Bosh terisi giperkeratozi yoxud nega sochni qazg‘oq bosadi? haqida malumot

Bosh terisi giperkeratozi yoxud nega sochni qazg‘oq bosadi? haqida malumot

Bosh terisi 26-28 kun davomida yangilanib turadi. Ya’ni yangi hujayralar paydo bo‘lib, eskisi to‘kilib ketishi uchun shuncha vaqt talab etiladi. Biroq ba’zi hollarda bu jarayon tezlashib ketadi va vazifasini o‘tab bo‘lgan hujayralar ko‘payib, noxushlik yuzaga keladi. Bu tibbiyot tilida giperkeratoz deyiladi.

qazgoq bosishi min

Muolajalar va diognostika

Qazg‘oq turlari va sabablari

Odatda qazg‘oq ikki xil: quruq va yog‘li bo‘ladi. Agar u kichik hajmli va oq rangda bo‘lsa, noto‘g‘ri parvarish yoki bosh terisining qurqulashishi tufayli yuzaga kelgan quruq qazg‘oq hisoblanadi. Agar u sarg‘ish tusli, katta hajmli bo‘lsa, demak zamburug‘larning ko‘payib ketishi natijasida yuzaga kelgan.

Aslida, bunday zamburug‘lar har bir inson organizmida mavjud. Faqat ba’zi omillar, aytaylik immunitetning susayishi, asabiylik, oshqozon-ichak tizimi faoliyatidagi buzilishlar (dizbakterioz), moddalar almashinuvining buzilishi (endokrin xastaliklar), noto‘g‘ri ovqatlashish, ozish uchun parhezlar tufayli ularning soni ko‘payib ketadi. Agar sizdagi noxushlik bosh terisining quruqlashishi natijasida kelib chiqqan bo‘lsa, parvarish vositalaringizni o‘zgartirish orqali muammoni hal etasiz. Bordiyu qazg‘oq yog‘li, ya’ni zamburug‘larning ko‘payib ketishi oqibatida yuzaga kelgani aniqlansa shifokor bilan maslahatlashish talab etiladi.

Boshni to‘g‘ri yuvish zarur

Yog‘li bosh terisi zamburug‘lar rivojlanishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Biroq har kuni yuvish yog‘ ishlab chiqarilishini jadallashtirib, vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Shuning uchun boshni to‘g‘ri yuvishga ahamiyat qaratish lozim. Ya’ni shampunni boshga surtganingizdan so‘ng, yog‘ qatlamini tozalashi uchun 3-5 daqiqa kutasiz. Agar shampunni bundan kam muddat ushlasangiz u faqat changni tozalaydi, yog‘ qatlami esa avvalgidek qolib ketaveradi. Shunchaki, kutmaslik uchun uqalovchi harakatlar bilan shampunni bosh terisi bo‘ylab taqsimlab borasiz. Mutaxassislar boshni haftada ikki-uch bor yuvishni tavsiya etishadi.

Qanday vosita afzal?

Afsuski ko‘p va xo‘p reklama qilingan shampunlar doim ham natija beravermaydi. Chunki ularning tarkibida rux moddasi mavjud. Rux bosh terisini quruqlashtirib, teri to‘qilishiga, ya’ni quruq qazg‘oqqa sabab bo‘lishi mumkin. Natijada organizm ko‘proq yog‘ ishlab chiqara boshlaydi. Xullas yopiq zanjir yuzaga keladi. Shuning uchun tarkibida ketokonazol, oktoperoks, pirokton olamin kabi moddalar mavjud, dorixonada sotiladigan vositalardan xarid qilganingiz afzal. Ularni ham ikki haftadan ortiq qo‘llash tavsiya etilmaydi. Aynan qaysi vosita sizdagi muammoni bartaraf etishiga esa trixolog shifokor aniqlik kiritadi. Noxushlik chekina boshlagach tarkibida salitsil kislotasi mavjud vositalardan foydalanish yoki shu kislotadan maxsus niqoblar tayyorlash mumkin. Salonda amalga oshiriladigan muolajalardan mezoterapiya, ozonoterapiya, krio uqalash, darsonval kabi amaliyotlar qazg‘oqdan xalos etadi.

Foydali maqola: Shampunni tog‘ri tanlay olasizmi?

Ehtiyot choralari

Par yostiq ham zamburug‘lar rivojlanishi uchun qulay muhit hisolanadi. Agar qazg‘oqni davolasangizu, yostig‘ingizni o‘zgartirmasangiz, noxushlik qaytalanaveradi. Shuning uchun qazg‘oq bezovta qilayotgan kishilarga sintetik yostiqdan foydalanish yoki yostiqni tez-tez quyosh nurlari ostida qoldirish tavsiya etiladi. Chunki ultrabinafsha nurlari ham zamburug‘larga qiron keltirishga qodir. Bundan tashqari boshni yuvganingizdan keyin o‘n daqiqadan ortiq sochiqqa o‘rab qo‘ymaslikka harakat qiling. Iliq va nam muhit ham zamburug‘larning ko‘payishiga olib kelishi mumkin.

© Sherzod Mahmudov, trixolog.
«Darakchi.uz» nashri.

Kasalliklar
Bosh terisi giperkeratozi yoxud nega sochni qazg‘oq bosadi?