Vatan haqida sara she’rlar to’plami to’liq malumot oling

Vatan haqida sara she’rlar to’plami to’liq malumot oling

VATAN — Abdulla Oripov

Agar do‘stlar erur sodiq bir-birin qiyratib bo‘lmas,

Agar qilg‘il necha fitna alarni ayratib bo‘lmas.

Demishlar: moru qushni bir qafasda asratib bo‘lmas,

Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.

Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Vatan deb men bayon qildim, ayo do‘stlar, muxammasni,

Vatanni kim ulug‘ bildi, aziz bildim men ul kasni.

Vatan deb jo‘sh urar ersa ko‘targum boshima xasni,

Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.

Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Nadomat birla boqg‘ayman vatansizlarga har doim,

Egib boshini zor yig‘lar, agarchi davlati qoyim,

Faqir bo‘lsam-da bor yurtim — toju taxtim, borar joyim.

Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.

Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Bobolar kechmishin hargiz faromush aylamang, do‘stlar,

Haqiqat tongi otganda ani tush aylamang, do‘stlar,

Agar kim e’tiqodsizdur, ani xush aylamang, do‘stlar,

Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.

Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Diyorim O’zbekistondur, ki andin iftixorim bor,

Demakkim, hur adolatlig‘, davlati barqarorim bor,

Onamdek mehribon, munis Vatan bor, g‘amguzorim bor,

Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.

Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

Vatan, sen hur, yo‘ling shonli, qadamni tashlagin shaxdam,

Faxr-la boqg‘ay Abdullo, ko‘zida shodligidan nam

Panohingni tilab Haqdin dilida iltijo har dam,

Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.

Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.

VATANIM — Muhammad Yusuf

Men dunyoni nima qildim,

O`zing yorug` jahonim,

O`zim xoqon,

O`zim sulton,

Sen taxti Sulaymonim,

Yolg`izim,

Yagonam deymi,

Topingan koshonam deymi,

O`zing mening ulug`lardan

Ulug`imsan, Vatanim…

Shodon kunim gul otgan sen,

Chechak otgan izimga,

Nolon kunim yupatgan sen,

Yuzing bosib yuzimga.

Singlim deymi,

Onam deymi,

Hamdardu hamxonam deymi,

Oftobdan ham o`zing mehri –

Ilig`imsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan,

Xalqda tumor,

Balxda dorga osilgan,

Navoiysan, shoh yonida

Faqirini duo qilgan.

Yassaviysan, meniki deb,

Ko`ringan da’vo qilgan,

Ming bir yog`i ochilmagan

Qo`rig`imsan, Vatanim.

Sen Ho`jandsan,

Chingizlarga

Darvozasin ochmagan,

Temur Malik orqasidan

Sirdaryoga sakragan,

Muqannasan qorachig`i

Olovlarga sachragan,

Shiroqlarni ko`rgan cho`pon

Cho`lig`imsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon,

Kim Enasoy tomonda,

Jaloliddin – Qurdistonda,

Boburing – Hindistonda,

Bu qanday yuz qarolig` deb

Yotarlar zimistonda,

Tarqab ketgan to`qson olti

Urug`imsan, Vatanim…

O`g`lim desang osmonlarga

G`irot bo`lib uchgayman,

Chambil yurtda Alpomishga

Navkar bo`lib tushgayman,

Padarkushdan pana qilib

Ulug`beging quchgayman,

G`ichir-g`ichir tishimdagi

So`lig`imsan, Vatanim…

O`tgan kuning – o`tgan kundir,

O`z boshingga yetgan kun,

Qodiriyni bergan zamin,

Qodiriyni sotgan kun.

Qo`lin bog`lab,

Dilin dog`lab,

Yetaklashib ketgan kun,

Voh bolam! deb aytolmagan

Dudug`imsan, Vatanim.

Yoningda qon yig`lagan bir

Shoiringga qarab qo`y,

Gar Qo`qonga yo`ling tushsa,

Detdomlarni so`rab qo`y.

Hech bo`lmasa Usmon hokin

Keltirmoqqa yarab qo`y,

Olislarda qurib qolgan

Qudug`imsan, Vatanim…

Sen – shoxlari osmonlarga

Tegib turgan chinorim,

Ota desam,

O`glim deb,

Bosh egib turgan chinorim,

Qo`ynimdagi iftixorim,

Bo`ynimdagi tumorim,

O`zing mening ulug`lardan

Ulug`imsan, VATANIM !

