Suyaklar qirsillashiga sabab nima? haqida malumot
— O‘g‘lim juda nimjon va ozg‘in. Ba’zida harakatlanganida tanasidan suyaklarining qirsillagan ovozi chiqadi. Hattoki keyingi paytda jag‘lari ham qirsillaydigan bo‘ldi. Nega shunaqaligiga hayron qolib, xavotirga tushaman.
Bunday holat hammada ham bo‘ladi. Masalan barmoqlarimizni olaylik qattiq siqqanimizda yoki qaltisroq harakat qilganimizda ulardan qirsillagan ovozlar chiqadi. Buni aslida tabiiy hol deb bilish kerak. Chunki barmoqlarning qirsillashi, suyaklarga zarar keltirmaydi va artritni keltirib chiqarmaydi. Siz eshitayotgan tovush, harakatlanganda suyaklar ichidagi havo pufakchalarining yorilishdan kelib chiqadi xolos. Bu jarayon paylar rivojiga yordam berib, mushak va bo‘g‘imlarni yengil qiladi.
Jag‘lar bilan bog‘liq muammo
Inson organizmi Yaratganning mo‘’jizasi. Bizning jag‘larimiz suyaklari shunchalik mohirlik bilan bir-biriga ulanganki, biri sirpansa ikkinchisi unga yo‘l beradi. Xuddi mashinaning podshipnigiga o‘xshab. Ammo texnikamizni asrab-avaylaganimizdek. unga ham vaqti –vaqti bilan qarab turish kerak. Agar og‘iz bo‘shlig‘idagi suyuqlik kamayishi suyaklarning bir-biriga birikishi jarayonini sekinlashtirib, ularni qattiqlashtiradi. Buning oqibatida jag‘ suyaklari ham qirsilashni boshlaydi. Biroq biz qo‘rquvga tushganimizchalik qattiq jarohat yetmagunicha ular sinmaydi.
Yosh onalar bilishi shart
Bola 300 ta suyak bilan tug‘iladi, balog‘atga yetganda 206 tasigina qoladi, xolos. Ko‘pincha go‘daklarning yengil va yupqa kiyintirish sabab quloq va burun yo‘llari shamollashi oqibatida jag‘ga ham shikast yetadi. Bu esa suyakning o‘sishi va rivojlanishiga to‘sqinlik qilib, keyinroq suyaklar qirsillashiga ham olib kelishi mumkin. Bunday paytda jag‘larda og‘riq kuzatiladi. Ana shunday paytda shifokor- ortopedga murojaat qilish darkor. Agar mutaxassis jag‘larning teriga ta’sirini aytsa, unda o‘z vaqtida davolanishni boshlash zarur. Yana shuni unutmaslik kerakki, suyaklar qirsillashi avloddan –avlodga o‘tuvchi kasallik ham hisoblanadi.
Suyaklarga qanday yordam kerak?
Ma’lumki, suyaklar inson tanasining tirgagi. 35 yoshga qadar tana to‘qimalari yangilanib turadi. So‘ngra esa suyaklar yemirila boshlaydi. Bu jarayonni sekinlatish uchun tanani kerakli vitamin va minerallarga to‘yintirib turish lozim.
- Kalsiy – suyakning asosiy tarkibiy qismi. Kalsiy tanamizga asosan oziq-ovqat mahsulotlari orqali tushadi. Masalan, bir stakan sutda – 240 mg, 15 gr brinzada – 80 mg, 100 gr tvorogda esa 150 mg kalsiy mavjud.
- Magniy –suyaklar mustahkamligi uchun zarur. Magniy kalsiyni ichakda surilishini tartibga solish bilan birgalikda suyak to‘qimalariga singishiga ham yordam beradi. Inson tanasi ozuqadan tushgan magniyning uchdan birini o‘ziga singdiradi. Magniyning yetarli darajada hazm bo‘lishi uchun C, D va B6 vitaminlari zarur.
- Mis – inson tanasida oz miqdorda bo‘lishiga qaramasdan suyaklar faoliyatiga muhim ta’sir ko‘rsatuvchi mikroelement turiga kiradi. Mis yetishmasligi oqibatida inson tanasidagi kalsiy yuvilib keta boshlaydi. Ayollarning jinsiy gormonlar ishlab chiqarishida ham misning o‘rni bor. Bu gormonlarning kamayib ketishi natijasida klimaks yoshidagi ayollarda ospeoporoz (suyak kasali) rivojlanadi. Dengiz mahsulotlari, jigar, go‘sht, kakao, olcha va uzum misga boy.
- Vitamin D – kalsiy va magniyning singishiga yordam beradi. Quyosh nurlari D vitaminiga boy. Shuningdek, suyaklar mustahkam bo‘lishi uchun marganes, sink (rux), bor, selen moddalari ham lozim.
Ehtiyot bo‘ling!
Suyaklar tuzni «yoqtirishmaydi”. Tuzdagi natriy tanadan kalsiy yuvilib ketishiga olib keladi. Buning natijasida esa suyak zichligi kamayadi. Suyak mo‘rtlashishi kasalligi (ospeoporoz)ga chalingan kishilarga gazli ichimliklar, go‘shtli konservalar yeyish tavsiya etilmaydi.
«Sabo» gazetasi.
Kasalliklar
Suyaklar qirsillashiga sabab nima?