Usmon Nosir She’rlar to’liq malumot oling

Usmon Nosir She’rlar to’liq malumot oling

Usmon Nosir

SHE’RLAR

Usmon Nosir She’rlar

YURAK

Yurak, sensan mening sozim,

Tilimni nayga jo’r etding.

Ko’zimga oyni berkitding,

Yurak, sensan ishqibozim.

Senga tor keldi bu ko’krak,

Sevinching toshdi qirg’oqdan,

Tilim charchar, ajab, gohi

Seni tarjima qilmoqdan.

Sen, ey sen — o’ynoqi dilbar,

Zafardan izla yoringni.

To’lib qayna, toshib o’yna,

Tirikman, kuyla boringni!

Itoat et!

Agar sendan

Vatan rozi emas bo’lsa,

Yoril, chaqmoqqa aylan sen,

Yoril! Mayli, tamom o’lsam!

YANA SHE’RIMGA

(Sonet)

She’rim! Yana o’zing yaxshisan,

Boqqa kirsang, gullar sharmanda.

Bir men emas, hayot shaxsisan,

Jonim kabi yashaysan manda.

Yuragimning dardi — naqshisan,

Qilolmayman seni hech kanda!

O’t bo’lurmi ishqi yo’q tanda?

Dardimsanki, she’rim yaxshisan.

Sen orada ko’prik bo’lding-da,

Geyne bilan o’rtoq tutindim.

Lermontovdan ko’mak o’tindim.

Butun umrim sening bo’yningda.

Saharda qon tupursam, mayli.

Men — Majnunman, she’rim, sen — Layli!

BOG’IM

O, u qanday fusunkor!

Nur bilan to’lgan butun.

Gullari chaman-chaman,

Men ularni ichaman:

Ko’nglimda yashnar bahor…

Nur bilan to’lgan butun.

Bargdek uzilib ketsam,

Unutmas meni bog’im:

Ishimni hurmat qilur,

Gullardan haykal qurur.

Ming yillardan keyin ham

Unutmas meni bog’im!

She’rlarim yangrab qolur —

Bir umrga o’lmayman!

Hayotimning davomi —

Kelajagimga homiy,

O’rnimga bog’bon bo’lur —

Bir umrga o’lmayman!

O, u qanday davomdor!

Nur bilan to’lgan butun.

Gullari chaman-chaman,

Men ularni ichaman:

Ko’nglimda yashnar bahor…

Nur bilan to’lgan butun.

YURGANMISIZ BIRGA OY BILAN

Yurganmisiz birga oy bilan

Oqshom payti ko’m-ko’k o’rmonda?

Maysalarga shabnam qo’nganda,

Shunday yaxshi tinch bo’lar ekan.

Shitir-shitir o’ynar shabboda,

Barglar musiqasi bir shirin…

Havo go’yo tiniq, sof boda —

Ko’ngil sezar hayotning sirin.

Men mast bo’lib qoldim bu kecha,

Sil o’pkamni ancha yayratdim.

Uxlamasdan to tong otguncha

Dilginamni rosa sayratdim.

DENGIZ OYNA KABI

Dengiz oyna kabi yaltirar,

To’lqinlarga suqim oqadi.

Oqqush mungli-mungli oh urar,

Hazin kuyi dilga yoqadi.

O’tiraman — ko’nglim osuda,

Boshim uzra barglar shitraydi.

Soyalari limmo-lim suvda

Tanga-tanga bo’lib titraydi.

Qanday yaxshi, kechqurun yolg’iz

Yursang, ko’ngil asti to’ymasa,

Oy go’yoki parishonxol qiz,

Sochlarini yozib o’ynasa…

DENGIZGA

Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!

Ko’nglimda ishqingni olib qaytaman.

Sochimni o’ynaydi muzdek sho’x shamol,

Men unga dardimni qanday aytaman?

Kechqurun qirg’oqda aylanib tanho

Sevdim, sevib qoldim to’lqinlaringni.

Oyni cho’miltirgan tinch tunlaringni

Tushimda ko’rganda ne qilarman, o?

O’ynagil so’ng marta, chayqal, erkalan!

Armonim qolmasin ketar oldimda.

Bag’ringda baliqday yuzgan oq yelkan

Bir umr sayr etgay mening yodimda…

Yaxshi qol, erkin suv! Yaxshi qol, dengiz!