VATAN — Xoldor Vulqon

Sen agar bug‘doy boshoq bo‘lsang somoningman, Vatan,

Toabad boshing omon bo‘lsin, tovoningman, Vatan.

Barcha yaxshi, barcha oqil, barcha dono, faylasuf,

Qimtinib bir chekkada yurgan yomoningman, Vatan.

Chor taraf zulmat, tuman, uvlaydi ming -minglab shoqol,

To sahar gulxan yoqib chiqqan cho‘poningman, Vatan.

Barcha jim, tilsiz pisib, mum tishlaganda, xayqirib,

Haq so‘zin dor ostida aytgan zaboningman, Vatan.

Bo‘lmasin ovvora yov oybolta qayrab qatlima,

Qatl etib o‘ldirsa xam o‘lmas omoningman, Vatan.

Yurtda Vulqon cho‘qqidek boshim bulutlardan baland,

Yov uchun mangu o‘tib bo‘lmas dovoningman, Vatan!

VATAN — Iqbol Mirzo

Seni desam yuragimda ochilar gullar,

Yomg’ir bo’lib samolardan sochilar gullar,

Sahrolardan, daryolardan sochilar gullar,

Yuragimning gulisan sen, gullagan Vatan!

Isming aytib uyg’onadi chuchuk jilg’alar,

Sunbulalar tonglaringdan taqar sirg’alar,

Kiprigimda yog’dularing solar jilvalar,

Tilagimning gulisan sen, gullagan Vatan!

Xushbo’y-xushbo’y olmalarda jannat havosi,

Tog’laringning bag’rida ming dardning davosi,

Shudir, axir, bir insonning umr safosi,

Yuragimning gulisan sen, gullagan Vatan!

Hovuch-hovuch, zilol-zilol suvingdan ichdim,

Mehring qanot bo’ldi, moviy ko’klarda uchdim,

Yana qaytib senga keldim, tuprog’ing quchdim,

Tilagimning gulisan sen, gullagan Vatan!

Yuragimning gulisan sen, gullagan Vatan!

Vatan deb… — Mahmud Toir

Aytsam, nondek shirin so`z bor dunyoda,

Aytsam, jondek shirin so`z bor dunyoda.

Vatan deb, shivirlab aytib ko`ring siz,

Vatan deb, ko`ngilga qaytib ko`ring siz.

Chehrangiz balqiydi, quyosh bo`lasiz,

Qalbingiz qalqiydi, ko`z yosh bo`lasiz.

Onajon, deganda entikkan dildek,

Ozodsan, deganda yayragan quldek.

Vatan, deb entikib elanib ayting,

Vatan, deb vafoga belanib ayting.

Jon ichra yuz ochgan bir jon bo`lasiz,

Siz yerga sig`magan osmon bo`lasiz.

Bolangiz quvonchi to`kilgan tuproq,

Quyosh bir ko`rmasa o`kingan tuproq.

Jannatday muqaddas chaman bo`ladi,

Ayo do`st, u bizga Vatan bo`ladi.

Vatan, deng ko`ngilning ko`zi ochilsin,

Vatan, deng sog`inchning yuzi ochilsin.

Vatan alla bergan oromdek shirin,

Vatna xalq ko`rsatgan ikromdek shirin.

Vatan, deng xudoga yukunib ayting,

Asra, deng tiz cho`king o`kinib ayting.

Vatan, deb biz buyuk bir xalq bo`lamiz,

Vatan, deb iymonda barhaq bo`lamiz.

Aytgil do’stim nima qildik vatan uchun — Iqbol Mirzo

Boshing egib ta’zim ayla, shukrona ayt

Seni guldek erkalagan chaman uchun

Osmonlarda yurgan bo’lsang tuproqqa qayt

Aytgil do’stim nima qildik vatan uchun

Ko’zi qora, yuragi oq shu el uchun

Tuproq uchun, shu yurt uchun, chaman uchun

Ulug’ inson boshlab bergan shu yo’l uchun

Aytgil do’stim nima qildik vatan uchun

Qachongacha qorning o’ylab o’tadursan

Qachongacha ko’kdan chalpak kutadursan

Axir vatan bitta, sen ham bittadursan

Aytgil do’stim nima qildik vatan uchun

Buncha bino qoymang zarrin choponlarga

Saratonda yaproq bo’lgin dehqonlarga

Suyangani tayoq bolgin cho’ponlarga

Aytgil do’stim nima qildik vatan uchun?

