Xavfli o‘sma kasalliklarini klinik belgilari va erta aniqlash usullari (Mutaxassislar uchun) haqida malumot
Dunyo bo‘yicha barcha davlatlarda onkologik kasalliklarning o‘sishi kuzatilmoqda. Shu bilan birgalikda o‘lim ko‘rsatkichi yildan-yilga o‘sib borayotgani sir emas. Buning asosiy sabablaridan biri o‘sma kasalliklarining o‘tib ketgan bosqichlarda aniqlanishi, yashirin kechishi va erta bosqichda aniqlanmasligidir.
Har yili dunyo bo‘yicha 14 milliondan ortiq kishida onkologik kasallik turlari aniqlanadi, o‘lim ko‘rsatkichi esa 8 millionga yaqin kishini tashkil qiladi. Onkologik kasalliklar ichida eng ko‘p uchraydigan turlari – o‘pka, sut bezi, to‘g‘ri va ko‘ndalang chambar ichak, me’da, teri, jigar va prostata bezi saratonlaridir.
Oxirgi yillarda tuxumdon, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i a’zolari, bosh miya, buyrak, siydik qopi o‘smalarining ko‘payishi kuzatilmoqda. Bolalarda xavfli o‘sma kasalliklari 2,5-3 foizni (umumiy kasalliklar strukturasida) tashkil qiladi. Onkologik kasalliklarni barvaqt bosqichlarda aniqlash imkoniyati haligacha yaratilmagan, bu esa o‘lim ko‘rsatkichi o‘sishiga olib kelmoqda. Kasallikni erta aniqlashda uning dastlabki belgilari (simptomlari)ga e’tibor berish kerak.
Kasallik rivojlanishida klinik belgilar muhim axamiyatga ega. O‘sma jarayoni uzoq yillar rivojlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, (10-20 yilgacha) va u 80 foiz bemorning to‘qimalarida o‘smaoldi o‘zgarishi yoki o‘smaoldi kasalliklaridan keyin rivojlanishi mumkin. Shuning uchun o‘sma kasalliklarining o‘ziga xos belgilari kuzatilmaydi, bo‘lsa ham uni ilg‘ab olish qiyin. Bundan tashqari, har bir a’zoning o‘ziga yarasha o‘smaoldi kasaliklari mavjud bo‘lib, ma’lum bir klinik ko‘rinishga egadir.
Xavfli o‘smaning rivojlanishi har bir a’zoga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Organizmdagi o‘smaoldi kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlab, uni davolash uning rivojlanishini bartaraf qiladi. O‘smaoldi kasalliklariga tug‘ma anomaliyalar, surunkali o‘zgarishlar, uzoq vaqtdan buyon bitmayotgan yaralar, oqmalar, jarohatdan keyingi o‘zgarishlar, xavfsiz o‘smalar, to‘qimalardagi giperplastik va o‘smaoldi o‘zgarishlari kiradi.
O‘smaoldi kasalliklari
Barcha o‘smaoldi kasalliklari 2 turga bo‘linib, ular xavfli o‘smaga ikki xil yo‘l bilan aylanadi:
- Fakultativ o‘smaoldi kasalliklari.
- Obligat o‘smaoldi kasalliklari.
Fakultativ o‘smaoldi kasalliklari
Fakultativ o‘smaoldi kasalliklariga quyidagilar kiradi: teridagi qarilik keratozi, bachadon bo‘yni leykoplakiyasi, eroziyasi, me’da, yo‘g‘on ichak polipi, fibroz-kistoz mastopatiya, fibroadenoma, teratomalar, kuygandan keyingi chandiqlar, oqma yaralar, bachadon bo‘yni gormonal giperplaziyasi. Ushbu kasalliklar o‘ziga xos belgilarga ega bo‘lib, uzoq vaqt mobaynida organizmda rivojlanib, 5 foizgacha xavfli o‘smalarga aylanishi mumkin.
