Zahiriddin Muhammad Boburning tarjimai holi
Zahiriddin Muhammad Boburning tarjimai holi
DO`STLARGA ULASHING:
Zahiriddin Muhammad Boburning tarjimai holi
Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yilning 14-fevralida Andijonda, Fargʻona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga keldi. Bu davrda Markaziy Osiyo va Xurosonda turli hokimlar, aka-ukalar, togʻa-jiyanlar, amakivachchalar oʻrtasida hokimiyat ulugʻ bobolari Amir Temur tuzgan yirik davlatga egalik kilish uchun kurash nihoyat keskinlashgan edi.
Adabiyot, nafis sanʼat, tabiat goʻzalligiga yoshligidan mehr qoʻygan Zahiriddin, barcha Temuriy shahzodalar kabi bu ilmlarning asosini otasi saroyida yetuk ustozlar rahbarligida egalladi. Biroq uning betashvish yoshligi uzoqqa choʻzilmadi. 1494-yili otadan yetim qoldi. 12 yoshida otasi oʻrniga Fargʻona ulusining hokimi etib koʻtarilgan Bobur qalamni qilichga almashtirib, Andijon taxti uchun ukasi Jahongir Mirzo, amakisi Sulton Ahmad Mirzo, togʻasi Sulton Mahmudxon va boshqa raqiblarga qarshi kurashishga majbur boʻldi. Bobur ukasi Jahongir Mirzo bilan murosaga kelish uchun unga yon berishga Fargʻona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini ukasiga topshirishga qaror qildi va oʻzi Samarqand uchun olib borilayotgan kurashga kirishib ketdi. Bir necha yil davom etgan bu kurash qirgʻinbarotdan boshqa biror natija bermadi: unda katta harbiy kuch bilan aralashgan Shayboniyxonning qoʻli baland keldi va Bobur Samarqandni tashlab ketishga majbur boʻldi. 1504-yili Shayboniyxon Andijonni ham qoʻlga kiritgandan soʻng Bobur janubga qarab yoʻl oldi va Kobul ulusida oʻz hokimiyatini oʻrnatdi. 1505–1515-yillarda u Markaziy Osiyoga qaytishga bir necha bor urinib koʻrdi. Ammo bu urinishlardan hech qanday natija chiqmadi. Soʻng oʻz mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida, 1519–1525-yillar davomida Hindistonni qoʻlga kiritish uchun bir necha bor janglar olib bordi. 1526-yil aprel oyida Panipatda Hindiston Sultoni Ibrohim Loʻdi bilan va 1527-yili mart oyida Chitora hokimi Rano Sango bilan boʻlgan janglarda Boburning qoʻli baland keldi. Tarixiy maʼlumotlarning bayon qilishicha, Boburning Hindistonga yurishida Dehli hukmdori Ibrohim Sulton siyosatidan norozi boʻlgan Panjob hokimlari ham Boburni qoʻllaganlar va Sikri jangidagi bu gʻalaba Boburga Hindistonda oʻz hukmronligini uzil kesil oʻrnatish va Boburiylar sulolasini barpo etish imkoniyatini berdi. Ovroʻpo tarixchiligida “Buyuk moʻgʻullar” nomi bilan “gʻalati mashhur” boʻlgan, aslida “Boburiylar sulolasi” Hindistonda 300 yildan ortiq hukmronlik qildi.
Bobur bu gʻalabadan keyin uzoq yashamadi – 1530-yil dekabr oyida Agra shahrida vafot etdi va keyinroq uning vasiyatiga koʻra farzandlari uning xokini Kobulga olib kelib dafn etdilar.
Bobur Hindistonda katta hajmdagi davlat ishlari bilan bir qatorda oʻzining adabiy-badiiy faoliyatini ham davom ettirdi va yuqorida zikr etilgan asarlarini yaratdi. Boburning butun jahon ommasiga mashhur boʻlgan shoh asari “Boburnoma”dir. Maʼlumki, unda Bobur yashagan davr oraligʻida Movarounnahr, Xuroson, Eron va Hindiston xalqlari tarixi yoritilgan. Asar asosan uch qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismi – XV asrning ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda roʻy bergan voqealarni, ikkinchi qismi – XV asrning oxiri va XVI asrning birinchi yarmida Kobul ulusi, yaʼni Afgonistonda roʻy bergan voqealarni; uchinchi qismi – XVI asrning birinchi choragidagi Shimoliy Hindiston xalqlari tarixiga bagʻishlangan. “Boburnoma”da oʻsha davrning siyosiy voqealari mukammal bayon qilinar ekan, oʻz yurti Fargʻona viloyatining siyosiy-iqtisodiy ahvoli, uning poytaxti Andijon shahri, Markaziy Osiyoning yirik shaharlari: Samarqand, Buxoro, Qarshi, Shahrisabz, Oʻsh, Urganch, Oʻratepa, Termiz va boshqa shaharlar haqida nihoyatda nodir maʼlumotlar keltirilgan. Unda Kobul ulusining yirik shaharlari Kobul, Gʻazna va ular ixtiyoridagi koʻpdan koʻp tumanlar, viloyatlar, Shimoliy Hindiston xaqida maʼlumotlarni uchratish mumkin.
