Qo’tir — yuqish yo’llari, patogenezi, turlari, alomatlari, tashxislash, davolash

Qo’tir — yuqish yo’llari, patogenezi, turlari, alomatlari, tashxislash, davolash

Qo’tir (lot. scabies, rus. chesotka, чесотка) — yuqumli teri kasalligi, mikroskopik parazit — qo’tir kanasi, qo’tir qichitmasi (lot. Sarcoptes scabiei var. hominis) tomonidan chaqiriladigan akarodermatit guruhidagi akariaz. Qo’zg’atuvchining nomi qadimgi yunoncha σάρξ (go’sht) va κόπτειν (kemirish, g’ajish, kesish) va lotincha scabere (qashilash) so’zidan olingan. Kasallikning xarakterli belgilari qichish va papulovezikulyoz toshma bo’lib, ba’zan toshmalarni qashish natijasida infektsiya tushishi sabab ikkilamchi yiringli elementlar qo’shilishi mumkin. Insonlarda qo’tirning yuqori darajada yuqimliligi qo’tir kanasining qisqa muddatda inson terisiga kirishi bilan tushuntiriladi. Ushbu vaqt oralig’i 15-20 daqiqani tashkil qiladi.

svg%3EQo'tir kasalligi haqida to'liq ma'lumot

Kasallikni o’rganish tarixi

Qo’tir kasalligining birinchi ta’riflari 2500 yildan ko’proq vaqt oldin qayd qilingan. Qadimgi Yunonistonda qo’tir «psora» atamasi bilan birlashtirilgan teri kasalliklari guruhiga kiritilardi. Qadimgi Rimda qo’tir «skabies» deyilgan, bu nom bugungi kungacha saqlanib qolgan. O’rta asr kitoblarida qo’tirning parazitar tabiati haqida fikrlar keltirilgan. Kasallikning rivojlanishida qo’tir kanalari rolining ishonchli dalillari faqat optik mikroskop yaratilgandan keyin paydo bo’ldi. 1687 yilda italyan shifokor Giovan Cosimo Bonomo va farmatsevt Diachinto Cestoni birinchi marta qo’tir kanalari va zararlanishdan so’ng rivojlanadigan tipik teri alomatlari orasidagi bog’liqlikni tasvirlab berdilar. Aynan ular kasallik mikroskopik organizm tomonidan chaqirilgan bo’lishi mumkinligini aytishdi.

Kasallik etiologiyasi va patogenezning to’liq va ishonchli tavsifi 1844 yilda nemis dermatologi Ferdinand Xebra tomonidan berilgan.

Epidemiologiya

Qo’tirning global epidemiologik tasviri haqida aniq ma’lumot yo’q. Edinburg (1815-2000 yillar) va Daniya (1900-1970) bo’yicha nisbatan ishonchli statistik hisobot mavjud. Ushbu ma’lumotlarga ko’ra, teri kasalliklari bilan og’rigan bemorlarning taxminan 5 foizi butun kuzatish davrida qo’tir bilan kasallanishgan. Kasallanishning keskin ortishi urush vaqtida kuzatilgan va qo’tir aholining 30 foizigacha qismini zararlagan.

Qo’tir bilan kasallanishning 7-30 yil davriyli to’lqinli xususiyati haqida nazariya mavjud. Biroq, bu nazariyalar jiddiy tanqidga olingan. Bir qator skabitsidlarga qarshi chidamliligining rivojlanishi tufayli qo’tir kanasi agressivligining siklik o’sishi haqida dalillar mavjud. Yashash sharoitlari, oziqlanish va gigienaning yomonlashuvi, odamlarning bir joyda to’planishiga olib keladigan urushlar, tabiiy ofatlar, ochlik va boshqa ijtimoiy hodisalarda kasallanish chaqnashlari qayd qilinadi.

Qo’tir bilan kasallanish mavsumiy xarakterga ega. Rossiya va boshqa yaqin MDH mamlakatlarida bu kuz-qish mavsumidir. Isroil armiyasidagi 20 yillik kuzatish natijalarida ham xuddi shunday ma’lumotlar olingan. Kasallikning mavsumiyligi, qisman, kanalarning biologik xususiyatlari bilan tushuntiriladi, ularning hosildorligi sentyabr-dekabr oylarida maksimal darajaga yetadi, shuningdek, sovuq sharoit qo’tir kanalari tashqi muhitda omon qolishiga yordam beradi. Bundan tashqari, sovuq odamlarni bir joyda to’planishiga undaydi va terlashini kamaytiradi (chunki ter bilan antimikrob peptidlar chiqariladi, ularga qo’tir kanalari ham qisman sezgir bo’ladi). G’arbiy Afrika mamlakatlarida ham sovuq va qurg’oq mavsumlarda eng yuqori kasallanish ko’rsatkichlar qayd etilgan. Iqlimning mavsumiyligi kuzatilmaydigan joylarda (Bangladesh, Gambiya, Braziliya) qo’tir bilan kasallanish holatlari yil davomida teng taqsimlanadi.

