Prokrastinatsiya — asr muammosi haqida malumot

Prokrastinatsiya — asr muammosi haqida malumot

“Bugungi ishni ertaga qoldirma” deyilgan qadimiy o‘gitlarda. Hozirgi shiddatkor zamonda ko‘pchiligimiz muhim ishlarni ortga surib, “ertaga qilaman”, “dushanbadan boshlayman” degan bahonalar bilan o‘zimizni aldab, mayda-chuyda narsalarga o‘ralashib qolishimiz natijasida “attang” deya barmoq tishlagan vaqtlarimiz bo‘lib turadi. Garchi bu muammo ilgarigi davrlarda ham kuzatilgan bo‘lsada, faqatgina hozirga kelib u keng tarqalgan hodisaga aylandi. Shu sababli, 1977 yilda psixologiya faniga yangi atama kiritildi va endilikda muhim ishlarni keyinga qoldirish odati “prokrastinatsiya” deb nomlanadi.

Prokrastinatsiya

Bir qator muammolar qatori prokrastinatsiya ham mutaxassislar tomonidan XXI asr muammosi deb tan olingan. U birgina odamning muammosidek ko‘rinsada, umumiy hisobda prokrastinatsiya tufayli har yili juda katta miqdordagi vaqt behuda ketadi, mamlakatlar iqtisodiyoti ham bundan ancha-muncha zarar ko‘radi.

Xo‘sh, bu zararli odatning sabablari nimada va undan qanday xalos bo‘lish mumkin?

Siz ham xato qilishga haqlisiz

Fe’lingizda o‘z kuchingizga ishonmaslik kabi qusur bormi? U holda siz qay bir muhim ishni boshlamang, “Oxiri qanday bo‘larkin?”, “ Harakatlarim natija berarmikin?” kabi shubha-gumonlar ta’sirida “Bu ishni keyinroq qilarman, hozir bunga tayyor emasman” degan qisqa xulosaga kelasiz va oqibatda o‘n yil o‘tib ham shu kayfiyatda yurasiz. Chunki xato qilmaslikning eng yaxshi yo‘li bu hech narsa qilmaslikdir.

Sizga maslahat shuki, xato qilib qo‘yishdan qo‘rqmang. Chunki bexato yashashning iloji yo‘q.

Unutmangki, siz boshlagan har qanday ish omadsizlik bilan tugayvermaydi. Axir, “ko‘z – qo‘rqoq, qo‘l – botir” deb bejizga aytilmagan.

Muhim ishlaringizni amalga oshira boshlaganingizdan so‘ng ich-ichingizdagi ishonchsizlik, xavotir hissi xotirjamlik bilan o‘rin almashadi.

O‘ylab ko‘ring, o‘tmishingizda muvaffaqiyatsizliklar ko‘p bo‘lgandir, ammo bu kelajakda albatta qaytalanadi deb umidsizlikka tushish noto‘g‘ri. Chunki shunday o‘ylash oqibatida siz hayot oqimi qayoqqa olib borsa o‘sha yo‘nalishda suzib boraverasiz.

Jiddiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun oqimga qarshi suzish lozim.

Ilgarigi muvaffaqiyatsizliklaringizni tahlil qilib ko‘ring, yo‘l qo‘ygan xatolaringizni takrorlamaslikka harakat qiling.

Siz amalga oshirmoqchi bo‘lgan ishni boshqalar uddalayotganini sezib turibsiz. Demak, siz bunga qodirsiz.

Ideal natijaga erishib bo‘lmaydi

Ba’zi odamlar perfeksionist, ya’ni har ishni to‘la-to‘kis bajarishga harakat qiladigan bo‘lishadi. Lekin ko‘pincha ideal natijaga erishish yo‘lidagi urinishlari chog‘ida ozmi-ko‘pmi nuqsonlarga yo‘l qo‘yadi. Natijada boshlagan ishidan ko‘ngli to‘lmay, ma’lum bir nuqtaga yetganda ishini nihoyalamasdan tashlab qo‘yishi mumkin. Bunday hayot tarzi davomida odamda “oq-qora fikrlash” dunyoqarashi shakllanadi. Bu esa muhim ishlarga qo‘l urishdagi ishtiyoqni susaytirib yuboradi.

“Eng yaxshi natijaga erisha olmasam, bu ishga qo‘l urib nima qildim” degan o‘y-xayollar uni bir joyda to‘xtatib turaveradi.

Har bir kishi hayotga tahliliy ko‘z bilan qarab, ideal natijaga erishish iloji yo‘qligini, hatto kam-ko‘sti bo‘lsada biror muhim ishni bajarish, uni umuman ortga surib qo‘ygandan yaxshiroq ekanligini tushunishi lozim.

Avval eng muhimini bajaring

Ba’zilar o‘z oldilariga aniq va puxta maqsad hamda vazifa qo‘ya olmaydilar. Birinchi darajali ishni ikkinchi darajalisidan ajrata olmaydilar. Natijada duch kelgan ishni qilib yuraveradi.