To’lqinlar, qo’ynimga qizday kirdingiz…

MONOLOG

Sevgi! Sening shirin tilingdan

Kim o’pmagan, kim tishlamagan?

Darding yoyday tilib ko’ksudan,

Kim qalbida qonlar to’kmagan?

Seni yaxshi bilaman, go’zal

Petrarkani o’qiganim bor,

Buyuk Rimning Samfosi azal

Xayolimni oshiqday tortar.

Bilamanki, Tasso bechora

Rohat ko’rmay o’tgan bir umr.

Ey,makkora qiz, Leonora,

Nomi qora bilan yozilgur!..

Balki, guldan yaralgan pari,

Tosh ko’ngilli Biatrichi —

«Gadosan!» deb qochmasa nari

Dante baxtli bo’lardi pichi?!

Balki Hamlet oydin tunlarda

Ofeliyani erkalatardi,

Balki uzun sochini silab

Azongacha ertak aytardi.

Agar xiyonatni bilmasa,

Yozmasa fojia yuragin!

Yo’q, yo’q, shoir! Gar shunday bo’lsa

Shekspirning yo’qdir keragi!

Dezdemona, gunohsiz dilbar,

Jigar qonlaringni ichgan kim?

Bilaman — Otello, bilaman…

Otello haqlimi?.. Shoir jim!..

Jim!.. Ufqdan botar quyoshni

Shart kesilgan boshga o’xshatdim.

Parcha-parcha kuygan shafaqlar

Tirqiragan qonni eslatdi!

Qanday qo’rqinch! Qanday qabohat!

Mumkin emas hech qiynalmasdan!

Aqlidan ozganmi muhabbat?

Mumkin emas, qarshi turmasdan!

Mumkin emas, ey oliy janob,

Necha yurakni aylab xarob,

Shohona toj kiygan muhabbat,

Mumkin emas! Qanday qabohat,

Ki, odamning o’zinginamas,

Hissini ham xarob qilsa davr!

Qiynalaman!.. Yuragimda havr —

Bu qarshilik! Yon! Gina emas.

Bu qarshilik! Ko’ring tarixni —

Parvonadek qanoti kuygan.

Bu qarshilik! Ko’ring tarixni —

Umr tepasida musht tuygan…

Qiynalaman vijdon bilan man —

Mumkin emas qarshi turmasdan

O’z zimmamga katta ish oldim;

Ehtimolki, tamom qilmasdan —

Umrim tugar. Ammo bo’lmaydi

(Ko’nglim o’rniga hech tushmaydi!)

Senga qarshi bosh ko’tarmasdan,

Asrlarni yig’latgan sevgi!

BAG’ISHLOV

(«Naxshon» dostonidan)

Bog’larga namozgar

Salqini tushdi,

Gullar nam bargini

Qayirdi asta.

Oftob ham suv ichar

Tog’lardan pastda,

Loladek qip-qizil

O’t shafaq o’chdi.

Ko’z tutdim

Ko’zlarim nigoron bo’ldi;

O, dilbar,

Simbarim, yuzlari qirmiz.

Kiprigi ko’ksiga

Soya solgan qiz,

Ko’z tutdim,

Yuragim to’la qon bo’ldi.

Shabboda bolariday

Gulzor uzra sho’x Oy fonarini

Yoqdi — qiz oqshom, Yasha!

Sen kelding,

Sevgilim, Naxshon,

Suv qizi — suvsarim,

Kipriklari o’q.

Sen kelding,

Ko’nglimga suv kabi okding.

Sen kelding —

Ruhimda yashash boshlandi,

Sevinchdan ko’zlarim

Behol yoshlandi.

Sen kelding,

She’rimga chechaklar taqding.

Sen kelding,

Va’daga vafodor malak,

Oppoq qo’lingnimi

Siypalab o’pay?

Qora sochingnimi

Siypalab o’ray?

Va’da etayinmi,

Senga deb falak?

Arzirdi

Falakni etsam hadya,

Afsus…

Fazo menga hali qul emas,

Mayli… borimni

Aylay armug’on.

Garchi u

Ajoyib, asl gul emas,

Naxshon, ey yoshligim,

Sevgalim, ma, ol!

Ishqimning eng oliy

Tuhfasi she’rim.

O’qi!

Lablaringdan to’yib emgani,

She’rimga berkindi

Ataylab mehrim.

Sherlar
Usmon Nosir She’rlar