Umurtqa kasalliklarining belgilari haqida malumot
Umurtqa kasalliklarining turlari juda ko‘p bo‘lsa-da, ko‘p holatlarda ularning belgilari bir xil ko‘rinishda keladi. Sababi umurtqaning qaysidir qismi shikastlangan bo‘lsa o‘sha joyning o‘zi og‘riydi yoki u orqali o‘tgan qaysidir a’zoning asab tolalari qisilgani sababli boshqa organlarda ham kuchli og‘riq kuzatiladi. Ba’zi hollada biror tana a’zoimizning ishlamay qolishiga aynan umurtqa pog‘onasidagi muammo ham sabab bo‘ladi. Quyida sizlarga namoyon bo‘lgan belgilar orqali umurtqaning qaysi qismi kasallanganligi to‘g‘risida tushuntirib o‘taman.
Bo‘yin qismi
Umurtqaning bo‘yin qismi kasallanganda asosan bosh orqasi, yelkalar, qo‘llar, ko‘zlar va yuzning ayrim qismlarida og‘riq kuzatiladi. Ikki yonga, past yoki yuqoriga ko‘proq qarab turganda bo‘yinda og‘riq, qattiq charchoq seziladi. Ushbu qism markaziy asab tizimi va bosh miyaga yaqin joylashgani bois odam juda tez asabiylashadigan bo‘lib qoladi.
Ko‘krak qismi
Bu qismda kasallik sezilganda yurak va ko‘krakning o‘rtasi old tomonlari bilan og‘rishi kuzatiladi. O‘pka, oshqozon va oshqozon osti bezlarining faoliyati buziladi. Odatda bunday paytda aksariyat bemorlar shifokor huzuriga yuragidan shikoyat qilib boradi. Tahlillar yurakning sog‘lom ekanini ko‘rsatgani sababli og‘riq sababi noma’lumligicha qolaveradi. Faqatgina tajribali kardiologgina yurak og‘riqlarining manbaini boshqa joylardan izlash kerakligini biladi. Agar ko‘krak qafasidagi og‘riqlar sababi o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, bu hol keyinchalik yurak xastaliklariga ham olib kelishi mumkin.
Bel qismi
Beldagi muammolar bilan o‘n ikki barmoqli ichak, jigar, buyrak va jinsiy a’zolarning yaxshi ishlamasligi chambarchas bog‘liq. Oyoqlarning son qismi bilan og‘rib turishi, o‘tirib turishda noqulaylik va bezovtalik paydo bo‘ladi. Belning qotib qolishi uchrab turadi.
Dumg‘aza qismi
Umurtqaning pastida yana ikkita qism mavjud. Ular juda kamdan-kam hollarda kasallanadi. Lekin bu qismlarning jinsiy a’zolar, siydik yo‘llari va boshqa organlar bilan bog‘liqlik joyi juda katta. Jinsiy zaiflik ham umurtqa kasalligining bir belgisi bo‘lishi mumkin.
Xulosa
Umurtqa pog‘onasining mustahkamligi inson ichki a’zolarining yaxshi ishlashi bilan bog‘liq bo‘lsa, ichki a’zolarning salomatligi umurtqa pog‘onasining sog‘ligi bilan bog‘liqdir. Oshqozon, jigar va buyrak noto‘g‘ri ovqatlanish yoki boshqa sabablar bilan ishdan chiqsa, tananing boshqa mushaklari bo‘shab qolishi bilan birga, umurtqa pog‘onasining ham kasallanishiga olib keladi. Natijada umurtqadan o‘tgan oshqozon, jigar va buyrak asab tolalarini qisib, ularning yaxshi ishlashiga yanada jiddiyroq to‘siq bo‘lishi mumkin.
O‘tirish, turish, uxlash va harakatlaringizda noqulaylik bormi, buning sababini umurtqa pog‘onasidan ham izlab ko‘ring. Agar kamharakatlilik va noto‘g‘ri ovqatlanishdan umurtqangizning bir qismi kasallangan bo‘lsa, bilingki, umurtqangizni eng zaif nuqtasi kasallangan. Keyinchalik xastalik qolgan qismlargayam o‘tishi yoki birvarakayiga ikki-uch qismi kasallanib qolishi mumkin.
© Rashid Usmonov, bloger.
Usmonov.uz
Kasalliklar
Umurtqa kasalliklarining belgilari