Prokrastinatsiya

Muhim va zarur ishni bajarish vaqti yaqinlashib qolganda boshlab qo‘ygan boshqa ishlarini yarim yo‘lda tashlab, shoshib-pishib yangi yumush etagidan tutadigan odamlarning barcha ishlari o‘lda-jo‘lda, hayotlarida hech bir tartib bo‘lmaydi.

Sizda shu kabi muammo bo‘lsa, yon daftar tutib unga yaqin vaqt ichida bajarishingiz lozim bo‘lgan ishlar ro‘yxatini yozib boring. Ular orasidan eng shoshilinch va muhimini tanlab olib, amalga oshirishga kirishing.

Qay bir ishga qo‘l urmang, avvalo “Men bu ishni hozir bajarishim shartmi?”, “Bajarilishi kerak bo‘lgan bundan ham muhim ishlarim bormi?” degan savollarni o‘zingizga berib ko‘ring. Birinchi savolga qat’iy “ha”, ikkinchisiga esa “yo‘q” deb javob bera olsangizgina ishga kirishing.

Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q

Inson psixologiyasi shundayki, u yaxshi va qulay narsalarga juda tez o‘rganadi. Natijada yaxshi shart-sharoit va holat oddiy narsaga aylanadi. Aksincha odamni hamma vaqt emas, balki ora-orada mukofotlab turilgandagina u berilgan mukofotning qadriga yetadi.

Siz xodim bo‘lsangiz, o‘zingiz bajarayotgan ishni va unga to‘lanayotgan oylik maoshini boshqa tashkilotlardagi hamkasblaringizniki bilan solishtirib ko‘ring. Siz ulardan ko‘proq olayotgan ekansizmi? Unda harakatingizni qiling: yaxshiroq ishlang, vazifalaringizga vijdonan yondoshing, tinmay malakangizni oshiring.

Mehnat jadvalingiz 9 dan 6 gacha bo‘lsa, bilingki siz ish joyingizga soat 9 bo‘lmasdan kelib, soat 6 dan oshgandan so‘ng ketishingiz lozim. Shunday qilmasangiz, vaqti kelib oyligingizni pasaytirishadi yoki umuman ishdan bo‘shatib yuborishlari ham mumkin.

Bizni qo‘rquv boshqaradi

Siz tashkilot yoki mehnat jamoasi rahbari bo‘lsangiz, qo‘l ostingizdagi har bir xodimning ishini nazorat qiling. Chunki mehnat jamoasidagi prokrastinatsiya odati yuqumli bo‘ladi. Masalan bemalolxo‘ja xodim ular bilan bir xil oylik maosh olayotgan ilg‘or xodimlarda yaxshi ishlashga bo‘lgan ishtiyoq so‘nadi, “mehnatimizning qadri yo‘q ekan” degan fikrga keladilar.

Unutmang, dunyoda katta muvaffaqiyatga erishgan barcha yirik kompaniyalar, tashkilotlarda lavozimidan qat’iy nazar hamma xodimlar “Yaxshi ishlayotganmikinman? Meni mukofotdan mahrum qilishmasmikan?” degan yengil qo‘rquv va stress holatida yurishadi. Aynan shu narsa ularni sog‘lom raqobatga, ijodkorlik, mehnatsevarlikka undaydi.

Aksincha xodimlari bamaylixotir, bepisand, xotirjam kayfiyatda yuradigan kompaniyalar hech vaqt ishdagi yuqori natijalar bilan faxrlana olishmaydi.

O‘zingiz bilan gaplashib ko‘ring

Prokrastinatsiyani keltirib chiqarayotgan sabab qanday bo‘lmasin, bu odati bor odamlarning barchasida impulsiv fe’l-atvor kuzatiladi. Ya’ni, muhim ish kutib turgan bo‘lsada, odam o‘zi uchun yoqimli bo‘lgan, kuch va mehnat talab qilmaydigan narsalarga chalg‘iyveradi. Masalan, televizor ko‘radi, internet tarmog‘iga kiradi, musiqa tinglaydi, biror narsa o‘qiydi, ko‘chada sayr qiladi. Asosiysi, o‘zini qiynamasa bo‘ldi.

O‘zingizdagi impulsiv fe’l-atvorni yengish uchun o‘zingiz bilan gaplashishga o‘rganing. Bunda ovoz chiqarib gaplashish shart emas. O‘zingizga savollar berib, javoblar qaytaring. Bajargan ishlaringiz haqida o‘zingizga hisobot berishga odatlaning. Bu narsa o‘zingizning oldingizdagi mas’uliyatingizni sal bo‘lsada oshiradi.

Biror muhim ishni bajarishingiz kerak bo‘lsayu, ammo oxiriga yetkazmasdan tashlab qo‘yishingiz mumkinligidan qo‘rqsangiz, do‘stlaringiz, yaqinlaringizga o‘z rejalaringiz haqida gapirib bering. Vaqti kelib rejangizdagi ishni amalga oshirolmay qolsangiz, ularning oldida uyalib qolishingiz mumkin.

Uyalib qolishdan qo‘rqish hissi sizni o‘zingizni qo‘lga olishga undaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Siz qaysi temperament egasisiz?

Komil RAXMANKULOV tayyorladi.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Kasalliklar
Prokrastinatsiya — asr muammosi