Bosh nega aylanadi? haqida malumot

Bosh nega aylanadi? haqida malumot

Bosh aylanishi juda ko‘p uchraydigan kasallikdir. Ruhiy va hissiy zo‘riqishlar, dam olmay tinimsiz ishlash, bosh miya qon tomir kasalliklari, vegetativ distoniyalar, arterial qon bosimning oshib yoki tushib ketishi, surunkali kechuvchi kamqonlik (anemiyalar), yurak kasalliklari va ichki quloq kasalliklari bosh aylanishining asosiy sabablari hisoblanadi.

Bosh aylanishi ko‘p hollarda yurak urib ketishi, holsizlanish, sovuq terga botish, quloqda shovqin paydo bo‘lishi, ko‘ngil aynishi, oyoqlarning titrashi bilan birga kuzatiladi. Odatda, bu belgilar ruhiy zo‘riqishdan so‘ng kuchayadi. Bunday bemorlar balandlikdan qo‘rqishadi, shuning uchun ham ular balkondan, baland ko‘prikdan yoki tomdan pastga qaramaslikka harakat qiladilar. Chunki bunday paytda bosh aylanishi kuchayadi.

Odam siqilganda boshi aylanadimi?

Aytib o‘tganimizdek tez asabiylashadigan odamlarda ruhiy jaroxatlar  bosh aylanishga sababchi bo‘ladi. Bunday holatlar psixogen bosh aylanish deb yuritiladi. Ular joylashgan vaziyat biroz o‘zgarsa-da, bosh aylanish kuchayib ketadi. Masalan, baland qavatli binoda yashaydigan bitta bemor, undan bir qavat tepada yashaydigan qo‘shnisinikiga chiqib, balkondan pastga qaraganda boshi aylanib, gandiraklab ketgan, ko‘ngli aynigan, koridorga kirganda esa kamaygan va bir ozdan so‘ng to‘xtagan. Shunisi e’tiborliki, psixogen bosh aylanishda bemor liftdan ko‘ra zinapoyadan ko‘tarilishni afzal ko‘radi. Aksariyat hollarda qo‘rquv va xavotir kuzatiladi.

Bemor faqat balandlikdan qaraganda emas, balki avtomobillar qatnovi tez bo‘lgan katta yo‘lga qaragan ham bosh aylanishi paydo bo‘ladi yoki kuchayadi. Bunday holatlarda bemor katta tezlikda o‘tayotgan avtomobillarga qaramaslikka harakat qiladi yoki oyoqlarining ostiga qarab qadamlarini nazorat qilib yuradi. Ana shunda bosh aylanishi kamayadi. Katta zallarda olib boriladigan majlislar yoki uzoq davom etuvchi darslarda ham bemorda bosh aylanishi avj oladi. Talabalarda imtihonlarga berilib tayyorgarlik ko‘rish, ilmiy xodimlar va yozuvchilarning tinmay asarlar yozishi yoki har qanday sog‘lom odamda kuzatilishi mumkin bo‘lgan ortiqcha aqliy zo‘riqishlar ham bosh aylanishiga sababchi bo‘ladi.

Bosh aylanganda xushdan ketishlar ham bo‘lib turadimi?

Bosh aylanishi, aksariyat hollarda, qisqa vaqtga hushdan ketish (sinkope) bilan kechadi.  Tez-tez hushdan ketib turadigan bemorning bosh miya qon tomirlari tekshirilganda, ularda tomirlar tonusining o‘ta darajada pasayganligi yoki o‘zgaruvchanligi aniqlanadi. Sinkope holatlari chuqur-chuqur nafas olganda, qon bosim pasayganda va yurak kasalliklarida ham yuz beradi. Uzoq payt yotib qolgan bemor gorizontal holatdan vertikal holatga o‘tsa, bosh aylanishi yuz beradi, ya’ni qon bosim birdan tushib ketadi. Bu holat, ayniqsa qon bosimi past yuradiganlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.. Nevrolog olimlardan biri Oppengeym (1894) «Har bir kishi o‘zida bosh aylanishini yuzaga keltirishi mumkin, agarda u muvozanat va bosh aylanishi haqida o‘ylayversa», degan edi.

