorlari ta’siridan qat’iy nazar stabil ushlab turadi. Lekin, juda ham past haroratda organizm harorati ham pasayadi, yoki juda issiq ob-havo sharoitida organizm qizib ketishi ham mumkin.

Bunga sabab, organizmning tashqi muhit haroratiga sezuvchanligidir, haroratning 2-3 gradusga o‘zgarishi ham organizmda moddalar almashinuvi, gemodinamika va nerv hujayralarida impulslarining o‘tishiga ta’sir etadi.

Natijada qon bosimi oshadi, es-hushning yo‘qolishi va sudorgi (talvasa) holatlari kelib chiqishi mumkin.

Tana haroratining oshish turlari

Tana haroratining ko‘tarilishi bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklarda, o‘ziga xos bo‘lgan ko‘rsatkichlar bor. Ya’ni ular ma’lum bir diapozon oralig‘ida bo‘ladi. Shuning uchun shifokorlar kasallikka diagnoz qo‘yishda tana haroratining ko‘rsatkichi emas, balki tana haroratining ko‘tarilish turini bilishlari muhimdir.

Tibbiyot sohasida tana haroratining oshishining bir necha xil ko‘rinishlari bor:

  • Subfebril – 37 °C​ dan 38 °C​ gacha;
  • Febril – 38 °C​ dan 39 °C​ gacha;
  • Baland ko‘rsatkich – 39 °C​ dan yuqori;
  • Kriz holati – hayot uchun xavfli bo‘lgan 40,5-41 °C​.

Tana haroratining koʻtarilishi har doim ham kasallikning ogʻirlik darajasini belgilab beravermaydi, bunda qoʻshimcha simptomlarni ham inobatga olish kerak.

Masalan, subfebril koʻrsatkichdagi tana harorati oshishi sil, virusli gepatit, piyelonefrit va boshqa jiddiy kasalliklarda kuzatilishi mumkin.

Baʼzi holatlarda kasallikning xavfli jihati, tana haroratining 37-37,5 °C​ koʻrsatkichlarida doimiy turishidir. Bu esa, endokrin tizimi tomonidan patologiyalar va yomon sifatli oʻsma kasalliklaridan dalolat beradi.

bola isitmalasa, isitma chiqishi
Foto: www.babycenter.com

Tana harorati qanday o‘lchanadi?

Norma yoki oʻzgarish bor ekanligiga birlamchi ishonch xosil qilish uchun tana haroratini o‘lchash usullarini bilish ham muhim ahamiyatga ega. Chunki qo‘ltiq osti, to‘g‘ri ichak yoki til ostidagi ko‘rsatkichlar bir-biridan 1-1,5 °C​ ga farq qiladi.

Tana haroratini o‘lchashning bir necha usuli bor va har biri uchun o‘zining normal ko‘rsatkichlari belgilangan.

Eng ko‘p tarqalgan usullarga quyidagilar kiradi:

  • Aksilyar (qo‘ltiq ostida);
  • Rektal (to‘g‘ri ichakda);
  • Oral, sublingual (og‘izda, til ostida);
  • Quloq kanalida;
  • Qin orqali.

Tana haroratini toʻgʻri oʻlchash boʻyicha yoʻriqnomani ushbu maqolamiz orqali oʻqishingiz mumkin:  Tana harorati qanday qilib o‘lchanadi? →

Termometr turlari

Hozirgi kunda dorixonalarda, tana haroratini o‘lchash uchun har xil turdagi termometrlarni topsa bo‘ladi. Ularning har birida o‘ziga xos yutuq va kamchiliklari bor:

Simobli (maksimal) termometr

Eng aniq ko‘rsatib beruvchi termometr va narxi ham hamyonbop.

Bundan tashqari, shifoxona, poliklinikalarda ham keng ko‘lamda foydalaniladi. Chunki uni dezinfeksiya qilish oson va ko‘pchilikka qo‘llasa bo‘ladi.

Kamchiligi shundaki, bunday termometrlar yordamida tana haroratini o‘lchash uchun ko‘proq vaqt sarflanadi va ular sinuvchan bo‘lishadi.

Singan termometr esa, zaharli simob bilan xavf tug‘diradi. Shuning uchun bolalar tana haroratini o‘lchash uchun kam qo‘llaniladi, ayniqsa og‘iz orqali o‘lchashda juda xavfli.

