Reaktiv artrit — sabablari, belgilari, davolash va oldini olish usullari haqida malumot
Reaktiv artrit – boʻgʻimlarning aseptik yalligʻlanishi boʻlib, kasallik sababi boʻgʻimlardan tashqari aʼzolarda infeksion yalligʻlanish kasalliklari hisoblanadi (burun halqumda, ichaklarda, urogenital aʼzolarda). Reaktiv artrit boʻgʻimlar, paylar, shilliq qavatlar (konyuktivit, uevit, ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavati, uretret, servitsit, balanit), tirnoqlar, limfa tugunlarining assimetrik zararlanishi va tizimli reaksiyalar bilan namoyon boʻladi. Reaktiv artrit diagnostikasida klinik belgilarni laborator tekshiruvlar asosida tasdiqlangandan soʻng qoʻyiladi.
Diagnostika va muolajalar
Kasallik davosida infeksiya va yalligʻlanishga qarshi muolajalar olib boriladi. Xastalikning oqibati ijobiy boʻlib, kasallik toʻliq davolanadi.
Kasallik sabablari
Ushbu kasallik koʻpincha ichak tizimi yoki urogenital aʼzolar infeksiyalari natijasida rivojlanadi. Ammo, reaktiv artrit kelib chiqishi infeksiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri boʻgʻimlarni zararlashi bilan roʻy bermaydi, ichak infeksiyalari va urogenital infeksiyalar bilan kasallangan insonlarning barchasida ham reaktiv artirt rivojlanavermaydi.
Reaktiv artrit kasalligi immunogenetik nazariyaga asoslangan holda, asosan giperreaktiv immun tizimiga ega boʻlgan insonlarda, yaʼni organizmdagi turli xil infeksiyalarga sezuvchanlik juda yuqori boʻlganlarda rivojlanadi. Immun tizimi mikroblar antigeniga qarshi kurashishi bilan birgalikda, oʻz toʻqimalarini ham begona hisoblaydi va ularga qarshi antitanalar ishlab chiqara boshlaydi (autoimmun kasallik). Natijada boʻgʻimlarda murakkab immunokimyoviy reaksiyalar taʼsirida aseptik (yiringsiz) yalligʻlanish kelib chiqadi.
Reaktiv artrit klassifikatsiyasi
Etiologiyasiga koʻra reaktiv artrit quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
- Postenterokolitik – ichaklar infeksiyasi bilan bogʻliq: iyersiniya, salmonella, dizenteriya tayoqchasi, kampilobakteriya, klostridiya infeksiyalari;
- Urogenital – xlamidiy, ureaplazmoz va boshqa urogenital aʼzolar infeksiyalari bilan kasallangandan soʻng rivojlanuvchi reaktiv artrit.
Reaktiv artrit belgilari
Reaktiv artritga xos boʻlgan klassik triada belgilariga – konyuktivit, uretrit va artritning simptomlari kiradi. Reaktiv artrit belgilari odatda birlamchi infeksion kasallik oʻtkazilgandan soʻng 2-4 hafta ichida namoyon boʻladi.
Avvaliga uretrit belgilari yuzaga chiqadi, peshob ajralishining koʻpayishi, peshob ajratish vaqtida ogʻriq va achishish hissini sezish. Soʻngra konyuktivit belgilari – koʻz yoshlanishi, qizarishi va koʻzda yot jism tushgani kabi ogʻriq hissi. Kasallikning tipik kechuvida uretrit va konyuktivit belgilari yaqqol namoyon boʻlmaydi.
Klassik triada belgilaridan eng kech rivojlanadigani artrit simptomlaridir. Bunda artralgiya, boʻgʻimlarda shish, mahalliy giperemiya va boʻgʻimlar qizarishi kuzatiladi.
Artrit simptomlari yuzaga chiqishi oʻtkir kechadi, yaʼni tana harorati subfebril koʻrsatkichlarda, bemorning umumiy ahvoli ogʻir, 1-2 boʻgʻimlarning zararlanishi (falangalararo, toʻpiq, tizza boʻgʻimlari) belgilari namoyon boʻladi, kam hollarda zararlanish qoʻl boʻgʻimlarini qamrab oladi. Kuchli shish va ogʻriq hisobiga boʻgʻimlar funksiyasi buziladi, kam hollarda vertebralgiya ham kuzatiladi.
