To‘rtinchi hakim — tabiiy ovqatlanish ( 24-qism ) haqida malumot
Sizning tanangiz butun olamdagi eng mukammal asbobdir. Agar siz unga yaxshi yonilg‘i, toza xavo bersangiz, mashqlar va quyosh vannasi bilan chiniqtirsangiz, ochlanish yordamida ichini toza holda saqlasangiz u o‘z faoliyatini a’lo darajada bajaradi.
Sog‘lom tana eng takomillashgan ximiyaviy fabrikadir. Tanaga sifatli xom ashyo berib, biz uning yuqori navli to‘qimalar bunyod qilishiga erishamiz va o‘zida bakteriya, virus hamda boshqa tashqi noqulay omillarga qarshi kurashuvchanlik xususiyatiga ega bo‘lishiga erishamiz. Inson organizmi mavjud barcha mashinalar ichida eng mukammalidir. U o‘zining ustaxonasiga ega bo‘lib, agar unga normal sharoit yaratib bersangiz, u ajoyib ishlaydi, tana doimo siz uchun ishlaydi. Uning to‘qimalari soniyalarda parchalanadi va yangilanadi. Biologik jihatdan uning yoshining chegarasi yo‘q va inson qarib qolishiga olib keladigan haqiqiy biologik sabab yo‘q.
Organizmga boqiylik urug‘i joylangan. Inson o‘lmaydi, lekin o‘zining notabiiy odatlari bilan o‘zini o‘zi asta-sekin o‘ldiradi.
Olimlar ta’kidlaydilarki, o‘n bir oyda organizmning har bir to‘qimasi yangilanar ekan. Unda biz nega qariyapmiz?
Insonning qarib qolishiga, charchashiga, munkillab qolishi va nihoyat o‘lishiga ishonmang. Agarda inson tabiiy hayot tarzida yashaydigan bo‘lsa va yeyishi kerak bo‘lgan narsalarnigina yesa vaqt unga qarshi emas, balki uning uchun ishlay boshlaydi.
Odamlar mineral va vitamin yetishmovchiligidan qariydilar. Ilmiy izlanishlarning ko‘rsatishicha, minglab kishilar meyoridan ortiq ovqat yeyishning qurbonidirlar.
Tananing millionlab qizil qon donachalari doimo o‘ladi va tiklanadi. Ularning ayrimlari soniyalarda sodir bo‘ladi. Lekin ular ayrim moddalarsiz tiklanolmaydilar. Bu kerakli narsalar to‘laqonli tabiiy ozuqalardan hosil bo‘ladi. Xozir qandayligingiz, ertaga, keyingi haftada, oyda va o‘n yildan keyin qanday bo‘lishingiz siz nima yeyishingizga bog‘liqdir. Siz yegan ovqatlaringizning majmuidirsiz. Sizning o‘zingizni qanday xis qilayotganingiz, ko‘rinishingiz, o‘z yoshingizni qanday sezayotganingiz yemishingizga bog‘liq. Tananing har bir bo‘lagi boshingizdagi soch, ko‘z, tishlar, suyaklar, qon ovqatlardan tashkil topadi. Xatto yuz ifodalaringiz xam yegan ovqatingizdan paydo bo‘lgan, chunki sog‘lom odam — baxtli odam.
Yuzingizga qarab, butun tanangizning sog‘ligi yaxshiligini nazarda tutgan xolda biz ko‘pincha: “Juda ajoyib ko‘rinasiz!” deb qo‘yamiz.
Tanangizni aloxida qismlarga bo‘lgan xolda ko‘rib chiqaylik. Masalan, boshqa to‘qimalar uchun asos bo‘lgan skeletdan boshlamoq mantiqan to‘g‘ri bo‘lar. Bizning suyaklarimiz kalsiy va fosforli minerallarni eng ko‘p qabul qiladigan muchalardir. Ayrim vaqtlarda, skelet shakllanib bo‘lsa, suyakning oziqlanishi xam to‘xtaydi, deb yurishgan. Bu umuman noto‘g‘ri. Ilmiy izlanishlar amaliyotiga izotoplar kiritilishi bilan olimlar aniqladilarki, umuman shakllanib bo‘lgan tanada minerallar suyaklarga doimiy ravishda berilib turiladi. Bu shuni anglatadiki, suyaklar yashaydi va iste’mol qiladi, vaziyatni turg‘un, ya’ni statik emas, balki dinamik deb tushunmoq lozim.