Elektron (raqamli) termometr

Uy sharoitida foydalanish uchun juda qulay termometr. Tana haroratini o‘lchash uchun qisqa muddatlar sarflanadi (30 sekunddan 1,5 daqiqagacha), o‘lchash tugagandan keyin “signal” chalib, xabar beradi. 

Elektron termometrlarda yumshoq uchlari bo‘ladi, ular yordamida bolalarda rektal qo‘llash uchun qulaydir.

Agar termometr og‘iz orqali yoki to‘g‘ri ichak orqali foydalanilsa, individual qo‘llanilishi kerak – faqatgina shu bola uchun ishlatilishi kerak.

Bunday termometrning kamchiligi tana haroratini biroz xato ko‘rsatishidir. Shuning uchun termometrni sotib olganda normal ko‘rsatkichni aniqlab olish kerak va shu ko‘rsatkich bo‘yicha qo‘llash lozim.

Termapoloska

Yaqin yillar ichida yangi moslama – termapoloska (ya’ni maxsus chiziqlar). Egiluvchan kristalli plenkalar bo‘lib, tana haroratining turli xil ko‘rsatkichlarida rangi o‘zgaradi.

Tana haroratini o‘lchash uchun peshona sohasiga 1 daqiqa davomida plenkani ushlab turish kifoya. Bunda tana haroratining aniq ko‘rsatkichi qayd etilmaydi, balki ranglarga qarab “past”, “o‘rta” va “yuqori” ko‘rsatkichlarinigina ko‘rsatib beradi.

isitmani tushirish, isitma chiqishi
Illustratsiya: Pinterest

Tana harorati ko‘tarilishi belgilari

Tana haroratining ko‘tarilishi insonga aniq seziladi. Bunday holat quyidagi simptomlar bilan namoyon bo‘ladi:

  • Charchash, umumiy holsizlik;
  • Qaltirash, varaja qilish (tana harorati qanchalik darajada yuqori bo‘lsa, inson shunchalik sovuq qotadi);
  • Bosh og‘rig‘i;
  • Tana zirqirab og‘rishi, bo‘g‘imlar, mushaklar va barmoqlarda;
  • Ko‘z sohasida issiq harorat sezish;
  • Og‘iz qurishi;
  • Ishtahaning pasayishi yoki umuman yo‘qolishi;
  • Yurak urish soni ortishi, aritmiyalar;
  • Ko‘p terlash, terining qurishi;
  • Pushti va oq isitma.

Isitma turlari

Tana haroratining oshishi kattalar va bolalarda turli xil ko‘rinishda kechadi.

Isitma xurujini ikki xil ko‘rinishi bor:

Pushti (qizil) isitma

Nomiga mos holda belgilar namoyon bo‘ladi – teri qoplami qizg‘ish tusda, ayniqsa bo‘yin va yuz terisi qizarib ketganligi ko‘rinadi.

Bunday turdagi isitma qilish ko‘p uchraydi. Organizm issiqlikni ajratib chiqarib tashlaydi, ya’ni tashqi qon tomirlar kengayadi (qon shu yo‘l bilan soviydi), ter ajralishi ko‘payadi (teri haroratini pasaytiradi).

Bemor ahvoli stabil bo‘lib, umumiy ahvolida o‘zgarish kuzatilmaydi.

Oq isitma

Isitma xurujining xavfli koʻrinishi. Organizmda termoregulyatsiya jarayonlarining jiddiy buzilishlari kuzatiladi.

Bunda teri qoplamalari oqish rangda, sovigan bo‘lsada (ayniqsa kaft va tovon sohasi sovuq), rektal yoki oral tana haroratini o‘lchaganda ko‘rsatkichlar baland bo‘ladi.

Bemor varaja qiladi, umumiy ahvoli og‘irlashadi, hushdan ketish holatlari kelib chiqadi.

Oq isitma qon tomirlarning kengayish xususiyati buzilgan holatlarda kuzatiladi, teridagi qon tomirlar kengaya olmasligi natijasida organizm o‘zini sovita olmaydi.

Eng xavfli jihati shundaki, hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolar — yurak, miya, jigar, buyraklarda ham harorat ko‘tarilib ketadi va ularning funksiyasiga salbiy ta’sir etadi.

Isitma chiqishi sabablari

Organizm termoregulyatsiya jarayoni endokrin tizimi tomonidan boshqariladi, bu tizim kerakli vaqtda sovitish yoki isitish mexanizmlarini ishga tushirib turadi.