Reaktiv artrit belgilari 3-12 oy davomida saqlanib qolishi mumkin, soʻngra kasallikning toʻliq qayta tiklanishi kuzatiladi. Reaktiv artrit kasalligining xavfi shundaki, kasallik qayta xuruj qilishi va bunda boshqa boʻgʻimlar ham zararlanish ehtimoli yuqoriligidir. Reaktiv artritning tipik koʻrinishi sifatida Reyter kasalligini keltirish mumkin, bunda ham boʻgʻimlar, koʻz shilliq qavati va siydik ayirish tizimi aʼzolari zararlanadi.
Reaktiv artriti asorati sifatida koʻpgina bemorlarda (12 % ga yaqin) toʻpiq deformatsiyasi rivojlanadi. Kasallikning ogʻir koʻrinishlarida boʻgʻimlar destruksiyasi va harakatsizligi (ankiloz) kelib chiqadi.
Kasallik diagnostikasi
Reaktiv artritda qonda eritrotsitlar choʻkish tezligi oshadi, venoz qonda C-reaktiv oqsil va antinuklear omil aniqlanadi. Reaktiv artrit spetsifik marker boʻlib HLA 27 antigeni hisoblanadi. Reaktiv artritni revmatoid artritdan differensatsiya qilish revmatolog tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu kasallik aniqlanishi bilan birgalikda bemor urolog va venerolog tekshiruvidan ham oʻtadi.
PZR – tekshiruvida infeksion qoʻzgaʼtuvchi va reaktiv artritga sabab boʻladigan mikobni aniqlash mumkin. Ammo, boʻgʻimdan olingan suyuqlikda infeksiya aniqlanmaydi, mana shu holat bakterial artritdan farqlashda yordam beradi. Kasallik diagnostikasida rentgenografiya tekshiruvi katta ahamiyat kasb etmaydi. Boʻgʻim punksiyasi yoki artroskopiya oʻtkazish talab etilmaydi.
Reaktiv artritni davolash
Reaktiv artrit davosida asosan birlamchi infeksiyani bartaraf etishga qaratiladi. Kamida 4 haftagacaha davom etuvchi anitibiotik terapiya buyuriladi. Xlamidiylar sababli kelib chiqadigan artrit davosida makrolidlar, tetratsiklin, ftorxinolonlar buyuriladi.
Boʻgʻimlarda yalligʻlanishga qarshi nosteroid yalligʻlanishga qarshi vositalalar qoʻllaniladi. Reaktiv artritning ogʻir koʻrinishlarda gormonal terapiya qoʻllaniladi. Kasallikning choʻzilgan shaklida bazis yalligʻlanishga qarshi preparatlardan foydalaniladi – sulfasalazin, metotreksat.
Boʻgʻimlarga asos (stvol) hujayralarni yuborish zararlangan boʻgʻim toʻqimalarini tiklanishida, metobolizmni ragʻbatlash va yalligʻlanishni toʻxtatishga yaxshi samara beradi.
Xasatalikni davolashda fizioterapiya muolajalaridan samarali usul – fonoforez (gidrokortizon), sinusoidal-modullashgan tok, krioterpiya, LFK hisoblanadi. Yalligʻlanish bartaraf etilgandan soʻng, toʻqimalarni tiklashda davolovchi vannalar buyuriladi – dengiz tuzi, oltingugurt, loy terapiyasi.
Kasallik oqibati va profilaktikasi
Reaktiv artrit kasalligi oqibati turlicha boʻlishi mumkin. 35 % bemorlarda kasallik butunlay davolanadi va kelajakda boshqa xuruj qilmaydi. Ayrim bemorlarda esa artrit, enterit va tizimli reaksiyalar rivojlanadi. 25 % insonlarda esa kasallik surunkali shakliga oʻtadi va vaqti vaqti bilan xuruj qilib turadi. 5 % bemorlarda reaktiv artritning ogʻir koʻrinishi kuzatiladi, bunday insonlarda boʻgʻimlar destruksiyasi va funksiyasining buzilishi kelib chiqadi.
Reaktiv artritning profilaktikasida birlamchi infeksion kasalliklarni davolash zarur boʻladi, masalan ichak infeksiyalari – salmonella, iyersinioz, dizenteriya, siydik ayirish tizimida – xlamidioz kabi infeksion kasalliklar.
Kasalliklar
belgilari, davolash va oldini olish usullari, Reaktiv artrit — sabablari