Ruhiyat ko‘rinishlari: sog‘liq va bemorlik chegaralarida haqida malumot

Ruhiyat ko‘rinishlari: sog‘liq va bemorlik chegaralarida haqida malumot

Tibbiyot amaliyotida shifokorlar oldida nevroz va shunga o‘xshash holatlar, psixopatiya va endogen (organizmning ichki muhiti bilan bog‘liq omillar sababli kelib chiqadigan) psixik kasalliklarni erta belgilariga qarab qiyosiy tashxis qilish muammosi turadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra nevroz bilan kasallangan bemorlar soni oxirgi 65 yil ichida 24 marotaba ortgan. Vaholanki, ruhiy kasalliklar soni esa bor yo‘g‘i 1,6 marotabaga ko‘paygan.

ruhiyat min

Shuni tan olish kerakki, nevroz kasalligining kelib chiqishida psixogen-ruhiy shikastlar asosiy sabab bo‘lib qolayapti. Bemorlarning xastalik tarixida ruhiy shikastlar (stress (ruhiy zo‘riqish), kasbu kor, xizmat sohasidagi noxushliklar, oilaviy nizolar, jinsiy hayot muammolari, biror narsadan to‘satdan qattiq qo‘rqish va bolalikdan boshdan kechirgan yomon kechinmalar) xastalikning kelib chiqishida asosiy o‘rinda turibdi. Buning yana bir sabablaridan oilaning (ota yoki onaning yo‘qligi)to‘liq emasligi, noto‘g‘ri tarbiya ham hisoblanadi.

Nevrozning rivojlanishida shaxsning individualligi, ya’ni uning ruhiyati va organizmining o‘ziga xosligi katta ahamiyat kasb etadi. Insonning shaxs ko‘rsatkichlari, avvalo atrofdagi jarayonlarga munosabati bilan ko‘rinadi. Psixotravmatik(ruhiy shikastli) omillar patogen (zararli) bo‘lib, ta’sir qilishda u har bir bemor uchun o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lishi kerak. Shaxs ko‘rsatkichlari nasliy-konstitutsional va tashqi muhit ta’sirotlari (yashash tarzi, tarbiya) bilan uzviy bog‘liqlikda rivojlanadi. Uning asosiy ko‘rsatkichlari bolalik davrida shakllanadi. Nevrostenik buzilishlarning ko‘pgina klinik belgilariga psixopatologik, emotsional-motivatsion, kognitiv, funksional-nevrologik, vegetativ-visseral, algik va dissomnik holatlar kiradi.

Vegetativ buzilishlar eng ko‘p uchraydigan holat bo‘lib, psixo-vegetativ sindrom hisoblanadi. Bunday o‘zgarishlarga bemorlar juda katta e’tibor berib, ular shikoyatlarining asosiy qismini tashkil qiladi. Ko‘pincha astenik buzilishlar jismoniy va ruhiy tez toliqish bilan namoyon bo‘ladi. Bunda eslash qobiliyati va diqqatning pasayishi, fikrni jamlay olmaslik, asabiylik, kayfiyatning tez o‘zgarishi, yig‘loqilik, tushkunlik, tashqi taassurotlarga (yorug‘likka, shovqinga, taktil (hatto, teriga sal bilinar-bilinmas narsalar tegishi)sezgining kuchayishi, hidlarga, metereologik o‘zgarishlarga sezgirlikning oshishi kuzatiladi. Bosh og‘rig‘i diffuz ko‘rinishga ega bo‘lib, ko‘pincha zo‘riqishdagi bosh og‘rig‘iga yo‘yiladi.

ruhiya ko'rinishlari

Uyquning buzilishi, kechqurun uxlolmaslik va chuqur uyquning, bo‘lmasligi bilan tavsiflanadi. Ko‘p vaziyatlarda shifokorlar bemorlar tomonidan xavotirlanish, qo‘rquv, depressiv (tushkunlik) holatlariga duch keladilar. Bu holatlar tibbiyotda panik (vahima) buzilishiga to‘g‘ri keladi. Vahima xuruji yoki vegetativ kriz (bemor ahvolining to‘satdan og‘irlashib qolishi) panik buzilishning eng yaqqol belgilari hisoblanadi. Bemorda xuruj vaqti o‘n daqiqa davom etib, bu holat to‘satdan boshlanadi va quyidagi belgilar bilan kechadi: hansirash, havo yetishmasligi, yurakning va tomirning tez urishi, chap ko‘krak sohasida noxush sezgidan bemor kuchli xavotirlanadi. Keyin u bo‘shashib ketib, hushini yo‘qotish holatida bo‘ladi. Yana xasta odamda qaltirash, titrash, terlash, et uvishishi kuzatiladi.

Shuningdek, bemorda o‘lib qolishdan qo‘rqish hissiyoti kuchli bo‘ladi. Bunday holatlarning bir oyda 3-4 marotaba va sababsiz kuzatilishi bemorlarga xos hisoblanadi.

Nevrotik yoki nevrostenik bemorlarda doimiy qo‘rqinch va xavotirga tushish belgilari ko‘p uchraydi.

Ulardagi isterik (jazava) ko‘rinishidagi buzilishni ruhiy kasal bemorlar holatidan farqlay olish kerak bo‘ladi. Ruhiy kasallik uzoq vaqt davom etib, bunda xasta odam shifoxonada davolanadi. Isterik buzilish belgilari bemorlarda paroksizmal holatlar bilan kechadi. Paroksizmal holatlar ko‘pincha harakat buzilishlari (tananing va qo‘l – oyoqlarning qaltirashi, mioklonik (mushaklarning tirishishi) tortishishlar, tananing yoysimon taranglashishi, trizm, bleforaspazm), psevdoparezlar (soxta falajlik holati), talvasa holatlari, yurishning o‘zgarishi, ixtiyorsiz harakatlar bilan namoyon bo‘ladi.

Ko‘rish va ko‘z olmasi harakatlarining buzilishi belgilari (ko‘rishning pasayishi, nistagm, diplopiya, ptoz) ham katta ahamiyatga ega.

Sezgining turli xil buzilishdagi ko‘rinishlarini (anesteziya, gipersteziya, isterik og‘riqlar) bemorlarni klinik va nevrologik tekshiruv jarayonida aniqlash mumkin. Bemorda uyquning buzilishi (uning uzoq vaqt uyquga ketishi, hushining buzilishi yoki uyqusizlik) belgilari bilan kechadi. Bunday xasta insonlarni davolash nevrolog va psixoterapevtlar yordami bilan olib boriladi. Davolash turi xastalik belgisiga qarab amalga oshiriladi. Ya’ni, kasallikni keltirib chiqargan omillarga barham berish va yuqorida qayd etilgan belgilarni bartaraf etish uchun turli xil guruhga kiruvchi dori vositalari tavsiya etiladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Siz qaysi temperamentga mansubligingizni bilsazmi?

Yoqutxon MAJIDOVA,
ToshPTI Asab kasalliklari, bolalar asab kasalliklari kafedrasi mudiri, professor.

Latofat ZIYAXODJAYEVA,
tibbiyot fanlari nomzodi.

«Sog‘lom avlod» gazetasi.
Soglom.uz

Kasalliklar
Ruhiyat ko‘rinishlari: sog‘liq va bemorlik chegaralarida