Albatta, gormonal buzilishlar yoki endokrin bezlarining normal ishlamasligi termoregulyatsiyaning buzilishiga olib keladi.

Tana haroratining oshishi sabab bo‘ladigan asosiy modda – pirogenlardir. Bu moddalar immun tizimi tomonidan ajralib chiqadi. Pirogen moddalar organizm sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi patogenlar bilan kurashda yordan berish uchun ishlab chiqariladi.

Tana harorati quyidagi hollarda ko‘tarilishi mumkin:

  • Infeksiya – viruslar, bakteriyalar, soda hayvonlar va boshqalar ta’​sirida;
  • Kuyish, travmalar;
  • Allergik reaksiyalar. Bunday holatda immun tizimi zararsiz moddalarga qarshi kurashish uchun pirogen moddalarni ishlab chiqaradi;
  • Shok holatlari;
  • O‘RK (o‘tkir respirator kasalliklar).

Mavsumiy respirator kasalliklar – tana harorati oshishiga sabab bo‘luvchi eng ko‘p tarqalgan patologiyalardir.

Bunda kasallik chaqirgan patogen turiga qarab tana harorati ko‘tarilishi turlicha ko‘rsatkichlarda bo‘ladi. Oddiy shamollash yoki O‘RK yengil ko‘rinishida tana harorati subfebril ko‘rsatkichlarda bo‘ladi va u sekin-asta ko‘tarilib boradi. To‘g‘ri davo muolajalari olib borilsa, isitma 4 kundan ortiq ushlanib turmaydi, tana harorati normal holatga keladi.

Agar tana harorati qisqa muddat ichida, 38 °C​ gacha ko‘tarilib ketsa, bu grippdan dalolat beradi. Boshqa nafas yo‘llari infeksiyalariga nisbatan gripp xavfliroq hisoblanadi va mahalliy shifokor yoki pediatr ko‘rigidan o‘tib turish kerak bo‘ladi.

Agar tana harorati ko‘tarilishi muolajadan keyin ham ko‘tarilsa yoki 5 sutka davomida normal ko‘rsatkichlarga qaytmasa, bu kasallikning asoratidan dalolat beradi.

Virusli kasallikka bakterial infeksiyasi aralashganida tana harorati 38 °C​ da bo‘ladi. Bunday holatda tez tibbiy yordamga yoki shifokorga murojaat etish kerak, chunki bemorga majmuaviy davolash talab etiladi.

37-38 °C​ tana harorati kuzatiladigan kasalliklar

  • O‘RK;
  • Nafas yo‘llari surunkali kasalliklarining xuruj qilishi, masalan bronxit yoki bronxial astma, tonzillit;
  • Sil (tuberkulyoz);
  • Ichki a’zolar surunkali kasalliklari xuruji, miokardit, endokardit (yurak pardasining yallig‘lanishi), piyelonefrit, glomerulonefrit (buyrak yallig‘lanishi);
  • Kolit, yara kasalliklari;
  • Virusli gepatitlar (B va C virusli gepatit);
  • Gerpesning o‘tkir davrida;
  • Psoriaz xuruj davrida;
  • Toksoplazmoz bilan kasallanganda;
  • Qalqonsimon bez funksiyasi buzilishining erta davrlarida, gormonlar ishlab chiqarilishi ortganda (tireotoksikoz);
  • Klimaks davridagi gormonlar miqdori o‘zgarishida;
  • Gijjalar (gelmentlar) invaziyasida ham subfebril tana harorati kuzatilishi mumkin.

39 °C​ va undan yuqori ko‘rsatkichdagi tana harorati oshishi bilan namoyon bo‘luvchi kasalliklar

Tana haroratining yuqori darajada boʻlishi, organizmning kuchli intoksikatsiyasidan darak beradi.

Koʻp hollarda haroratning 39 °C​ da boʻlishi bakterial infeksiyalar natijasida kelib chiqadi, masalan:

Tana haroratining yuqori ko‘rsatkichlarda bo‘lishining boshqa sabablari

Termoregulyatsiya jarayonining buzilishi, boshqa ko‘zga tashlanmaydigan kasalliklarda ham kuzatiladi.

Yana bir xavfli sabab, organizm haroratni tashqi muhitga ajrata olmay qolishidir. Juda issiq va dim ob-havoda yoki dim xonada uzoq muddat bo‘lganda organizm haroratni tashqi muhitga ajrata olmay qoladi.

