Alaliya yoxud gapira olmaslik haqida malumot
Alaliya – gapirish qobiliyatining umuman yo‘qligi yoki “qo‘pol” ko‘rinishda bo‘lishi. Homila paytida yoki 3 yoshgacha bo‘lgan bolalik davrida miya gapirish markazining buzilishi hisobiga kelib chiqadigan patologik holatdir. Alaliya (Gapira olmaslik) kasalligida bolada gapirishdagi nuqsonlar ya’ni so‘zlarni aytishni kech boshlash, so‘z boyligining kamligi, so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilish kabi kamchiliklar kuzatiladi. Alaliya muammosiga duchor bo‘lgan bolalar nevropatolog va logoped ko‘rigidan o‘tishlari kerak. Bolani davolashda psixo-mediko-pedagogik chora tadbirlar: medikomentoz davo, psixik funksiyani rivojlantirish, leksiko-grammatik va fonetik-fonematik jarayonlarni shakllantirishni talab qiladi.
Alaliya – afaziyadan farqli ravishda tug‘ma yoki bolaning 3 yoshgacha bo‘lgan davrida biror-bir patologiya natijasida gapirish markazining buzilishi bo‘lib, bunda gapirish qobiliyatining barcha komponentlari buziladi (fonetik, grammatik, leksik jihatdan). Ushbu patologik jarayon maktab yoshidagi bolalarning 1 %ida uchraydi, maktabgacha bo‘lgan bolalar orasida esa 0,2-0,6 %ni tashkil etadi. Alaliya qizlarga nisabatan o‘g‘il bolalarda 2 barobar ko‘proq uchraydi. Alaliya – bu klinik diagnoz bo‘lib, logopedlar tomonidan qo‘yiladi va Umumiy gapirishning shakllanmasligi (UGSH) deb ataladi.
Alaliya (Gapira olmaslik) sabablari
Alaliya kelib chiqishiga sabablar ko‘p va ular bolalik davrining turli xil yoshlarida ta’sir qiladi. Homiladorlik vaqtida alaliyaga olib keluvchi faktorlarga homila gipoksiyasi, homila ichi infeksiyasi (TORCH-infeksiya), homiladorlikning tabiiy to‘xtashi xavfi, toksikozlar, homilador ayolning yiqilishi natijasida jarohatlanishlari, ayoldagi surunkali kasalliklar (arterial gipo yoki gipertenziya, yurak va o‘pka yetishmovchiliklari) kiradi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda alaliya kelib chiqishiga sabab quyidagilar: tug‘ish jarayonidagi patologiyalar, chaqaloq asfiksiyasi, chala tug‘ilgan bolalar, bosh miya ichi patologiyalari, erta yoki kech tu’gilish, akusherlarning instrumental tekshiruvlari natijasida jarohatlar olish.
Erta yoshdagi bolalarda alaliya kelib chiqishiga sabablar: bolaning birinchi yoshida o‘tkazgan kasalliklari, ensefalit, meningit, bosh miya yopiq jarohatlari, somatik kasalliklar, markaziy nerv tizimining gipotrofiyasi (kichrayishi). Ba’zi bir tekshiruvlar alaliya kalib chiqishiga nasliy va genetik omillar moyillikni oshirishini aniqlagan. Tez-tez takrorlanuvchi surunkali bolalarda uchraydigan kasalliklar O‘RVI, gripp, pnevmoniya, endokrin kasalliklar, raxit va shu kabilar, umumiy narkoz ostida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilganligi, salbiy ijtimoiy muhit ham alaliya kelib chiqish xavfini oshiradi.
Umuman olganda alaliya kelib chiqishida bir emas, bir necha faktorlar rol o‘ynaydi. Bosh miyaning organik shikastlanishida miya hujayralarining o‘sishi sekinlashadi, ular rivojlanmagan neyroblastlar ko‘rinishida qoladi. Bu esa neyronlarning qo‘zg‘alishini sekinlashtiradi, nerv tizimidagi jarayonlarni buzadi va miya hujayralarning “kuchsizlanishi”ga olib keladi. Alaliyada bosh miya mag‘iz qismining gapirish markazi zararlanishi yaqqol namoyon bo‘lmaydi, sekin-sekinlik bilan umumiy garishdagi nuqsonlar paydo bo‘la boshlaydi.
