Virus to’liq malumot oling

Virus to’liq malumot oling

XIX asrning 80-yillarida Lui Paster quturish kasalligi sabablarini tekshirar ekan, mana shundan oʻlgan hayvonlarning umurtqa miyasi kasallik manbai va tarqatuvchisi boʻlishi ehtimolini payqadi. Lekin u quturishning qoʻzgʻatuvchi bakteriyalarini topa olmadi.

Paster yuqumli kasalliklarni bakteriyalar tomonidan qoʻzgʻatilishi haqidagi oʻz nazariyasini tugallashidan avval ushbu kuzatishlar uning barcha kasalliklarni mikroorganizmlar tashiydi degan aqidasiga shubha uygʻota olmagan edi. Xususan, quturish bilan boʻlgan holatda Paster ushbu yomon xastalik qoʻzgʻatuvchisini, yaʼni infeksion agentini koʻrishga shunchaki mikroskopi ojizlik qilmoqda deb ishondi va keyinchalik odatdagidek u haq boʻlib chiqdi.

1892-yilda rus tadqiqotchisi Dmitriy Ivanovskiy mozaik kasallik bilan zararlangan tamaki oʻsimligi barglaridan gʻalati shira ajratib oldi. Ushbu kasallik bilan zararlangan oʻsimlik bargida turli oʻlcham va shakldagi gʻuj-gʻuj yashil dogʻlar paydo boʻlar edi. Ivanovskiy ushbu shirani bakterial filtrdan oʻtkazdi va keyin u bilan sogʻlom oʻsimliklarga ishlov berib koʻrdi. Lekin bakteriyalardan xalos boʻlgan shira baribir boshqa sogʻlom oʻsimliklarni zararlashda davom etar edi. Ushbu shirani olim filtrlanuvchi virus deb nomlagan.

Gʻalati joyi shunda ediki, kasallikni tashuvchi shira suyuqligi ushbu kasallikni qoʻzgʻatuvchi tirik mikroorganizmlardan xolidek taassurot uygʻotar edi (unda mikroorganizmlar koʻrinmasdi). Virus soʻzi lotin tilida “zahar” maʼnosini bildiradi. Infeksion kasallik haqida gap ketayotganda, agar u virulent deb izohlansa, demak bu oʻlimgacha olib borishi mumkin boʻlgan infeksiya boʻladi.

Ivanovskiy oʻsha shira bilan tajribalarni davom ettirdi va uni juda-juda mayda gʻovaklardan iborat filtrdan oʻtkazib, shunday filtrda kasallik tashuvchisi boʻlgan mikroorganizmlar tutilib qolayotganini aniqladi. Shunga koʻra, olim ushbu qoʻzgʻatuvchi-tashuvchi narsa oʻlchami favqulodda kichik mikroorganizm ekanini bilib oldi.

Ivanovskiyning tajribalarini keyinchalik golland botanigi va mikrobiologi Beyernik ham muvaffaqiyatli takrorladi. Lekin u tamaki mozaikasi kasalligi qoʻzgʻatuvchisi tirik organizm ekanini isbotlagan holda uning eruvchan ekanini ham eʼtirof etib, biroz xato qildi.

1916-yilda amerikalik mikrobiolog Allard shirani yanada mayda, oʻta mayda gʻovaklardan iborat filtrdan oʻtkazdi va natijada kasallikni tashimaydigan, toza shira olishga erishdi. Uning filtri virusni tutib qolgan edi. Allardning tajribalari Ivanovskiy va Pasterning ishlarini qatʼiy isbotlab berdi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisi haqiqatan ham juda mayda oʻlchamli, zarra darajasidagi kichik mavjudot ekani ayon boʻldi.

Nihoyat, 1935-yilda Amerikalik virusolog Uilyam Stenli tamaki mozaikasi kasalligi sababchisi boʻlgan viruslarni kristall holatida ajratib olishni uddaladi. Bu virusni dastlabki tadqiqotchisi Ivanovskiy sharafiga Ivanovskiy virusi ham deyishadi.

Virusning kristall strukturasini oʻrganish orqali Stenli ushbu virus murakkab protein, yaʼni oqsil molekulasidan iborat ekanini aniqladi. Koʻplab mamlakat olimlarining umumiy saʼy-harakatlari evaziga viruslar aslida hujayrali organizm emasligi va ular oʻzidan koʻra yuksakroq tuzilishga ega boshqa organizm hujayralaridagina koʻpayishi mumkinligi aniqlandi.

