Mezelson-Shtal eksperimenti to’liq malumot oling

Mezelson-Shtal eksperimenti to’liq malumot oling

Uotson va Krik oʻz tajribalari orqali DNK strukturasining qoʻsh-spiral shakliga ega ekanini maʼlum qilgach, har qanday ilmiy gipoteza singari ushbu gipoteza ham boshqa olimlar tomonidan eksperimental tekshirishlardan oʻtkazildi. Xususan, 1957-yili Kaliforniya texnologiya universitetining molekulyar biologiya boʻyicha mutaxassislari Metyu Mezelson (1930-yilda tugʻilgan) va Franklin Shtal (1929-yilda tugʻilgan) tomonidan qator eksperimentlar seriyasi amalga oshirildi. Ular qoʻllagan uslub molekulyar miqyosda juda oʻxshash boʻlgan strukturalarning massasini farqlash imkonini bergan.

Azot atomi DNK asosi tarkibida mavjud boʻladi va shu sababli ham har qanday organizmning koʻpayish jarayonida, albatta, uning DNK strukturasiga tashqi muhitdan azot atomlari oʻzlashtiriladi. Bilasizki, oddiy azot izotopi 14N ancha yengilroq boʻladi va azotning 15N shaklidagi ogʻirroq izotopi ham mavjud boʻladi. Mezelson-Shtal tajribasida dastlab bakteriyalar koloniyasi muhitdagi yagona azot manbai — 15N izotopi boʻlgan sharoitda oʻstirilgan.

→ DNK (dezoksiribonuklein kislota) yoxud asrning eng katta ilmiy yutuqlaridan biri haqida

Bunda olimlar Escherichia coli, yaʼni ichak tayoqchasi bakteriyasidan foydalangan. Bakteriyalarning bir necha avlodi almashganidan keyin ushbu bakteriyalar DNKsidagi azot atomlarining barchasi faqat “ogʻir azot”, yaʼni 15N izotopidan iborat boʻladigan holatga kelgan. Keyin esa ular oddiy 14N azot izotopli muhitga oʻtkazilgan.

Bir sikl avlodi ogʻir azotni oʻzlashtirish evaziga koʻpaygan bakteriyalar koloniyasi DNKsi tekshirilganda, ularning ogʻirligi 14N va 15N orasidagi oraliq holatda ekani maʼlum boʻlgan. Bakteriyalar koʻpayishining ikkinchi sikli yakunidan keyingi tekshirishlar esa toʻrtta DNK zanjiridan faqat bittasigina ogʻir azotli ekani, qolgani oddiy azotli zanjir hosil qilgani maʼlum boʻldi.

Ushbu ajoyib eksperiment orqali Mezelson va Shtal hujayraning har bir boʻlinishi natijasida DNKning komplimentar zanjirlarining yarimi avvalgi “ogʻir” DNKni saqlab qolishi va qolgan yarmini esa yangi “yengil” DNKdan hosil qilishi isbotlandi. Bu esa Uotson va Krik gipotezasiga toʻla mos kelar edi.

mezelson shtal eksperimenti 1

Mezelson-Shtal eksperimenti sxemasi

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Mezelson-Shtal eksperimenti.
Muqova surat: freepik.com

Boshqa mavzular
Mezelson-Shtal eksperimenti