Alaliya kasalligi tasnifi
Uzoq yillar davomida alaliya kasalligining klassifikatsiyasi uning kelib chiqish mexanizmi, darajasidan qat’iy nazar bir xil turda bo‘lgan. Hozirgi kunga kelib logopedlar alaliyaning V.A.Kovshikov bo‘yicha klassifikatsiyasidan foydalanadilar:
- Ekspressiv (motorika bilan bog‘liq) alaliya;
- Impressiv (sensorika bilan bog‘liq) alaliya;
- Aralash (sensomotor yoki motosensor) alaliya.
Motorika bilan bog‘liq alaliya miya bosh miya mag‘iz qismining erta davrlardagi organik shikastlanishlari natijasida gapirish analizatorida buzilishlar paydo bo‘lishidan kelib chiqadi. Bu holatda bola o‘zgalar so‘zini tushunadi, lekin o‘zi gapira olmaydi. Zararlangan sohaga qarab: afferent motorika va efferent motorika bilan bog‘liq alaliyalar farqlanadi. Afferent motorika bilan bog‘liq alaliyada zararlanishlar markaziy qismlarda kuzatiladi (chap yarim sharning pastki TEMENNIX otdelov) va efferent motorika bilan bog‘liq alaliyada esa markaz osti qismida zararlanishlar kelib chiqadi (Brok markazi, peshona qismining orqa uchdan bir qismida).
Sensorika bilan bog‘liq alaliyada po‘stloq osti (mag‘iz) gapirish-eshitish markazida (analizatorida) zararlanish bo‘ladi (Vernika markazi, chakka sohasining orqa uchdan bir qismida). Bu holatda markaziy eshituv va gapirish hujayralari zararlanib, bola tovushlarni analiz va sintez qila olmaydi. Bolaning eshitish qobiliyati saqlangan bo‘lsada, so‘zlarni tushunmaydi.
Alaliya belgilari
Motorika bilan bog‘liq alaliya belgilari
Bunday turdagi alaliyaning belgilari = gapirish bilan bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan (psixo-nevrologik) tiplarga bo‘linadi.
Nevrologik (ya’ni gapirish bilan bog‘liq bo‘lmagan) belgilarga: harakatdagi kamchiliklar, mo‘ljal olish buzilishlari, qo‘l barmoqlarining harakati yaxshi rivojlanmaganligi, qo‘pol harakatlar qilish, oddiy harakatlarni bajara olmaslik (tugmalarni taqish, bog‘ichlarni bo‘glash kabi), nozik harakatlarni (mozayka yig‘ish) bajara olmaslik kiradi.
Psixik belgilarga: hotiraning sustligi (ayniqsa eshitgan narsalarini eslab qola olmaslik), diqqatni jamlashning buzilishi, emotsional kamchiliklar kiradi. Unday bolalar giperaktiv yoki umuman gipoaktiv (kam harakat, “tormoz” holatida) bo‘ladilar. Bolalar aqliy, bilim tomonidan ikkilamchi jarayon sifatida ortda qoladilar, ya’ni eshitish-gapirish qobiliyatining buzilishi hisobiga. Alaliya bartaraf etilsa aqliy qobiliyat sekin asta tiklanadi.
Gapirish bilan bog‘liq bo‘lgan belgilarga: eshitish qobiliyati saqlangan holda, gapirishdagi nuqsonlar kuzatiladi, gapirishni shakllantirib boruvchi qobiliyatlar (oddiy so‘zlar, har xil tovushlar, ba’zi bir iboralar) kech rivojlanadi.
