Namoz haqida oyat va hadislar to’liq malumot oling

Namoz haqida oyat va hadislar to’liq malumot oling

Namoz haqida oyat va hadislar
Mundarija скрыть

NAMOZ 

Namoz Islomning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Alloh taolo bandalariga farz qilib qo‘ygan. Namoz Alloh bergan hadsiz-hisobsiz ne’matlarga bandasining shukronasi hamdir. Namoz ibodati tufayli kishining Alloh nazdidagi darajasi yuksaladi. Namozxon oxirat hayotiga tayyorgarlik ko‘rib boradi. Turli bahonalar bilan namoz o‘qimay yurgan kishi Allohning buyrug‘iga qarshi chiqqan bo‘ladi. Bu esa, katta musibatdir.

Qur’oni karimda namoz o‘qish amr etilgan ko‘plab oyatlar bor (mazmunlari):

«Namozni mukammal ado etingiz, zakot beringiz va ruku qiluvchilar bilan birga ruku qilingiz» (Baqara, 43).
«Namozni mukammal ado etingiz va zakot beringiz!» (Baqara, 110).
«Alloh imonlaringizni (Baytul-Maqdisga qarab o‘qigan namozlaringiz ajrini) zoe ketkizmas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahmlidir» (Baqara, 143).
«(Ey Muhammad), imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni mukammal ado etsinlar hamda savdo-sotiq va oshna-og‘aynigarchilik bo‘lmaydigan Kun (qiyomat) kelmay turib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilsinlar!» (Ibrohim, 31).
«Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘usigacha namozni mukammal ado qiling va tonggi o‘qishni (bomdod namozini) ham (ado qiling). Zero, tonggi o‘qish (farishtalar) hozir bo‘ladigan (namoz)dir. Tunda (bir qismida) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjud (nafl) namozini o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan maqomda) tiriltirsa» (Al-Isro, 78­79).
«Ahlingizni namoz (o‘qish)ga buyuring va (o‘zingiz ham) unga (namozga) bardoshli bo‘ling!» (Toha, 132).
«Darhaqiqat, mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarga (qo‘rquv va umid bilan) bo‘yin eguvchi kishilardirlar. Ular (barcha) namozlarni (vaqtida ado etib qazo bo‘lishdan) saqlaguvchi kishilardir» (Mo‘minlar, 1­2, 9).
«Albatta, namoz fahsh va yomonlikdan qaytarur! Albatta, Allohning zikri (barcha narsadan) ulug‘dir!» (Ankabut, 45).
«Bas (ey, Muhammad), ular (kofirlar) aytayotgan so‘zlarga sabr qiling va Quyosh chiqishidan va botishidan avval Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting (namoz o‘qing)! Yana kechaning (bir qismida) va sajdalar (namozlar) ortidan tasbeh ayting!» (Qof, 39­40).
«(Ey Muhammad,) Siz Rabbingizning hukmiga sabr qiling! Zotan, Siz Bizning ko‘z o‘ngimizda (himoyamizda)dirsiz! (Tongdan uyqudan) turgan paytingizda, Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, kechadan (vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgach saharda) ham Unga tasbeh ayting» (Tur, 48-49).
«Darhaqiqat, inson betoqat qilib yaratilgandir. Qachonki unga yomonlik (kambag‘allik yoki musibat) yetsa, u o‘ta besabrlik qiluvchidir. Qachonki unga yaxshilik (boylik, salomatlik) yetsa, u o‘ta man etuvchi (baxil)dir. Faqat namozxonlar bundan mustasnodirlar» (Maorij, 19­23).

HADISLARDAN NAMUNALAR

* Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ashoblaridan so‘radilar: «Birortangiz uyingizning oldidan oqib o‘tadigan daryoda (yoki soyda) har kuni besh mahal yuvinsangiz, badanimda kir qolibdi, deb aytasizmi?» Sahobalar: «Sira ham kir qolmaydi», deyishdi. Rasuli Akram: «Besh vaqt namoz ham shunga o‘xshash bo‘lib, Alloh taolo bu o‘qilgan namozlar tufayli gunohlarni kechiradi».

