Abu Ali Ibn Sino haqida
Abu Ali al-Husayn ibn Abdulloh ibn al-Hasan ibn Ali (980.8, Afshona qishlog‘i — 1037.18.6. Hamadon shahri, Eron) — jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan o‘rtaosiyolik buyuk qomusiy olim. G‘arbda Avitsenna nomi bilan mashhur. Ibn Sinoning otasi Abdulloh Balx shahridan bo‘lib, Somoniylar amiri Nuh ibn Mansur (967—997) davrida Buxoro tomoniga ko‘chib, Xurmaysan qishlog‘iga moliya amaldori etib tayinlanadi. U Afshona qishlog‘ida Sitora ismli qizga uylanib ikki o‘g‘il farzand ko‘radi. O‘g‘illarining kattasi Husayn (Ibn Sino), kenjasi Mahmud edi. Husayn 5 yoshga kirgach Ibn Sinolar oilasi poytaxt — Buxoroga ko‘chib keladi va uni o‘qishga beradilar. 10 yoshga yetar-etmas Ibn Sino Qur’on va adab darslarini to‘la o‘zlashtiradi. Ayni vaqtda u hisob va aljabr bilan ham shug‘ullanadi, arab tili va adabiyotini mukammal egallaydi. Ibn Sinoning ilm sohasidagi dastlabki ustozi Abu Abdulloh Notiliy edi. U el orasida hakim va faylasuf sifatida mashhur bo‘lgani uchun otasi Ibn Sinoni unga shogirdlikka berdi. Notiliyning qo‘lida olim mantiq, handasa va falakiyotni o‘rgandi va ba’zi falsafiy masalalarda ustozidan ham o‘zib ketdi. Ibn Sinoning aql-zakovatini ko‘rgan ustozi otasiga uni ilmdan boshqa narsa bilan shug‘ullantirmaslikni tayinlaydi. Shundan so‘ng ota o‘g‘ilga ilm o‘rganish va bilimlarini chuqurlashtirish uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Abu Ali tinmay mutolaa qilib, turli ilm sohalarini o‘zlashtirishga kirishdi. U musiqa, optika, kimyo, fiqh kabi fanlarni o‘qidi, xususan, tabobatni sevib o‘rgandi va bu ilmda tez kamol topa boshladi. Ibn Sinoning tib ilmida yuksak mahoratga erishishida buxorolik boshqa bir tabib Abu Mansur al-Hasan ibn Nuh al-Qumriyning xizmati katta bo‘ldi. Ibn Sino undan tabobat darsini olib, bu ilmning ko‘p sirlarini o‘rgangan. Qumriy bu davrda ancha keksayib qolgan bo‘lib, 999 yilda vafot etdi.Abu Ali Ibn Sino haqida
DO`STLARGA ULASHING:
Abu Ali Ibn Sino
Abu Ali Ibn Sino haqida