Bunday holat yurak va nafas olish tizimi bilan bog‘liq kasalliklari bor insonlar hayoti uchun katta xavf tug‘diradi, hatto o‘lim bilan tugash ehtimoli ham mavjud.

Bolalarda tana harorati ularni juda qalin kiyimlar bilan kiyintirganda ham oshadi.

Juda issiq sharoitda sog‘lom odam a’zolari, birinchi navbatda uning miyasi «qiynaladi». Bundan tashqari, tana harorati juda emotsional insonlarda stress va depressiya vaqtlarida ham ko‘tariladi.

Tana harorati va boshqa simptomlar

Tana harorati oʻzgarishi organizmdagi patologiyalar natijasida kelib chiqishini inobatga olib, kasallikning boshqa simptomlari bilan birgalikda kompleks ravishda oʻrganish kerak.

Aynan umumiy belgilar bilan kasallikning qanday ekanligi va uning darajasi haqida bilib olish mumkin.

Tana harorati oshishi va og‘riq

Qorin sohasidagi og‘riq va tana haroratining 37,5 °C​ dan oshishi, oshqozon ichak tizimidagi jiddiy muammolardan darak beradi. Ko‘pincha bunday holat ichak tutilishlarida kuzatiladi.

Bundan tashqari, o‘tkir appenditsitda ham yuqoridagi kabi holat kelib chiqadi. Shuning uchun bemorda ishtahaning yo‘qolishi va sovuq ter ajralishi kuzatilsa, zudlik bilan tez tibbiy yordamga murojaat etish kerak. 

Appenditsit asorati – peritonitda ham yuqori tana harorati kuzatiladi.

Og‘riq va tana haroratining oshishiga boshqa sabablar:

  • Piyelonefrit;
  • O‘tkir pankreatit;
  • Ichakning bakterial kasalliklari.

Agar tana harorati boshdagi og‘riqlar bilan birgalikda oshsa, quyidagi kasalliklardan dalolat beradi:

  • Gripp va O‘RK;
  • Angina;
  • Skarlatina;
  • Ensefalit;
  • Meningit;

Bo‘g‘​imlar va mushaklarda og‘riq hamda tana haroratining 39 °C dan oshishida, darhol isitma tushiruvchi preparatlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Tana harorati oshishi va ich ketishi (diareya)

Tana harorati oshishi va ich ketishi holatlari oshqozon ichak tizimining bakerial infeksiyalanganidan darak beradi.

Masalan:

  • Salmonellez;
  • Xolera;
  • Botulizm;
  • Dizenteriya (ichburug‘);
  • Ovqatdan zaharlanish;

Bunday holatlar inson hayoti uchun xavfli hisoblanadi, mustaqil ravishda o‘z boshimchalik bilan davo choralarini ko‘rmaslik kerak.

Ayniqsa, bolalarda shunday holat kuzatilsa, shifoxonaga yoki tez tibbiy yordamga murojaat etish shart.

Tana harorati oshishi va ich ketishining birgalikda namoyon bo‘lishi, qisqa muddat ichida ko‘p suyuqlik yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi.

Buni bartaraf etish uchun organizm ko‘proq suyuqlik qabul qilishi kerak, agar suv ichishga qarshiliklar bo‘lsa (qayt qilish yoki ich ketish kuchli bo‘lsa) vena ichiga eritmalar quyiladi.

Aks hollarda organizm suvsizlanishi hisobiga o‘lim holati ham qayd etilishi mumkin.

Tana harorati va ko‘ngil aynishi

Ba’zi hollarda tana harorati oshishi natijasida ko‘ngil aynishi kelib chiqadi.

Issitmalash oqibatida umumiy holsizlik kelib chiqadi, qon bosimi tushadi, bosh aylanadi va aynan shu holatlar sabab yengil ko‘ngil aynishi ham kuzatiladi. Agar tana harorati 39 °C​ dan yuqori ko‘rsatkichda bo‘lsa, uni darhol tushirish kerak.

Bunday holat, odatda grippning birinchi kunlarida kuzatilishi mumkin va bu kuchli intoksikatsiya bilan tushuntiriladi.

Homiladorlik vaqtida tana harorati oshishi va ko‘ngil aynishiga sabab – toksikozdir. Ammo, bunda tana harorati subfebril ko‘rsatkichdan oshmaydi (38 °C​ dan past).