Obligat o‘smaoldi kasalliklari
Obligat o‘smaoldi kasalliklari aksariyat hollarda xavfli o‘smaga aylanishi mumkin. Shuni inobatga olib, olimlar xavfli o‘sma kasalliklarining dastlabki simptomlarini obligat kasalliklardan qidirish kerak, deyishadi. Obligat kasalliklar turiga yo‘g‘on ichak polipozi, terining pigmentli kserodermasi, teri Bouen dermatozi, Pedjet kasalligi, bachadon bo‘yni displaziyasi, me’daning tana qismi kallyoz yarasi, eroziv egofagit, yarali rektit, indurativ pankreatit va boshqa kasalliklar kiradi. Ushbu kasalliklarning xavfli o‘smalarga o‘tishi uzoq davrni tashkil qiladi (20-30 yil).
Xavfli o‘smalarning klinik belgilari
Xavfli o‘sma rivojlanishi uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, klinik simptomlar shunga yarasha namoyon bo‘ladi. Klinik simptomlarning rak kasalligida paydo bo‘lishi ko‘p jihatdan xavfli o‘smaning qaysi bir a’zoda paydo bo‘lishiga, uning gistologik strukturasiga, kasallik bosqichiga, metastaza borligiga va klinik shakliga bog‘liqdir. Xavfli o‘sma klinik simptomlarining paydo bo‘lishi, ko‘p jihatdan o‘sma jarayonining rivojlanishiga bog‘liq.
L. Shabad (1979 y.) xavfli o‘smalar organizmda rivojlanishida quyidagi bosqichlardan o‘tadi:
- Kasallik rivojlanadigan a’zodagi hujayralarda diffuz giperplaziya, yallig‘lanish yoki regenerativ o‘zgargan to‘qimalar davri;
- Diffuz giperplaziya o‘rnida o‘choqli proliferatlar rivojlanadi;
- O‘choqli proliferatlar qo‘shilib, xavfsiz o‘sma shaklini qabul qiladi;
- Xavfsiz o‘smalar keyinchalik qulay sharoitda xavfli turga aylanadi. Mana shu davrda xavfli o‘smalarning dastlabki simptomlari paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallikni ushbu bosqichda aniqlash maqsadga muvofiqdir.
Xavfli o‘sma kasalliklarining asosiy klinik simptomlari:
- mahalliy (tugunli o‘smaning aniqlanishi, o‘choqli o‘zgarishlar, o‘smadan qon ketishi, yaralanishi, undan turli ajralmalarning hosil bo‘lishi, og‘riq, boshqa a’zolar faoliyatining buzilishi va boshqalar;
- umumiy (tana harorati ko‘tarilishi, varaja, terlash, uyqusizlik, kaxeksiya, havo yetishmasligi, qorinda og‘riq, qorin va ko‘krak bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘ilishi va boshqalar);
- o‘smaning metastatik zararlanish simptomlari (patologik sinish, og‘riq sindromi, havo yetishmasligi, qorin va ko‘krak bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘ilishi, ichki a’zo faoliyatining buzilishi, nevrologik buzilish va boshqalar).
O‘sma kasaliklarini erta bosqichlarda aniqlash uchun umumiy amaliyot shifokorlarining onkologik ehtiyotkorligini va aholi tibbiy savodxonligini oshirish kerak.
Onkologik ehtiyotkorlik
Onkologik ehtiyotkorlik quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Shifokor kasallikning erta bosqichdagi simptomlarini bilishi;
- O‘smaoldi kasalliklari haqidagi axborotga ega bo‘lishi va uni davolashi;
- Onkologiya xizmatining holatini bilish va bemorni kerakli mutaxassisga yuborish;
- Bemorni sinchkovlik va zamonaviy usullar bilan tekshirish, malakali mutaxassisga yuborish;
- Bemorga onkologik kasallikning tashxisini qo‘yishda malakali mutaxassislarni jalb qilish va davolash taktikasini hal qilish.
Onkologik kasalliklar ichida dastlabki bosqich quyidagi a’zolarda ko‘proq aniqlanadi: teri saratoni va melanomasida, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i, bachadon bo‘yni va to‘g‘ri ichak, prostata bezi saratonida. O‘pka, jigar va me’da saratonlarida zamonaviy tekshirish usullarini keng miqyosda qo‘llab erta bosqichda aniqlash mumkin (ultratovush usuli, multispiral kompyuter tomografiyasi, videogastrofibroskopiya).
