Jig’ildon qaynashi — sabablari, qo’zg’atuvchi mahsulotlar, bartaraf etish choralari, maslahatlar
Jig’ildon qaynashi — qizilo’ngach bo’ylab tarqalgan to’sh ortidagi qizish va achishish, bezovtalik yoki yonish hissi. Jig’ildon qaynashi vaqti-vaqti bilan, ayniqsa ko’p va achchiq ovqat iste’molidan bir soat o’tib ro’y beradi. Oldinga egilganda yoki yotgan holatda bu hissiyotlar kuchayadi.
Odatda, jig’ildon qaynashinini bartaraf etish (to’xtatish) uchun suv ichish yetarli bo’ladi. Yana antasidlar (kislota ta’sirini bartaraf etadigan moddalar) yordamida to’xtatish mumkin. Biroq, jig’ildon qaynashi odatda yetarlicha tez-tez takrorlanadi va odatiy turmush tarzini buzishi mumkin.
Haftasiga uch martadan ko’proq kuzatiladigan jig’ildon qaynashi hayot sifatini sezilarli darajada yomonlashtiradi. Jiddiy ezofagit (qizilo’ngach shilliq qavatining yallig’lanishi) bilan og’rigan bemorlarning ayrimlari jig’ildon qaynashidan shikoyat qilishmaydi.
Jig’ildon qaynashi yuqori kislotalilik gastrit, oshqozon va o’n ikki barmoqli ichak yarasi, xolesistit, homiladorlik toksikozi tufayli yuzaga kelishi, diafragmal churra va ba’zi oziq-ovqat moddalarni ko’tara olmaslik tufayli sodir bo’lishi mumkin. Agar jig’ildon qaynashi kekirish bilan birga kuzatilsa (ayniqsa nordon kekirish), u gastrit yoki oshqozon yarasi alomati sifatida xizmat qilishi mumkin. Agar achishish yotgan holatda kuchaysa, ehtimol muammo qizilo’ngachda bo’ladi.
Jig’ildon qaynashi sabablari
Jig’ildon qaynashining sabablari — oshqozon kislotaligining oshib ketishi, kam hollarda qizilo’ngach va oshqozon shilliq qavatining sezuvchanligining oshishi. Jig’ildon qaynashi ko’pincha oshqozon kasalliklari bilan birga keladi, lekin u ovqatdan keyin ham asab-psixik kasalliklar tufayli paydo bo’lishi mumkin.
Noto’g’ri parhez va nosog’lom turmush tarzi jig’ildon qaynashini kuchaytiradi va eng ko’p uchraydigan sababchilardan biridir. Boshqa tarqalgan sabablariga:
- Chekish, spirtli ichimliklar ichish, gazlangan ichimliklar, kofe va achchiq ziravorlar oshqozon shilliq qavatini qo’zg’atadi, bu esa oshqozon kislotasining ko’p miqdorda ishlab chiqarilishi va oshqozon klapanining bo’shashiga sabab bo’ladi.
- Jig’ildon qaynashini ko’p miqdorda tsitrus mevalar, pomidor, turli tuzlamalar, yangi non, bo’g’irsoq va qovurilgan ovqatlar iste’mol qilish keltirib chiqarishi mumkin.
- Me’yoridan ortiq ovqatlanish oshqozonning kengayishiga va kislotaning ko’p miqdorda chiqarilishiga olib keladi.
- Aspirin, ibuprofen. ortofen va boshqa shu kabi dorilarni qabul qilish oshqozonning kislota ishlab chiqarishini kuchaytiradi.
- Tor belbog’larni kiyish, og’irliklarni ko’tarish, homiladorlik, haddan tashqari semizlik ichki qorin ichki bosimi oshishiga olib keladi, bu esa jig’ildon qaynashiga olib keladi.
- Ovqatdan keyin uxlash ham bunga sabab bo’lishi mumkin.
- Stress, nevrozlar, tashvish ham sabablardan biridir.
Jig’ildon qaynashining sababchilari
- Yog’li ovqatlar;
- Me’yoridan ortiq ovqatlanish, ayniqsa yog’li taomlar iste’moli;
- Haddan tashqari semizlik;
- Ovqatdan so’ng yotish;
- Chekish;
- Spirtli ichimliklar;
- Gazlangan ichimliklar.
- Yalpiz;
- Shokolad;
- Achchiq qahva va choy;
- Qon bosimini pasaytirish va silliq mushaklar yumshatish uchun preparatlar;
- Homiladorlikda jig’ildon qaynashi qorin ichi bosimi oshishi tufayli yuzaga keladi/
Har bir ovqat qabulidan keyin jig’ildon qaynashi kuzatilsa
Ovqatdan keyin muntazam ravishda jig’ildon qaynashi alohida muammo sifatida qaralmasligi kerak. Ushbu noxush alomat oshqozon-ichak tizimning kasalliklarini aks ettiradi.
