Tranzistor to’liq malumot oling
Ming yillar oʻtib, insoniyatning eng buyuk ixtirolari haqida kitob chiqarilsa, oʻsha paytdagi avlodlar, albatta, 1947-yilning 16-dekabr sanasini ʼʼAxborot erasining boshlanishiʼʼ sifatida alohida qayd etishadi. Aynan shu kuni Bell laboratoriyasi xodimlari Jon Bardin (1908-1991) va Uolter Bratteyn (1902-1987) ikkita yuqori elektrodni germaniy plastinkasi bilan ishlov berilgan va uchinchi elektr kuchlanish manbasiga ulangan elektrodga joylashtirilgan maxsus plastinka bilan ulab, ajoyib bir mikroelektron detalni yaratishdi. Ushbu detalda yuqori elektrodlardan biriga past kuchlanishli tok oqizilganda ikkinchi yuqori elektrodda nisbatan kuchliroq tok paydo boʻlar edi. Shu tarzda haqiqatan ham axborotlashtirish erasini boshlab bergan eng muhim vositalardan biri – tranzistor ixtiro qilindi.
Aslida, ixtironing ahamiyatini inobatga olsak, uning mualliflari xursandlikdan raqs tushib yuborishlari ham mumkin edi. Biroq Bardinning oʻz ixtirosiga munosabati juda sovuqqon tarzda boʻlgan. Muhim amaliy ixtiro muallifiga aylangan kuni Jon Bardin kechki payt uyiga kelib, xotiniga ʼʼBugun biz muhim bir narsani ixtiro qildik…ʼʼ, – deb qisqa luqma tashlagan xolos.
Laboratoriyada Bardin va Bratteyn bilan birga ishlagan Uilyam Shokli (1910-1989) ham oʻz hamkasblarining ixtirolari ahamiyatini birinchilardan boʻlib anglab yetgan va tez orada tajribalarga qoʻshilib, u ham tranzistorlarning va umuman yarimoʻtkazgichlarning keyingi takomillashtirilishida katta xizmat koʻrsatgan. Keyinchalik tranzistorni ixtiro qilganlik uchun Bell laboratoriyasi patenti olinganda Shokli patentda oʻz familiyasi kiritilmaganligini koʻrib juda xunob boʻlgan edi. Chunki patentda faqat Bardin va Bratteynning ism-shariflari qayd etilgan edi xolos. Bundan achchiqlangan alamzada Shokli, tranzistorlarni takomillashtirish yoʻlida yanada chuqur izlanishlar olib bordi va nihoyatda muhim konstruksion oʻzgartirishlar kiritib, mazkur detalning samaradorligini yanada oshirdi. Tranzistor elektr signallarini kuchaytirish, generatsiyalash yoki kommutatsiyalash uchun qoʻllaniladigan yarimoʻtkazgich mikroelektron detaldir. Yarimoʻtkazgichning oʻtkazuvchanligini oʻzini ham unga berilayotgan elektr signallari vositasida boshqarish mumkin. Tranzistor konstruksiyasiga bogʻliq holda uning kontaktlaridan bir juftiga berilgan tok yoki kuchlanish boshqa bir kontakt orqali oqayotgan tokni oʻzgartiradi.
Hozirda butun dunyoda ishlab turgan milliardlab xil elektron uskunalar: telefonlar, kompyuterlar, bankomatlar, svetoforlar, avtomobillar, televizorlar, radio, nusxa koʻpaytiruvchi qurilma (kseroks) va hokazo minglab nomdagi elektron asbob-uskunalarning barcha-barchasi ularning sxemalarida qoʻllangan aynan tranzistorlar tufayli ishlamoqda. Shubhasizki, tranzistor — zamonaviy elektronika va mikroelektronikaning yuragi yoki miyasi desak ham aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Tranzistor, shubhasiz, ming yillar keyin ham insoniyatning eng buyuk ixtirolari qatorida qolaveradi. Hozirda esa tranzistorlarning yangi avlodi atigi bitta atom qalinligida boʻlgan nanooʻlchamli transizstorlarni yasash ustida ishlar olib borilmoqda. Xususan, uglerod nanotrubkalaridan tranzistor tayyorlash uchun foydalanish ustida amaliy tajribalar olib borilmoqda.
Tranzistor qoʻllash orqali ommaviy ishlab chiqarilgan ilk elektron uskuna ʼʼRegensy TR-1ʼʼ deb nomlangan radio apparati boʻlib, 1954-yilda ilk marta namoyish qilingan. Ushbu tranzistorli radioni TR-1 kompaniyasi xodimi Richard Kox patentlagan.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Tranzistor
Muqova surat: freepik.com
Boshqa mavzular
Tranzistor