Giperfaollik sindromi haqida malumot
– Bolalardagi giperfaollik sindromining kelib chiqishini shifokor olimlar turli taxminlar bilan izohlashgan. Ularning ayrimlari buni bosh miyadagi patologik holat deyishsa, ba’zi olimlar esa boladagi diqqatni jamlash yetishmovchiligi aslida giperfaollik ekanini ta’kidlashadi. Siz bu sindromning paydo bo‘lishi xususida o‘z mulohazalaringizni bildirsangiz.
– Giperfaollik sindromi bolalikda boshlanadigan rivojlanishning nevrologik buzilishi bo‘lib, diqqatni bir joyga jamlashning qiyinligi, giperfaollik (o‘ta faollik) va boshqarish qiyin bo‘lgan ta’sirchanlik kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Kuzatishlar natijasiga ko‘ra bu sindrom o‘g‘il bolalarda qizlarga nisbatan ko‘proq uchraydi.
Sindromning paydo bo‘lish sabablari aniq ma’lum emas. Lekin quyidagilar bolada giperfaollik rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanadi:
- ekologik sharoitning umumiy yomonlashuvi;
- onaning homiladorlik davrida infeksion kasalliklar bilan og‘rishi, kuchli dorilar ta’siri, bo‘lajak onaning tamaki chekishi yoki qattiq qayg‘u-iztirobda yurishi;
- onadagi surunkali kasalliklar;
- muddatidan erta tug‘ruq, narkozdan zaharlanish, kesar kesish;
- tug‘ruq asoratlari;
- chaqaloqning yuqori tana harorati bilan kechadigan kasallikka chalinishi va unga kuchli ta’sir qiluvchi dorilar berilishi.
Shuningdek, boladagi astma, pnevmoniya, yurak yetishmovchiligi, buyrak kasalliklari ham bosh miya me’yoriy ishiga salbiy ta’sir qiluvchi va oqibatda giperfaollik sindromiga turtki beruvchi omillardan hisoblanadi.
Bundan tashqari, ushbu sindromga sabab bo‘luvchi ayrim psixologik va ijtimoiy-psixologik omillar ham mavjud.
– Aynan ana shunday omillar haqida ham bilishni istardik.
– Masalan, quyidagi holatlarda:
- oiladagi kattalar o‘rtasida o‘zaro nizo-janjallar uzluksiz davom etganda;
- xonadonda moddiy ahvolning yomonligi;
- bolaning tengqurlari bilan chiqisholmasligi;
- maktab dasturlarini yetarlicha o‘zlashtirolmasligi;
- ko‘p hollarda ruhiy tushkunlikka tushishi.
Bu singari psixologik-ijtimoiy omillar tufayli giperfaollik sindromi kelib chiqishi mumkin.
– Ko‘pincha maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga giperfaollik sindromi tashxisi qo‘yilarkan. Bu sindrom alomatlari qanday farqlanadi?
– O‘ta ta’sirchanlik asosiy belgilardan biridir. Bu hol bolaning qiziqqonligi, serharakatligi bilan ifodalanadi.
Ta’sirchan bolalar vaziyatlarga shoshma-shosharlik bilan javob qaytaradi, buyruq yoki gapni oxirigacha eshitib o‘tirmaydi, natijada ular pala-partish ish qiladi, fe’l-atvorida yengiltaklik ko‘zga tashlanadi, ko‘proq beg‘am bo‘lishadi.
Giperfaol bolalar o‘zlari qilayotgan ish yoki qandaydir vaziyat salbiy, zararli va hatto xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ilg‘amaydilar. Tengdoshlari orasida “o‘zlarini ko‘rsatib qo‘yish” uchun keraksiz xavf-xatarga duchor bo‘lishdan, turli harhashalardan tap tortmaydilar. Shu sababli, giperfaol bolalar ba’zan baxtsiz hodisalarga ham uchrab turishadi.
– Nima sababdan bu sindrom “diqqatni jamlash yetishmovchiligi” deb ifodalanadi?
– Chunki ushbu sindromga chalingan bolalarda parishonxotirlik holati kuzatiladi. Ular diqqatini bir joyga jamlashga qiynalishadi. Oqibatda o‘qish jarayoni bilan bog‘liq vazifalar, bajarayotgan ishlarida xatolarga yo‘l qo‘yaveradi.
Biror-bir vazifani bajarayotganda yoki o‘yin o‘ynayotganda bola diqqatini jamlolmay chalg‘ib ketaveradi. Bunday bolaga gapirayotgan odamga bola uning gapini tinglamayotgandek tuyuladi. Ko‘pincha dars va uy vazifalarini oxirigacha bekamu-ko‘st bajara olmaydi. Aslida bu narsa uning xulqi bilan bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Bunday bolalar uzoq vaqt aqliy zo‘riqishni talab qiladigan ishlardan qochadi.
Maktab va uyda kerak bo‘ladigan buyumlar, masalan, o‘yinchoqlar, o‘quv qurollari, kitoblarni yo‘qotaverish, ko‘p narsalarni esidan chiqarib qo‘yish giperfaollik sindromiga chalingan bolaga xos. Bunday bola uyqu paytida ham tinchimasdan u yondan bu yoniga ag‘darilaveradi, to‘shak va ko‘rpani o‘rindan tushirib yuboradi.
– Giperfaollik sindromini davolash choralari bormi?
– Sindrom kompleks tarzda davolanadi. Bunda har bir bolaning holatiga individual yondoshiladi.
Bolaning fe’l-atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirish maqsadida psixoterapiya, pedagogik va neyropsixologik usullar qo‘llaniladi.
Davolash maqsadida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
- ota-onalar va pedagoglar bolalarga uyda yoki maktabda murakkab talablar qo‘ymasliklari kerak;
- kundalik aqliy va jismoniy vazifalarni qisqa hamda yaqqol tushuntirish zarur;
- bolalarning har kungi hatti-harakatlarida tartib-intizomni shakllantirish lozim;
- bola bilan xotirjam va yumshoq ohangda so‘zlashish maslahat beriladi;
- har kungi suhbatlarda bolaga “yo‘q, aslo mumkin emas” degan so‘zlarni qo‘llamagan ma’qul.
Giperfaollik sindromini davolash ota-onalar va nevropatolog shifokor hamkorligida olib boriladi.
Ayrim vaqtlarda zarur dori-darmonlar ham buyuriladi.
Alohida ta’kidlash joizki, giperfaollik sindromining o‘z vaqtida oldi olinmasa keyinchalik bola hayotida jiddiy muammolar kelib chiqishi va bu holat jamiyat uchun ham tashvish tug‘dirishi mumkin.
© Nevrolog shifokor, tibbiyot fanlari doktori Marhamat YOQUBOVA bilan
«Sihat-salomatlik» jurnali jurnalisti G. Jamilovaning suhbati.
Kasalliklar
Giperfaollik sindromi