Baliqchi va baliq haqida ertak (A.S. Pushkin)

Baliqchi va baliq haqida ertak (A.S. Pushkin)

Baliqchi va baliq haqida ertak (A.S. Pushkin)

DO`STLARGA ULASHING:

O‘tgan choqda dengiz bo‘yida,
Chol va kampir umr surgandi;
Yer to‘lada — eski uyida
O‘ttiz uch yil birga turgandi.
Chol to‘r solib ovlarkan baliq,
Kampir esa yigirar urchiq.
Chol dengizga to‘r solsa bir gal,
Baqa yaproq ilindi yolg‘iz.
To‘r solganda chol ikkinchi gal
Ilindi-ku dengiz o‘lani.
To‘r solganda chol uchinchi gal,
To‘rga tushdi bir kichik baliq,
Jo‘n baliqmas, naq oltin baliq,
Oltin baliq xuddi odamday,
Tilga kirib yolvorib qoldi:
«Qo‘yib yubor dengizga, bobo,
Katta to‘lov to‘layman senga,
Ko‘ngling ne tilasa bergayman»
Hayron bo‘ldi, qo‘rqib ketdi chol:
O‘ttiz uch yil baliq ovladi,
Ammo baliq so‘zlaganini,
Eshitmagan edi umrida.
Chol baliqni qo‘yib yubordi,
Shunday dedi unga mehribon:
«Oltin baliq, tangri yor bo‘lsin,
Kerak emas menga to‘loving,
Mayli, tushgil moviy dengizga,
Erkin-erkin o‘ynab yuraver!»

Chol qaytdi-da kampir yoniga,
Aytdi shundoq qiziq mo‘jiza:
«Tutib oldim bugun bir baliq;
Jo‘n baliqmas — naq oltin baliq;
Baliq tilga kirib so‘zladi,
Ko‘p yalindi qo‘yib yubor, deb,
O‘z uyiga — moviy dengizga;
Katta to‘lov to‘layin, dedi,
Ne istasang berayin, dedi;
Men olgani botinolmadim,
Qo‘yvordim moviy dengizga»

Cholni qarg‘ay boshladi kampir:
«Ey tentak chol, go‘l, devona chol!
Ololmabsan baliqdan to‘lov!
Hech bo‘lmasa bitta tog‘ora —
So‘rab olmaysanmi undan sen,
Tog‘oramiz teshik-ku axir!»

Chol jo‘nadi moviy dengizga,
Mavj urmoqda dengiz qarasa,
Chaqirdi u baliqni suvdan,
Baliq chiqib so‘radi undan:
«Nima kerak senga, chol bobo?»
Ta’ zim bilan javob berar chol:
«Poshsho baliq, holimga achin,
Xo‘b urishdi kampirim meni:
Tinchlik bermas, qariding demas,
Kerak emish yangi tog‘ora,
Tog‘oramiz teshilgan axir».
Oltin baliq aytadi javob:
«Qayg‘urmagil, tangri yor bo‘lsin,
Borgil, berdim yangi tog‘ora».
Chol qaytsaki kampir yoniga,
Tog‘oralik bo‘libdi kampir.
Lekin urishdi kampir battarroq:
«Ey tentak chol, go‘l, devona chol!
Kir tog‘ora so‘rab oldingmi?
Kir tog‘ora mol bo‘larmidi?
Jo‘na, tentak, baliqqa borgil,
Ta’zim qil-u, endi uy so‘ra».

Chol jo‘nadi moviy dengizga,
(Moviy dengiz loyqalanardi)
Chaqirdi u baliqni suvdan,
Baliq chiqib so‘radi undan:
«Nima kerak senga, chol bobo?»
Ta’ zim qilib shunday dedi chol:
«Poshsho baliq, holimga achin,
Meni kampir qarg‘adi battar,
Tinchlik bermas, qariding, demas,
Jag‘i tinmas, uy so‘rab nuqul».
Oltin baliq aytadi javob:
«Qayg‘urmagil, tangri yor bo‘lsin,
Borgil, uy ham bo‘ladi nasib».
Yerto‘lasi tomon qaytsa chol,
Yerto‘ladan iz ham qolmabdi,
Mo‘rilari g‘ishtdan, oqlangan,
Eman yog‘ochidan yasalgan —
Darvozalik bir uy turibdi,
Uy yonida mehmonxona bor.
Derazaning yonida esa,
O‘tiribdi kampir taltayib,
Qarg‘amoqda cholni battarroq:
«Ey tentak chol, go‘l, devona chol!
Kelib-kelib uy so‘rabsan-da!
Jo‘na darrov baliq yoniga,
Ta’zim qilgin unga sen tag‘in:
Qora dehqon bo‘lmayman ortiq,
Men — begoyim bo‘lish istayman!»
Chol jo‘nadi moviy dengizga,
(Dengiz notinch, to‘lqin urmoqda).
Chaqiradi baliqni suvdan,
Baliq chiqib so‘radi undan:
«Nima kerak senga, chol bobo?»
Ta’zim qilib chol shunday dedi:
«Poshsho baliq, holimga achin,
Kampirni jin urdi battarroq,
Tinchlik bermas, qariding, demas,
Qora dehqon bo‘lmasmish ortiq,
U begoyim bo‘lish istarmish!»
Oltin baliq aytadi javob:
«Qayg‘urma, bor, tangri yor bo‘lsin»!