Xavfli o‘sma kasalliklarida skrining tekshiruvi foydalari
Aholi orasida skrining tekshiruvining o‘tkazilishi xavfli o‘smalarni hali simptomlari paydo bo‘lmasdan yoki dastlabki simptomlar namoyon bo‘lganda aniqlash imkoniyatini yaratadi.
Hozirda keng miqyosda quyidagi kasalliklarda skrining tekshiruvi qo‘llanilmoqda:
- Mammografiya va o‘sma markerlarini aniqlash (SA-15-3) – sut bezi saratonida (50 yoshdan oshgan ayollarda bir yilda bir marta).
- Najasda qonni aniqlash (gemokult), sigmoskopiya, kolonoskopiya to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak saratonida (bir yilda bir marta).
- Pap-test va kolposkopiya bachadon bo‘yni saratonida (har 6 oyda).
- Ultratovush tekshirish usuli va o‘sma markerini aniqlash (RSA) prostata bezi saratonida (har 6 oyda).
- Multispiral kompyuter tomografiya o‘pka saratonida (1 yilda bir marta).
Ushbu tekshirishlarni aholi orasida xavf omiliga ega bo‘lgan insonlarda o‘tkazish yuqori darajada o‘sma kasalliklarini barvaqt aniqlash imkonini yaratadi. Bundan tashqari, xavfli o‘smalarning klinik simptomlari namoyon bo‘lmaganda, morfologik jihatdan surunkali kasalliklar yoki xavfsiz o‘smaning xavfli o‘smaga o‘tish bosqichini morfologik o‘zgarishlar darajasida aniqlash kelajakda bemorni to‘liq davolash imkonini beradi. Bemor bilan shifokor orasidagi suhbatda kasallikning rivojlanish bosqichiga (anamnez), klinik simptomlari rivojlanishiga va bemorning umumiy ahvoliga e’tibor qaratish kerak.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, tashqi a’zolarda joylashgan o‘smalarda (teri, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i, yumshoq to‘qima) va vizual jihatdan ko‘rish imkoniyati bor a’zolardan (bachadon bo‘yni, qin, prostata bezi, to‘g‘ri ichak, burun-halqum) xavfli o‘smalarini aniqlashda dastlabki simptomlar quyidagilardan iboratdir: paypaslanadigan hosila, chegaralari noaniq, atrof to‘qimada infiltrativ o‘zgarish borligi bilan ifodalanadi.
O‘smaning rivojlanishi unda yara hosil bo‘lishi, qonashi, hidli ajralmalar hosil bo‘lishi bilan kechadi. Ushbu jarayonni o‘z vaqtida aniqlash va baholashda instrumental yoki kompyuter tomografiya tekshiruvini o‘tkazish shart emas. Shuni ta’kidlash lozimki, aksariyat hollarda bu o‘zgarishlarni bemorning o‘zi aniqlaydi. Lekin bemorning kasallikdan cho‘chib, tashxisi salbiy chiqishidan qo‘rqishi, bir necha oy mobaynida vrachga emas, aksincha tabibga murojaat qilishi o‘smaning rivojlanib ketishiga, dastlabki bosqichdan keyingi bosqichga o‘tishini tezlashtiradi (I bosqichdan III-IV bosqichgacha).
Shuning uchun har bir inson organizmida yuqoridagi simptomlar paydo bo‘lishi bilan darhol umumiy amaliyot shifokori, keyin esa onkolog ko‘rigi va maslahatiga borishi kerak. Agar bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilsa va davolovchi-vrach klinik simptomlarni to‘g‘ri talqin qilsa, yuqorida ko‘rsatilgan kasalliklarning 70 foiziga dastlabki (I-II bosqichda) rivojlanish davrida to‘g‘ri tashxis qo‘yish mumkin va ular to‘g‘ri davolansa, 90 foiziga 5 yillik ko‘rsatkichga erishish mumkin.
