Sil va nogironlik (Mutaxassis bilan suhbat) haqida malumot
Sil kasalligi insoniyat bilan birga yashab, uning hayoti, rivojlanishiga doimiy ravishda to‘siq bo‘lib kelayotgan yuqumli kasalliklardan biridir.
Bu kasallik to‘g‘risida Sharqning buyuk tabibi Abu Ali ibn Sino to‘xtalib «Sil-bu yuqumli kasallik, uni sog‘lom odamlardan ajratish kerak, bu kasallik bilan iqtisodiy jihatdan nochor insonlar ko‘proq kasallanadilar», deb ta’riflagan.
«AQSH» xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) ning O‘zbekistondagi silga qarshi kurashish dasturi» asosida sil kasalligini erta aniqlash, nogironlikning oldini olish chora-tadbirlariga oid yangiliklar haqida ma’lumot olish uchun viloyat 94-sonli ftiziatrik TMEK ekspert-ftiziatri B. Mamajonov bilan suhbatlashdik.
Sil kasalligining qo‘zg‘atuvchisi haqida batafsil ma’lumot bersangiz?
Sil kasalligi surunkali kechuvchi yuqumli kasallik hisoblanib, qo‘zg‘atuvchisi-sil mikobakteriyalari hisoblanadi. Hozirgi kunda sil mikobakteriyalarining bir necha guruhi aniqlangan bo‘lib, insonlarda kasallik qo‘zg‘atadigan turlari asosan inson (m. tuberculosis antrorocis) va qoramol (t. tuberculosis bovis) turlari hisoblanadi. Bundan tashqari mikobakteriyalarning qush (m. tuberculosis avis) va kemiruvchi (t. tuberculosis melitensis) turlari ham mavjud bo‘lib, ular immun tizimi o‘ta pasayib ketgan va OIV bilan kasallangan bemorlarda kasallik qo‘zg‘atishi mumkin. Inson sil kasalligi qo‘zg‘atuvchisidan tashqari mikobakteriyalarning o‘ziga xos xususiyati — ular o‘pkadan tashqari a’zolar sil kasalligi (masalan, sil limfadeniti)ni qo‘zg‘otadilar.
Sil mikobakteriyalari organizmda kasallik qo‘zg‘atganda, o‘rtacha 85 foiz hollarda o‘pka sili rivojlanadi. Shuning uchun sil kasalligi deganda, xalq orasida o‘pka sili tushuniladi. Ammo 15 foiz hollarda o‘pkadan tashqari a’zolar sil kasalligi kuzatilishi ham mumkin.
Kasallik belgilari va unga qarshi qanday kurashish zarur?
-Shunisi e’tiborliki, sil kasalligining boshqa ko‘pchilik yuqumli kasalliklarga o‘xshab, patognomonik belgisi yo‘q. Kasallik asta-sekin boshlanadi, klinik belgilar asta-sekin kuchayib boradi. O‘z vaqtida tekshirish olib borilib, sil kasalligini aniqlab, unga qarshi davolash muolajalari boshlanmasa, kasallik rivojlanib boraveradi va oxir-oqibat uzoq vaqt nogironlik hamda o‘limgacha olib kelishi mumkin.
Ko‘pincha bemorlar o‘z sog‘liqlarining asta-sekin yomonlashib borayotganliklarigi o‘rganib boradilar va og‘ir holatda bo‘lishlarigi qaramasdan faol shikoyat bildirmasliklari mumkin. Bemorlardagi dastlab uncha qiynamaydigan balg‘amli yo‘talni tez-tez shamollashga, iqlimga, hansirashni yoshi ulug‘ligiga, tamaki chekishga, ozib ketishni-ish bilan bo‘lib, yaxshi ovqatlanmay qo‘yganligiga osongina bog‘lab olishlari mumkin. Bunga atrofdagilarni ham ishontira oladilar. Biroq 1ta batsillyar bemor bir yil mobaynida 12tadan 20 tagacha sog‘lom odamga kasallik yuqtirishi mumkinligini e’tiborga olsak, xavf qanchalik darajada yuqoriligini tushunib yetishimiz murakkab bo‘lmaydi.
O‘pkadan tashqari a’zolar sil kasalliklari bilan bemorlarda shikoyatlar zararlangan a’zolar kasalliklariga xos shikoyatlar bilan vrachlarga murojaat qiladilar. Masalan, buyrak sili bilan bemorlarda belda tumtoq og‘riqlar, tana harorati ko‘tarilishi, siyganda achishish va hokazo belgilar bilan bemor murojaat qilganda, hakimlar tomonidan ko‘pincha «Surunkali piyelonefrit», beldagi og‘riqlarning oyoqlarga berilishi, yurish, egilib-turish qiyinlashganligi bilan murojaat qilganda «Osteoxondroz» tashxislari qo‘yib, shu tashxislarga mos ravishda davolash buyuraveradilar. Differensial tashxis deyarli qilinmaydi. Nospetsifik davolashdan bemor ahvoli qisman yaxshilanishi kuzatiladi. Xuddi shu holat bemorni va uni davolayotgan vrachni aldanishiga sabab bo‘ladi. Sil mikobakteriyasiga ta’sir qilinmaganligi oqibatida asosiy kasallik asta-sekin rivojlanishda davom etaveradi. Bir qancha vaqtdan so‘ng bemorda yuqoridagi shikoyatlar qaytalanadi. Bu paytga kelib, bemorda asoratlar ham rivojlanishi kuzatiladi. Sil kasalligi aniqlanganda esa, davolash muolajalari olib borish ishlari anchagina murakkablashib ketadi.