Chol qaytadi kampir yoniga.
Nima ko‘rar? Baland bir saroy;
Peshayvonda turar kampiri,
Suvsar po‘stin uning egnida,
Boshida ham alvon dakana,
Qator-qator inju bo‘ynida,
Qo‘llarida oltin uzuklar,
Oyog‘ida qirmizi etik.
Atrofida oqsoch xotinlar,
Qoq o‘rtada kampir turardi,
Sochlaridan sudrab urardi,
Kampiriga so‘z qotadi chol:
«Salom, aslzoda, begoyim!
Ko‘ngling endi to‘ldi shekilli!»
Kampir unga o‘shqirdi battar,
Otxonada ishlashga soldi.
O‘tdi hafta ketidan hafta,
Kampir tag‘in mindi qahriga.
Baliq tomon yo‘lladi cholni:
«Tez bor, ta’zim qilgil baliqqa:
Ortiq men begoyim bo‘lmayman,
Poshsho xotin bo‘lish xohlayman!»
Qo‘rqib ketdi chol, shunday dedi:
«Eshak miya yedingmi, kampir?
Yurish-turish nima — bilmays
Poshsholik masxara bo‘ldimi!»
Kampir battar mindi qahriga:
Chol yuziga tarsaki urdi:
«Qora dehqon, qanday botinding,
Kim qo yipti senga so z aytmoq,
Menga — menday begoyimga-ya?
Yaxshilikcha jo‘nab qol, deyman,
Jo‘natgayman bog‘lab, bormasang».

Chol dengizga qarab yo‘l oldi,
(Moviy dengiz qora rang oldi).
Chaqirdi u baliqni suvdan,
Baliq chiqib so‘radi undan:
«Nima kerak senga, chol bobo?»
Ta’ zim qilib so‘z aytadi chol:
«Poshsho baliq, holimga achin!
Kampir tag‘in boshladi g‘avg‘o!
Bo‘lmas emish ortiq begoyim,
Bo‘lur emish erkin malika!..»
Oltin baliq beradi javob:
«Qayg‘urmagil, tangri yor boisin!
Mayli, kampir bo‘lur malika!»
Chol qaytadi tez kampir yoniga,
Qarasaki, shohona qasr,
Qasr to‘rida ko‘rinar kampir,
O‘tirardi malika bo‘lib.
Xizmatida beklar, amirlar,
Asl sharob quyib bermoqda,
Ham malika quymoq yemoqda;
Atrofida talay yasovul,
Yelkalarda oyboltalari.
O‘rab turar endi bahaybat,
Buni ko‘rib, qo‘rqib ketdi chol,
Va so‘z aytar yetti bukilib:
«Savlatli malikam, salomalaykum!
Shoyad endi to‘lgandir ko‘ngling!»
Qayrilib ham boqmadi kampir:
«Tez haydang!» deb buyurdi, xolos
Sakrab turib beklar, amirlar,
Cholni sudrab hayday soldilar.
Yasovullar eshik yonida
Sal bo‘lmasa chopayozdilar.
Mazax qilib qoldi olamon:
— Qilig‘ingdan topding, nodon chol.
Bundan keyin bo‘lg‘usi saboq:
O‘z ko‘rpangga qarab cho‘z oyoq!

O‘tdi hafta ketidan hafta
Kampir battar mindi qahriga;
Erini izlatar chopar yuborib,
Cholni topib keldilar axir.
Kampir shunday dedi choliga:
«Jo‘na tag‘in baliq yoniga,
Ta’ zim qilib, o‘tingil darrov,
Bo‘lmagayman ortiq malika,
Dengiz shohi bo‘lish istayman,
Xizmatimda tursin baliq ham,
Baliq bo‘lsin menga chopovul! »
Botinolmas so‘z aytishga chol,
Bo‘la olmas kampir so‘zini;
Tag‘in bordi moviy dengizga,
Qora quyun ko‘rar dengizda:
To‘lqinlar o‘shqirar g‘azabkor,
Ham to‘lg‘anar, ham uvlar tinmay,
Chol chaqirar baliqni suvdan,
Baliq chiqib so‘radi undan:
«Nima kerak senga, chol bobo?»
Ta’ zim qilib unga ay tar chol:

«Poshsho baliq, holimga achin,
Jonga tegdi la’nati kampir,
Ortiq bo‘lmas emish malika,
Dengiz shohi bo‘lish istarmish,
Va dengizda yashash istarmish,
Sen ham borarmishsan xizmatga,
Bo‘larmishsan unga chopovul».

Bitta so‘z ham demadi baliq,
Suvga urib dumini faqat,
G‘oyib bo‘ldi dengiz tagiga.
Javob kutib turdi sho‘rlik chol,
Uzoq qolib dengiz bo‘yida.
Qaytdi kampir yoniga axir,
Ko‘rsa: tag‘in o‘sha yerto‘la,
Bo‘sag‘ada o‘tirar kampir,
Qarshisida teshik tog‘ora.

A.S. Pushkin
Mirtemir tarjimasi

Baliqchi va baliq haqida ertak (A.S. Pushkin)