Qo’tir ham epidemik, ham endemik kechishi mumkin. Sporadik chaqnashlar industrial rivojlangan mamlakatlar uchun xarakterli bo’lib, kasallik asosan uyushtirilgan yotoqxonalar (harbiy kazarmalar, internatlar, bolalar uylari, o’quv yotoqxonalari, qamoqxonalar, tibbiy muassasalar va boshqalar) yoki jamiyatning asotsial qatlamlarida lokalizatsiyalanadi. Kunduz kunlari birlashadigan kollektiv a’zolari (maktabgacha ta’lim muassasalari guruhlari, o’rta va oliy o’quv yurtlari o’quvchilari, mehnat jamoalari) odatda epidemiologik xavfni aks ettirmaydi. Bunday mamlakatlarda kasallanishning umumiy darajasi past. Angliya va Uelsning 1994-2003 yillar ma’lumotlariga ko’ra, erkaklar orasida yiliga 100 ming kishi soniga 351, ayollar uchun esa 437 ta kasallanish qayd etilgan.

Biroq, bir qator mamlakatlarda kasallanishlar ancha yuqori va 40-80 foizga yetishi mumkin. Ayniqsa, Sub-sahro Afrika xalqlari, Avstraliya va Yangi Zellandiya aholisi orasida bemorlar ayniqsa ko’p, bu ehtimol, ularning immuniteti xususiyatlari va terining shox qavati tuzilishi bilan bog’liq.

Umuman, XX asrning oxirida qo’tir bilan kasallanganlar soni 300 millionga yetgan (dunyo aholisining 5 foizi).

Qo’tirdan dunyoda yosh bolalar ko’proq zarar ko’radi, bu ularning qo’zg’atuvchiga qarshi immuniteti yo’qligi va kasallanganlar terisi bilan tez-tez aloqa qilishi bilan bog’liq. Rossiyada vaziyat biroz boshqacha. Asosiy xavf — aholining faqat o’ndan bir qismini tashkil etadigan o’smirlar orasida keng tarqalgan bo’lib, umumiy kasallanishlar sonining 25 foizi ularga to’g’ri keladi.

Yuqish yo’llari

Qo’tir bilan zararlanish deyarli har doim teri bilan bevosita kontakt qilganda sodir bo’ladi. Jinsiy aloqa yo’li ustundir. Bolalar ko’pincha kasal ota-onalari bilan bir to’shakda yotganda kasallanishadi. To’plangan kollektivlarda boshqa bevosita teri kontaktlari (kontaktli sport, bolalarni tashish, tez-tez va kuchli qo’l berib ko’rishishlar va boshqalar) amalga oshiriladi. Garchi bir nechta qo’llanmalar hali ham qo’tirni ro’zg’or buyumlari (uy-ro’zg’or buyumlari, to’shak va boshqalar) orqali yuqishi to’g’risida eskirib qolgan ma’lumotlarni qayta yozishda davom etsa-da, mutaxassislar bunday yuqish yo’li juda kam ehtimolli deb hisoblashadi. Istisnolik hollari bemorning tanasida bir necha million kanalar yashaydigan norvegcha qo’tir (rus. норвежская чесотка) hisoblanadi (odatda kanalar soni 10-20 tani tashkil qiladi).

Qo’tirning uzatilishida bevosita teri bilan kontakt qilish ustunligini isbotlovchi asosiy tajriba 1940-yilda Mellanby rahbarligida Buyuk Britaniyada amalga oshirilgan. O’z ixtiyorlari bilan sezilari qo’tiri bo’lgan bemorlar hozirda turgan to’shakka yotib, kasallanish yo’llarini o’rganishda qatnashgan 272 kishidan faqatgina 4 tasi kasallanganligi qayd etildi.

Parazit yuqishining bunday xususiyatlari uning biologiyasi haqidagi quyidagi ma’lumotlar bilan izohlanadi:

  • Qo’tir kanasi kunduzi faol bo’lmaydi; urg’ochilar faqat kechki vaqt va tunda yuzaga chiqadi;
  • Kanaga xo’jayin terisiga kirib borishi uchun taxminan 30 daqiqa kerak;
  • Tashqi muhitda kana tezda vafot etadi (21 °C va 40-80% namlikda parazit 24-36 soat ichida halok bo’ladi), qanchalik issiq va quruqroq bo’lsa, shuncha tezroq; kana faolligi hatto undan oldin ham yo’qotiladi.

Hozirgi kunda ko’plab qo’llanmalar qo’tir kasalligini ftiriaz bilan bir qatorda jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklar ro’yxatiga kiritishmoqda, garchi bu kasallikning yuqishi uchun koitusning o’zi emas, balki yotoqda tanalar o’rtasidagi aloqa davomiyligi muhim.