Afferent motorika bilan bog‘liq alaliyada bolalar har qanday artikulyatsiya harakatlarini bajara olishadi, ammo gapirishda yaqqol buzilishlar kuzatiladi. Bunda tovushlar aralashib ketadi yoki o‘rni o‘zgaradi, natijada so‘zlar bir birga bog‘lanmaydi, umuman so‘z hosil bo‘lmaydi yoki tovushlarni takrorlab turish kuzatiladi.
Efferent motorika bilan bog‘liq alaliyada oddiy artikulyatsiya harakatlarini bajara olmaslik natijasida so‘zlarni ayta olmaslik kelib chiqadi.
Motorika bilan bog‘liq alaliyada so‘z boyligi yoshga nisbatan kam bo‘ladi. Yangi so‘zlar qiyinchilik bilan o‘zlashtiriladi, so‘zlarning aniq talafuzzini anglay olmaydi, so‘zlarni noo‘rin ishlatadi, gap hosil qilishda so‘zlarni bir biriga bog‘lashda qiyinchiliklarga uchraydi. Ayniqsa, gaplar tuzishda kam so‘zlardan foydalanadi (bir-ikki so‘zdan iborat gap), gaplarning orasidan asosiy va ikkinchi darajali ma’lumotlarni ajratib olish, sabab, oqibat kabi ma’nolarni chiqara olish qiyin bo‘ladi.
Motorika bilan bog‘liq alaliyaning og‘ir ko‘rinishlarida bolalar umuman so‘z ayta olishmaydi, faqatgina “g‘udranish”, turli xil tovushlar chiqarish bilan mimika va harakatlar bajaradi.
Sensorika bilan bog‘liq alaliya
Sensorika bilan bog‘liq alaliyada yaqqol namoyon bo‘ladigan so‘z va iboralarni qabul qilish, ularning ma’nosini tushunish qobilayitining buzilishi kuzatiladi. Bunday turdagi alalik bolalarda eshitish qobiliyati saqlangan, hatto giperakustik – turli xil tovushlarga sezuvchanlikning oshishi bo‘ladi.
Eshitish qobiliyati saqlangan holda, alalik bolalarda gapirishga bo‘lgan harakat kuchaygan bo‘ladi, ya’ni ular juda ko‘p ma’nosiz so‘zlar, tovushlarni takrorlaydi, ularda exolaliya (o‘zgalarning so‘zini his qilmagan holda takrorlab yurish) ham kelib chiqadi. Umuman olganda tushunarsiz bo‘lgan so‘zlardan iborat gaplar gapirish kuzatiladi (logoreya – “so‘zlardan tayyorlangan salat”). Bundan tashqari bunday bolalarda perseveratsiya (so‘zlarni takrorlab yurish), eliziya (so‘zlarni o‘tkazib yuborish), parafiza (so‘zlarni almashtirib qo‘yish), kontaminatsiya (turli xil so‘z qismlarini bir biriga aralashtirib yuborish) holatlari ham uchraydi. Xullas, sensorika bilan bog‘liq alalik bolalar o‘z fikrlarini ifodalash uchun gapirishdan emas, harakat va mimikalardan foydalanishadi.
Sensorika bilan bog‘liq alaliyaning og‘ir ko‘rinishlarida gapirish qobiliyatining umuman yo‘qolishi kuzatiladi. Bunday bolalarga ko‘p hollarda “lablardan so‘zlarni o‘qib olish” yordam beradi.
Ikkilamchi jarayonlar sifatida esa bolalarning o‘zini tutishlarida kamchiliklar kelib chiqadi, ya’ni intellektual qobiliyatning sustligi, diqqatni jamlash buzilishlari, xotiraning pasayishi, eshitgan so‘zlarni analiz sintez qila olmasligi kuzatiladi. Bunday bolalar o‘ta haraktchan, ochiq yoki tortinchoq, yopiq (introvert) tabiatga ega bo‘lishadi.