Hozirgi paytda viruslarning bir necha yuz xillab turi aniqlangan va yildan yilga yangi-yangi turdagi viruslar kashf etilishi davom etmoqda. Ulardan ayrimlari haqida quyida toʻxtalib oʻtamiz.

Adenoviruslar – burun-halqum bezlarida uchraydigan turdagi viruslar boʻlib, ularning nomi ham shundan kelib chiqqan. Yunonchada “bez” maʼnosini beruvchi soʻz adena tarzida yangraydi. Oʻpka yalligʻlanishi, adenoidlar hamda ayrim oshqozon-ichak kasalliklarining qoʻzgʻatuvchisi aynan shu viruslar boʻladi.

Gerpes viruslari – turli xil toshma kasalliklari, tutqanoq qoʻzgʻatuvchi kasalliklar manbai. Nomi yunonchada “temiratki” maʼnosini beruvchi hèrpes soʻzidan olingan.

Koksaki viruslari – tana qismlarini falaj va shol qiluvchi viruslar. Masalan poliomiyelit singari xastaliklar shunday virusdan kelib chiqadi. Nomining kelib chiqishi Nyu York shtatidagi Koksaki shaharchasi nomi bilan bogʻliq. Chunki ushbu virus birinchi marta aynan shu shahar aholisi orasida koʻp tarqalgan falajlik kasalliklarini tekshirish vaqtida aniqlangan edi.

Rabdoviruslar – tayoqchali viruslar boʻlib, quturish kasalligi qoʻzgʻatuvchisi ham aynan shu turkum viruslar safiga kiradi. Nomining kelib chiqishi yunonchada “tayoqcha” maʼnosini beruvchi rhabdos soʻziga borib taqaladi.

Enteroviruslar – yunonchada “ichak” maʼnosini beruvchi entera soʻzidan olingan, ushbu nom ostidagi viruslar turkumi oʻzining tanadagi yashash joyiga koʻra shunday ataladi. Bunday viruslar ichaklarda makon topadi va turli xil ichak, hazm sistemasi kasalliklarini qoʻzgʻatadi.

Rinoviruslar – oqsim kasali hamda oʻtkir respirator kasalliklar, jumladan, rinit kasalligi qoʻzgʻatuvchisi boʻladigan viruslar turkumi boʻlib, nomi yunon tilida “burun” maʼnosini beruvchi rhinos soʻzidan olingan.

A, B, C turdagi gripp viruslari – aslida nomi ancha murakkab boʻlgan viruslar boʻlib, ilmiy adabiyotlarda ular ortomiksoviruslar deyiladi. Ushbu termin ham yunon tilidan ildiz olgan. Grippda odatda burundan shilimshiq oqishi va burun bitishi sodir boʻladi. Yunonlarda shilimshiq manqa myxa deyiladi. Ortos soʻzi esa ularda “toʻgʻri” va “tekis” maʼnolarini anglatadi.

Koronaviruslar – boshqa viruslardan farqli ravishda tashqi qismida alohida chiqib, koʻrinib turuvchi tojga oʻxshash shokilalari boʻlgani uchun shunday nomlangan. Corona “toj” degan maʼnoni bildirishini hamma yaxshi biladi, menimcha. Odamga yuqadigan koronaviruslar ilk bora 1965-yilda aniqlangan boʻlib, keyingi yillar davomida ushbu turdagi viruslar deyarli eʼtiborda boʻlmagan.

Faqat 2002—2003-yillarda Xitoyda birinchi marta kuzatilgan SARS infeksiyasi epidemiyasidan keyin ushbu turdagi viruslarning naqadar xatarli ekani maʼlum boʻldi. Koronaviruslar RNK tutuvchi ekanligi bilan ham ajralib turadi. 2020-yil yanvar holatiga koronaviruslarning 40 turi aniqlangan.

Shundan hozirgi COVID-19 pandemiyasini qoʻzgʻatgan, eng yuquvchan virus bu SARS-CoV-2 turi boʻlib, u bemorlarda atipik pnevmoniyani keltirib chiqarishi bilan ilk bora 2019-yil dekabr oxirlarida, Xitoyning Uxan shahrida aniqlangan edi.

virus 1

naked-science.ru

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Virus
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
Virus