Qo’tir kanasining biologiyasi va hayot sikli

Qo’tir qo’zg’atuvchisi — qo’tir kanasi insonning obligat parazitidir. Parazitga jinsiy dimorfizm xarakterli: urg’ochilari erkaklaridan ikki barobar katta bo’lib, 0,3-0,5 mm gacha yetadi.

svg%3EQo'tir kanasiKanalarning chatishishi terining yuzasida sodir bo’ladi. Chatishishdan keyin erkak kanalar darhol nobud bo’ladi. Urug’lantirilgan urg’ochi terining shox qavatida qo’tir yo’lini shakllantiradi va unda bir kechada 2-4 ta tuxum qo’yadi. Teri keratini kana so’lagidagi maxsus proteolitik fermentlar yordamida eritiladi (hosil bo’lgan lizat bilan esa oziqlanadi). Erkak kanalar urg’ochi qo’tir yo’lida qisqa yon shoxchalar hosil qiladi. Urg’ochi kana umri davomiyligi 4-6 haftadan oshmaydi. 2-4 kundan so’ng tuxumdan lichinkalar chiqadi va darhol terining yuqori qatlamida yo’llarni shakllantirishni boshlaydi. Yana 3-4 kundan so’ng, lichinkalar po’st tashlaydi va protonimfga, ular esa o’z navbatida 2-5 kun ichida teleonimfga aylanadi. Teleonimfa 5-6 kun ichida yetuk erkak yoki urg’ochiga aylanadi. Shunday qilib yetuk kananing shakllanishi 10-14 kun ichida sodir bo’ladi.

Kana rivojlanishining har qanday bosqichida yuqumli bo’lishi mumkin, lekin ko’pincha odamdan odamga qo’tir urug’lantirilgan yetuk urg’ochi kanalar bilan yuqadi.

Kana kunduzi faol emas. Urg’ochi yo’lni kechqurun «qazishni» boshlaydi; shu vaqt odatiy shakldagi qo’tiri bo’lgan bemorlarda qichishish kuchayadi. Kechasi urg’ochilar teri sirtiga chatishish yoki tananing boshqa qismlariga o’tish uchun chiqadi (iliq terida daqiqasiga 2,5 sm tezlikda harakat qiladi). O’shanda yuqtirib olish uchun eng qulay vaziyat bo’ladi.

Patogenez

Qo’tirda klinik tasvir kana hayot faoliyati mahsulotlariga xo’jayin organizmining immun-allergik reaktsiyasi tufayli yuzaga keladi, shuning uchun barcha simptomatika bemorni sensibilizatsiyasidan keyin rivojlanadi. Bu kasallikning dastlabki belgilari paydo bo’lishidan oldin uzoq asimptomatik davrini (4 haftagacha) tushuntiradi. Qayta zararlangan hollarda patogenga reaktsiya 24 soat ichida rivojlanishi mumkin. Himoya immunitetining rivojlanishi eksperimentda qayta zararlanish qiyinligini va bemorning tanasidagi takroriy zararlanishida sezilarli darajada kamroq kanalar aniqlanishini tushuntiradi.

Qo’tirda qichishish asosan kananing so’lagi, tuxumlari va ekskrementlariga IV tipli allergik reaktsiya (sekinlashgan tipdagi gipersezuvchanlik) tomonidan chaqiriladi. Qichishish oqibatida qashinish ko’pincha bakteriyalar florasi ( stafilokokklar va streptokokklar ) qo’shilishi va pustulalar (piodermiya) rivojlanishiga olib keladi. Shunday qilib, qo’tirda toshma polimorfizmga ega bo’ladi.

Qo’tir kanalari bilan sezilari shikastlanishda interleykin-4 darajasi oshadi. Bemorlarda shuningdek Th2-tip immun javobi kuzatiladi, bu ularda eozinofiliya bilan birga zardobli IgE va IgG o’sishi bilan bog’liq. Biroq bu sezilarli gumoral immun javobi ahamiyatli himoya ta’siriga ega emas. Qo’tirda gistologik darajadagi o’rganilgan hujayraviy immunitetning ahamiyati katta: kanalarni eozionofillar, limfotsitlar, gistiotsitlar va oz miqdorda neytrofillalardan tashkil topgan yallig’lanishli infiltrat o’rab oladi.

Qo’tirning norvegcha shaklida sezilari giperkeratoz kuzatiladi, yallig’lanishli infiltrat hududlarida ko’plab kanalar aniqlanadi (bir bemorning tanasida bir necha milliontagacha). Norvegcha qo’tir ahamiyatli qichishishni sezmaydigan yoki qashiy olmaydigan bemorlarda paydo bo’ladi. Bunday holatlar immunitetining tanqisligida (OITS, glyukokortikosteroid va boshqa immunosupressiv preparatlarni muntazam ravishda qavul qilish), periferik sezgirlikning buzilishlari (leproz, syringomieliya, falajlar, orqa miya suxtasi), shox qavatlanishning konstitutsiyaviy anomaliyalari, shuningdek zaif bemorlarda (qarilikda aql zaiflashuvi, aqliy rivojlanmagan, harakati cheklangan bemorlar va hokazo) kuzatiladi.