Suyaklarimiz tirik suyak to‘qimalaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning tuzilishi uchun nafaqat minerallar, balki har qanday tirik to‘qimalar uchun kerak bo‘lgan boshqa ozuqaviy moddalar xam zarur bo‘ladi. Suyak singanda bu to‘qimalarning ehtiyoji ortadi. Agarda skelet shakllanib bo‘lgandan keyin suyak to‘qimalari faoliyat ko‘rsatish va yashashdan to‘xtaganda edi, u xolda singan suyak qolgan umrda siniqligicha qolgan bo‘lardi. Suyak singanda ularning to‘qimalarini oziqlantirish aloxida muxim masaladir. Shu vaqtda to‘qimalarning minerallarga muxtojligi nafaqat xavfli vaziyatni bartaraf qilish uchun kerak, balki o‘zini o‘zi saqlash uchun oddiy ozuqalarga xam muxtojlik sezadi.
Suyak to‘qimalari boshqa barcha to‘qimalar singari turlicha oziqlanishi mumkin. Bu suyaklarning o‘sishi va bitib ketishi uchun zarur bo‘ladigan xal qiluvchi omildir. Oziqlanish omili — xujayralarning tiklanishida asosiy omildir, boshqacha aytganda, to‘g‘ri ovqatlanish orqali bitib ketish jarayonini tezlashtirish mumkin. Siniq suyaklarni davolashga ixtisoslashgan yaxshi mutaxassis suyakning tez bitib ketishida to‘g‘ri ovqatlanishning axamiyati kattaligini juda yaxshi biladi.
Sizning tanangiz tabiiy ovqatlanishga muhtoj
Teri xujayralari, shu jumladan, soch xujayralari doimiy ravishda oziqlantirib turishga muxtoj. Agar terining yangilanib va sochning doimo kechayu-kunduz o‘sadi va yilma-yil o‘sib turishini esga olsangiz, bu yanada tushunarli bo‘ladi.
Kimda uy xayvonlari bo‘lsa yoki kuchuk va mushugi bo‘lsa, yaxshi biladiki, bu jonivorlarning terisi, juni ularning ahvoli va salomatligi qandayligini bildiradigan eng yaxshi ko‘rsatgichdir. Agarda jonivorlarning teri va juni yaxshi oziqlanayotgan bo‘lsa, demak, bu boshqa tanadagi boshqa to‘qimalar axvoli yaxshi ekanligini bildiradi. Laboratoriya kuzatishlarida aniqlanganki, xar xil turdagi ovqatlanishda teri va junning yoki muynaning ahvoli o‘zgarar ekan.
Diyetologlar biron kishining terisiga qarab qanday ovqatlanayotganligini aytib berishi mumkin. Odamda har xil vitaminlarning yetishmasligi uning terisi ko‘rinishini nosog‘lom xolatga olib keladi.
Ichak yo‘li oshqozon va ichakning qisqarib turishini ta’minlaydigan beixtiyor xarakatlanadigan muskullar bilan jixozlangan. Ular to‘lqinsimon xarakat qilib, parchalangan ovqat bo‘tqasi xamda chiqitlarning siljishi, yo‘g‘on ichakka o‘tishiga va ularning surilishiga ko‘maklashadi. Mana shu tekis muskullar tirik xujayralardan tashkil topgan bo‘lib, shu jarayonlarning barchasi risoladagiday ketishi uchun yaxshi ozuqa talab qiladi.
Ichakning sustligini bartaraf qilish uchun, ko‘pincha qo‘zg‘atuvchi vositalardan foydalanadilar, masalan, kuchli surgi dori. Bu qo‘zg‘atuvchilar muskul to‘qimalarini zo‘riqtiradi, vaxolanki, ular yaxshi ozuqa va tabiiy xayot tarzigagina muxtojdirlar.
Tananing turli chekkalariga qon olib boradigan arteriya, vena va kappillyarlar tizimi xam faoliyatsiz emas. Bu qon tomirlarining devorlari xam tirik xujayralarga ega va faoliyat ko‘rsatishi uchun yetarli ozuqa olmog‘i lozim. Lekin qon tomirlarining ichki devorlariga yog‘ va toksinlar to‘planishi tufayli nosog‘lom vaziyat vujudga keladi. Bu jarayon noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli yanada og‘irlashishi mumkin.