Hech kimdan kam emassan, kam bo’lmagaysan

Yerda qolsang quyosh bo’lib kulmagaysan

Qachon belni maxkam tortib bog’lagaysan

Aytgil dostim nima qildik vatan uchun

Shu soylardan suvlar urgin yuzinga sen

Bir bor nazar solgin bosgan izinga sen

Shu savolni berib ko’rgin o’zinga sen

Aytgil do’stim nima qildik vatan uchun

Vatan haqida she’r — OTABEK FOZILJONOV

HAR JABHADA DONG TARATGAN DUNYODA

XUMOSI HAM MAG’RUR UCHAR SAMODA

BETAKRORDIR , BENAZIRDIR JAMOLDA

BU MENING VATANIM O’ZBEKISTONIM !!!

OSMONLARDAN YUKSAK ERUR KAMOLI

HAM BOY HAM ZO’R YOQIMLIDIR KALOMI

HILOLLARDAN GO’ZALROQDIR AYOLI

BU MENING VATANIM O’ZBEKISTONIM !!!

OSMONIDA PORLAB TURAR AXTARLAR (YORUG’ YULDUZ)

UDIR MENING BAG’RIMDAGI BOR JONIM

BUTUN DUNYO QARSAK ILA MAQTARLAR

BU MENING VATANIM O’ZBEKISTONIM !!!

HAR YERLARI GULSHANLARGA BURKANGAN

CHO’P QADASANG NIHOLLARGA AYLANGAN

O’G’LONLARI MARDLIK UCHUN YARALGAN

BU MENING VATANIM O’ZBEKISTONIM !!!

HECH BIR GULI BEHUDAGA SO’NMAGAN

KIMKI BOQSA BU ZAMINGA TO’YMAGAN

VOSI LIKNI(BAG’RI KENG) YERGA TASHLAB QO’YMAGAN

BU MENING VATANIM O’ZBEKISTONIM !!!

KABUTARLAR ERKIN UCHAR OSMONDA

ISHLARIDAN BUTUN DUNYO HAYRONDA

GULLAB BORAR BAXTIYORLIK HAR ONDA

BU MENING VATANIM O’ZBEKISTONIM !!!

BU MENING VATANIM O’ZBEKISTONIM !!!

TOMRIMDA OQYOTGAN TO’KILMAS QONIM

ULUG’LIK , BUYUKLIK SIYMOSI BO’LGAN

BU MENING VATANIM O’ZBEKISTONIM !!!

VATAN — Sirojiddin Sayyid

Dil porasi, ko‘z qorasi sen o‘zingdirsan,

Mening ko‘nglim sen aslida, sen ko‘zimdirsan.

Tomirimda tomir yoygan ilk so‘zimdirsan,

Ilk og‘rig‘im, ilk yomg‘irim, naysonim, Vatan.

Qir ustida yonboshlagan bobom chaylasi

Bu dunyoda kimlarningdir orzu-havasi.

Dimog‘imda — yulduz isi,shabnamlar isi,

Momom ekib ketgan kashnich, rayhonim, Vatan.

Quloq solsam shivirlagay hatto toshlaring,

Oyu quyosh, kamalaklar ko‘zu qoshlaring.

Beshigimni tebratgandir qaldirg‘ochlaring,

Oyu quyosh ko‘rpa solgan ayvonim, Vatan.

Bo‘ronlari tulporlarga tunlar yol bo‘lgan,

Bir o‘g‘loni chinor, biri majnuntol bo‘lgan.

Temurlari ot minganda jahon lol bo‘lgan,

Jahonlarga timsol shohu sultonim, Vatan.

Valilardan ibrat so‘ylar qadim sahrolar,

So‘ndi qancha saltanatlar, qancha tug‘rolar.

Maqbaralar aytsin lekin, aytsin Zuhrolar:

Yer ostidan suhbat aylar hanuz Kubrolar,

Termiziylar bedor yotgan qo‘rg‘onim, Vatan.

