Go‘daklarda uqalash (massaj) muolajasi haqida malumot

Go‘daklarda uqalash (massaj) muolajasi haqida malumot

Go‘dakda displaziya, bo‘yin qiyshiqligi, yassioyoqlik, tos suyaklaridagi tug‘ma nuqsonlar aniqlangan bo‘lsa, uqalash eng yaxshi davo chorasi hisoblanadi. Aksariyat yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda gipertonus, oyoq va qo‘l barmoqlarining bukilishida muammolar kabi nevrologik xastaliklar kuzatilganda, pediatr tomonidan davolovchi uqalash tavsiya etiladi va bunday muolajalar uqalovchi hamshira tomonidan amalga oshirilishi lozimligini unutmasligimiz kerak.

Kasalliklarni oldini olish uchun…

Mutaxassislar uqalashning profilaktik usulini go‘dakning kundalik parvarishiga kirishi shart bo‘lgan muolajalardan biri deb hisoblashadi. Bunday uqalashni onalar mutaxassis bilan maslahatlashgan holda uy sharoitida amalga oshirishsa bo‘ladi.
Nimalarni bilish muhim? Profilaktik uqalash bola tug‘ilgan kundan boshlab 3 yoshga to‘lguniga qadar davom ettirilgani ma’qul. Yengil, to‘g‘ri yo‘naltirilgan profilaktik massaj go‘dakning jismoniy va ruhiy rivojlanishini ta’minlaydi, oshqozon-ichak faoliyati va nafas olishining yaxshilanishi, immunitetining kuchayishi, moddalar almashinuvi faollashishiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Uqalashdan so‘ng bola tanasida qon aylanishi tezlashadi, ishtahasi ochiladi, asablari tinchlanib, yaxshi uxlaydi.

Go‘dakni massaj qilishdan oldin onalar bola organizmining anotomik-fiziologik xususiyatlarini e’tiborga olishi lozim. Masalan o‘ta nozik sohalar – jigar usti (o‘ng qovurg‘a tagi) va jinsiy a’zolar, ko‘krak uchlari massaj qilinmaydi. Tos sohasining ichki tomonida juda ko‘p nerv tolalari joylashgani bois, bu sohani uqalamagan ma’qul.
Bola yig‘layotganda, qorni ochligida yoki biror joyi og‘rib turganda, shuningdek go‘dak terisida yiringli jarohatlar mavjud bo‘lsa, u yurak yetishmovchiligi bilan tug‘ilgan hollarda yoki xastalik sababli jigari kattalashganda uqalab bo‘lmaydi. Tana harorati ko‘tarilganda tuzalguniga qadar uqalash muolajasi to‘xtatib turiladi.

Profilaktik uqalashdan oldingi tayyorgarlik:

Massaj qilinadigan xona yorug‘, toza, iliq, yelvizaksiz, havo harorati +22-25C oralig‘ida bo‘lsin.
Massaj uchun uydagi eng qulay joyni tanlang. Bu divan, krovat, stol usti bo‘lishi mumkin. Mayin musiqa qo‘yishingiz mumkin. Bolaning eng yaxshi ko‘rgan bir, ikki dona kichikroq o‘yinchog‘ini oldiga qo‘yib qo‘ying.
Bola ovqalangandan so‘ng 30- 40 daqiqa o‘tgach massajni boshlasangiz bo‘ladi.
Massaj paytida bolaning terisi toza va quruq bo‘lsin. Uning terisiga mos bo‘lgan yog‘ yoki kremni tayyorlab qo‘ying.

Uqalashni boshlaymiz:
Bolani yechintirib, tayyorlangan joyga yotqizing. Uning kayfiyati yaxshi bo‘lishi lozim, shunda u massajdan bezovta bo‘lmaydi.
Uqalash paytida barmoqlaringiz go‘dak tanasida yengil harakatlanishi uchun qo‘lingizni yog‘lab oling va ishqalab qiziting. Chunki go‘dak seskanmay, iliqlikni sezishi lozim.
Uning yuzi va tomog‘ini barmoq uchlari bilan yengil mayin uqalang. Qoshi, qosh oralig‘ini chakkasi tomon sari mayin siypalang. Burun va labini chizganga o‘xshab, so‘ngra quloqlarini sekin massaj qiling.

Go‘dakning qorin sohasini ehtiyotkorlik bilan soat mili yo‘nalishi bo‘ylab aylana harakat bilan yengil silang.
Ko‘krak sohasini uqalashda barmoq uchlari bilan ohista o‘rtadan qovurg‘a tutashgan joydan boshlab qo‘ltiq ostiga qarab yo‘nalgan harakat bilan silang. Barmoqlaringiz mayin va yengil holda, markazdan yonga qarab harakatlansin.
Oyog‘ining uchini ushlab, ko‘taring va pastdan yuqoriga, tosga qarab tashqi tomonidan silang. Oyoq tagi, panjalarini uqalash o‘ta muhim ekanligini unutmang. Oyoqni ustki va pastki qismlarini yengil silang. Har bir barmoqlarini tagi bilan alohida uqalang.
Go‘dakni qorniga o‘girib, orqa tomonini bo‘yindan dumg‘azagacha va dumg‘azadan bo‘yinga qarab uqalang. Umurtqaning o‘zini uqalash mumkin emas.

Qo‘shimcha tavsiyalar:

Uqalash bola ovqatlangandan so‘ng 40 daqiqa 1 soat o‘tgach bajarilgani ma’qul. Cho‘milish va sayrga esa massajdan ikki soat o‘tgandan so‘ng olib chiqsangiz bo‘ladi.
Sovuq fasllarda massaj paytida bolani butunlay yechintirib qo‘ymagan ma’qul.
Muolaja paytida go‘dakning terisini kuzatib turing. Teri o‘ta qizarishi, ko‘karishi yoki og‘riq sezib, yig‘lashi yaxshi emas. Bolani bir necha kun massaj qilishda terisiga surtilgan krem yoki yog‘ nafas oluvchi to‘qimalarini berkitib qo‘yadi. Terida turli xil toshmalar paydo bo‘lmasligi uchun bolani cho‘miltirib turing.
Profilaktik uqalash bir kunda 3-4 marotaba 4-7 daqiqa davom etadi, davolovchi uqalash esa bir kunda bir marotaba 15 daqiqa qilinadi.

Dilfuza TURDIYEVA, pediatr,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Barno TOSHMUHAMMЕDOVA,
shifokor-neonatolog.

Kasalliklar
Go‘daklarda uqalash (massaj) muolajasi