Qon aylanish tizimining markazi yurak bo‘lib, u o‘ta harakatchan va uning oziqlannshi masalasi juda muxim. Ozuqa qonni butun tanaga haydab beradi va bundan tashqari yurakda baquvvat muskullar bo‘lib, ularning ishlashi uchun juda katta miqdordagi energiya kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham yurak mushaklari to‘qimasi yuqori sifatli oziqqa muxtoj. Agarda yurakni oziqlantiruvchi arteriyalar nosog‘lom va korroziyalangan bo‘lsa, unda yurak to‘qimalari ochlikka mubtalo bo‘ladi. Agarda kislorod tanqisligi, daqiqaning bo‘laklarida sodir bo‘lsa-da, odam yurak xurujidan xalok bo‘lishi mumkin. Mana shu xolatda qon miqdori yetarli bo‘lishi mumkin, lekin u yurak muskullari to‘qimalaridan o‘tolmaydi va unga ozuqa yetkaza olmaydi. Natijada yurak to‘qimalari o‘ladi va oxir oqibatda butun organizm halok bo‘ladi.
O‘zlari uchun alohida ozuqa talab qiladigan maxsus organlar mavjud. Ichki sekresiya bezlaridan ajralib chiqib qonga qo‘shiladigan garmonlar: qalqonsimon bez garmoni, adrenalin, jinsiy organ bezi garmoni, insulin, oshqozon osti bezi maxsuloti va xakozalar. Ular xam, o‘z navbatida, to‘qimalardan tarkib topgan bo‘lib, boshqa muchalar singari doimiy va to‘g‘ri ovqatlanishni talab qiladi. Zero, ular to‘laqonli garmonlar qurishlari uchun tabiiy ovqatlarga muxtojdirlar.
Tiroksinal garmonlarni oziqlantiruvchi to‘qimalar yodga muxtoj. Yer sharining ayrim mintaqalari masalan, Buyuk ko‘llar viloyati, Tinch okeanining shimoliy-g‘arbiy qirg‘oqlari yoki Shveysariya tuproq va o‘simliklarida yod kam. Shuning uchun xam odamlar va xayvonlarning qalqonsimon bezlari doimo yod yetishmovchiligidan jabrlanadi va to‘g‘ri faoliyat ko‘rsata olmaydi. Agarda dengiz karami, Irlandiya moxi yoki dengiz balig‘idan yeyilsa, qalqonsimon bez normagacha kichrayadi va kasallik yo‘qoladi.
Ozuqaning miyaga ta’siri
Bir ko‘rinishda ovqatlanish bilan fikrlash o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qdek ko‘rinadi. Ma’zur tutgaysiz, ovqat odamning xar qanday muchasi va tana faoliyatiga ta’sir o‘tkazgani singari fikrlashimizga xam ta’sir o‘tkazadi. Ana o‘sha sabablarga ko‘ra nima yeyishimizga bog‘liq ravishda fikr yuritamiz. Albatta, tasodifan yeganimizga emas, doimo nima yeyishimizga bog‘liq. Miya fikrlash jarayoniga ta’sir o‘tkazadi, garchi ayrimlar fikr bizdan tashqarida sodir bo‘ladi, desalar -da. Lekin u qayerda tug‘ilmasin, bu jarayon tananing hamma qismiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Miya turli uyg‘onish va qo‘zg‘olishlar borasida tanada eng oliy strategik mavqeda: u xislar, impulslar va ongli fikrlashning moddiy markazidir.
Miya sezadigan va xarakatni nazorat qiladigan asablar tarqaladigan buyuk reflektor markazidir. Miya qon yetkazib turadigan kislorodga qaramdir va shuning uchun, tabiiyki, biz nima yeyishimiz, unga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Axir qonimizning sifati xam bizning nima yeyishimizga bog‘liq-ku.
Har xil toksinlar bilan ifloslangan qondan oziqlanayotgan miya o‘z ishini yaxshi bajara olishi dargumon. Zaxarlar miyani shu darajada jarohatlaydiki, natijada tiniq fikrlash imkoni bo‘lmay qoladi. Xatto og‘ir komatoz, ya’ni o‘zini bilmay qolish holatiga tushib qolish xam mumkin. Yorqin, toza, o‘tkir ongga ega bo‘lish uchun qonni juda toza holda saqlamoq lozim. Buning uchun miyaning har bir to‘qimasiga tabiiy ozuqalarni yetkazadigan tegishli parxez kerak bo‘ladi. Bunga muntazam ochlik kursi yordam beradi.
Xozirgi zamon oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayoni kasal bolalar sonining oshishiga olib keladi.
Toksinlar va yomon ovqatlanishning bugungi bolalar sog‘ligiga zararini aniqlash maqsadida o‘qishga layoqati bo‘lmagan bolalar bilan ishlaydigan, ko‘plab pedagoglar bilan suxbatlashdim. Agar shunday aytish mumkin bo‘lsa, amerikacha standart parxezdagi toksinlar tufayli bu bolalarning miyasi juda zaiflashib ketgan.
