BUYER haqida malumot bilib oling.
BUYER (gollandcha boeir — xona) — konki yoki gʻildiraklarga oʻrnatilgan maxsus yengil konstruksiyali uchburchak shakldagi xona, yelkanli platforma; muz ustida uchishga moʻljallanadi. Aviatsiyaga ishlatiladigan fanera, oliy sifatli qattiq daraxtlar, alyuminiy va poʻlatdan quriladi. Buyer oʻquvmashgʻulot hamda sayr qilish uchun 5—10 kishi sigʻadigan ochiq maydonchali qilib ham yasaladi. Sport B. i tana (korpus), aylanadigan machta, har ikki yondagi konkilarga oʻrnatilgan shoti, boshqaruvchi rul qurilmasi va konkilardan iborat boʻladi. Buyerning sirgʻalib uchishi uchun silliq muz, sekundiga 3 — 5 m tezlik bilan esib turuvchi shamol boʻlishi kerak. Uning uchish tezligi soatiga 100 km ga boradi. Dastlabki Buyerlar 18-a. da Rossiyada paydo boʻlib, ulardan shim. koʻllarda baliqchilar foydalanishgan. Turli yuk va odamlarni muz ustidan tashib oʻtishda qoʻl kelgan. Xususan, 2-jahon urushi paytida Buyerdan razvedka, aloqa va transport vositasi sifatida foydalanilgan, qamaldagi Leningrad bilan Ladoga koʻli orqali aloqa bogʻlab turilgan. Buyer larda muz ustida oʻtkaziladigan poyga B. sporti deyiladi. U AQSH, Kanada, Yevropaning bir necha mamlakatlarida ommalashgan. Buyer sporti boʻyicha 1964-y. dan jahon va Yevropa birinchiliklari oʻtkaziladi.
Ensiklopediya.uz
BUYER