Glaukomani davolasa bo‘ladimi? haqida malumot
Glaukoma kasalligi insonni butkul ko‘r bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi bilan xavflidir. Glaukoma (ko‘k suv) – bu ko‘z ichki bosimini doim yoki vaqti-vaqti bilan oshib turishi, ko‘ruv nervining atrofiyasi, ko‘rishning pasayishi va ko‘rlikka olib keluvchi jiddiy surunkali ko‘z kasalligi. Glaukomaning murakkabligi shundaki, u ba’zida og‘riqsiz, sekin, hech qanday belgilarsiz kechadi va shuning uchun kech aniqlanadi.
Ko‘z ichki bosimi normada 16 dan 26 mm simob ustuniga teng. Agar bosim me’yoridan oshib ketsa ko‘ruv nervi atrofiyasiga olib keladi va ko‘rlikka sabab bo‘ladi. Afsuski, atrofiyaga uchragan ko‘ruv nervini davolash usuli hozirgacha topilmagan.
Yopiq burchakli glaukoma esa birdan xuruj bilan boshlanishi mumkin. Bunda ko‘zda va boshda kuchli og‘riq, qon bosimi oshishi, ko‘ngil aynishi, qayd qilish, tish, quloq og‘rishi mumkin. Bu alomatlar bemorni chalg‘itadi va ular adashib boshqa mutaxassislarga murojaat qilishadi. Bunday alomatlarni o‘zingizda his qilsangiz, albatta ko‘z kasalliklari shifokori ko‘rigidan o‘tib qo‘ysangiz salomatligingiz uchun foydali bo‘ladi.
Glaukomani davolashda bu kasallikni qanchalik erta aniqlanishi muhimdir. Shundagina kasallikni davolash ancha oson kechadi. Davolash usullari esa 3 xil:
Medikamentoz davolash – dorilar yordamida
Glaukomani davolash odatda medikamentoz usuldan boshlanadi. Dorilarni vrach tavsiyasiga ko‘ra, vaqtida ishlatilsa ko‘zlangan natijaga erishiladi, lekin dori vositalari har doim ham ta’sirchan bo‘lmaydi. Sabablari turlicha: ba’zida bemorlarda dorilarni o‘z vaqtida tomizish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin yoki dori vositalarini uzoq vaqt ishlatilishi ba’zi nojo‘ya ta’sirlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham har bir dori vositasini faqat vrach tavsiyasiga ko‘ra tomizish lozim.
Lazer nuri yordamida davolash
Lazer nuri ko‘z suyuqligi oqib ketish sistemasiga ta’sir qilib, uning oqib ketishini yaxshilaydi. Lazer operatsiyalari ambulator sharoitda o‘tkaziladi va nisbatan yengil amaliyot hisoblanadi. Biroq, glaukomaning hamma turlarida ham LAZЕR yordam bermaydi.
Jarrohlik usulida davolash
Bu usul ko‘pchilik bemorlar uchun yagona davolash usuli hisoblanadi. Boshqa usullar foyda bermagan holatlarda jarrohlik amaliyotini erta davrda bajarish maqsadga muvofiq. Jarrohlik amaliyoti qancha erta bajarilsa, ko‘rish qobiliyatini saqlab qolish ehtimoli shuncha oshadi. Hozirgi kunda xavfsiz zamonaviy operativ davolash usullari ishlab chiqilgan. Ba’zan, lozim bo‘lsa, bemorga 2-3 marta qayta operatsiya tavsiya qilinishi mumkin.
Glaukoma kasalligining ilk alomatlariga to‘xtalishdan oldin, kimlarda va qaysi omillar ta’sirida glaukoma uchrashi xavfi yuqori bo‘ladi, degan savolga javob bersak maqsadga muvofiq bo‘ladi:
- oilada glaukoma bilan kasallangan bemor bo‘lishi (nasliy);
- hamma 35 yoshdan kattalarda;
- miopiya yoki gipermetropiya -4.0 +4.0 dioptriyadan ortiq bo‘lsa;
- arterial bosim oshib turishi, gipertoniya kasalligi, migren, qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari, yurak, qon-tomir kasalliklariga duchor bo‘lganlarda;
- avval ko‘zda jarohat bo‘lganligi, boshqa ko‘z kasalliklari bilan uzoq og‘riganlarda;
- ko‘p chekish va ko‘p suyuqlik ichish, semizlikda;
- doimiy ko‘z zo‘riqishida.
Bu sabablar shu narsani yana bir bor isbotlaydiki, ko‘z kasalliklarining rivojlanishiga aksariyat hollarda nosog‘lom turmush tarzi ham asosiy aybdor bo‘lar ekan. Salomatligimizning izdan chiqishi, turli kasalliklarga duchor bo‘lishimizning tub mohiyatida ham nosog‘lom turmush tarzi yotadi.
