Til bayramiga she’rlar to’liq malumot oling

Til bayramiga she’rlar to’liq malumot oling

ONA TILIM / Iroda Umarova

Ona tilim – yurak qatimdan

Mehr bo‘lib sochilgan jarang.

Qulog‘imga go‘dak paytimdan

Alla bo‘lib singigan ohang.

Ona tilim – necha asrlar

Kurashida yenggan polvonim.

Necha ajdod, necha nasllar

Suyib o‘tgan turkiy zabonim.

Ona tilim – do‘ppi kiygan So‘z,

Doim yangi yo‘lcha-atlasi.

Bir satriga tashlasangiz ko‘z,

Tovlanadi ming-ming qirrasi.

Ona tilim – asalchoy ta’mli,

Bulbultalqin, muhabbatsheva.

Lablarimga ko‘chirgum doim

Talaffuzin men seva-seva.

Ona tilim – yurak qatimdan

Mehr bo‘lib sochilgan jarang.

Qulog‘imga go‘dak paytimdan

Alla bo‘lib singigan ohang…

ONA TILIM / Muhammad Yusuf

Garchi zug‘um qilganlarni yoqtirmadim,

She’r yozdimu bo‘lak ishni qotirmadim.

Tilim turib o‘z tilimda gapirmadim,

Bir eslasam eziladi bag‘ri-dilim,

Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Onam «erkam» deb quchganda tunlar yarim,

Erkim yo‘q deb zirqirardi bir joylarim,

Parovozni hansiratgan bug‘doylarim,

Oltinlarim, ma’danlarim, ipaklarim,

Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,

O‘zbekni qon qaqshatganni uzbek siylar,

Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,

Topganimiz handalakdek tilim-tilim,

Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Kimdir mayda millat bo‘ldi, kimdir katta,

Katta millat — Afandisi yo‘kdir hatto,

Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,

Zulm o‘tsa faqat sendan o‘tdi zulm,

Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Sen bo‘lmasang nima bizga sillik she’rlar,

Bu dunyoda tili yo‘kda dil yo‘q derlar,

Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,

Yuragimning to‘ridagi so‘lmas gulim,

Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Bir qarasam har shevangda ming jilolar

Har novdangda, har mevangda ming jilolar.

Qodiriylar, Cho‘lponlar-u, Abdullolar,

Sening qaytgan kuning men tug‘ilgan yilim,

Ona tilim, ey muqaddas Ona tilim.

ONA TILIM / Xurshid Davron

Kelib ketdi necha dunyolar,

Kuldi hayot, yig‘ladi o‘lim.

Sen deb qurbon bo‘ldi bobolar,

Ular ketdi, sen qolding, tilim.

Belanchaging uzra Koshg‘ariy

Kuylab o‘tdi qadim navoni

Va navqiron yaproqlaringga

Dil qonini berdi Navoiy.

Samarqanddan Bobur ketarkan

Dilda bo‘g‘ib hasrat sasini,

Olib ketdi ona yurtidan,

Turkiy tilim, birgina seni.

Mashrabmas, sen osilding dorga,

Nodiramas, sensan so‘yilgan

Hoziqningmas, sening, ey tilim,

Boshing ayru, ko‘zing o‘yilgan.

Ammo dushman o‘ldirgan botir

Tirilgandek yana qasosga,

Mangu borsan va mangu qodir

To‘ldirmoqqa yerni ovozga.

Vatan uchun baxsh etib jonni,

Kechib olov, kirib daryoga,

Farzandlaring to‘kkan har qonni

Shimirding sen o‘xshab giyohga.

Ona tilim, omon bo‘l mangu,

Sen borsan-ki men ham o‘lmayman,

Tildan qolsam, seni Oybekday

Men ko‘zlarim bilan so‘ylayman.

ONA TILIM / Abdulla Oripov

Ming yillarkim bulbul kalomi

O‘zgarmaydi, yaxlit hamisha.

Ammo sho‘rlik to‘tining holi

O‘zgalarga taqlid hamisha.

Ona tilim, sen borsan, shaksiz,

Bulbul kuyin she’rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman!

ONA TILIM O‘LMAYDI / Erkin Vohidov

Notiq dedi:

«Taqdir shul,

Bu jahoniy iroda.

Tillar yo‘qolur butkul,

Bir til qolur dunyoda».

«Ey voiz, pastga tushgin,

Bu gap chiqdi qayerdan!»

Navoiy bilan Pushkin

Turib keldi qabrdan.

Kim darg‘azab,

Kim hayron,

Chiqib keldilar qator:

Dante, Shiller va Bayron,

Firdavsiy, Balzak, Tagor.

«Va’zingni qo‘y, birodar,

Sen aytganing bo‘lmaydi».

Barcha dedi barobar:

«Ona tilim o‘lmaydi».

— Hey, bu qanday aqida! —

Qo‘lida tabarruk jom,

Go‘zal forsiy haqida

Ruboiy aytdi Xayyom.

Ehtirosli, otashdil

Beranje so‘rdi nolon:

— Nahotki, farangi til

Yo‘qolgusi bir zamon!

Neruda, Lorka turdi

Servantesning yoniga:

— Kim qasd etib tig‘ urdi

Ona tilim joniga!

Fuzuliy yondi:

— Ozar

Tili guldek so‘lmaydi.

Barcha dedi barobar:

«Ona tilimo‘lmaydi».

Kamalakdek rango-rang

Bo‘lsin deb san’at, tillar,

Asrlarcha qildik jang,

Armon qildik ming yillar.

Beqadr bo‘lsa, nahot,

Tillardagi tarovat!

Yo‘qoldi bu kun, hayhot,

Qabrlarda halovat!

«Faust» yondi gurillab,

«Xamsa» o‘tga tutashdi.

Bir sado jahon bo‘ylab

Taraldi, tog‘lar oshdi.

Bu sado yangrar hamon,

Sira ado bo‘lmaydi.

Olam aytar:

Hech qachon

Ona tilim o‘lmaydi!

Sherlar
Til bayramiga she’rlar