Agar tana harorati oshishi va ko‘ngil aynishiga boshqa simptomlar qo‘shilsa (og‘riq, diareya, ich qotishi), faqatgina haroratni normallashtirish kifoya qilmaydi. Bunday holat oshqozon ichak tizimidagi jiddiy muammolardan darak beradi. Ularga quyidagilar kiradi:

  • Virusli gepatit va jigarning boshqa kasalliklari;
  • O‘tkir appenditsit;
  • Peritonit;
  • Buyraklar yallig‘lanishi;
  • O‘tkir pankreatit;
  • Ichak tutilishi;

Bundan tashqari, tana harorati oshishi va ko‘ngil aynishi organizmning zaharlanishi, masalan alkogol qabul qilganda, sifatsiz mahsulotlar yeganda va dori preparatlari bilan zaharlanganda ham kuzatiladi.

Bunday ko‘rinishdagi simptomatikaning eng og‘ir shakli – meningitda namoyon bo‘ladi. Shuning uchun yuqoridagi barcha holatlarda shifokor maslahatlarini olish tavsiya etiladi.

Agar bolalarda tana harorati oshishi va qayt qilish ham kuzatilsa, statsionar sharoitda yo‘qotilgan suyuqlik o‘rnini to‘ldirish talab etiladi.

Qon bosimi va tana harorati

Arterial bosimning oshishi – isitma xurujining bir belgisi hisoblanadi.

Issiq harorat gemodinamikaga ta’sir ko‘rsatadi – bemorlarda yurak urishi, qon tomirlarda qon oqimi tezlashadi, ular to‘ladi va arterial bosim ortadi.

Ammo, bunday holatda qon bosimi juda ham oshib ketmaydi, 140/90 mm.Hg.ust. dan yuqori bo‘lmaydi, bunda bemor harorati 38,5 °C​ bo‘lsa, isitmani tushiruvchi preparatlar qabul qilgandan keyin qon bosimi ham me’yorga qaytadi.

Ayrim hollarda tana haroratining oshishi qon bosimi tushishiga sabab bo‘ladi. Bunday simptomni davolash talab etilmaydi, chunki istima xuruji o‘tib ketsa, qon bosimi normallashadi.

Ammo, gipertoniya bilan kasallanganlarda tana haroratining ko‘tarilishi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun bunday insonlar o‘z shifokorlari bilan maslahatlashishlari zarur, ularda 37,5 °C​ ko‘rsatkichda ham tana haroratini me’yorga tushirish lozim bo‘ladi, ayniqsa keksa yoshdagi insonlar.

Qon bosimi va tana harorati quyidagi kasalliklar bilan duchor bo‘lgan insonlar uchun xavfli:

  • Yurakning ishemik kasalligi. Bunday holatda bemorda miokard infarkti ham rivojlanishi mumkin;
  • Yurak yetishmovchiligi;
  • Aritmiyalar;
  • Ateroskleroz;
  • Qandli diabet.

Har qanday sharoitda ham qon bosimi va tana harorati birgalikda o‘zgarsa, shifokorga murojaat etish zarur.

Qo‘shimcha simptomlarsiz tana harorati o‘zgarishi

Hech qanday simptomlarsiz tana haroratining oshishi yoki pasayishi o‘tkir infeksion kasalliklarga xos. Ular quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Surunkali piyelonefrit;
  • Sil;
  • Yaxshi va yomon sifatli o‘smalar;
  • A’zolar infarkti (to‘qimalar nekrozi);
  • Qon kasalliklari;
  • Tireotoksikoz, gipotireoz;
  • Allergik kasalliklar;
  • Revmatoid artritning erta davrlarida;
  • Bosh miyadagi o‘zgarishlarda, ayniqsa gipotalamusda;
  • Psixik o‘zgarishlar;

Bundan tashqari, aktiv jismoniy harakat, sovuq qotish yoki issiq havoda, stress va zo‘riqishlarda ham tana harorati o‘zgarishlari mumkin.
Ammo, bunday holda tana harorati tezda normal holatga qaytadi.

tana harorati oshishi
Foto: Google Photo

Tana haroratini qanday tushirish mumkin?

