Cho‘milishning foydalari haqida malumot
Oramizda qaynoq yoz mavsumini yaxshi ko‘rmaydigan, uni intiq kutmaydigan inson bo‘lmasa kerak.
Ayniqsa, issiq kunlarda tanga huzur beruvchi anhor-u soylar, turli suzish havzalari chinakamiga rohat. Ammo har nening o‘z yo‘rig‘i bo‘lganidek, cho‘milishning ham o‘ziga xos qoidalari bor.
Buni puxta o‘rganib olish zarur. Keling, shu mavzuda to‘liqroq ma’lumota ega bo‘lish maqsadida poytaxtimizdagi “Suv sporti saroyi” murabbiysi, suzish bo‘yicha sport ustaligiga nomzod Aziz G‘ulomov tavsiyalariga quloq tutsak:
– Avvalo, suzish uchun o‘zingizda ko‘nikma hosil qila olishingiz shart. Ya’ni, har kim ham tezda suvga tushib, suzib keta olmasligi mumkin. Insondagi hayiqish va qo‘rquv bunga imkon bermaydi. Tabiiyki, bunday vaziyatda atrofingizda yaqin insonlaringizning borligi sizga dalda beradi. Demak, ular yoningizda ekan, hech qanday qo‘rquvsiz suvga tushavering.
Dastlabki yana bir muhim qoida – suzishni puxta o‘rganish. Bu ayniqsa, katta suv havzalarida qat’iy talab qilinadi. Suzishni yaxshi o‘zlashtirish orqali siz nafaqat suvda erkin harakat qila olasiz, balki kimgadir yordamingiz tegishi ham mumkin.
Qanday qilib, deysizmi? Aytaylik, kimdir bexosdan suvga sirpanib tushib ketdi yoki cho‘milish davomida suvning chuqur joyiga borib qoldi. Aksiga olib suzishni yaxshi bilmaydi. Bunday vaziyatda siz tezda yordamga shoshingiz tabiiy, to‘g‘rimi? Ammo o‘zingiz suzishni puxta o‘zlashtirmagan bo‘lsangiz-chi?
Suvda erkin harakat qilish va har bir harakatingizdan huzur olib cho‘milishingiz uchun quyidagi tavsiyalarni ham yaxshilab o‘zlashtirib oling. Avvalo, pala-partish suzishni to‘xtating. Buning uchun o‘zingizni erkin tutib oyoq-qo‘lingizni birin ketin, mutanosib ravishda harakatlantiring.
Har bir urinishingiz sizni ma’lum masofa oldinga siljishingizga yordam bersin. Shuningdek, suv va tana haroratingiz mosligini inobatga olmaslik, toliqish, tomiringiz tortishib qolishi kabi noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Siz suv ichida ekansiz, bu holatlar hayotingiz uchun xavf tug‘diradi.
Cho‘milishning navbatdagi qoidasi vaqt bilan bog‘liq. Ya’ni tushdan avval soat 11 gacha hamda tushdan keyin 16 dan so‘ng cho‘milish tavsiya etiladi. Chunki, quyosh tikka kelgan paytda cho‘milish salomatligingizga aks ta’sir ko‘rsatib, foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi.
Yana shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, suvda 1-1, 5 soatdan ko‘p qolib ketmaslik zarur. Sababi uzoq vaqt suvda qolish tanangizdagi qon haroratining buzilishiga olib keladi va bu turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Siz suzish mahoratiga bolalikdan ega bo‘lishingiz lozim. Chunki suzayotgan vaqtingizda tanangiz tinimsiz harakatlanadi.
Natijada gavdangiz tez shakllanadi, yelkalaringiz kengayib, bo‘yingiz jadal rivojlanadi. Bu esa o‘zingizga bo‘lgan ishonch hissini juda erta paydo qiladi. Shuningdek, suzish ruhiyatingizga ham ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Bir so‘z bilan aytganda, cho‘milish va muntazam suzish bilan shug‘ullanish sizni ham ma’nan, ham jismonan tarbiyalaydi.
Vasila PO‘LATOVA,
«Sog‘lom» avlod gazetasi.
Kasalliklar
Cho‘milishning foydalari