Onalarning bolalarga ovqat tayyorlash uchun sotib olayotgan va tayyorlayotgan ozuqalari televizor, radio, jurnal va gazetalar tashviqoti bilan zaxarlangan. Bu manbalar o‘zida tozalangan kraxmal, qand, yog‘ bo‘lgan konservalangan yovg‘onlarni bolalarga berishni maslaxat qiladilar. Bu ozuqalar kaloriyaga boyligidan bolalar ishtaxasining ochilishiga xizmat qilsa-da, qayta ishlanmagan mineral va vitaminlardan xoli keraksiz ovqatlardir.
Onalarga sosiskalar, har xil go‘shtlarni o‘lik undan tayyorlangan non bilan qo‘shib, turli ovqatlar tayyorlashni maslaxat beradilar.
Bugungi bolalar quruq va kaloriyasiz, qisqa fursatga energiya beradigan, lekin xayotiy zarurat bo‘lgan mineral va vitaminlarni organizmga yetkazib bera olmaydigan koka-kolani ichadilar va paxta bodroqlar iste’mol qiladilar. Xozirgi zamon bolalari xar xil qo‘shimchalari bo‘lgan kaloriyali bulochkalar, tort, pirojnoye va konditer maxsulotlarini iste’mol qiladilar. Bu ozuqalar bolalarni semirtirib yuboradi, lekin uning ishtahasi ochilib borgan sayin organizm ochlikni sezib turadi.
Mana shunday ozuqa bilan qanday qilib sog‘lom bolalarni tarbiyalash mumkin?
Ko‘pchilik amerikalik yoshlar nosog‘lom
Armiya safida xizmat qilish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan yoshlarning 58 foizi jismonan nosog‘lom ekanligi sizni ajablantirmaydimi!
AQSH armiyasiga yoshlarni tanlab olish komissiyasining 1962 yildagi boshlig‘i general Duotson shunday axborot bergan edi: “Agarda tanlab olish normasi yanada qat’iylashmasa, yoki, oldingi xolda qoladigan bo‘lsa ham, amerika yoshlari sog‘lig‘i ko‘rsatgichi yomon bo‘laveradi. Chaqiriluvchiga qo‘yilgan minimum talabga javob bera olmasligi tufayli armiya safida xizmat qiladiganlar foizi pasayib ketmoqda.
”Amerikaning davolaydigan ovqatlar jurnali 1961 yil apreldagi sonida shunday yozadi: Ovqat-sog‘likni tiklashdagi eng muxim omildir. Bu xar qanday yoshda: 1 yoshdan 101 yoshgacha to‘g‘ridir. Lekin bu omil yangi salomatlik dasturini tuzishda hisobga olinmayotir. Ko‘pgina surunkali kasallarning oldini olish va davolashda ovqatlanish asosiy omil xisoblanadi“
1957 yili may oyida ”Medikl Sayens“ gazetasi shunday yozadi: ”Bir sug‘urta kompaniyasining ko‘rsatishicha, har bir o‘n to‘rtinchi o‘g‘il bola va xar bir o‘n yettinchi qiz bola 20 yoshgacha yiliga bir marta kasalxonaga tushar ekan“.
Londonda chiqadigan ”Tayms“ gazetasi bosh maqolasida shunday yozadi: ”Oziq-ovqat soxasidagi ilmiy izlanishlarga uyatsizlarcha mensimaslik munosabatlari oqibatlarini bartaraf qilishga oziq-ovqat sanoati xech bo‘lmasa xalaqit bermasa yaxshi bo‘lardi“
”Uorld Medikl Djormel“ jurnali 1961 yil noyabr oyidagi sonida meditsina doktori, professor G. Berchning quyidagi maqolasini bosib chiqardi. ”Xatto eng kenja yoshlar guruxida xam leykemiya (oqqon) kasalligi ko‘payib bormoqda. O‘tkir artrit kasalligi yanada ko‘proq tarqalmoqda».
Bolalar va bo‘lajak onalar-qizlarning jismoniy ahvoli haqidagi ma’lumotlar yildan-yilga yomonlashib bormoqda. Ko‘pchilik diyetologlar, hakimlar va pedagoglarning umumiy xulosasi shuki, bunda ikki omil aybdor, ovqatlanish borasidagi joxillik va ota-onalarning yetarli darajada g‘amxo‘rlik qilmayotgani. Buning oqibatlaridan biri — yuqumli kasalliklarga qarshilikning kuchsizligidir. Tuqqandan keyingi asoratlar xam noto‘g‘ri ovqatlanishning oqibalaridan biridir. Yegan ovqati o‘z tanasining to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlamaydigan ayoldan sog‘lom farzand tug‘ilishiga umid bog‘lash mumkin emas.