Ichki a’zolarda joylashgan xavfli o‘smalarda klinik simptomlar ko‘pincha o‘tib ketgan bosqichda namoyon bo‘ladi. Bemorda o‘z-o‘zidan ozib ketish, og‘riq paydo bo‘lishi, ishtaha bo‘g‘ilishi, ko‘ngil aynashi, qayt qilish, ich ketishi yoki qotishi, ichakdan patologik ajralmalarning ketishi (qon, shilimshiq, hidli ajralma, ichning qora kelishi, axlatda yoki siydikda qon paydo bo‘lishi, qayt qilganda qon bo‘lishi, yo‘talganda balg‘am bilan qon ketishi, qorin yoki ko‘krak qafasida suyuqlik yig‘ilishi, oyoq yoki qo‘lning o‘sma rivojlanishi natijasida sinishi) dardning o‘tib ketgan bosqichlarida aniqlanadigan simptomlaridir. Aksariyat holatda ichki a’zolar xavfli o‘smasida klinik simptomlar dastlabki bosqichda yaqqol namoyon bo‘lishi mumkin.
Ko‘pchilik bemorlar (80 foizgacha) onkologiya muassasalariga kasallikning o‘tib ketgan bosqichlarida xuddi shunday simptomlar bilan murojaat qiladi. Kasallikni erta bosqichda aniqlash uchun xavf omillari bor bemorlarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, ularni dispanser hisobiga olib, tez-tez davolash, morfologik tekshiruvlarini o‘tkazib turish kerak (surunkali kasalliklarda, xavfsiz o‘smalarda, irsiyatga moyil bo‘lgan yallig‘lanish jarayoni ko‘p xuruj beradigan aholi guruhlarida). Aholi orasida xavf guruhi ichida klinik simptomlar rivojlanishiga va namoyon bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak. Albatta, ushbu guruhga mansub aholi orasida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan tekshirishni yo‘lga qo‘yish kerak (magnit-rezonans tomograf, multispiral kompyuter tomografiya, dopler ultratovush tekshiruvi, endoskopik tekshiruvlar, radioizotop tekshiruvi, pozitron-emission tomografiya).
Aholi orasida xavf guruhi ichida klinik simptomlar rivojlanishiga va namoyon bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak. Albatta, ushbu guruhga mansub aholi orasida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan tekshirishni yo‘lga qo‘yish kerak (magnit-rezonans tomograf, multispiral kompyuter tomografiya, dopler ultratovush tekshiruvi, endoskopik tekshiruvlar, radioizotop tekshiruvi, pozitron-emission tomografiya).
Shuni aytish mumkinki, xavfli o‘sma kasalliklarini barvaqt aniqlash imkoniyati mavjud. Birinchi navbatda, kasallikning klinik simptomlarini to‘g‘ri talqin qilish, aholi orasida xavf guruhiga mansub bo‘lgan insonlarni to‘liq tekshirish va dispanser hisobiga olish, o‘z vaqtida o‘smaoldi kasalliklarini aniqlash, ularning nazoratini olib borish va davolash, zamonaviy tibbiy usullarni keng miqyosda qo‘llash (molekulyar-biologik, molekulyar-genetik, endoskopik, ultratovush, kompyuter tomografiya) maqsadga muvofiqdir. Bu asosiy vazifa umumiy amaliyot shifokoriga yuklatiladi, sababi, bemor birinchi marotaba umumiy amaliyot shifokoriga murojaat qiladi.
Shunday ekan, har bir shifokor saraton kasalliklariga jiddiy yondashgan holda to‘g‘ri tashxis belgilash jarayonida xatolikka yo‘l qo‘ymasligi va bemorni o‘z vaqtida onkolog-shifokorga murojaat etishini ta’minlashi muhimdir.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Saraton — ruhiyat iztirobi natijasi
M. G‘OFUR-OXUNOV,
Toshkent shahar onkologiya dispanseri bosh shifokori, professor.
«O‘zbekistonda sog‘likni saqlash» gazetasi.
Kasalliklar
Xavfli o‘sma kasalliklarini klinik belgilari va erta aniqlash usullari (Mutaxassislar uchun)