Tana haroratining oshishi insonga diskomfort tug‘diradi, ba’zi hollarda og‘ir ko‘rinishlarga kelib o‘lim holati ham kuzatilishi mumkin. Shuning uchun har qanday inoson tana harorati ko‘tarilganda tushirish usullarini bilib olishi kerak.

Tana haroratini qachon tushirish kerak?

Tana harorati ko‘tarilganda har doim ham uni normal holatga qaytarish talab etilmaydi.

Infeksion kasalliklarda organizm immun tizimi pirogen moddalarni ishlab chiqarib, tana haroratining ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi va bu holat mikroorganizmlarga qarshi kurashishga yordam beradi.

Masalan, interferon oqsilini sintezlanishini oshiradi, antitelolar ishlab chiqarilishini kuchaytiradi, fagositoz jarayonini rag‘batlantiradi, ishtahani pasaytiradi va umumiy harakatni kamaytiradi, demak organizm infeksiya bilan kurashish uchun ko‘proq energiyaga ega bo‘ladi.

Ko‘pchilik bakteriya va viruslar normal haroratda faol hayot kechiradi, tana harorati ko‘tarilganda esa, ularning ba’zilari o‘ladi. Shuning uchun tana harorati oshgan vaqtda, uni tushirish uchun shoshilmaslik kerak.

Ammo, ayrim holatlarda tana haroratini tushirish talab etiladi. Bunday holatlarga quyidagilar kiradi:

  • 39 °C dan yuqori tana harorati;
  • Tana harorati oshishi bilan birga – ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh aylanishi va boshqa holatlar birga kelishi;
  • Bolalarda talvasalar (sudorgi) bo‘lsa – 37 °C ga ko‘tarilganda ham haroratni tushirish zarur;
  • Nevrologik kasalliklari bor insonlarda;
  • Qon-tomir tizimi tomonidan kasalliklar mavjud bo‘lsa;
  • Qandli diabet bo‘lsa.

Tez tibbiy yordam qachon talab etiladi?

Quyidagi holatlarda tez tibbiy yordamga murojaat qilish shart:

  • 39,5 °C​ dan yuqori tana harorati bo‘lsa;
  • Tana haroratining birdan oshishi va dori preparatlarining natijasi bilinmasa;
  • Isitma bilan birga nafas olish qiyinlashuvi kuzatilsa;
  • Harorat ko‘tarilganda tananing turli qismlarida kuchli og‘riqlar bo‘lsa;
  • Tana harorati ko‘tarilishi bilan birga – ich ketishi, ich qotishi va qayt qilish holatlari kuzatilsa;
  • Organizmning suvsizlanganligi belgilari sezilsa – shilliq qavatlar qurishi, rangparlik, holsizlik, siydik rangi to‘qlashuvi yoki peshob ajratmaslik holatlari;
  • Isitmaning toshmalar bilan namoyon bo‘lishi. Ayniqsa qo‘l bilan bosib ko‘rilganda yo‘qolmaydigan qizil toshmalar meningokokk infeksiyasidan darak beradi.

Isitma tushirish usullari

Isitma chiqqanda uni tushirishning ko‘p usullari bor. Avvalo, bemor joylashgan xonaning haroratini normallashtirish kerak, ayniqsa 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bu juda muhim.

Gap shundaki, bolalarda ter ajratish funksiyasi yaxshi shakllanmagan bo‘ladi, ular haroratni asosan nafas chiqarish orqali tarqatadi.

Bolakay salqin havo bilan nafas oladi, o‘pka va qonni sovitadi, issiq haroratni chiqarib yuboradi. Agar xona harorati juda issiq bo‘lsa, bu jarayon buziladi.

Bundan tashqari, havoning namligi ham muhim, juda quruq havo ham nafas yo‘llari orqali issiq kirishiga sabab bo‘ladi. Shuni inobatga olib tana harorati yuqori bo‘lgan bemor uchun xonaning optimal harorati va namligi 19-22 °C​, namlik esa 40-60 % bo‘lishi kerak.

Isitmani tushiruvchi preparatlar

Tana haroratini tez tushirish uchun, isitmani tushiruvchi preparatlardan foydalaniladi. Bunday vositalar faqatgina simptomatik ta’sir etadi, ya’ni tana haroratini tushiradi.

Haroratni tushiruvchi preparatlar quyidagilar:

Parasetamol

Bolalar va kattalar uchun buyuriladigan preparat. Parasetamol 38 °C​gacha bo‘lgan tana harorati oshganda yaxshi yordam beradi, lekin bu ko‘rsatkichdan yuqori holatlarda preparatning ta’siri bilinmasligi mumkin.

