Taomlarimiz tarkibi qanday bo‘lishi kerak? haqida malumot
Insonning aqlan va jismonan sog‘lom bo‘lishi kundalik tartibi hamda tashqi muhitga bog‘liq. Hozirgi zamon psixologlari aqlan va jismonan sog‘lomlikni ta’minlash vositalaridan biri sifatida to‘g‘ri ovqatlanishning ahamiyatini alohida ta’kidlamoqda. Chunki organizmda kerakli moddalarning yetarli bo‘lmasligi stressga olib kelishi, rivojlanishni buzishi, hattoki aqliy salohiyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi tajribalarda aniqlangan. Organizmga taomlar orqali oqsil, yog‘ va uglevodlar kabi murakkab organik moddalar kiradi. Ushbu moddalardan organizm o‘sish jarayonida va atrofiyaga uchragan hujayralar o‘rniga yangilari hosil bo‘lishida qurilish materiali sifatida foydalanadi. To‘yimli moddalar organizmdagi energiya moddalar manbayi hisoblanadi
Ratsional balanslashtirilgan ovqatlanish nazariyasi
Ovqatlanishning asosiy zamonaviy konsepsiyalaridan biri ratsional balanslashtirilgan ovqatlanish nazariyasidir. Bu nazariya asosida faqat organizmni energiya bilan doimiy ta’minlash zaruriyatigina emas, balki uning normal hayot faoliyatini olib borish uchun asosiy ozuqa moddalari va ozuqalarning boshqa muhim elementlari o‘rtasidagi nisbatni saqlash tushunchasi yotadi. Ovqatlanishda hal qiluvchi rol shunday moddalarga tegishliki, ular odam organizmida boshqa birikmalardan sintezlana olmaydi.
Ularga 40 dan oshiqroq moddalar – anorganik ionlar (elementlar), vitaminlar, almashinmaydigan aminokislotalar, to‘yinmagan moy kislotalari va kofermentlarning tarkibiga kiradigan yoki o‘zi kofermentlik vazifasini bajaradigan ba’zi bir biologik faol moddalar kiradi. Ushbu moddalar ovqatlanishning almashinmaydigan omillari nomi bilan yuritiladi.
Taomlar bilan birga organizmga tushadigan darmondorilar, ma’danli tuzlar va suv ham kam ahamiyatga ega emas. Ular organizmda kechadigan turli-tuman kimyoviy reaksiyalarning bajarilishi uchun sharoit yaratib bersa, ba’zilari ushbu jarayonda to‘g‘ridan to‘g‘ ri ishtirok etadi.
Suv, ma’danli tuz va darmondorilar organizm tomonidan to‘liq o‘zgarmagan holda o‘zlashtiriladi. Ovqatlar tarkibidagi oqsil, yog‘ va uglevodlar esa organizm tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zlashtirilmaydi. Birinchidan, bu moddalar ovqat hazmi tizimi devorlaridan o‘tolmaydigan yirik-yirik molekulalardan tashkil topgan. Bu yerda asosiy masala shundan iboratki, ularning hammasi organizm uchun begona va har organizmda ularga qarshi himoya moddalari ishlab chiqiladi (antitana). Asosiy to‘yimli moddalar organizmning ichki muhitiga tushishidan oldin hazm bo‘ladi.
Ovqat hazm jarayoni
Ovqat hazmi jarayoni — oziq moddalarning fizik va kimyoviy qayta ishlanishi hamda ularning oshqozon-ichak tizimidan surilishi, qon bilan tashilishi, organizm tomonidan o‘zlashtirilishi mumkin bo‘lgan oddiy va eruvchan birikmalarga aylanish jarayonidir.
Bolalarning yoshi qancha kichik bo‘lsa, ularning to‘yimli moddalarga, ayniqsa oqsilga bo‘lgan talabi shuncha yuqori bo‘ladi. Bolalar va o‘smirlarning oziqlanish me’yorini aniqlashda, ular organizmining mo‘tadil rivojlanishini hisobga olish zarur.
Oqsillarning mo‘tadil sintezlanishi uchun bola organizmi yetarli miqdorda suv va tuzlarga to‘yinishi zarur. Odatda, yog‘lar oqsillar sintezlanishini biroz to‘xtatib turuvchi sifatida ta’sir ko‘rsatsa, uglevodlar, aksincha, oqsillar sintezlanishini tezlashtiradi.
Bolalarning jismoniy va aqliy jihatdan mo‘tadil rivojlanishi uchun ratsion asosida oziqlanish juda muhim. Oziqlanish mahsulotlari turli yoshdagi organizm talablarini qondiribgina qolmasdan, faqat hayotiy jarayonlarni ta’minlash uchun emas, balki qisman bo‘lsada, yetarli darajada o‘sish va rivojlanish uchun qimmatli oqsil, yog‘, uglevod, mineral tuz, suv va vitaminlarni organizmda zaxira holida jamlashi kerak.
Shu sababli, turli yoshdagi bolalarning kunlik oziqlanish ratsionlarida oqsil, uglevod va yog‘larning ma’lum miqdordagi nisbati saqlanishi zarur. Bolalarning ovqatlari yetarli miqdorda kletchatka (biriktiruvchi to‘qima) saqlashi zarur va ovqat hazmi kanalining motorikasini ta’minlovchi, chiqariluvchi mahsulotlarni saqlashi kerak.
Ovqatlanish tartibi
Voyaga yetgan odamlardan farqli o‘laroq bolalar organizmining mo‘tadil o‘sishi va rivojlanishi uchun to‘g‘ri tartib asosida oziqlanish yanada kattaroq ahamiyatga ega. To‘yib ovqatlanmaslik yoki me’yoridan ortiqcha yeb qo‘yishning oldini olish maqsadida har bir ovqatlanish uchun (hayotning birinchi oyida 5—6 marta, 2—3 oylikda 5 marta, 1,5 yoshdan boshlab 4 marta) me’yor belgilanishi kerak. 1,5 yashar bolalar 4 marta ovqatlanishga o‘tganidan keyin har kuni kamida ikki marta issiq ovqat yeyishi kerak.
Bundan tashqari, bolalarni ovqatlantirishda oziq mahsulotlarining nisbati va ulardagi to‘yimli moddalar hisobga olinishi zarur. 1 yoshda 75 foiz hayvon dunyosi oqsillari, 25 foiz o‘simlik dunyosi oqsillari (non, meva, sabzavot) berish kerak. 3 dan 5 yoshgacha – 65 foiz hayvonot va 35 foiz o‘simlik oqsili, 5 yoshdan katta bolalarga – 50 foiz hayvonot va 50 foiz o‘simlik oqsillari (voyaga yetganlarga esa – 30 foizdan kam bo‘lmagan hayvonot oqsili) berilishi kerak.
Bolalar organizmining oqsillarga bo‘lgan talabi yoz paytida tashqi haroratning ko‘tarilishi va katta miqdordagi harakat tufayli 15—20 foiz ortadi. Sabzavot, ko‘kat va mevalar bu davrda juda foydali. Chunki ularning tarkibida katta miqdorda mineral modda va vitaminlar mavjud, shu bilan birga ichaklarda achish-bijg‘ish hamda chirish jarayonlarini keltirib chiqarmaydi.
Dilnavoz BERDIYEVA,
O‘zDJTI, “Biokimyo va gigiyena” kafedrasi katta o‘qituvchisi.
«Sog‘lom avlod uchun» jurnali.
Kasalliklar
Taomlarimiz tarkibi qanday bo‘lishi kerak?