Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot solnomasi to’liq malumot oling
“O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning faoliyat xronikasi” deb nomlangan to‘plam nashrdan chiqarildi. Unda davlatimiz rahbarining 2016-yil sentabr oyidan 2020-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrdagi siyosiy faoliyati solnomasi batafsil aks ettirilgan.
Mundarija
скрыть
Ma’lumki, ushbu davr – “Yangi O‘zbekiston”, “O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi” degan nomlar bilan Vatanimiz tarixida, jahon hamjamiyati bilan munosabatlarimiz silsilasida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelmoqda. Bu davr – O‘zbekistonni, jamiyatimiz hayotidagi siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarni butunlay o‘zgartirgan, mamlakatimizni yangi, demokratik qiyofada jumlai jahonga tanitgan davrdir.
Bu haqda yurtimiz fuqarolari, ekspertlar guruhlari bilan birga, dunyo siyosatida yetakchi o‘rin tutadigan davlat va jamoat arboblari, atoqli olimlar va tahlilchilar tomonidan ham ko‘plab ijobiy fikrlar bildirilmoqda, eng yuksak e’tirof va baholar aytilmoqda.
Mamlakatimiz kitobxonlariga taqdim etilayotgan mazkur to‘plamning eng muhim xususiyati shundaki, unda keyingi yillarda O‘zbekistonda kechayotgan shiddatli va keng ko‘lamli hayotiy jarayonlar tarixiy hujjatlar, fakt va raqamlar, aniq dalillar orqali aks ettiriladi.
Ko‘hna tarix shundan dalolat beradiki, bu hayotda yangilik qilish, ko‘pchilik odamlar o‘rganib, ko‘nikib qolgan eskicha qolip va andozalarni o‘zgartirish hech qachon oson kechmaydi. Istaymizmi, yo‘qmi, bunday harakat har qanday sharoitda ham ochiq yoki pinhona to‘siqlarga duch keladi. Ayniqsa, xalqni uyg‘otish, mudroq qalblarga hayotbaxsh yangi nafas olib kirish, davlat va jamiyat boshqaruvini butunlay yangilash masalasi islohotchi bo‘lib maydonga chiqishdek buyuk missiyani o‘z zimmasiga olgan yetakchi shaxsdan yanada ulkan mas’uliyat, jasorat va donishmandlikni talab etadi.
Ushbu to‘plam ana shunday o‘ta murakkab va mashaqqatli, tarixiy zaruratga aylangan jarayonlar yangi O‘zbekiston hayotida qanday borayotgani haqida to‘liq ma’lumot beradi. “O‘zbekiston” degan ulkan kemani yangi taraqqiyot ufqlari sari boshlash, siyosatshunoslar iborasi bilan aytganda, davlat va jamiyat boshqaruvida tarixiy burilish yasash Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qanday amalga oshirilayotgani kitobda aniq tizim asosida kunma-kun, oyma-oy yoritilgan.
Odatda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z borganda, davlatimiz rahbari kamtarlik bilan “Biz hali izlanishdamiz, o‘rganishdamiz”, deb bu yo‘lda oldimizda bir-biridan muhim va dolzarb vazifalar turganini ta’kidlaydi. Chindan ham, hozirgi vaqtda yurtimizda mamlakat yetakchisidan tortib barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yangicha sharoit, yangicha muhitda ishlashga, izlanib, o‘rganib, xalq bilan muntazam muloqot asosida faoliyat yuritishga intilmoqda.
Shu ma’noda, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda yangi, demokratik islohotlarni boshlashda eng maqbul yo‘l tanlandi va u hayotda qisqa muddatda o‘zini to‘la oqladi, deb aytishga bugun barcha asoslar bor.
Avvalo, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash davlat siyosatining bosh mezoni etib belgilandi.
Ikkinchidan, mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik asosida faol munosabatlar o‘rnatish tashqi siyosat sohasidagi ustuvor tamoyil, deb e’lon qilindi.
Uchinchidan, dunyoga ochiq bo‘lish, umume’tirof etilgan demokratik prinsiplarni amalda joriy etish jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorlikning asosiy yo‘nalishi sifatida qabul qilindi.
Hozirgi vaqtda milliy taraqqiyotimizning bosh hujjati bo‘lib xizmat qilayotgan, mamlakatimizni 2017–2021 yillarda beshta ustuvor yo‘nalishda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aynan ana shu tamoyillar eng muhim qoidalar sifatida aks ettirildi. Yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinlik va manfaatlarini amalda ta’minlash, bozor iqtisodiyoti prinsiplarini rivojlantirish orqali xalq farovonligini oshirish, tashqi siyosat sohasida Markaziy Osiyo mintaqasida do‘stlik va hamkorlik ruhini kuchaytirish, dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoriga kirish yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.
