VASVASA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
VASVASA haqida malumot bilib oling.

VASVASA — odamda gʻayritabiiy, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, xato, bemaʼni gʻoyalarning paydo boʻlishi, fikrlash va faraz qilish qobiliyatining buzilishi, ruhiy kasalliklarning asosiy belgilaridan biri. Vasvasaga uchraganlarning aql-farosati, ongi teran boʻlsa ham, baʼzi voqea va hodisalar toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalari oʻzgarib, notoʻgʻri xulosalar chiqaradilar. Mac, hayotda sodir boʻlayotgan voqealarni tartib bilan soʻzlab bersalar ham, ularning mazmun va mohiyatini izohlashda maʼnosiz fikrlar aytadilar. Oʻzlarini ruhan sogʻlom his qilib, xato fikrlarini haqiqat deb tushunadilar, buning notoʻgʻriligini isbotlamoqchi boʻlgan kishilarga munosabat va xatti-harakatlari tubdan oʻzgaradi. Vasvasa turlari koʻp:

1) kuzatish, hadiksirash Vasvasasida bemor sodir boʻlayotgan voqea va hodisalarni oʻziga tegishli deb, uni badnom qilish maqsadida uyushtirilgan fitna deb hadiksiraydi. Oʻzaro suhbatlashib yoki chaqchaqlashib oʻtirgan odamlarni uchratganda, meni mazax qilib kulishmoqda deb oʻylaydi. Badiiy asarlar oʻqiganda, radio eshitganida, televizor koʻrganida bularning hammasi mening toʻgʻrimda deb xayol qiladi, shuning uchun oʻzini koʻpchiliqdan tortadi, uyiga berkinib oladi;

2) jismoniy taʼsirlanish Vasvasasi — bemor organizmida azob beruvchi sezgilar his etib, bu — raqiblarim kashf etgan maxsus apparatlar yordamida yuborilayotgan koʻrinmas nurlar, toʻlqinlar, elektr quvvati, gipnoz yoki sehr taʼsirining natijasidir, deb oʻylaydi. 3) zaharlanish V. sida bemor ovqatlangach oʻzini yomon his qilib, buni «dushman»laridan koʻradi va ovqatdan voz kechadi yoki «zaharsiz taomlar» izlaydi. U «dushman»lari ustidan boshqalarga arz qiladi yoki idoralardan yordam soʻraydi, baʼzan baxtsiz hodisalarga sabab boʻladigan tadbirlar koʻrishi mumkin;

4) kamsitish, gadolik va tunash Vasvasasi — koʻpincha keksalikdagi kasalliklarda, xotirasi pasaygan kishilarda uchraydi. Bunday bemor qandaydir odamlar uni tunaganligi, natijada gado boʻlib qolgani, qarindosh-urugʻlari kamsitib xoʻrlayotgani haqida shikoyat qilib yuradi;

5) rashk Vasvasasida er yoki xotin birbirini vafosizlikda ayblaydi; xattiharakati, yurish-turishi, boshqalar bilan munosabatidan vafosizlik alomatlarini axtarib, poylab yuradi, oʻz shubhasini isbotlash uchun maʼnosiz, ahmoqona dalillar keltiradi. Bemorning butun xayolini shu fikr chulgʻab oladi, baʼzan umr yoʻldoshi yoki gumon qilgan kishisiga shikast yetkazishi ham mumkin; 6) ulugʻlik, badavlatlik va kashfiyot V. si — bemor oʻzini mulkdor yoki dono, qudratli, ijodkor yoki olamshumul ixtirochi, deb hisoblaydi. U oʻzicha yozadi, sxemalar chizadi, yangi nazariyalar yaratadi. Tashkilotlarga borib, oʻzini tan olishni, takdirlashni talab qiladi;

7) oʻzini ayblash va kamsitish Vasvasasi asosan ruhiy tushkunlikka tushgan kishilarda uchraydi. Ular oʻzlarini oila, jamiyat oldida pastkash, gunohkor, yaramas odam deb hisoblaydilar va koʻpincha oʻzlarini nobud qilishga intiladilar;

8) xastalik Vasvasasi, ipoxondrik Vasvasa — bemor oʻzini oʻlay deb turgan ogʻir kasal deb his qiladi, nazarida tashqi qiyofasi oʻzgargandek, rak yoki tanosil aʼzolari kasalliklariga duchor boʻlgandek tuyuladi. Miyasi, ichki aʼzolari chirib, yurak faoliyati va tomir urishi toʻxtab qolgandek tuyuladi, oʻzini allaqachon oʻlib ketgan deb oʻylaydi. U faqat kasalligi toʻgʻrisida oʻylab, atrofdagi voqea va hodisalarga qiziqmay qoʻyadi. Baʼzi bemorlar ichida qandaydir apparatlar yoki hayvonlar bordek sezadi va darhol operatsiya qilishlarini talab etadi. Vasvasaning bu turi bosh miyaning organik kasalligi boʻlgan odamlarda koʻp uchraydi. Vasvasa boʻlgan bemorlar ruhiy kasalliklar shnfoxonasida davolanadi. Mirqobil Halilov.

Ensiklopediya.uz
VASVASA