Olmeklar kompasi to’liq malumot oling

Olmeklar kompasi to’liq malumot oling

Yuz yillar mobaynida dengizchilar yoʻnalishni aniqlash, yaʼni Yerning shimoliy magnit qutbini belgilash uchun magnit strelkali kompasdan foydalanib kelishgan. Mezoamerika (markaziy Amerika) hududida eramizdan avvalgi 1000-yillarda yashagan Olmek qabilalari qoʻllagan kompas, ehtimol, yer yuzidagi eng qadimgi kompas boʻlsa kerak. Olmek tamadduni hozirgi Meksika davlati hududida eramizdan avvalgi 1400–1000-yillar orasida gullab-yashnagan boʻlib, ushbu sivilizatsiya hayotidan bizga vulqon jinslarida oʻyib yasalgan ulkan odam boshi haykallari hikoya qilib turibdi. Amerikalik astronom Jon Karlson Olmek tamadduniga oid arxeologik topilmalar yuzasidan oʻtkazgan radiouglerodli muddatni aniqlash tajribalari orqali shuni aniqladiki, qazilmalarda topilgan, qizil tusli sayqallangan temir buyum ham aynan oʻsha davrga, yaʼni eramizdan avvalgi 1400–1000-yillarga mansub ekan.

Karlson ushbu buyumni Olmeklar astrologik yoʻnalishlarni belgilash uchun hamda geomantiya (yerga qarab fol koʻrish), shuningdek, sagʻanalarni orientirlash uchun qoʻllagan boʻlishlari mumkin degan taxminlarni ilgari surdi. Olmeklar kompasi sayqallab ishlov berilgan magnetit minerali boʻlagi boʻlib, uning bir uchiga maxsus ishlov berilgan va oʻsha uchi yerning magnit qutbini koʻrsatgan. Eslatib oʻtamiz, zamonaviy tan olingan tushunchalarga koʻra, kompasni eramizning dastlabki asri soʻngida xitoyliklar kashf etishgan deb qaraladi. Kompasning dengizchilikda keng qoʻllanilishi esa XI asrga kelibgina ommalashgan. Karlson oʻz tadqiqotlari natijalari haqida ʼʼMagnetit kompas. Kim birinchi? Xitoylarmi yoki olmeklar?” nomli maqola chop ettirgan. Unda Karlson quyidagicha dalillar keltiradi: ʼʼM–160 namunaning noyob koʻrinishga ega ekanini hamda uning tarkibini eʼtiborga olib, shuningdek, olmeklarning temir rudasiga ishlov berish borasida chuqur bilimlarga va oʻta mukammal hunarmandchilikka ega xalq boʻlganini tan olgan holda men M–160 raqamli namuna osori-atiqaning eng dastlabki tur kompas boʻlgani haqida taxmin qilmoqdaman. Ushbu namuna maxsus ishlov berilgan va shaklga keltirilgan buyum boʻlib, uning tarkibi magnetit minerali, yaʼni tabiiy magnitlangan mineraldan iborat. Ushbu magnetitning magnit momenti vektori aylanish tekisligida yotadi. Ushbu kompasdan biror astronomik obyektning yoʻnalishini aniqlash uchun foydalanilganmi (nolinchi tur kompas) yoki Yerning Shimoliy qutbini aniqlash uchun geomagnitik kompas sifatida qoʻllanganmi (birinchi tur kompas) bu savol ochiq qolmoqdaʼʼ.

olmeklar kompasi 1

AQSHning Smitson universitetida joylashgan Tabiat tarixi milliy muzeyining chaqnoq toshlar va minerallar boʻlimida koʻrgazmaga qoʻyilgan magnetit minerali. Qadimgi hindu qabilalari ushbu mineralning tabiiy magnitlanganlik xossasidan yoʻnalishni aniqlash uchun foydalanishgan. Ushbu mineral tabiiy ravishda oʻz-oʻzidan magnitlangani uchun u ʼʼmagnetitʼʼ deb nomlangan.

1960-yilda Yel universiteti arxeologi Maykl Ko tomonidan Meksikaning Verakrus shtatida qazilma ishlari olib borilgan va unda olim olmeklar kompasining boʻlagini topgan edi. 1970-yilda esa Karlson ushbu qadimgi kompas bilan tajribalar oʻtkazib, uning suv va simobda choʻkmasdan, aksincha, shimoliy qutbga ishora qilgan holda muvozanatlanishini isbotladi. Shunga koʻra, ilk kompasni xitoylar emas, balki mezoamerika hindulari, aniqrogʻi olmek qabilalari ixtiro qilgan degan taxminlar tobora haqiqatga yaqin boʻlib bormoqda.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Olmeklar kompasi
Muqova surat: travel-in-time.org

Boshqa mavzular
Olmeklar kompasi