Ne tong edi — izg‘irinlar zahrini totding,

Dasturxonda muztar qoldi qandu naboting.

Shahidlaring nomlaridir har bir raboting,

Abadiy yod erur asli adabiyoting,

Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy ham Usmonim, Vatan.

Gard qo‘nmasin toki sening kipriklaringga,

Kipriklarim kiprik qilay ko‘priklaringga.

Malham bo‘lmoq uchun asriy og‘riqlaringga

Bulutlaring suzib yurar ko‘k, qirlaringga,

Uyg‘oq ruhlar osmonida posbonim, Vatan.

Naqshlaring qutuldilar kishan-bandlardan,

Xatlar oldim yuragimga Naqshbandlardan,

Afrosiyob bilan tengdosh kuy, ohanglardan.

She’rlarimga ranglar oldim Samarqandlardan,

Gohi moviy, gohi zangor dostonim, Vatan.

Ulug‘laring xokini men yuzlarga surtay,

Dilimdagi eng muqaddas so‘zlarga surtay,

Onamdayin aziz nonu tuzlarga surtay.

Ozod bo‘lgan oyatlarin ko‘zlarga surtay,

O‘z yurtiga qaytib kelgan Qur’onim, Vatan.

Men dunyoni ne deb aytay? Bu bir ko‘hna bog‘,

O‘z bilganin sayrar bunda har qumri, har zog‘.

Aslo sening bag‘irlaring ko‘rmayin men dog‘,

Yulduzlarga osmon bo‘lgan ey nurli tuproq.

Osmonlari yer-u, yeri osmonim, Vatan.

So‘qmog‘ingda men bir epkin yo bir nasimman,

Yaproq sening, xas bo‘lsam gar sening xasingman.

Jayronlaring ko‘zlarida qolar so‘zingman,

Mening borim sen bilandir, yo‘g‘im sen bilan,

Katta yo‘lga chiqqan ulug‘ karvonim, Vatan.

VATAN QO’SHIG’I — Sirojiddin Sayyid

Men Vatanni sevaman,

Tanda jonimdir Vatan.

Yulduzlari ko’zimdir,

Osmonimdir Vatan.

Kipriklarim varaqlar,

Oy sahfalar charaqlar.

Toshlari ham yaraqlar,

Nur bayonimdir Vatan.

Tog’i — Buxoriy bobom,

Bog’i — bahoriy bobom.

Temur — suvoriy bobom,

Shohjahonimdir Vatan.

Naqshin nigor beshigim,

Quyosh ochgan eshigim.

Otam aytgan qo’shig’im,

Jonajonimdir Vatan.

Menda ko’pdir hur niyat,

Eng azizi — Hurriyat.

Sharafing — abadiyat

Sharaf — shonimdir Vatan.

Doim yorug’dir yo’lim,

Bu sherni aytdi ko’nglim.

Vatan — shukrona singlim,

Onajonimdir Vatan.

VATANNI O’RGANISH — Sirojiddin Sayyid

Men Vatanni o‘rganmadim zaridan,

O‘rganmadim uni hur yo paridan.

Kaftlarning chiziqlari — xati ham

Ajinlari bo‘ldi mening xaritam.

Shu xatlarda ko‘rgandim ilk Vatanni,

O‘z onamdan o‘rgandim men Vatanni.

Mehrlari qoshu ko‘zlar bo‘ldilar,

Oyu quyosh misol yuzlar bo‘ldilar.

Jismim aro ulg‘aydilar, to‘ldilar,

Vatan yanglig‘ ulug‘ so‘zlar bo‘ldilar.

Qoshlarining ostlarida turgandim,

Men Vatanni shu ko‘zlardan o‘rgandim.

Nokaslardan o‘rganmadim men uni,

Yot kaslardan o‘rganmadim men uni.

Nom, qarzlardan o‘rgangandim men uni,

Jon xaslardan o‘rgangandim men uni.

O‘zim kiyik so‘qmoqlarda yurgandim,

Men Vatanni so‘qmoqlardan o‘rgandim.

Osmonlari boshim uzra ogohlar,

Giyohidan dilga oldim giyohlar,

Rayhonlarin siyohidan siyohlar.