Vrach xatosi bosh aylanishga sababchi bo‘ladimi?

Yatropatiya

Ba’zan bosh aylanishiga sabab vrach xatosi ham hisoblanadi. Bunday paytlarda yatropatiya haqida so‘z boradi Yatropatiya degani, tibbiyot xodimining noto‘g‘ri xatti-xarakati yoki bexosdan aytib qo‘ygan so‘zi oqibatida bemorda yuzaga keladigan turli kasallikdir. Shuning uchun ham bemordagi kasallik alomatlarini, juda havfli deyaverish kerak emas. Shaxsiy kuzatuvimdan bir misol keltiraman. Uzoq yillardan buyon quloq, burun va tomoq kasalliklari poliklinikasida hamshira bo‘lib ishlaydigan va tez-tez asabiylashadigan ayolda qattiq hissiy zo‘riqishdan so‘ng bosh aylanishi alomatlari paydo bo‘ladi. U shu daraja kuchli bo‘ladiki, hatto tik turishi uchun bir qo‘lidan bo‘yi yetgan qizi, ikkinchisidan esa turmush o‘rtog‘i ushlab turgan. Bu bemorga o‘zi ishlaydigan poliklinikada «Menyer kasalligi» deb tashxis qo‘yiladi.

Tashxis bir necha bor o‘zgartiriladi. Bunday kasalligi bor bemorlarni bir necha marta o‘zi ham ko‘rgan va anketalar ochgan hamshirada bu kasallikning yaqqol belgilari namoyon bo‘la boshlaydi. U boshqa mutaxassislarga (nevropatologga) ko‘rinmasdan, uch yil mobaynida LOR vrachlarda davolanib yuradi. Bosh aylanishi xurujlari tez-tez kuzatilib turadigan bu bemor bora-bora juda jahldor, arzimagan narsaga yig‘layveradigan va depressiya holatiga tez tushadigan bo‘lib qoladi. Bemor miyasiga «Menyer kasalligi»ni shu darajada singdirib olgandiki, har bir ruhiy siqilishdan so‘ng, unda xuddi Menyer kasalligiga o‘xshash belgilar paydo bo‘lavergan. Psixoterapevtik muolajalar yetarlicha o‘tkazilmaganligi uchun davolanish jarayoni juda cho‘zilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bemorda yatropatiya rivojlangan edi.

Navbatdagi xurujdan so‘ng bemorga nevropatologga ko‘rinish tavsiya qilinadi va bizga yuboriladi. Uning kasallik va hayot anamnezi bilan tanishib chiqib, unda nevrologik va psixologik tekshiruvlar o‘tkazdim va yana bir bor LOR vrachlari bilan maslahatlashib, «Menyer kasalligi» ni inkor qildim. Barcha tekshiruvlardan so‘ng bemorga «Menyer sindromi ko‘rinishidagi niqoblangan depressiya» tashxisi qo‘yildi, ya’ni haqiqiy «Menyer kasalligi» inkor qilindi. Bemorning hamshiraligi e’tiborga olinib, unga bu atamalar farqini tushuntirdim. Bularning hammasi hamshiraga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi va u endi davolash muolajalariga katta ishonch bilan qaray boshladi. O‘tkazilgan maxsusdavolash muolajalaridan so‘ng bemor tuzalib ketdi.

Eslab qoling. Hurmatli bemorlar! Bosh aylanishi deyarli har doim qaysidir kasallik belgisi yoki ruhiy-hissiy zo‘riqishlar alomati hisoblanadi. Siz har qanday holatda ham vrach tavsiyasiga ko‘ra ish tuting.

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz

Kasalliklar
Bosh nega aylanadi?