“Boburnoma” – Movarounnahr, Xuroson, Hindiston, Eron xalqlarining XV asr oxiri – XVI asrning birinchi yarmidagi tarixini oʻzida aks ettirgan boʻlsa ham, shu bilan birga juda koʻp dolzarb iqtisodiy, ijtimoiy masalalar, yuqorida nomlari keltirilgan viloyatlarning oʻzaro siyosiy-iqtisodiy va savdo munosabatlari, jugʻrofiy mavqei, iqlimi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, togʻlari, daryolari, xalqlari, qabila va elatlari va ularning yashash sharoitlari, urf-odatlari, muhim tarixiy inshootlari hindular va musulmonlarning ibodatxonalari, toʻy va dafn marosimlari haqida nihoyatda nodir maʼlumotlarni oʻziga qamrab olgan shoh asardir. Shu bois “Boburnoma” tarixiy va adabiy meros sifatida dunyo olimlarini hayratda qoldirib kelmoqda.
Uzoq yillar davomida Gʻarb va Sharqning mashhur sharqshunos olimlari “Boburnoma” mazmunini jahon jamoatchiligiga yetkazish borasida katta faoliyat koʻrsatdilar. Masalan, gollandiyalik olim Vitsen, angliyalik olimlar J. Leyden, V. Zrskin, R. Koldekot, A. Beverej, T. Albot germaniyalik Yu. Klaynrat va A. Keyzer, fransiyalik Pave de Kurteyl, hindistonlik Mirzo Nasriddin Haydar Rizvi, turkiyalik R. R. Art va N. I. Bayur va bizning davrimizdagi fransiyalik olim Bakke Gromon, afgʻonistonlik olim Abulhay Habibiy, pokistonlik olimlar Rashid Axtar, Nadvi va Shoh Olam Mavliyot shular jumlasidandir. “Boburnoma”ni oʻrganish sohasida jahonning mashhur sharqshunoslari qatoridan yaponiyalik olimlar ham joy olmoqdalar.
Bobur oʻzbek adabiyotida oʻzining nozik lirik asarlari bilan ham mashhurdir. Uning hayoti va adabiy faoliyati Movarounnahrda siyosiy hayot nihoyat murakkablashgan feodal guruhlarning boshboshdoqlik harakatlari avjiga chiqqan va Temuriylar davlatining inqirozi davom etayotgan bir davrga toʻgʻri kelgan edi. Bunday murakkabliklar inʼikosini “Boburnoma”da koʻrgan boʻlsak, ularning shoir ruhiyatida qanday aks etgani uning sheʼrlarida namoyon boʻladi. Movarounnahrni birlashtirishga urinishlari natija bermagach, Bobur ruhan qiynalgan, amaldorlarning xiyonatlari taʼsirida umidsizlikka tushgan kezlardagi kayfiyati sheʼrlarida aks etgan. Keyinchalik oʻz yurtini tark etib, Afgʻoniston va Hindistonga yuz tutganda Bobur sheʼriyatida Vatan tuygʻusi, Vatan sogʻinchi, unga qaytish umidi mavj ura boshladi.
Tole yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,
Har ishnikim ayladim – xatoligʻ boʻddi,
Oʻz yerin qoʻyib Hind sori yuzlandim,
Yo Rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.
Shu bilan birga Bobur lirikasida sheʼriyatning asosiy mazmuni boʻlgan insoniy fazilatlar, yor vasli, uning goʻzalligi, unga cheksiz muhabbat va hijron azobi, ayriligʻ alamlari va visol quvonchlari nihoyat goʻzal va mohirona ifoda etilgan.
Xazon yaprogʻi yangligʻ gul yuzung hajrida sargʻardim,
Koʻrub rahm aylagil, ey lolarux, bu chehrai zardim.
Sen ey gul, qoʻymading sarkashligingni sarvdek hargiz,
Ayogʻingga tushub bargi xazondek muncha yolvordim.
Bobur oʻz lirik sheʼrlarida har doim odamlarni yaxshilikka, adolat, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuygʻularni qadrlashga chaqirdi:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.
Yaxshi kishi koʻrmagʻay yomonligʻ hargiz,
Har kimki yamon boʻlsa, jazo topqusidur.
Bobur lirik sherʼlari va tarixiy “Boburnoma”sidan tashqari islom qonunshunosligi va boshqa sohalarda ham asarlar yaratgan. 1522-yilda oʻgʻli Humoyunga atab yozgan. “Mubayyin” nomli asarida oʻsha zamon soliq tizimini, soliq yigʻishning qonun-qoidalarini, shariat boʻyicha kimdan qancha soliq olinishi va boshqa masalalarni nazmda izohlab bergan. “Xatti Boburiy” deb atalgan risolasida arab alifbosini turkiy tillar, xususan oʻzbek tili nuqtai nazaridan birmuncha soddalashtirib berishga harakat qilgan. U, tajriba sifatida “Xatti Boburiy” alifbosida Qurʼoni Karimni koʻchirgan. Boburning aruz vazni va qofiya masalalariga bagʻishlangan. “Mufassal” nomli asari ham boʻlganligi maʼlum, biroq bu asar bizgacha yetib kelmagan.
Zahiriddin Muhammad Boburning tarjimai holi