Har qanday boshqa millatga nisbatan amerikaliklar ovqat bilan ximikaliyni ko‘proq iste’mol qiladilar. Amerikaliklar kelajagi xaqidagi ma’lumotlar dunyo miqyosida juda tashvishlanarli.
AQSH kasalliklari va ovqatni ximiyalashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. AQSH notabiiy standart ovqatlar ishlab chiqarish bo‘yicha xam oldingi o‘rinlarda turadiki, millat salomatligini o‘ylab bunday ishlab chiqarishni ta’qiqlab qo‘yish maqsadga muvofiq.
Balog‘at yoshidagi aholining achinarli jismoniy va aqliy holati
Keling, endi balog‘at yoshidagilar ahvolini bir ko‘rib chiqaylik. Ko‘rgan bo‘lsangiz, yoshlarning yarmi nimjon va kasal bo‘lsa, katta yoshdagilarning axvoli undan xam battar.
Men yuqorida aytgandimki, 18 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 58 foizi armiya safida xizmat qilishga yaroqsiz. Endi biz yuqori yoshdagilarni, ya’ni 25 dan 75 yoshgacha bo‘lganlarni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, yanada achinarli manzaraning guvoxi bo‘lamiz.
Agarda 15 kishini to‘plab meditsina ko‘rigidan o‘tkazsangiz, yoki ular bilan salomatlik va kasalliklar xaqida suxbatlashsangiz, ularning 99 foizida bir necha xayotiy zarur muchalar surunkali kasalga chalinganligining guvohi bo‘lasiz. Har birining qayeridir kasal bo‘lib chiqadi. Ular boshidan kechirgan operatsiya, ichgan tabletkalari, tortgan azoblari hakida gapirib beradilar.
Ko‘pchilik yuqori yoshdagilar intellektual va jismoniy qobiliyatlarini tormozlashga olib keladigan standart dastur asosida yashaydilar. Bu qariyalar uylarining haddan tashqari ko‘pligida o‘z isbotini topadi. Bunday o‘ylar qari, kasal, tashlandiq kishilar bilan to‘lib yotibdi.
Men sizdan so‘ragim keladi: nahotki tabiat bizga hayotimiz intihosining shunday bo‘lishini belgilab qo‘ygan bo‘lsa?
Miya sof jismoniy jarayon yordamida tutib turilgani uchun ham ozuqa bilan fikrlashning bog‘liqligini bilish qiyin emas. Jismoniy jarayonlar batamom iste’mol qilinayotgan ovqatga bog‘liq va ovqat bilan fikrlashning aloqasini inkor etish mantiqsizlik bo‘lardi.
Ochlanish vaqtida tana toza holga yaqinlashadi, shaxs faoliyati esa o‘ta faol bo‘ladi. Insoniyatning ayrim ruhiy ustozlari ochlik yuli bilan dilni ravshanlashtirishga erishganlar. Ochlikdan keyin yuqori darajadagi aqliy mehnat samaradorligi ko‘p vaqt saqlanib turadi. Ochlik tanani toksinlardan tozalagani sababli, miya ham nisbatan toza qon bilan oziqlanadi va odamning fikrlash qobiliyati juda yuqori darajaga ko‘tariladi.
Biz fan va texnika taraqqiyotida mo‘’jizalarga erishdik. Agar tabiiy ovqatlanishdagi oddiy haqiqatni o‘zlashtirganimizda biz yanada ko‘p yutuqlarga erishgan bo‘lardik.
Qadimgi Yunon faylasuflari shogirdlarining to‘g‘ri parxeziga birinchi darajali e’tibor bilan qarashgan. Ularning qatiy ozuqa ratsioni ovqatdan tiyilishi muhimligiga e’tibor qanchalik bo‘lganini ko‘rsatadi. Epikur, Suqrot, Aflotun va boshqalar ozuqa bilan fikrlashning buyuk aloqasini tushunganlari uchun ham uni o‘z ta’limotlarining asosi qilib olganlar. Ko‘p asrlar o‘tgan bo‘lishiga qaramay bu daholarning falsafalari xozirgi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Iflos tanadan iflos fikrlar va aksincha, toza kasalsiz tanadan toza sog‘lom fikrlar tug‘iladi. Tana toksinlardan tozalangani hamon fikrlash kishiga rohat bag‘ishlaydigan yuksaklikka ko‘tariladi.
© Pol Bregg
«Ochlik mo‘jizasi» kitobi.
Ziyouz.uz
Kasalliklar
To‘rtinchi hakim — tabiiy ovqatlanish ( 24-qism )