Homiladorlik taqvimi: 10-hafta haqida malumot
Homiladorlikning 10 haftasi bilan homiladorlik rivojlanishining eng murakkab va keskin davrlaridan biri yakunlanadi. Aynan dastlabki 8–10 haftalarda stress, onadagi kasalliklar (shu jumladan O‘RK), shuningdek turli xil dori preparatlarini qabul qilish singari salbiy ta’sir qiluvchi omillar xavfli hisoblanadi. Bularning hammasi kichkintoyning ichki organlariga asos solinishi va ularning shakllanishi jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Homiladorlikning 10 haftasidagi sezgilar
Homiladorlikning 10 haftasida sizni hali ham erta kelgan toksikoz xurujlari qiynashi mumkin. Bu yoqimsiz hodisa hatto bir qadar kuchayishi mumkin, shuning uchun bo‘lajak ona o‘z holatining yengillashishi uchun sabr-toqatli bo‘lishi va shifokorning tavsiyalariga rioya qilishi kerak bo‘ladi.
Ko‘ngil aynish va qusishning yoniga jig‘ildon qaynashi ham qo‘shilishi mumkin. Bu qizilo‘ngachni oshqozondan ajratib turuvchi mushaklarning qisqarishi tufayli yuz beradi, chunki bu bilan oshqozondagi ovqatlar qizilo‘ngachga ko‘tarilib chiqadi. Bunda oshqozon kislotasi qizilo‘ngach shilliq qavatiga ta’sir etadi, ayol buni ko‘kragi achishayotgandek kabi sezgi bilan his etadi, ba’zi hollarda og‘riq ham bo‘ladi. Shu tufayli ba’zan ayrim homiladorlarda homiladorlikning 10 haftasida qorin og‘riydi, kindikdan biroz teparoqda, oshqozon atrofida sanchiqlar yuzaga keladi. Bu yoqimsiz simptomlar homilador ayolni hatto tug‘ish vaqti kelgunigacha bezovta qilishi ham mumkin.
Mana shu sezgilardan tashqari siz hojatxonaga tez-tez qatnaydigan bo‘lib qolishingiz mumkin. Bu hajman kattalashgan bachadonning qovuqqa (siydik pufagiga) bosim o‘tkazishi bilan bog‘liqdir. Ayrim hollarda hojatxonaga tez-tez qatnashning yoniga siydikni ushlab turolmaslik holati ham qo‘shilishi mumkin, ayniqsa yo‘talganda, kulganda yoki aksirganda shunday bo‘ladi. Mazkur holat takroriy homiladorlikda, shuningdek yuqoriroq muddatlarda, hatto ushbu davrda ham sodir bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
Homiladorlikning 10 haftasida nimalar yuz beradi
Mazkur muddatda bachadon tobora kattalashib boradi. U endi qov suyagidan biroz yuqoriroqqa joylashadi. Belingizda shim sizga biroz kichkinalashib qolganini sezishingiz mumkin. Agar oldin qorningiz tekis bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ko‘zguning qarshisida turib kuzatsangiz, qorinning pastki qismi bir qadar yumaloqlashganini ko‘rasiz. Lekin atrofdagilar o‘zgarishlarni hali sezishmaydi.
Ushbu muddatda homilador ayol terining pigmentatsiyasi yuzaga kelganini sezishi mumkin. Shu bilan birga tuklar o‘sishi tezlashadi hamda qorningizda, balki ko‘krakda va yuzda mo‘y paydo bo‘lishi mumkin. Lekin bundan cho‘chimaslik kerak. Bularning hammasi bor-yo‘g‘i gormonal o‘zgarishlarning qo‘shimcha omilidir. Tug‘ruqdan keyin mazkur «nosozliklar» dastlabki ikkinchi – to‘rtinchi oylar mobaynida (ona organizmining xususiyatlaridan kelib chiqib) o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi.
O‘ninchi haftada kichkintoyning ahvoli
Homiladorlikning o‘ninchi akusherlik haftasi – sakkizinchi embrional hafta hisoblanadi. Kichkintoyning faol rivojlanishi davom etmoqda. Agar muhim sabablar bo‘lmasa, odatda, homiladorlikning 10 haftasida UZI qilinmaydi. Lekin shifokor-ginekolog bolajonning oldinroq nozik va yumshoq to‘g‘aylardan tashkil topgan skelet tuzilmasi endilikda ancha mustahkam suyak to‘qimalariga aylanishni boshlayotganini sizga aytishi mumkin. Bu esa kalsiy moddasi homilador ayol organizmida juda muhim va hatto noyob elementga aylanib borayotganidan darak beradi.
Kichkintoyning yuzi
Bu vaqtga kelib embrionning yuzi va pastki jag‘lari shakllanib bo‘ladi, lekin yuz mushaklari endi-endi rivojlanishni boshlaydi. Mazkur bosqichda yuqori lab faol shakllanayotgan bo‘ladi. Homilaning burni to‘laligicha shilimshiq qatlam bilan qoplangan, u hali to‘liq shakllanib ulgurmagan, lekin hid bilish reseptorlari paydo bo‘lgan.
Umumiy rivojlanish
Og‘iz bo‘shlig‘ining mushak to‘qimalari paydo bo‘lishni boshlaydi. Kichkintoyning tili ta’m bilish g‘uddachalari bilan qoplanadi. Sekin-asta chaynash muskulaturasi rivojlanadi. Bo‘yin va halqum mushaklari tizimi shakllanadi.
Homilaning oshqozoni qorin bo‘shlig‘ining quyi qismiga o‘tib oladi va o‘zining asl joyini egallaydi. Endi u faoliyat ko‘rsatishni boshlash uchun tayyorgarlik ko‘rgan holda faol ravishda o‘sadi va shakllanadi. Nerv tugallanmalarining shakllanish jarayoni boshlanadi.
Homilaning yuragi ajablanarli tarzdagi tezlikda – daqiqasiga 160–170 marta uradi. Sizning kichkintoyingiz faol o‘sishda davom etadi. Homiladorlikning 10 haftasida homilaning hajmi 28–33 mm gacha yetadi. Shu o‘rinda butun tana uzunligining yarmidan ko‘pini bosh egallaydi. Embrionning vazni 3–4 gramm atrofida bo‘ladi.
Tavsiya
Ona o‘zini juda ehtiyot qilishi lozim, asabiy stresslar va qattiq charchashdan o‘zini saqlashi kerak. Bu davrda ko‘proq dam olish va kuch to‘plash lozim bo‘ladi, chunki hali asosiy yo‘lning oz qismi bosib o‘tildida.
© Homiladorlik.uz
Kasalliklar
Homiladorlik taqvimi: 10-hafta