Infiltratlar uzoq vaqt mavjud bo’lganda tuguncha shaklidagi skabioz limfoplaziya shakllanadi (nodulyar qo’tir), bunda infiltratlar juda zich bo’lib qoladi va teri osti tomirlari va yog’ keltchatkasida tarqaladi va limfoma yoki psevdolimfomadagi elementlarni eslatadi.

Qo’tir alomatlari va belgilari

Qo’tirda xarakterli, lekin majburiy bo’lmagan klinik alomat kechqurun kuchayadigan qichish hisoblanadi. Teri ustida eritrematozli papulovezikulyoz toshma shakllanadi, qashish jarayonida yiringli elementlar qo’shiladi va polimorf toshmalar shakllanishi bilan qobiq hosil bo’ladi. Patogomonik belgisi qo’tir yo’llarining mavjudligi.

Urg’ochi kana inson terisiga tushganidan so’ng darhol yo’l «qazishni» boshlaydi, tezligi kuniga 0,5-5 mm ga yetadi. Natijada, terining yuzasida yaqindan qaralganda, sirtdan ozgina ko’tarilgan, 1 mm dan 1 sm gacha oq-kulrang rangli chiziqlarni aniqlab olish mumkin. Yo’lning oldingi ko’r uchi unda kana mavjudligi bilan ajralib turadi, kana epidermis orqali qora nuqta kabi ko’rinadi. Qo’tir yo’llari bir-ikki kundan keyin, xo’jayin organizmning peritonnel reaktsiya shakllanishida ko’rinarli bo’ladi. Ko’pincha qo’tir yo’llarini barmoqlar oralig’ida, bilakning ichki yuzasi va olatning terisida aniqlash mumkin. Ba’zida qo’tir yo’llari topilmaydi (izsiz qo’tir).

Birlamchi toshmalar kichik eritematoz papulalar bilan ifodalanadi, ular tarqoq yoki ko’p, birlashgan bo’lishi mumkin. Vaqt o’tishi bilan papulalar vezikulyar (pufakchalar), ba’zan bullyoz (pemfigoid) toshmalarga aylanishi mumkin. Toshmaning zo’ravonligi parazitlar soniga emas, balki ularning hayotiy faoliyati mahsulotlariga bo’lgan allergik reaktsiyaga bog’liq.

Toshmalar ko’pincha (kamayib borish tartibida) barmoqlar oralig’ida, bilakning bukiluvchi yuzasida, erkaklarda bilakdan tezda olat va yorg’oqqa o’tadi. So’ng tirsak, oyoq panjasi, qo’ltiq, ayollarda ko’krak ostidagi soha, kindik sohasi, kamar chizig’i, dumbaga o’tadi. Natijada, yuz va boshning sochli qismi terisidan tashqari butun tana qamrab olinishi mumkin (bu hududlar 3 yoshgacha bo’lgan bolalarda baribir shikastlanadi).

Qichishish, birlamchi toshmalar va qo’tir izlari mavjudligi qo’tirning tipik shaklining asosiy klinik alomatlari majmuasi hisoblanadi.

Dermatologiyada tashxisni osonlashtiradigan xarakterli eponomik belgilarni ajratish qabul qilingan:

  • Ardi simptomi — tirsaklar va ularning atrofida pustulalar va yiringli qobiqlar;
  • Gorchakov simptomi — o’sha joyda qonli qobiqlar;
  • Mixaelis simpotmi — dumbalararo qatlamda dumg’azaga o’tuvchi qonli qobiqlar va impetiginoz toshmalar;
  • Sezari simptomi — palpatsiyada biroz ko’tarilganlik ko’rinishidagi qo’tir izlarini aniqlanishi.

Qashishar ko’pincha piodermiya rivojlanishi bilan birlamchi elementlarning bakterial infektsiyalanishini keltirib chiqaradi va kamdan-kam hollarda poststreptokokkli glomerulonefrit va ehtimol, revmatik yurak kasalligiga olib kelishi mumkin. Ba’zida qo’tirda piodermiya limfangit va limfodenit bilan kechadigan furunkullar, ektima va abstsesslar rivojlanishi bilan kechadi. Bir qator bemorlarda mikrobli ekzema yoki allergik dermatit rivojlanadi, bu esa piodermiya bilan birgalikda dermatologiyada qo’tirning asoratli shakllari deb hisoblanadi. Qo’tirning dermatit va piodermiya ko’rinishidagi asoratlari bemorlarning taxminan 50 foizida qayd qilinadi.

Qo’tirda boshqa asoratlar ham yuzaga kelishi mumkin: impetigo, piogen pnevmoniya, septitsemiya, panaritsiy, saramassimon yallig’lanish, orxoepididimit, ichki abstsesslar, mintaqaviy limfadenit.