* «Asr namozini qazo qilib qo‘ygan odam bola-chaqasiyu mol-dunyosidan ajragan kishi yanglig‘dir».

* «Qorong‘u kechalarda masjidga borgan kishilarga, Qiyomat kuni bir nurga mazhar bo‘lishlari xushxabarini yetkazing».

* «Sizlardan birlaringiz namoz o‘qigan joyda tahoratini buzmasdan o‘tirgan muddatgacha, farishtalar: «Iloho, bu kishining gunohlarini kechir va unga rahm ayla», deb duo etishadi»

* «Allohga qasamki, shunday narsa xayolimdan o‘tyapti: o‘tin to‘plashni buyursam va o‘tinlar to‘plansa. Keyin namozga buyursam, namoz uchun azon aytilsa, keyin bir kishini mo‘minlarga imomlikka o‘tishni buyursam-da, namozga kelmaganlarning borib uylarini yoqsam…»

* «Mo‘minlar xufton va bomdod namozlaridagi savobni bilganlarida edi, bu namozlarni jamoat bilan o‘qish uchun, emaklab bo‘lsa ham, masjidga kelishar edi».

* «Namoz inson bilan shirk va kufr o‘rtasidagi bir pardadir. Namozni tark etish bu pardani ko‘tarish bo‘ladi».

* «Ular (kofirlar) bilan bizning o‘rtamizni farqlaydigan alomat namozdir. Binobarin, namozni tark qilgan kimsa kofirlarga o‘xshabdi».

* «Banda Qiyomat kunida eng avvalo namozdan hisob-kitob qilinadi. Agar namozi durust chiqsa, qutulibdi va yutibdi. Agar namozi durust chiqmasa, yutqazibdi. Farz namozlari kam chiqsa, Alloh azza va jalla: «Qarang-chi, qulimning nafl namozlari bormi?» deydi. Namozlarining kami nafl namozlar bilan to‘ldiriladi. Qolgan amallari ham shu tarzda hisob-kitob qilinadi».

* «Bir kuni Payg‘ambar, alayhissalom, huzurlarida namoz o‘qimay tong otguncha uxlagan bir kishining nomi tilga olindi. Rasuli Akram: «Unday bo‘lsa, u odamning quloqlariga yo qulog‘iga shayton bavl etibdi», deya marhamat qildilar».

* «Sizlardan birov uxlab qolsa, shayton uning orqa miyasiga uch tugun tugib qo‘yadi va har tugunga: «Hali tunlar uzun, (bemalol) uxla», deya afsun o‘qiydi. Agar u odam uy-g‘onib Allohni zikr etsa, tugunlardan bittasi, tahorat olganida yana biri, namoz o‘qiganida esa, qolgani ham yechiladi va qalbi quvonch va xushnudlikka to‘lib tong ottiradi. Aks holda, shayton tugib qo‘ygan tugunlarning ta’sirida dangasalik bilan tong otguncha uxlab qoladi».

* Kechasi turib ibodat qilgan va xotinini uyg‘otgan, xotini turishni xohlamasa, yuziga suv sepgan odamga Alloh rahmatini yog‘dirsin. Kechasi turib namoz o‘qigan va erini uyg‘otgan, eri turishni xohlamasa, yuziga suv sepgan xotinga Alloh rahmatini yog‘dirsin».

* «Namoz jannatning kalitidir».

* «Namoz dinning ustunidir».

* «Namoz mo‘minning me’rojidir».

* «Ey Muhammad, bir kecha-kunduzda ummatlaringga besh vaqt namozni farz qildim. O‘zimcha ahd qildimki, kim shu besh vaqt namozni o‘z vaqtida ado etib yursa, u kishini jannatga kiritaman. Kim o‘z vaqtida ado etib yurmasa, u banda xususida ahdim yo‘qdir» (Hadisi qudsiy).

islom.ziyouz.com

Islom
Namoz haqida oyat va hadislar