Buloqlardan ko‘zlar oldim, nigohlar,

O‘zim ham bir chechaklarga burkandim,

Men Vatanni giyohlardan o‘rgandim.

Menga azal aziz bo‘lgan baridan,

Beshigimdan talpingan paytlarimdan,

Umr ko‘rgan har keksayu qaridan,

Mehnatlarin yodlab o‘sdim bag‘ridan.

Paykallarin kokillarday o‘rgandim,

Men Vatanni egatlardan o‘rgandim.

Ushoq noning qadri ming elga ma’lum,

Dars oldim men suvlar ichgan mahalim.

Bulbullarning tillarida shu ta’lim,

O‘zing ustoz, o‘zing mangu muallim.

Hikmatlardan qurgandim men Vatanni,

Zahmatlardan o‘rgandim men Vatanni.

VATANIM — Xurshid Davron

Shunday yashil mening Vatanim —

Bahorning ilk bargiday yashil.

Shunday go’zal mening Vatanim —

Vatanim gul atridek yoshdir.

Vatan, sensan bag’rimga monand,

Bag’rim kabi musaffo, yorug’.

Sen onamga o’xshaysan, Vatan,

Onam kabi tabarruk, ulug’.

Shunday yorug’ mening Vatanim —

‘Men sevaman’ so’zidek yorug’.

VATAN VA OSTONA — Guljamol Asqarova

Assalomu alaykum! Ey moviy osmon,

Sen mening muqaddas beshigim Vatan.

Meni porloq kunlar chorlagan zamon,

Dunyoga ochilgan eshigim — Vatan.

Sen menga azizsan ona sutidek,

Go‘daklik yig‘imga guvoh bo‘lganim.

Ilk bor qadamimni qutlab, quvonib,

Sevgim sirlaridan ogoh bo‘lganim.

Yurt kezib sog‘insam tuproq gardini,

Sog‘inchimdan ko‘zi yoshlangan Vatan.

Mening yuragimga tutashib yo‘li,

Mening ostonamdan boshlangan Vatan.

Ilk bor aytgan so‘zim dunyoga kelib,

Yo‘llarga kuzatgan O‘zbekistonim.

Quyoshdek nur sochib, jilmayib, kulib,

Qo‘llarin uzatgan O‘zbekistonim.

Onamsan, otamsan, neki ulug‘ bor,

Sening noming bilan aytilar Vatan…

Bu dunyoga kelib Senga kelinar

Va bir kuni Senga qaytilar Vatan.

Mening ilk salomim alik olganim,

Ilk bor qadamimni qutlagan makon.

Sevgi izhorimdan entikkan yurak,

Mening muqaddasim, ey O‘zbekiston.

VATAN NADIR — Orif To’xtash

Vatan nadir, vatan nadir?

Vatan — bеshik, vatan — qabr.

Bu dunyoga kеlmog`ing ham,

Kеtmog`ing ham vatandadir.

Kindik qoning tomgan tuproq,

Bobolardan qolgan tuproq.

Qon kеchilgan, jon chеkilgan,

Alar bois alvon tuproq.

Ko`zing ochib ko`rding nеni,

Va nе maftun etdi sеni? —

Ul vatandur, gul vatandur,

Quchog`iga ekdi sеni.

Vatan nadir, vatan nadir?

Vatan — mеhr, vatan — qadr.

Sadoqat ham sofdilligi-

Oq yo`rgak, oq kafan kabi.

U sеnga bir sodiq hamroh,

Mеhri do`stdan mustahkamroq.

Arzigaydur uning uchun —

Yuragingdan tiksang bayroq!

Ota vatan, ona vatan,

Vatanki, bir dona vatan.

Jahonim, dеb atar bo`lsang,

Jo aylagil jona, vatan.

Vatan nadir, vatan nadir,

Bul shundoqkim atalmadir —

Jannat istab bo`lma giryon,

Asli rizvon vatandadir.

Nе topsang ul bag`ridin top,

Vatanni o`z atridin top.

Uning sog`inch iztirobin,

Boburning shoh satridin top.

Unga mеhring sеrob bo`lsa,

Joningni tut, kеrak bo`lsa.

O`ng ko`ksingda vatan o`stir,

Chap ko`ksingda yurak bo`lsa!

Sherlar
Vatan haqida sara she’rlar to’plami