Har bir ovqatdan keyin jig’ildon qaynashini keltirib chiqaradigan ba’zi kasalliklar va shartlar ro’yxati:
- Oshqozon yoki o’n ikki barmoqli ichakning yarasi;
- Gipersekretsiyali surunkali gastrit;
- Duodenit — o’n ikki barmoqli ichak yallig’lanishi;
- O’t pufagi yallig’lanishi (xoletsistit);
- Semizlik;
- Gastroezofaginal reflyuks kasallik (GERK);
- O’t pufagining olib tashlanishi oqibati;
- Homiladorlik;
Ovqatdan so’ng muntazam ravishda jig’ildon qaynashi gastroenterolog bilan maslahatlashish uchun jiddiy sababdir. Shifokor ko’rsatmasisiz dori-darmonlarni qabul qilish kerak emas, chunki bu og’ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Tomoqdagi achishish
Bu hodisa me’da shirasining o’n ikki barmoqli ichak, oshqozon yoki qizilo’ngach motorikasi buzilganda qizilo’ngach shilliq qavatiga ta’siri tufayli sodir bo’ladi. Qizilo’ngachning devorlarida pH neytral darajada bo’ladi, me’da shirasining tarkibidagi kislota esa qizilo’ngach shilliq qavatini «yondirib» yuboradi.
Kislota qizilo’ngachning eroziyasi va oshqozon yarasiga olib kelishi mumkin bo’lgan yallig’lanish jarayonlarini keltirib chiqaradi. Natijada qon ketishi mumkin, ba’zi og’ir holatlarda hatto qizilo’ngach devorlarining yorilishi ham yuzaga kelishi mumkin, bu esa hayot uchun xavf tug’diradi.
Jig’ildon qaynashining tomoqqa o’tishi mukammal sog’lom odamlarda ham sezilishi mumkin. Biroq, bunday holatlar kamdan kam kuzatiladi va qaytalanmaydi.
Yuqorida aytib o’tilganidek, homilador ayollar ham tez-tez jig’ildon qaynashidan aziyat chekishadi. Homilador ayollarda jig’ildon qaynashi homiladorlikning ikkinchi yarmida ko’proq kuzatilib, kattalashgan homila qizilo’ngach sfinkterini bosib, uni biroz ochadi.
Jig’ildon qaynashidan qanday qutulish mumkin?
Quyidagi retseptlar jig’ildon qaynashi «hujumlarini» bartaraf etish uchun yoki oshqozon-ichak kasalliklari bilan og’rigan bemorlarda jig’ildon qaynashini bartaraf etish va davolash sifatida ishlatilishi mumkin. Biroq, bular mutaxassis tomonidan tayinlangan asosiy davolash o’rnini bosa olmaydi.
Birinchidan, to’g’ri parhezni tashkil qilish va parhezni saqlab turish kerak. Ahvolni yengillashtirish uchun siz kislotalilikni kamaytiradigan va organizmning butunligini mustahkamlaydigan turli xil dorivor o’tlardan foydalanishingiz mumkin:
- Moychechak damlamasi. 2-3 osh qoshiq moychechak to’plamini bir stakan qaynoq suvga soling va 10-20 daqiqa davomida qoldiring, doka matodan o’tkazing va mayda qultumlar bilan iching. Kuniga kamida uch stakan iste’mol qiling. Oddiy romashka choyi ham mos keladi.
- Zig’ir urug’i. Bir choy qoshiq urug’ga yarim stakan qaynoq suv soling. Kechqurun tayyorlash qulayroqdir, shunda damlama ertalabgacha tayyor bo’ladi. Iste’moldan oldin olingan yarim stakanni to’liq hajmga keltiring va bu damlamani kamida 14 kun ichish kerak.
- Angelikaning (дягдиль) quritilgan ildizlarini, barglarini va urug’larini kukun holatiga keltiring. Bir stakan qaynoq suv uchun bir chimdim kukun kerak. 15-20 daqiqadan so’ng damlama tayyor, uni kuniga uch marta iste’mol qilish mumkin.
- Yangi tayyorlangan kartoshka sharbati ham yaxshi ta’sir kuchiga ega. Bu oshqozon og’rig’idan, jig’ildon qaynashidan va kekirishdan xalos bo’lishga yordam beradi. Nonushta qilishdan oldin, ertalab tayyorlang: kartoshkani qirg’ichdan o’tkazing, sharbatini siqib oling, 1/2 stakan sharbat yetarli bo’ladi. Sharbatni darhol, och qoringa iching. Keyin 30 daqiqa davomida yoting va undan keyin nonushta qilishingiz mumkin. Davolash kursi — 10 kun, tanaffus ham 10 kun, keyin kurs qayta takrorlanishi mumkin.
Kuchli jig’ildon qaynashida nima qilish kerak?
