Gijjani butunlay davolashning imkoni bormi? haqida malumot
— O‘g‘lim ancha jizzaki bo‘lib qolgan. Shifokorga ko‘rsatsam, buning sababi gijjadan deyishdi. Tahlillar topshirib, davolandik. Ammo vaqt o‘tib, avvalgi holat yana takrorlanyapti. Ayting-chi, gijjani butunlay davolashning imkoni bormi?
Shu kabi savollar ko‘plab ota-onalarni qiziqtiradi. Ularning ayrimlariga javob topish maqsadida mutaxassislarga murojaat qildik.
Gijjalar (gelmintlar) tanada yashaydigan chuvalchanglardir, — deydi Toshkent shahar bolalar tibbiy maslahat diagnostika markazi shifokor-gastroenterologi Gulnora KARIMOVA. — Ular zaharlovchi modda ishlab chiqarib, asab, oshqozon-ichak, nafas olish, yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda gijjalarning eng ko‘p uchraydigan turlari askarida, ostritsa, lyambliya, enterobioz, trixotsefalyoz kabilardir. Ko‘pincha ularning ikki-uch xil turi birga keladi.
Gijjada tish g‘ijirlatishdan tashqari, uxlaganda so‘lak oqishi, terida turli dog‘ paydo bo‘lishi, ishtahaning pasayishi yoki aksincha, ko‘p ovqat iste’mol qilish, ich qotishi, jizzakilik, qaysarlik, xotiraning pasayishi, kamqonlik kabi belgilar ham namoyon bo‘ladi. Uzoq muddat shamollash alomatlarisiz davom etadigan quruq yo‘tal, qorinda to‘satdan og‘riqlar kuzatilish ham tez-tez uchrab turadi. Kasallik, asosan, tozalikka rioya qilmaganda, chala pishirilgan go‘sht iste’mol qilganda, kasallangan mol, it, mushuklar junini silashdan keyin qo‘l yuvilmaganda, yaxshi yuvilmagan ko‘katlarni iste’mol qilganda yuqadi.
Farzandi bu kasallikdan aziyat chekayotgan ota-onani uni davolash yo‘llari qiziqtirishi tabiiy. Ba’zan ko‘pchilik bu savolga javob topishga qiynaladi. Aslida samarali natijaga erishishda qanday usul eng ma’quli?
Gijja uchun huqna davo emas…mi?
— Gijjani davolashda eng muhimi aniq tashxis qo‘yish, — deydi gastroenterolog Larisa HASANOVA. — Shundan keyin ularning turiga qarab shifokor tavsiyasi bilan dori vositalari qo‘llanadi. Kasallik qaytalanmasligi uchun oilaning barcha a’zolari bir vaqtda davolanishi zarur. Shu bilan birga, qat’iy parhezga rioya qilish ham talab etiladi. Shirin, yog‘li va sut mahsulotlari tavsiya etilmaydi.
Ayrim xususiy shifoxonalarda gijjalarni huqna (klizma) usuli bilan davolayotganiga tez-tez duch kelyapmiz. Inson tanasida yo‘g‘on ichak 1,5-2 metr, ingichka ichak esa 9 metrni tashkil etadi. Gijjalar asosan ingichka ichakda yashashini inobatga olsak, bu usul bilan ularni tozalash imkoni yo‘qligi kundek ravshan.
Maqsad: tozalash va tashxislash
Shu o‘rinda kishini biroz o‘yga toldiradigan masala bor. Bugun ko‘pgina shifoxonalarda, ayniqsa, xususiy klinikalarda gijjani davolash maqsadida huqna usuli qo‘llanilayotgani hech kimga sir emas. Agar bu noto‘g‘ri yo‘l bo‘lsa, nima uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning faoliyat yuritishiga ruxsat bergan? Bu savollarga javob qidirib, o‘n to‘qqiz yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan shifokor Dilfuza BAKIROVA murojaat qildik.
— To‘g‘ri, huqna bilan uch kunda ichakni gijjalardan butkul tozalashning imkoni yo‘q, — deydi shifokor Dilfuza BAKIROVA. — Bu usulni qo‘llashdan asosiy maqsad ichakni tozalash va shuning barobarida, aniq tashxis qo‘yishdan iborat. Gijja ichak devoriga yopishgan bo‘ladi. Ularni tushirish uchun o‘n xil shifobaxsh o‘t va qovoq, sarimsoq hamda zaytun yog‘i aralashmasidan tayyorlangan damlama yordam beradi. Yuvish jarayonida yoshga qarab qancha miqdorda suv yuborilish miqdori belgilab qo‘yilgan. U tiqinlarni ochib, nobud bo‘lgan gijjalarning tushishiga ham imkon beradi. Ichaklar tozalanib, aniq tashxis qo‘yilgach, uyda davolanishni davom ettirish uchun dori-darmonlar yozib beriladi.
Har uch mutaxassis ham yuqorida keltirilgan belgilar paydo bo‘lganda shifokorga ertaroq murojaat qilish zarurligini ta’kidlashdi. Bu kasallik o‘z vaqtida davolanmasa, allergiya paydo bo‘lishiga, ichakdagi himoyalovchi mikroblarning zararlanishiga sabab bo‘ladi. Tana immun tizimining 86 foizi ichaklarda joylashgani bois o‘z-o‘zidan kasalliklarga qarshi kurashuvchanlik ham susayib boradi.
Har qanday kasallikni davolashda bir necha usullar mavjud. Bemor o‘zining holati va shifokor maslahati bilan o‘ziga ma’qulini tanlaydi. Ammo kasallikning oldini olish eng yaxshi yo‘l ekani hech qachon yodimizdan ko‘tarilmasligi lozim.
Gijja profilaktikasida shifokorlar tasviyasi
Gijjalardan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish zarur:
- har ovqatlanishdan avval qo‘llar sovunlab yuvilishiga e’tiborli bo‘lish;
- bolalarga yarim tayyor ovqatlarni imkon qadar bermaslik;
- bolalarning ichki kiyimlarini har kuni yuvib, dazmollab turish;
- meva va sabzavotlarni yaxshi yuvib iste’mol qilish;
- faqat qaynatilgan suv ichish;
- go‘sht va baliq mahsulotlarini yaxshilab pishirib iste’mol qilish;
- uy hayvonlarini parvarish qilish qoidalariga amal qilish.
Mavzuga oid foydali maqola: Gijjalarni yo‘q qilish uchun xalq tabobatidan na’munalar
© Shahnoza RAHIMXO‘JAYEVA,
“Oila davrasida” muxbiri.
Od-press.uz
Kasalliklar
Gijjani butunlay davolashning imkoni bormi?