abbos bakirov haqida abbos bakirov biografiyasi

abbos bakirov haqida abbos bakirov biografiyasi

Abbos Bakirov (1910.16.5 – Andijon – 1974.29.1) – aktyor va rejissyor, O’zbekiston xalq artisti (1939). Faoliyatini 1931-yil Oxunboboyev nomidagi Andijon viloyat musiqali drama va komediya teatrida aktyor sifatida boshlagan. Mahkam polvon («Bog’bon qiz»), Qosim dehqon («Ontarish»), Muslimboy («Halima») uning ilk obrazlaridir. Rustam («Rustam»), Ferdinand («Makr va muhabbat»), G’ofur («Boy ila xizmatchi»), Romeo («Romeo va Julyetta») kabi rollarida jo’shqin qalbli, shijoatkor qaxramonlar tarzida namoyon bo’lgan. Tabiatan qat’iyatli, intiluvchan kishi bo’lgani holda obrazlarga ham shu hislatlarni singdirishga harakat qilgan. Birinchi o’zbek ovozli filmi – «Azamat»dagi Azamat roli bilan u kino faoliyatini boshladi. Eng yaxshi rollari: Amir Olimxon («Amirlikning yemirilishi»), Sulton Mahmud («Abu Ali ibn Sino»), Abbos («Ulug’bek yulduzi»), A’zamxon («Ikki dil dostoni»), Yusufbek hoji («O’tgan kunlar») va boshqa insonning shaxsiy kechinmasi bilan e’tiqodi, dunyoqarashini mushtarak tarzda ko’rsatishda, ayniqsa, Yusufbek hoji roli Abbos Bakirovni realistik san’atning moxir ustasi ekanini ko’rsatdi. Abbos Bakirov ijobiy va salbiy rollarni bir xil mahorat bilan o’ynagan. U sahnada tana, qo’l harakatlaridan, ayniqsa, yuz, ko’z va ohangdan ustalik bilan foydalangan.

Rejissyor sifatida 40 dan ortiq spektakl sahnalashtirdi. Xalq tarixi, urf-odatlarini yaxshi bilganligi tufayli, milliy asarlarni alohida muvaffaqiyat bilan sahnalashtirgan: «Alisher Navoiy», «Shohi so’zana», «Og’riq tishlar», «Muqimiy», «Xolisxon», «Nurxon», «Nodira», «Layli va Majnun» va boshqa shular jumlasidan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1970).

Yulduzlar
abbos bakirov