Bolalarda, ayniqsa chaqaloqlarda, papulovezikulalar va qo’tir yo’llari bilan birga vezikulourtikar toshmalar mavjud bo’ladi, namlanishlar rivojlanadi, paronixiya va onixiyalar yuzaga keladi. Bolalarning dastlabki 6 oyligida qo’tirning klinik tasviri eshakemini eslatadi va yuz, orqa va dumba terisida lokalizatsiyalanadigan qashilangan va markazi qonli qobiq bilan qoplangan ko’plab pufakchalar bilan xarakterlanadi. Keyinchalik kichik vezikulalar ustunlik qiladi, ba’zida pufaklar (pemfigoid shakl). Ba’zi hollarda bolalarda qo’tir o’tkir ekzemaga o’xshaydi, u nafaqat kanalar lokalizatsiyasi, balki terining uzoq sohalarida ham kuchli qichishish bilan kechadi. Shu sababli ko’pincha uyqu buzilishi, allergik dermatit kabi asoratar, impetigo tipidagi piodermiya qayd qilinadi. Limfadenit va limfangit yuzaga kelishi, leykotsitoz, limfotsitoz, eozinofiliya, ECHTning tezlashishi, albuminuriya kuzatilishi mumkin. Chaqaloqlarda sepsis rivojlanishi mumkin. So’nggi yillarda bolalarda alomatlari xira bo’lgan atipik qo’tir ko’payishi kuzatilmoqda.

Qo’tir turlari

Bemorlarning taxminan 7 foizida nodulyar (tugunchali) qo’tir rivojlanadi, bunda diametri 2-20 mm bo’lgan ko’kimtir-to’q qizil yoki jigarrangli zichlanishlar shakllanadi va ular ichida parazit bo’lmasa ham bir necha hata davomida saqlanishi mumkin. Aslida, bu zichlanishlar lentikulyar papula shaklidagi qo’tir yo’lining maxsus turini aks ettiradi. Bunday elementlarning paydo bo’lishi sababi terining bir joyda ko’p to’pplangan qo’zg’atuvchi ta’siriga limfoid to’qimaning reaktiv giperplaziyasi bilan javob berishga maxsus moyilligidir. Ular ko’pincha olat, yorg’oq, dumba, old qo’ltiq sohasida, ba’zan perianal sohada qayd qilinadi.

Nodulyar qo’tir shuningdek skabioz limfoplaziya ham deyiladi. Tugunchalarda tirik kanalar bo’lmaganligi sababli, ularning paydo bo’lishi xo’jayin organizmning parazitlarning hayoti davomida chiqargan mahsulotlariga ma’lum immun-allergik reaktsiyasi bilan izohlanadi. Reinvaziya hollarida qo’tir yo’llarisiz ham eski joylardagi skabioz limfoplaziyaning retsidivi kuzatiladi. Tugunchalar kuchli qichiydi va ayrim hollarda ularni davolash uchun kortikosteroidli inyektsiyalar ishlatiladi.

Norvegcha qo’tir 1848 yilda Norveg shifokorlari Bexen va Danielssen tomonidan tavsiflangan. Norvegcha qo’tir ko’pincha immunitet yoki teri sezgirligini buzilishlari bo’lgan bemorlarda rivojlanadi, lekin taxminan 40% hollarda xavf guruhiga kirmaydigan odamlarda rivojlanadi va bu bunday bemorlarda irsiy moyillik mavjudligini ehtimol qiladi. Norvegcha qo’tir bilan kasallanganlarning 58 foizida eozinofiliya kuzatiladi, 96% hollarda IgE darajasining ortishi (o’rtacha 17 marta) aniqlandi. Klinik jihatdan, norvegcha qo’tir o’zgaruvchan oqimtir tangachalar va akral taqsimlanishli psoriazsimon dermatitga o’xshash bo’ladi. Odatda, sezilarli giperkeratoz rivojlanishi bilan tirnoq osti zonalari ham jalb qilinadi, buning oqibatida tirnoq plastinkasi qalinlashadi va distrofiyaga uchraydi. Ba’zi holatlarda norvegcha qo’tir faqat bosh terisi, yuzi, bo’yin va dumbalarni shikastlaydi. Bemorlarning taxminan yarmi hech qanday qichish sezmaydi. Norvegcha qo’tir bilan kasallangan bemorning tanasida milliondan ortiq tirik parazitlar mavjudligi sabab, kasallikning bunday shakli juda yuqumli hisoblanadi.

«Ozodagarlar» qo’tiri yoki «inkognito» qo’tir uyda yoki kasbiga ko’ra tez-tez yuvinib turadigan shaxslarda aniqlanadi. Bunday holatda qo’tir kanalarining ko’pchilik qismi bemor badanidan mexanik ravishda tushib ketadi. Klinik tasvir namoyon bo’lishlar minimal sezilarlilik bilan tipik qo’tir klinikasiga mos keladi. Asoratlar ko’pincha qo’tirning haqiqiy klinik ko’rinishini yashiradi. Eng keng tarqalgan asoratlari piodermiya va dermatit, kamroq hollarda mikrobli ekzema va eshakemi.