Sensorika va motorika bilan bog‘liq alaliyalarning faqat bir turi bilan kasallangan bolalar kam hollarda uchraydi, ko‘pincha aralash turdagi alaliyalar kuzatiladi.
Alaliya bilan kasallangan bolalarni tekshirish
Alalik bolalar nevropatolog, otolaringolog, psixolog-logoped ko‘rigidan o‘tishlari kerak. Bolaning nevrologik tekshiruvlari natijasida, kasallik xarakteri, darajasi va bosh miyaning shikastlangan qismlarini aniqlasa bo‘ladi. Shu maqsad bilan bolada: EEG tekshiruvi, exoensefalografiya, bosh miya rentgenografiayasi, MRT kabi tekshiruvlar o‘tkaziladi. Alaliyada karlikni istisno qilish uchun otoskopiya, audiometriya kabi eshitish funksiyalarini tekshirish talab etiladi.
Alaliyada neyropsixik tekshiruvlar eshitish va eslab qolish qobiliyati o‘rganiladi. Logoped ko‘rigi bolaning tug‘ilish jarayoni va o‘tkazgan patologik kasalliklari haqida anamnez yig‘ilganda keyin o‘tkaziladi. Tekshiruvda asosan gapirish jarayoni boshlangan davr haqida ma’lumot yig‘ish kerak bo‘ladi. Bunda gapirish xususiyatining leksik-grammatik, fonetik, artikulyatsiya jihatlariga e’tibor qaratish kerak.
Differensial diagnostika tug‘ma gapirish qobiliyatining yo‘qligi, dizartriya, tug‘ma karlik, autizm, oligofreniya bilan farqlanadi.
Alaliya davosi
Alaliyaning har qanday ko‘rinishida davo kompleks ravishda ya’ni psixologik-medikomentoz-pedagogik tomonlama olib boriladi. Alalik bolalar maxsus maktabgacha ta’lim muassasalarda, statsionar sharoitda, sanatoriyalarda davolanishadi.
Gapirish qobiliyatini yaxshilash uchun medikomentoz muolajalar, miya hujayralari o‘sishini kuchaytirish uchun buyuriladi. Fizioterapiya (lazeroterapiya, magnitoterapiya, elektroforez, suv bilan davolash, elektropunktura, transkranial elektrostimulyatsiya) o‘tkaziladi. Alaliyada gapirish qobiliyatidan tashqari, qo‘llar harakati, psixik funksiyalar (xotira, diqqat, fikrlash) ham rag‘batlantiriladi.
Alaliyaning umumiy sistemali kasallik ekanligini inobatga olib, logoped tomonidan mashg‘ulotlar gapirish qobiliyatining har qanday jihatlariga e’tibor qaratadi ya’ni so‘zlarni hosil qilish, ularni to‘g‘ri qabul qilish, talaffuzni to‘g‘irlash, so‘z boyligini oshirish, so‘zlarning grammatik tuzilishini to‘g‘irlash, fonetika bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish kabi jarayonlar. Logoped muolajalari o‘z ichiga logoritmika va logopedik massajini kiritadi.
Alaliyaning turli xil ko‘rinishlarida bolalarni erta davrlarda yozish, o‘qish kabi qobiliyatlarini shakllantirish kerak bo‘ladi. Chunki yozish, o‘qish ham bolalarning gapirish qobiliyatini rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi.
Prognoz va profilaktikasi
Alaliyaning davo samarasi uning erta davrlarida boshlaganda bilinadi, ya’ni 3-4 yoshgacha. Bolaning barcha kamchiliklari, psixoemotsional, gapirish, harakatidagi kamchiliklarni bartaraf etish, kasallikdan butunlay qutilib, bolaning normal holatiga qaytishiga olib keladi. Alaliya bilan bolalar kasallanmasliklari uchun homilador ayollar o‘zlariga ko‘proq e’tibor qaratishlari zarur, bundan tashqari yosh bolalarning surunkali kasalliklar bilan kasallanishini oldini olish kerak.
Kasalliklar
Alaliya yoxud gapira olmaslik