Boshlanishida glaukoma hech qanday belgilarsiz, bemorni hech narsa bezovta qilmasdan boshlanadi va ko‘ruv xiralashishi kasallikning kechki davrlarida bo‘ladi. Kasallik alomatlari:
- bosh og‘rishi, og‘riq bir tomonlama yoki ikki tomonlama;
- ko‘z oldida elak tutgandek yoki tuman tushgandek ko‘rinishi;
- yonib turgan lampochka oldida kamalaksimon xalqa ko‘rinishi;
- ko‘z ko‘rishi xiralashishi;
- ko‘z to‘lalik hissi va ko‘z qizarishi, ko‘z yoshlanishi bilan kechadi.
Bunday alomatlarga beparvo bo‘lmaslik, qon bosimiga, yurak, qon-tomir kasalliklariga xos bo‘lgan alomatlar, ko‘ngil aynishi kabi, bosh og‘riq kabi holatlarda ham albatta ko‘z kasalliklari shifokoriga ham murojaat qilish lozim.
Bu yorug‘ dunyoni ko‘rish – katta baxt. Buning uchun ko‘zlarimiz sog‘-lom bo‘lishi, tan-jonimiz sihatda bo‘lishi muhim. Salomatligimizga qanchalik e’tiborli bo‘lsak, ko‘zimiz shunchalik ravshan, dunyo keng va yorug‘ ko‘rinadi.
Glaukoma kasalligi aniqlangan bemorlar uchun maxsus tartib
- Sog‘ligingiz to‘g‘ri kelguncha mehnat qilishingiz mumkin, faqat asabiy va jismoniy zo‘riqish tavsiya qilinmaydi. 10 kg.dan ortiq yuk ko‘tarish tavsiya qilinmaydi.
- Ishlayotganda yoki o‘qiyotganda yorug‘lik chap tomondan tushishi lozim va yetarli yorug‘lik bo‘lishi lozim. Har 15 minutda tanaffus qiling.
- Engashib ishlash tavsiya qilinmaydi. Masalan: agar siz hovlida jo‘yaklarni tozalamoqchi bo‘lsangiz, chizmoqchi, tikmoqchi bo‘lsangiz uzoq vaqt engashmasdan stulchada o‘tirib ishlash tavsiya qilinadi.
- Ko‘z uchun mashqlar qilib turish foydali.
- Umumiy holatingizga e’tibor bering. Yurak, qon-tomir tizimi, o‘pka kasalliklari, qandli diabet, buyrak va jigar kasalliklari ko‘zingiz holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
- Televizor ko‘rish taqiqlanmaydi, faqat boshingizni to‘g‘ri tutib, yaxshi yoritilgan xonada ko‘ring. Chiroqni o‘chirib, uzoq vaqt televizor ko‘rish tavsiya qilinmaydi.
- Bo‘yinni qisib turuvchi, tor yelkali sviterlar, kiyimlar va galstuklar taqmang.
- Chekish mutlaqo mumkin emas! Alkogol iste’mol qilish qon-tomir sistemasiga va ko‘zga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
- Issiq hammom tavsiya qilinmaydi.
- Uzoq vaqt quyoshda qolish tavsiya qilinmaydi. Quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklardan foydalaning (glaukoma uchun maxsus yashil filtrli ko‘zoynaklar mavjud). Qorong‘i xonada ham uzoq vaqt qolmang.
- Tungi uyqu va kechki sayrlar foydali. Uyqusizlik salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yotishdan oldin oyog‘ingizga issiq vanna qilish, bir qoshiq asal iste’mol qilish foydali.
- Maxsus parhez talab qilinmaydi. Qo‘y go‘shti, yog‘li, achchiq ovqatlarni chegaralang. Vitaminlarga boy oziqlarni (sabzavotlar, mevalar, baliq) ko‘proq iste’mol qiling.
- Birdaniga ko‘p suyuqlik iste’mol qilmang. Choy va boshqa kofeinli ichimliklar ko‘zda qon aylanishini yaxshilaydi. Agar siz kofe ichishni odat qilgan bo‘lsangiz «Kofe sinamasi»dan o‘ting, buning uchun sizning ko‘z ichki bosimingiz kofe ichishdan oldin va 1 soat keyin o‘lchab ko‘riladi. Agar ko‘z bosimi sezilarli darajada kuzatilmasa, sizga kofe ichishda chegaralanish yo‘q.
- Shifokor tavsiya qilgan dorilarni o‘z vaqtida tomizing. Uyingizdan biror joyga ketmoqchi bo‘lsangiz o‘zingiz bilan ko‘z tomizg‘ilarini olish yoddan chiqmasin.
- Shifokor ko‘rigiga har oyda borib turing.
© Ulug‘bek KARIMOV, oftalmolog.
«Salomatlik sandig‘i» gazetasi.
Kasalliklar
Glaukomani davolasa bo‘ladimi?