Albatta, 34 millionlik aholiga ega bo‘lgan, o‘tgan davrda ko‘plab muammolar to‘planib qolgan mamlakatning taqdiri va kelajagini belgilash borasida to‘g‘ri yo‘l tanlash – bu davlat rahbaridan ulkan aql-zakovat, bilim va tajriba, mustahkam iroda, jasorat va azmu shijoatni talab etadi. Ayni vaqtda tanlangan rivojlanish yo‘lini ijtimoiy institutlar, ta’sirchan mexanizmlar orqali hayotga tatbiq etish, odamlarni islohotlarning maqsadi va natijasiga ishontirish, butun jamiyatni ruhlantirib, ulug‘ maqsadlar sari safarbar eta olish – yanada murakkab vazifa, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
Ana shunday o‘ta mashaqqatli vazifani amalga oshirishda Shavkat Mirziyoyev xalqning o‘ziga tayandi – fuqarolar bilan doimiy muloqot olib borib, har bir soha va tarmoq bo‘yicha bevosita uchrashuvlar, maslahat va fikr almashuvlar o‘tkazib, mavjud muammolarning samarali yechimini topmoqda. Bu murakkab ijtimoiy voqea-hodisalarning qanchalik shiddat bilan kechayotganini ushbu to‘plamdan o‘rin olgan serqirra jarayonlar yaqqol tasdiqlaydi.
2016-yil sentabr oyidan buyon 2020-yil yanvar oyiga qadar o‘tgan vaqt misolida oladigan bo‘lsak, Prezidentimiz tomonidan mamlakat hududlariga 129 marta safar uyushtirilgani, 69 ta videoselektor yig‘ilishlari, eng muhim va ustuvor masalalar bo‘yicha 112 ta yig‘ilish va muhokamalar o‘tkazilganini ko‘ramiz. Ana shu qisqa fursatda davlatimiz rahbari tomonidan 194 ta qonun, 1106 ta farmon, 1974 ta qaror, 933 ta farmoyish tasdiqlanganini ham qayd etish lozim.
Shu davrda Prezident Shavkat Mirziyoyev 40 marta chet davlatlarga rasmiy tashrif buyurdi, 24 ta xalqaro sammit va anjumanlarda ishtirok etib, ularning doirasida 60 ta uchrashuv o‘tkazdi. Bundan tashqari, xorijiy davlat va hukumat rahbarlari boshchiligidagi 39 ta nufuzli rasmiy delegatsiya yurtimizda qabul qilindi. Shuningdek, vazirlar, xalqaro tashkilot va kompaniyalar, xorijiy ishbilarmon doiralar rahbarlari boshchiligidagi 166 ta delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Shu vaqt mobaynida chet davlatlarning yurtimizda ish boshlagan favqulodda va muxtor elchilaridan 32 nafaridan ishonch yorliqlari qabul qilib olingan, xorijiy davlat va hukumat boshliqlari, xalqaro tashkilot rahbarlariga 1858 ta maktub yo‘llangan. Shu o‘rinda xorijiy davlatlar rahbarlari bilan 113 marta telefon orqali muloqotlar o‘tkazilganini ham ta’kidlash joiz.
Prezidentimiz shu yillar davomida yurtimizda bo‘lib o‘tgan 53 ta tantanali marosimda ishtirok etib nutq so‘zlagan, shuningdek, xalqimiz va turli soha vakillariga 79 ta tabrik va qutlovlar yo‘llagan.
Bularning barchasi O‘zbekiston o‘z milliy taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan siyosiy-ijtimoiy makonda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar keng ko‘lam kasb etib, Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lida tunu kun tinim bilmasdan, bor bilim va tajriba, kuch va imkoniyatlar safarbar etilayotgani hamda bu jarayon tobora kuchayib, yangi sifat bosqichiga ko‘tarilib borayotganidan dalolat beradi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur to‘plamdan o‘rin olgan voqealar xronikasi, qizg‘in va bunyodkor jarayonlar zanjiri mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va islohotlar o‘tgan vaqt davomida amaliy samaradorlik bilan rivojlanib, ortga qaytmaydigan muqarrar tus olganini ham yaqqol namoyon etadi.
Shu ma’noda, tarixiy jarayonlarning qaynoq izlarini o‘zida mujassam etgan ushbu to‘plam mard va olijanob xalqimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keyingi yillarda qanday og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, sharafli rivojlanish yo‘lini bosib o‘tayotganini, o‘z kuchi, o‘z salohiyati bilan yangi O‘zbekiston davlatini barpo etayotganini bamisoli ko‘zgudek yorqin aks ettiradi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu kitobni yangi O‘zbekistonning taraqqiyot solnomasi, deb atash mumkin.
To‘plam boshqaruv sohasi xodimlari, akademik doiralar, siyosatshunos va sotsiologlar, tahlilchi va ekspertlar, tadqiqotchi va talabalar, muxtasar aytganda, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bilan qiziqadigan barcha kishilar uchun mo‘ljallangan.
Ushbu kitob bilan tanishar ekan, yurtimizda yashaydigan har bir inson o‘z hayoti, oilasi, farzandlari, el-yurti taqdiriga daxldor voqea-hodisalar, hujjatlar mazmunidan atroflicha xabardor bo‘ladi va zamonamiz tarixi haqiqatan ham barchamizning ko‘z o‘ngimizda, aynan bizning ishtirokimizda yaratilayotganini chin dildan his etadi.
manba:president.uz
Darsliklar
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot solnomasi