Erta aniqlangan sil kasalligini hech qanday qiyinchiliklarsiz, aksariyat ambulator sharoitlarda 6-9 oy mobaynida davolab, tuzatish mumkin. Davolash samarasi yuqori bo‘lib, kasallik asoratlari kuzatilmaydi va bemor o‘z hayot faoliyatini to‘laqonli davom ettirishi mum- kin.
Kasallik kech aniqlanganda bemor hayotini asrab qolish mumkinmi?
-Ha, kasallik kech aniqlanganda, uni davolash samarasi pasayib ketadi va bemor hayotini asrab qolishga harakat hamda asoratlarni kamaytirish chora-tadbirlari davolash ishlarini ancha murakkablashtirib yuboradi. Ba’zan ko‘rilgan chora-tadbirlar umuman samara bermasligi ham mumkin. Buning oqibatida bemor halok bo‘lishi yoki bir umrga nogiron bo‘lib qolishi mumkin.
Shuningdek, hozirgi kunda butun dunyoga o‘z xavfini solib turgan Global muammolardan biri — silning dorilarga chidamli turlarining ko‘payib borayotganligidir. Ularning paydo bo‘lishida davolash muolajalari oxiriga yetkazilmagan bemorlar organizmida tirik qolgan sil qo‘zg‘atuvchilarining kelajakda o‘z strukturasini o‘zgartirishi, bu o‘zgargan mikobakteriyalarning keyinchalik ko‘payishi sabab bo‘ladi. Buning oqibatida sil kasalligi yangi kuch bilan davom etadi va unga asosiy silga qarshi preparatlar ta’sir etmaydi. Dorilarga chidamli sil kasalligini davolash qo‘shimcha silga qarshi preparatlar yordamida amalga oshiriladi. Natijada uni davolash juda murakkab va o‘ta ko‘p mablag‘ni talab qiladi. Davolash muddati ham uzoq davom etadi. Agar huddi shunday bemordan sog‘lom odam kasallik yuqtirib olgan bo‘lsa, kelajakda unda ham silning birlamchi dorilarga chidamli turi rivojlanadi.
Sil kasalligidan o‘lim va nogironlikning oldini olishning eng samarali usuli-sil kasalligini erta muddatlarda aniqlashdir.
Sil kasalligini erta aniqlash va nogironlikning oldini olish borasidagi vazifalarga to‘xtalsangiz?
— Hozirgi kunda viloyatda sil kasalligining barcha rivojlanish bosqichlari va turlarini aniqlash uchun sharoitlar yetarli. Viloyatda sildan nogironlik va o‘lim ko‘rsatkichlarini yanada pasaytirish uchun imkoniyatlarimiz bor.
Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiq hisoblanadi:
Barcha umumiy amaliyot hakimlari tomonidan uchastkadagi aholi o‘rtasidagi yaqinlikni kuchaytirish, muntazam ravishda uchrashib turish, suhbatlar o‘tkazish va bu jarayonda har bir narsaga e’tiborli bo‘lish (faol patronaj paytida oiladagi shaxslarning hech bo‘lmasa tashqi ko‘rinishiga (masalan ozib ketayotganligiga) e’tibor qaratish).
Qabul jarayonida har bir shikoyatni e’tibor bilan eshitish, ularni ambulator kartaga kiritib borish va ilgari qilingan yozuvlar bilan solishtirish, ilgari o‘tkazilgan davolash samarasi va undan bir qancha vaqt o‘tgandan so‘ng yana xuddi shu belgilar qaytalanayotganligiga e’tibor qilish.
Bemorda kuzatilayotgan klinik belgilar differensial diagnostikasi bilan jiddiy shug‘ullanish.
Aynan bir xil shikoyatlar bilan qayta murojaat qilib kelayotgan bemorlarni chuqur tekshirish, kerak bo‘lgan hollarda mutaxassislar maslahatini olish va birgalikda ko‘rish.
Sil kasalligi tufayli «D» nazoratiga olingan va hozirda ambulator sharoitda davolanish o‘tkazilayotgan bemorlar bilan muntazam ravishda muloqot o‘tkazib borish, kuzatuv mobaynida ko‘rilgan har bir o‘zgarishlarni ambulator kartaga kiritib borish, zarur hollarda ftiziatrga xabar berish.
Ambulator sharoitda belgilab berilgan barcha silga qarshi preparatlarni o‘z vaqtida bemor tomonidan qabul qilib borilishiga erishish. Preparatlardan ku-zatilayotgan nojo‘ya ta’-sirlar to‘g‘risida (agar shunday hol kuzatilsa) ftiziatrga zudlik bilan xabar berish kerak.
Suhbatdosh Hasanboy ABDUJABBOROV, jurnalist.
silning-davosi-bor.uz
Kasalliklar
Sil va nogironlik (Mutaxassis bilan suhbat)