Turli damlamalar, albatta, yaxshi. Lekin kuchli jig’ildon qaynashida damlamalar va sharbat tayyorlash uchun yetarli vaqt bo’lmaganida nima qilish kerak? Darhol shifokor bilan uchrashuv imkoni ham yo’q, ammo siz hozir yordamga muhtojsiz?
Jiddiy jig’ildon qaynashida o’ziga xos «birinchi yordam» bo’lishi mumkin:
- Bodom. U oshqozon kislotasini neytrallashtirishga qodir. Bodomni yaxshilab chaynash jig’ildon qaynashida yaxshi samara beradi. Biroz vaqtdan keyin bu muammo bartaraf bo’ladi.
- Suli yoki arpa yaxshi natijalar ko’rsatadi. Ularni yaxshilab chaynab, so’lakni doimiy ravishda yutib tursa bas.
- Muhim! Iste’mol sodasi yoki sut bilan jig’ldon qaynashini «so’ndirmang». Soda ishlatilgandan so’ng, kislota ta’siri albatta, keskin kamayadi. Ammo javob sifatida, oshqozon xlorid kislotani ikkilangan shiddat bilan ishlab chiqarishni boshlaydi va jig’ildon qaynashi kuchayadi. Soda uzoq muddat iste’mol qilinsa alkalozga (qonning ishqorlanishiga) va peptik yaraga olib kelishi mumkin. Sutda oshqozonda kislota sekretsiyasining stimulyatori sifatida ishlaydigan proteinlar va kaltsiy mavjud.
Kuchli jig’ildon qaynashlarida xalq tabobati kutilgan natija bermasa, antasidlarga murojaat qilishingiz mumkin. Dorixonalarda ularni bir nechta xillari mavjuid. Eng mashhurlari:
- Renni;
- Fosfalyugel;
- Almagel;
- Geviskon;
- Maaloks va boshqa preparatlar.
Biroq, ularning nojo’ya ta’siri haqida unutmang: kabziyat, ichburug’ va boshqa noxush oqibatlar. Bundan tashqari, ular kaltsiyni tanadan yuvib chiqishadi.
Shuning uchun tez-tez jig’ildon qaynashini o’zboshimchalik bilan davolashni tavsiya etmaymiz. Shifokor bilan uchrashish, batafsil tekshiruvdan o’tish va to’g’ri davolanish yaxshiroqdir.
Jig’ildon qaynashida parhez
Qaysi oziq-ovqatlar jig’ildon qaynashida afzal bo’ladi va qaysi oziq-ovqatlarni taomnomadan chiqarib tashlash kerakligini bilib olamiz.
Bug’da pishirilgan, shuningdek qaynatilgan sabzavotlar ko’proq foydali:
- Sabzi;
- Kartoshka;
- No’xat;
- Yasmiq.
Taomnomaga murakkab uglevodlarni o’z ichiga olgan mahsulotlarni kiritish kerak:
- Qattiq bug’doy navlaridan makaron;
- Jo’xori unidan non;
- Jigarrang guruch.
Sizning «to’gri» parhezingizga quyidagilarni kiritishni unutmang:
- Kam yog’li pishloq, qaymoq va tvorog;
- Baliq;
- Yog’siz go’sht;
- Qaynatilgan tuxum;
- Har xil bo’tqalar: manka, grechka, jo’xori;
- Olma va banan;
- Gazsiz mineral suv, nordon bo’lmagan mevalar kompoti, ko’k choy.
Quyidagi mahsulotlardan voz kechgan ma’qul:
- Qovurilgan, sho’r, achchiq va yog’li taomlar;
- Yog’li smetana, tvorog, yogurt;
- Apelsin, limon va laym. Ular tarkibida kislota mavjud bo’lib, bu oshqozonning kislotalilik darajasini sezilarli darajada oshiradi;
- Pishiriqlar va qandolat mahsulotlari;
- Shokolad;
- Achchiq qo’shimchalar va ziravorlar;
- Qovurilgan tuxum va qovurilgan omlet;
- Tomat pastasi;
- Achchiq qahva va choy;
- Spirtli ichimliklar;
- Gazlangan ichimliklar.
Ammo parhez — ishning yarimi. Jig’ildon qaynashiga sabab me’yoridan ortiq ovqatlanish bo’lishi mumkin. Shuning uchun to’g’ri ovqatlantirish kerak:
- Kam-kam, lekin tez-tez ovqatlanish kerak, kun davomida 5-6 marta ovqatlaning.
- Ovqatlanish jarayonida shoshilmang, asta-sekin va yaxshi chaynashga harakat qiling.
- Oxirgi ovqat 19.00 gacha.
- Ovqatdan keyin kamida 40 daqiqa davomida yotmang.
- Kuniga taxminan 2 litr suv ichish kerak, bu miqdor kun davomida teng ravishda taqsimlanadi.
Kasalliklar
bartaraf etish choralari, Jig’ildon qaynashi — sabablari, maslahatlar, qo’zg’atuvchi mahsulotlar