Psevdosarkotoz deb boshqa sutemizuvchilardan (ko’pincha itlardan) qo’tir kanalarini (var. homonisdan farq qiluvchi S. scabiei) yuqtirib olishda yuzaga keladigan kasallikka aytiladi. Kasallik uchun qisqa inkubatsiya davri, qo’tir yo’llarining yo’qligi (kanalar xos bo’lmagan xo’jayinda ko’paymaydi), ochiq teri qavatlaida urtikar papulalar mavjudligi xarakterlidir. Bu shakli odamdan odamga yuqmaydi.

Tashxis

Qo’tir kasalligi tashxisi klinik ko’rinishlarga, epidemiologik ma’lumotlar va laboratoriya tekshirish usullariga asoslanib qo’yiladi. Tashxisni laboratoriya usullari yordamida tasdiqlash kasallik xira klinik tasvirga ega bo’lganida ayniqsa mumhim. Kasallikni laboratoriya tadqiqotlari yordamida tasdiqlashning quyidagi usullari mavjud:

  1. Qo’tir yo’lining ko’r oxiridan kanani igna yordamida chiqarib olish va qo’zg’atuvchini mikroskop ostida o’rganish. Ushbu usul eskirgan yarim buzilgan papulalarni o’rganishda samarasizdir.
  2. Mikroskop ostida qo’tir yo’llari sohasidagi epidermis shox qavatining ingichka kesib olingan namunalarini o’rganish nafaqat kanani, balki uning tuxumlarini aniqlash imkonini beradi.
  3. Qo’tir yo’lining ko’r uchidan qon chiqguniga qadar terini qavatma-qavat qirib olish va uni mikroskopiyasi.
  4. Terini ishqoriy preparatlash usuli, teriga ishqoriy eritma surtiladi va keyinchalik yumshagan teri aspiratsiya qilinadi va mikroskop ostida o’rganiladi.

Har qanday holda, bemor teri qichishidan shikoyat qilganda, ayniqsa, qichishish boshqa oila a’zolari yoki uyushgan jamoada ham mavjud bo’lgan bo’lsa, birinchi navbatda qo’tir yo’qligiga amin bo’lish kerak.

Qo’tir izlarining aniqlanishi tashxisni ishonchli darajada tasdiqlaydi. Tashxisni to’liq tasdiqlash uchun qo’tir yo’lini moysimon modda bilan qoplangan skalpel yordamida ochib, yo’li bo’ylab skalpel tig’i bilan terining shox qavatini ehtiyotkorlik bilan qirish kerak. Olingan teri namunalari predmet oynasiga o’rnatiladi va mikroskopiya qilinadi. Eng yaxshi natijalar qo’l barmoqlari oralig’idan olingan «yangi», qashilanmagan teri qirindilaridan olinadi. Ushbu usulda 100% o’ziga xosligi bo’lsa-da, uning sezgirligi past.

Kaliy xlorid keratinni eritib, kanalar va tuxumlarni yaxshiroq aniqlashga yordam beradi, ammo tashxis qo’yishda qiymati mavjud bo’lgan ekskrementlari ham erib ketadi.

Qo’tir izlari terigia yod eritmasi surtilsa, osonroq aniqlanadi, izlar och jigarrangga bo’yalgan sog’lom teri fonida jigarrang chiziqlar ko’rinishida bo’ladi. Ushbu maqsadlar uchun chet elda siyoh ishlatiladi.

Videodermatoskop 600 barobar kattalashtirib ko’rsatganda deyarli barcha holatlarda qo’tir yo’llarini aniqlash imkonini beradi.

Qo’tir yo’llari har doim ham aniqlanmasligi sababli bir qator mualliflar tashxis qo’yish uchun quyidagi amaliy yondashuvni taklif etadi: qo’tir tashxisi papulovezikulyoz toshmalar, pustulyoz elementlar, qichish (ayniqsa, tunda kuchayadigan) va ijobiy oila anamnezi mavjud bo’lganda qo’yiladi.

Davolash

Qo’tir bilan kasallanganlarni davolash akaritsid preparatlar (skabitsidlar) yordamida qo’zg’atuvchini yo’q qilishga qaratilgan.

Tajriba qo’tirda retsidiv bo’lmasligini ko’rsatdi, kasallikni qayta tiklanishi sabablari davolanmagan kishilardan kanalarni qayta yuqtirib olish, davolash sxemalariga amal qilmaslik, teri qoplamiga qisman ishlov berish, davolash kursini qisqartirish va boshqalar natijasida sodir bo’ladi.

Qo’tirni davolash uchun quyidagilar muhim:

  • Davolash faqat shifokor rahbarligida amalga oshirilishi kerak.
  • Birgalikda yashayotgan barcha bemorlarni davolash bir vaqtning o’zida amalga oshirilishi kerak.
  • Preparat ko’rsatmalarida yoki shifokor tomonidan belgilangan davolanish sxemasiga qat’iy rioya qilish kerak.
  • Preparat yuz va bosh terisidan tashqari butun tanaga surtiladi, 3 yoshgacha bo’lgan bolalarda bu sohalarga ham surtish kerak.
  • Tirnoqlarni kalta qilish va ularning ostiga preparatni qalinroq qilib surtish kerak (qashilaganda tirnoq ostida kana tuxumlari to’planadi).
  • Har qanday preparatni qo’llar bilan surtish kerak, bu bilakda ko’p sonli qo’tir mavjiudligidan kelib chiqadi. Agar qov va oraliq tuklar bilan zich qoplangan bo’lsa, preparatni cho’tka yordamida qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi.
  • Davolashni kechqurun olib borish kerak, bu qo’zg’atuvchining tungi faolligi bilan bog’liq.
  • Bemorga davolash boshlanishdan oldin va tugashidan keyin yuvinish tavsiya etiladi, xohishga ko’ra har ertalab preparatlarni yuvib tashlash mumkin, lekin terida ekspozitisya kamida 12 soat turishi kerak, jumladan kechki paytda.
  • Choyshab va kiyimlarni almashtirish davolash kursi oxirida amalga oshiriladi.
  • Bolalar, maktab o’quvchilari, askarlar va boshqalar uchun 10 kunlik karantin tavsiya etiladi.
  • 2 hafta o’tgach, shifokor bilan qayta uchrashish va ikkinchi davo kursi kerakligini hal qilish tavsiya etiladi.

Skabitsid preparatlarning qiyosiy samaradorligi bo’yicha klinik tadqiqotlar ma’lumotlari hozirgi kunda kam. Shuning uchun, turli mamlakatlarda, dori afzalliklari farq qiladi.

Shunday qilib, AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliyada ko’p hollarda 5% permetrinli krem qo’llaniladi. Rivojlanyotgan mamalakatlar va Rossiyada asosiy preparat qimmat bo’lmagan benzilbenzoatli sovun-suvli suspenziya yoki malham (10% yoki 25% li) hisoblanadi. Dunyoda kamroq darajada monosulfiram (25%), malation (5%), lindan (0.3-1%), krotamion (10%) dan foydalaniladi. So’nggi yillarda Rossiyada frantsuzcha preparat Spregal mashxur bo’lib bormoqda. Qashshoq mamlakatlarda haligacha oltingugurtli malham ishlatiladi. Ivermektin ektoparazitlarni davolash uchun yangi inqilobiy dori sanalmoqda (ayniqsa, norvegcha qo’tirni davolashda).

Qo’tirni davolashda ishlatiladigan dori-darmonlarning qisqacha tavsifi:

1) Benzilbenzoat  — bugungi kunda u turli xil dorivor shakllarda chiqarilmqda. Tajribada benzilbenzoat bilan ishlov berilgandan keyin kananing barcha faol bosqichlari nobud bo’lishi isbotlangan, lekin tuxumlari omon qoladi. Shuning uchun kanalarni tuxumda rivojlanadigan muddatini hisobga olib (maksimum 58 soat), davolash sxemasi belgilanadi.

2) Piretrin va piretroidlar. Bularda faol komponent piritinlardir. Ko’pchilik rivojlangan mamlakatlarda piretroid permetrin uning kam zaharliligi va yuqori skabitsid ta’siri tufayli qo’tirni davolash uchun afzal bilinadigan dori hisoblanadi. AQSHda permetrin 1989 yildan buyon qo’tirni davolash uchun ishlatiladi. Bu preparat ham faol kanalarni, ham ularning tuxumlarini nobud qiladi (95% hollardan ko’prog’ida tuzalib ketish).

Rossiyada permetrin preparati «MediFox» (5% va 20%) nomi ostida ro’yxatdan o’tgan, ammo uning sifati xorijiy permetrindan (5%) ancha past.

Sintetik piretroid Spregalning tarkibiga kiradi. Spregal — frantsuzcha preparat. Boshlang’ich ta’sir qiluvchi modda esdepaletrin, bo’g’imoyoqlilar nerv membranasining kation almashuvini buzadigan neyrotoksik zahar. Ikkinchi komponent — piperonil butoksid — esdepaletrin ta’sirini kuchaytiradi. Preparat kechasi yuz va boshning sochli qismi terisi yuzasidan tashqari butun tanaga 20-30 sm uzoqlikdan sepiladi. Agar qo’tir kanalari yuzda aniqlansa, dori bilan paxtani namlab, yuz artiladi. 12 soat o’tgach sovun bilan yaxshilab yuvinish kerak.

3) Lindan Rossiya Federatsiyasida Yakutin sifatida ro’yxatga olingan bo’lib, sotuvda deyarli yo’q. Dunyoda keng qo’llaniladi, chunki preparat narxi arzon. Biroq, 1970 yillardan buyon uning neyrotoksik nojo’ya ta’siri haqida ko’p ma’lumotlar to’plangan (shuning uchun 2001 yildan beri Evropa Ittifoqida pestitsid sifatida foydalanish taqiqlangan), shuning uchun alternativ vositalar bo’lmagan holda lindanni ehtiyotkorlik bilan qo’llash kerak.

