Buyrak dializi haqida nimani bilasiz? to’liq malumot oling
Buyrak xastaliklari bilan ogʻrigan bemorlar maxsus tibbiy apparat — gemodializator va uning ixtirochilaridan oʻta minnatdor boʻladi. Bu uskunaning vazifasi, inson buyraklari bajarishi lozim boʻlgan ish — qondan siydik va boshqa moddalarni ajratib olish. Undan buyrak faoliyatini tiklash muolajalari yoki buyrak transplantatsiyasigacha boʻlgan davrda foydalaniladi.
Yaratgan hech kimning boshiga dard solmasin! Taassufki, issiq jon kasalliklardan mutlaq himoyalangan emas. Baʼzan insonning eng muhim ichki aʼzolari, masalan, yurak, buyrak kabilar maʼlum xastalik yoki surunkali zararli odatlar natijasida oʻz ish faoliyatidan chetlashib, tabiiy funksional vazifasini bajara olmay qoladi. Bunday holatda organ uning faoliyatini quvvatlovchi apparatga muhtoj boʻladi.
Shunday apparatlardan biri — buyrak yetishmovchiligi bilan jabr chekayotgan bemorlarga yordam beruvchi gemodializ apparati. Uni sunʼiy buyrak deb atash mumkin va u ham xuddi tabiiy vazifadoshidek qon tarkibidagi toksik moddalarni ajratib chiqarib tashlaydi. Buyrak transplantatsiyasiga buyurilgan bemorlar operatsiya qilinguniga qadar gemodializator apparatiga ulab qoʻyiladi.
Bunday apparatning dastlabki namunasini 1914-yilda amerikalik bir guruh shifokorlar tayyorlagan. Ular buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan itning qonini sterillangan suvli idishga tushirilgan quvurlar orqali haydab koʻrgan. It qonidagi barcha zararli moddalar trubkalar orqali suvga chiqarib tashlangan, tozalangan qon yana itning tomirlariga yuborilgan.
Biroq buyrak yetishmovchiligi bilan xastalangan millionlab insonga hayot quvonchini hadya etgan haqiqiy maʼnodagi gemodializator asosidagi davolash amaliyotini gollandiyalik vrach Villem Kolf (1911-2009) joriy qilgan. Kolf oʻzi loyihalangan birinchi gemodializ apparatini 1943-yilda bemor tanasida muvaffaqiyatli qoʻllab, samarali muolaja natijalariga erishgan.
Gemodializ jarayoni / hospitalhealthcare.com
Buyrak yetishmovchiligidan aziyat chekayotgan bemorga odatda haftasiga kamida uch martadan va har biri 3-4 soatdan davom etuvchi gemodializ jarayoni zarur boʻladi. Bemorning qoni odatda uning qoʻlidagi qon tomirlariga ulangan trubkalar orqali olinib, gemodializ apparatiga yuboriladi.
U yerda qondagi barcha toksik moddalar va siydik ajratib olinib, tozalangan qon qaytadan, boshqa trubka orqali bemor tomirlariga yuboriladi. Bu jarayon davomida bemorning tanasidagi barcha qon (4,5-5 litr hajmda) har 15 daqiqada apparatdan oʻtkaziladi.
Dastlabki gemodializator apparatlarda bemor tomiriga ignani bir necha marta qayta-qayta sanchishga toʻgʻri kelardi. Natijada tomirlar yuzasi zararlanib, u yerga infeksiya tushish hollari ham boʻlgan.
Gemodializatorning takimillashuvidagi muhim ratsionalizatorlik ishidan birini amerikalik vrach Belding Skrinber (1921-2003) amalga oshirdi. U bemor qoʻliga kiritib qoʻyiladigan ingichka devorli teflon kran-shunt yasab, oʻz bemorlariga begʻaraz taqdim etdi. Mazkur takomillashuv natijasida dializ muolajasiga muhtojlarning dard chekishi birmuncha yengillashib, qon tomir devorlarining yaxlitligi saqlanadigan boʻldi.
Ingichka devorli teflon kran-shunt / orbita.uz
Gemodializ amaliyotini klinikada ham, uy sharoitida ham qoʻllash mumkin. 1970-yilda paydo boʻlgan gemodializ usullaridan birida bemorga maxsus paketchada dializator oʻrnatiladi. Uning ichida sterillangan suv, tuz va boshqa zaruriy aralashmalar boʻlib, ular membra orqali oʻtgan qonni filtrlash vazifasini bajaradi.
1. Bemor tomiridan qon olinib, nasos orqali dializator apparatiga yuboriladi.
2. Gemodializatordagi maxsus suyuqlik — dializat orqali qon filtrlanadi.
3. Apparat ichidagi membrananing oʻta kichik teshikchasi orqali faqat qon oʻta oladi xolos. Dializat va unga birikib qolgan toksik moddalar hamda ortiqcha suyuqlik miqdori chiqarib tashlanadi.
4. Toza qon bemor organizmiga qaytariladi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Buyrak dializi
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Buyrak dializi haqida nimani bilasiz?