Ozgʻinlik bu kasallikmi? haqida malumot
Anoreksiyaning asosida inson ruhiyatidagi jarohatlar yotadi. Uni keltirib chiqaruvchi sabablardan biri esa vazn ortishidan qattiq qoʻrqishdir. Organizmning oʻta zaiflashib ketishini oʻylamay ozgʻinlik sari intilish, oʻzining tana vaznidan qoniqmaslik asabiy anoreksiya deb ataladi. Bu ogʻir psixologik va fiziologik holat boʻlib, tana vaznining katta qismi yoʻqotilishi bilan kechadi. Bu ruhiy holat asosan oʻsmirlik davrida paydo boʻladi. Bunda odam ozish maqsadida ongli ravishda qatʼiy tarzda ovqatdan bosh torta boshlaydi.
Asabiy anoreksiya sindromi bir qator ruhiy-asab xastaliklarida uchraydi. Masalan, nevrozlar, psixopatiya, nevrozga monand shizofreniya, organik neyroendokrinopatiya kabilar shular jumlasidan. Nevroz anoreksiyasi deb ataluvchi alohida kasallik ham mavjud. Bu oʻsmirlikdagi oʻtish davrida endokrin bezlar ishidagi oʻzgarishlar oqibatida shaxs rivojlanishidagi alohida patologiya sifatida koʻzga tashlanadi.
Ruhiy anoreksiya koʻpincha 14-18 yoshdagi yoshlarda kuzatiladi. Biroq ayrim 20-28 yoshlilarda ham xastalikning ilk bosqichini kuzatish mumkin. Xastalikka koʻproq qizlar chalinadi. Umuman ayollar va erkaklar oʻrtasidagi koʻrsatkich 1:10 nisbatga toʻgʻri keladi. Soʻnggi 10 yillikda ushbu kasallikka duchor boʻlganlar soni birmuncha oshdi.
Bu kasallikning vujudga kelishida biologik omillar bilan bir qatorda psixogen omillar ham ishtirok etadi. Irsiy moyillik kamdan kam uchraydi. Faqat 2-5 foiz bemorlarning onasi ham oʻsmirlik vaqtida shunday xastalikni boshdan kechirgan boʻlib chiqadi.
Bu qanday jarayon?
Anoreksiyaning asosida inson ruhiyatidagi jarohatlar yotadi. Uni keltirib chiqaruvchi sabablardan biri esa vazn ortishidan qattiq qoʻrqishdir. Bu hissiyot miyaga shu qadar chuqur oʻrnashib oladiki, bemor oʻz tanasini notoʻgʻri qabul qila boshlaydi. Tassavvurida yaratib olgan ideal qomatga oʻxshashga tirishadi, unga oʻxshamasligidan tushkunlikka tushadi. Bunday holatlarda atrofdagilarning — ota-ona, shifokor, doʻstu dugonalarning fikrlari hech qanday ahamiyat kasb etmay qoʻyadi. Aslida atrofdagilar oʻsmirning semizligini yuziga solishi, tengdoshlarining mazah qilishi, unga laqab qoʻyishi kabi ruhiy iztirobga soluvchi vaziyatlar kasallik rivojlanishiga turtki boʻladi.
Bemorlar asta-sekin toʻyimli taom va mahsulotlardan bosh torta boshlashadi. Ular asosan xarakteriga koʻra koʻpincha aniqlik va tartib-intizomni xush koʻruvchi, qaysar, bir maqsad sari qatʼiy intiluvchi, boshqalarni tan olmaydigan, xudbin odamlar hisoblanadi. Bolaligida ular onasiga juda bogʻlangan boʻlib, undan ayrilishni koʻtarolmaydi. Ularda arzimagan narsaga dod-voy qilib talvasaga tushish kabi odat ham uchrab turadi.
Bunday holatda ishtaha yoʻqolmaydi, ammo ovqatdan voz kechish ochlikka qarshi ayovsiz kurash bilan birgalikda kechadi. Ota-onasi ovqat yeyishga majburlashsa, ular taomni yashiradi yoki tashlab yuboradi. Baʼzan esa oʻzlarini majburlab qayt qilishadi. Ichni boʻshashtiruvchi yoki yuvuvchi dorilarni qabul qilib, isteʼmol qilgan ovqatlarini hazm qilmay chiqarib yuborishadi.
Bundan tashqari bemorlar toʻxtovsiz mashqlar bilan shugʻullanadilar, jismoniy kuch talab qiluvchi ishlarni jon deb bajaradilar, yugurish, gimnastika, fitnes bilan shugʻullanadilar. Qizlar belini tortib turadigan kiyimlar kiyishga, belbogʻlar taqishga ruju qoʻyadilar.
Ruhiy tomondan ular faqat qanday ozish haqida oʻylaydigan, depressiyaga moyil, doim tushkun kayfiyatdagi, jizzaki xarakter egalaridir. Anoreksiyaning keyingi bosqichlarida bemor vujudini lanjlik, xorgʻinlik, harakatsizlik egallab oladi.
Kasallik jiddiy tus olganda organizm ochlikdan holdan toyishi natijasida kaxeksiya (oʻta ozgʻinlik) oqibatida faqat teri va suyak qoladi, qoʻl va oyoqlar doim sovuq boʻladi. Yurak maromi sekinlashib bradikardiya kuzatiladi. Qon bosim ham tushib ketadi. Doimiy qabziyat kuzatiladi. Tanada vitamin yetishmovchiligi belgilari paydo boʻladi. Qizlarda amenoreya (hayz bir necha oy toʻxtashi), tanada tuklar oʻsib ketishi, oʻgʻil bolalarda jinsiy aʼzolar displaziyasi (kichrayishi) kuzatiladi. Bu holat bepushtlikka olib kelishi mumkin. Ammo bu kasallik bedavo emas. Oʻz vaqtida chora koʻrilsa bemor shifo topishi mumkin.
Anoreksiya (oʻta ozgʻinlik) davosi qanday?
Albatta, anoreksiya xastaligini davolash mumkin. Bunda psixoterapevt, psixiatr, endokrinolog, oilaviy psixolog va diyetolog shifokorlarga murojaat qilish kerak. Davolashning samaradorligi bemorning oʻziga, oila aʼzolari, yaqinlarining qoʻllab-quvvatlashlariga bogʻliq.
Bemor oʻta ozib ketmagan hollarda uy sharoitida davolanish mumkin. Muolajalar bemorning umumiy holati va i xususiyatlariga qarab belgilanadi. Bunda qondagi qand miqdorini aniqlash, umumiy quvvatlantiruvchi, qon oʻrnini bosuvchi vositalar, vitaminlar va yotoq tartibi tayinlanadi. Kuchli kaloriyali, goʻsht va boshqa mahsulotlar blenderdan oʻtkazilib isteʼmol qilinadi.
© Manzur.uz
Kasalliklar
Ozgʻinlik bu kasallikmi?