Lindandan xavfsiz foydalanish bo’yicha yo’riqnoma:

  • Hammom / dushdan keyin darhol qo’llanilmasin;
  • 6 soatdan ortiq bo’lmagan vaqtga qoldirish mumkin;
  • Preparatni qisqa muddat oralig’ida qayta ishlatms;
  • Bolalar barmoqlarini so’ramasligiga e’tiborli bo’lish kerak;
  • Chaqaloqlar, homilador ayollar, kuchli qashish izlari va terining ekskoriativ o’zgarishlari bo’lganida o’ta ehtiyotkorlik bilan qo’llash kerak.

4) Krotamin (Yuraks) — randomli klinik tekshiruvlarga ko’ra, samaradorligi permetrin darajasidan ancha past. Qisqa muddatli eritrema va kon’yunktivit kabi nojo’ya ta’sirlari bo’lishi mumkin.

5) Oltingugurtli malham (серная мазь) (5-10%). Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda ko’p qo’llanilmaydi, chunki uzoq o’tirib qoladigan noxush hidga, kiyimlarda dog’ qolishiga olib keladi, teri orqali so’rilib buyraklarga potentsial ta’sir qilishi, teri va shilliq qavatga qo’zg’atuvchi ta’sir ko’rsatadi. Biroq, Afrikada va Janubiy Amerikaning qashshoq mamlakatlarida oltingugurtli malham hali ham arzonligi tufayli keng ishlatiladi. Qo’llash sxemasi: kattalar 20% konsentratsiyali, bolalar — 10%, malham teri bo’ylab 5-7 kun davomida har kuni surtiladi. Oltinchi yoki sakkizinchi kuni bemor kiyimlari va choyshablarini almashtirib, yuvinadi.

6) Ivermektin — parazitlarga qarshi avermektinlar guruhidan nisbatan yangi bo’lgan faol moddalar kompleksi bo’lib, turli preparatlarda qo’tirga qarshi vosita sifatida ishlatiladi. Preparat malham, shuningdek in’yektsiya uchun 1%li eritma (teri ostiga) sifatida chiqariladi. Ko’p yillar davomida u gelmintozni davolashda muvaffaqiyatli ishlatilib kelmoqda. U ko’pginda tashqi parazitlarni ham o’ldiradir. Nojo’ya ta’siri kichik va kam kuzatiladi. Biroq preparat odamlarda qo’tirni davolash uchun faqatgina Frantsiya, Braziliya va yana bir nechta mamlakatlarda ruxsat etilgan.

Qo’tirni oldini olish

Profilaktik chora-tadbirlar hajmi epidemiologik vaziyatga bog’liq holda aniqlanadi. Agar qo’tir aniqlansa, favqulodda xabarnomalar to’ldiriladi va bemor yashash joyiga yaqinbo’lgan SES a’zolari xabardor qilinadi.

Qayta infektsiyani oldini olish uchun bir o’choqdagi shaxslar birgalikda davolanadi. Zararlangan shaxslar bilan muloqotda bo’lgan barcha kishilar teriga kanalarga qarshi preparatlar bilan bir martalik profilaktik ishlov berishadi.

Davolanishdan so’ng, ko’plab yo’riqnomalar bemor aloqada bo’lgan barcha narsalarni va choyshablarni qayta ishlashni tavsiya etadi (maxsus spreylar, issiq suvda yuvish). Tashqi muhitda kanalarning yashash qobiliyatini saqlab qolish ko’rsatkichi va ro’zg’or buyumlari orqali yuqishi bilan ehtimolligi pastligi sababli, bu tavsiyalar har bir holatda alohida muhokama qilinadi. Yangi yo’riqnomalar yotoq, yumshoq mebel va gilamnga ishlov berishni tavsiya etmaydi, agar ichki kiyimlar ishlatilganidan 48 soatdan kamroq vaqt o’tgan bo’lsa, ularni qayta ishlatishdan oldin issiq suvda yuvib tashlash tavsiya etiladi.

Eslatma: Umumiy noto’g’ri tushunchalarga qaramay, qo’tir yomon gigiena bilan bog’liq emas. Qo’tir kanasi suvga yoki sovunga ta’sirchan emas. Kundalik dush / hammom qabul qilish bilan kasallanish ehtimolligi kamaymaydi.

Prognozi

Immunitet saqlanib qolgan holatda kasallik hayotga bevosita tahdid solmaydi. O’z vaqtida o’tkazilgan to’g’ri davolanish kasallikning belgilari va asoratlarini bartaraf etish imkonini beradi. Mehnat qobiliyati to’liq tiklanadi.

Kamdan kam hollarda, asosan qashshoq mamlakatlarda, qo’tir asoratlanishi poststreptokok glomerulonefrit va ehtimol revmatik yurak kasalligiga olib kelishi mumkin.

Bolalarda qo’tir og’ir piodermiya va sepsisga olib kelishi, hatto o’limgacha olib borishi mumkin. Norvegcha qo’tirda prognoz shubhali, davolash samaradorligi past, ba’zan bemorning intoksikatsiyalanishi tufayli o’lim hollari qayd qilinadi.

Kasalliklar
alomatlari, davolash, patogenezi, Qo’tir — yuqish yo’llari, tashxislash, turlari