Ibuprofen

Nosteroid yallig‘lanishga qarshi qo‘llaniladigan va tana haroratini tushirishda yaxshi samara beradigan preparat. Bolalar va kattalar uchun buyuriladi.

Nimesulid (nimesil, nayz)

Oxirgi avlod yallig‘lanishga qarshi preparat. Bolalar uchun qarshi ko‘rsatma bor.

Analgin

Hozirgi kunda tana haroratini tushirish uchun deyarli qo‘llanilmaydi. Ammo isitmani bartaraf etishda yordam beradi.

Xalq tabobati yordamida isitmani tushirish

Tana haroratini xalq tabobati yordamida ham tushirsa bo‘ladi. Bunda turli xildagi dorivor o‘simliklar damlamasi va qaynatmalaridan foydalaniladi. Tana harorati oshganda ko‘p suyuqlik ichish yaxshi natija beradi, chunki organizm ko‘proq ter ajratib, haroratni pasayishiga olib keladi. Dorivor o‘simliklar orasidan eng foydalilari quyidagilar:

  • Malina;
  • Qora smorodina;
  • Oblepixa o‘simligi;
  • Lipa;
  • Moychechak (Romashka​);

Bolalarda tana haroratini tushirishda romashka eritmasi bilan klizma qilish ham yaxshi natija beradi. Bunda suvning harorati 20 °C​ da bo‘lishi kerak. Yoshga qarab dozalar quyidagicha bo‘ladi:

  • Chaqaloqlar uchun – 30 ml dan oshmasligi kerak;
  • 6 oydan 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar – 100 ml;
  • 3 yoshgacha – 200 ml;
  • 5 yoshgacha – 300 ml;
  • 6 yoshdan oshganlarga – 0,5 l.

Tana harorati ko‘tarilganda sochiq, doka va xaltaga solingan muz yordamida ham haroratni tushirish mumkin. Bunda ehtiyotkorlik talab etiladi, muzni teri juda zich va uzoq muddatga qo‘yilsa, qon tomirlar spazmi kelib chiqishi va oq isitma holati kelib chiqishi mumkin.

Tana haroratining oshishi yoki pasayishi ko‘pgina kasalliklarning “ko‘zgusi” bo‘lib, bunday holatni e’tibordan chetda qoldirmaslik zarur. Faqatgina tana harorati oshishining o‘zini bartaraf etmay, kasallikning asl sababiga qarshi kurashish lozim.

Diqqat! Maqola davomida keltirib o‘tilgan kimyoviy preparatlar, faqatgina ma’lumot uchun berilgan. O‘zingizda biror o‘zgarish sezsangiz, albatta, shifokorga murojaat qiling!

Gripp va yuqori nafas yo’llarining infeksiyalarini alomatlarini davolash uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri TeraFludir.

TeraFlu bu – alohida paketlarga qadoqlangan eriydigan granulalar.

Har bir paket tarkibi:

Faol moddalar: 2 mg benzoksoniy xloridi, 1,5 mg lidokain gidroxloridi,; Yordamchi moddalar: etanol, qalampiryalpiz moyi, mentol, gliserin, xlorid kislotasi, tozalangan suv.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/teraflyu

Shamollash va grippda balg’am ko’chirish uchun qo’llaniladigan boshqa preparatlar: GRIPHOT, Rinil hotmiks, Insti, Sinupret ekstrakt, Rinomaks, ASS va hk.

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Gripp va yuqori nafas yo’llarining infeksiyalarini alomatlarini davolash uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri TeraFludir.

TeraFlu bu – alohida paketlarga qadoqlangan eriydigan granulalar.

Har bir paket tarkibi:

Faol moddalar: 2 mg benzoksoniy xloridi, 1,5 mg lidokain gidroxloridi,; Yordamchi moddalar: etanol, qalampiryalpiz moyi, mentol, gliserin, xlorid kislotasi, tozalangan suv.

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/teraflyu

Shamollash va grippda balg’am ko’chirish uchun qo’llaniladigan boshqa preparatlar: GRIPHOT, Rinil hotmiks, Insti, Sinupret ekstrakt, Rinomaks, ASS va hk.

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Kasalliklar
Isitma chiqishi: uni tushirish usullari, tana harorati normasi, turlari