Ko‘p terlash kasallikmi? (Mutaxassis javobi) haqida malumot
— Juda ham ko‘p terlayman. Havo issiqmi yoki sovuqmi buning ahamiyati yo‘q, terlayveraman. Shu sababli o‘zimni qiynamay sekinroq yurishga harakat qilaman. Chunki biroz tezroq xarakat qilsam bas — a’zoi badanimdan ter quyilib chiqaveradi. Bu qanday kasallik belgisi bo‘lishi mumkin va qaysi shifokorga murojaat qilishim kerak?
— Ko‘p terlashingiznaing sabablarini aniqlash uchun bir necha mutaxassis shifokorlar ko‘rigidan o‘tishni maslahat beramiz. Chunki ko‘p terlashingizga sabab bo‘layotgan kasallikni aniqlash lozim bo‘ladi. Ha, aynan kasallikni! Tibbiyotda gipergidroz deb ataluvchi ko‘p terlash aslida bir qator kasalliklar sababli yuzaga kelishi mumkin. Masalan:
- gormonal muvozanatning buzilishi;
- qattiq asabiylashish, stress, hayajon, xavotir;
- og‘ir jismoniy mashqlar, mushaklar zo‘riqishi;
- noto‘g‘ri teri parvarishi;
- noto‘g‘ri ovqatlanish (alkogol, yog‘li va achchiq ovqatlar iste’mol qilish);
- yuqumli kasalliklar:
- endokrin kasalliklari, zararli shishlar;
- markaziy nerv sistemasining har qanday patologiyasi;
- qandli diabet;
- tomirlarning varikoz kengayishi;
- qalqonsimon bez kasalliklari gipergidroz sababchilari bo‘lishi mumkin. Bu kasalliklardan ma’lum bo‘ladiki, siz endokrinolog, nevrolog, terapevt, dermatolog kabi mutaxassislarga murojaat qilishingiz va ularning tavsiyasi bilan boshqa mutaxassis shifokorlar ko‘rigidan ham o‘tishingiz kerak bo‘ladi. Hozirda gipergidroz dermatologiya klinikalarida zamonaviy muolajalar yordamida davolanmoqda.
Havo o‘tkazadigan, tabiiy matodan ishlangan kiyimlar kiyishni tavsiya etamiz. Chunki sintetik va shunga o‘xshash notabiiy matolardan tikilgan kiyimlar muammongizni yanada kuchaytirib yuboradi. Eng muhim shartlardan yana biri sho‘r, achchiq, qovurilgan taomlardan voz keching, qora choy, qahva, spirtli ichimliklar iste’molidan saqlaning.
Gap gipergidroz haqida ketar ekan ortiqcha vazn muammosiga to‘xtalmay iloj yo‘q.
Vazni og‘ir kishilar ozg‘in odamlarga qaraganda bu muammodan ko‘proq aziyat chekishadi. Ortiqcha vazn tufayli qon aylanishi buziladi va buning oqibatida terlash jarayoni kuchayadi. Balki sizdagi muammo bevosita ortiqcha vazn (semizlik) bilan bog‘liqdir?!
Gipergidrozda ter bezlari haddan tashqari faol ishlay boshlaydi. Ter bezlarining faollashuviga esa, albatta, biror kasallik sababchi bo‘ladi. Shunday ekan, sizga yana bir marta mutaxassis shifokorlarga murojaat qilishni va bu ishni ortga surmaslikni maslahat beramiz.
© Orif QUDRATOV, oliy toifali shifokor.
«Salomatlik sandig‘i» gazetasi.
Kasalliklar
Ko‘p terlash kasallikmi? (Mutaxassis javobi)