Abdulla Oripov sherlari eng sara sherlar to‘plami to’liq malumot oling

Abdulla Oripov sherlari eng sara sherlar to‘plami to’liq malumot oling

Abdulla Oripovning barcha sherlari to‘plami — Abdulla Oripov (21.03. 1941 — 05.11.2016) Qashqadaryo viloyati, Koson tumaniga qarashli Neko’z qishlog’ida tug’ilgan.

Birinchi muhabbatim

Kecha oqshom falakda oy bo’zarib botganda,
Zuhra yulduz miltirab, xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik, sokinlik uyg’otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.

O’tdi yoshlik zavq bilan, gohi to’polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayro ham tushdim ba’zan qalb bilan imon bilan,
Lekin seni yo’qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g’aflatga botdim, birinchi muhabbatim.

Dunyo degan shundayin anglab bo’lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.

Holbuki, orzulardan judo ham bo’lganim yo’q,
Yulduzday kulganim yo’q, oy kabi to’lganim yo’q.
Erta xazon gul kabi sarg’ayib, so’lganim yo’q,
Seni eslab yig’layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag’rim tig’layman, birinchi muhabbatim.

Yo’lin yo’qotsa odam – muhabbatga suyangay,
G’ussaga botsa odam – muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam – muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.

Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko’rib men bor dunyoni unutdim,
Tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg’iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.

Sen qaydan bilasan…

Sen qaydan bilasan, balki yulduzlar,
Menga sirlarini so’ylayotgandir.

Sen qaydan bilasan, balki bu ko’zlar,
Unsiz bir qo’shiqni kuylayotgandir.

Sen qaydan bilasan, balki keng olam,
Shu mo’jaz qalbimga bo’ylayotgandir.

Sen qaydan bilasan, balki meni ham,
Kimdir qaydadir jim o’ylayotgandir…

Ayrilma

Bahra ol hayotning ne’matlaridan,
Yashab yur, olamni his qilib, ko’rib.
Va lekin, payt kelib, buning baridan
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Tanish-bilishlar-ku bordir tumonat,
Kim ham sadoqatga bergay kafolat.
Hatto qasam ichgan do’st ham omonat,
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Qaydadir omading yulduzi imlar,
Parda bo’ladilar, lekin har kimlar.
Bir kun yodga tushar o’sha g’animlar,
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Har olgan nafasing o’zi ibodat,
Qalbingda yashaydi pinhon muhabbat.
U – ilhom, u– hikmat, u – kuch, u – qudrat,
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Dunyoda topganing Vatandir tanho,
Senga xalqing o’zi suyanch avvalo.
Xoking shu tuproqqa bo’lg’usidir jo,
Ayrilib qolmagin tiriklay turib.

Ko’zgu

Birovlarni kamsitib, yerga urishdan oldin
Kattakon ko’zgu qo’yib, o’zingga qarab olgin.
Zarga o’ralgan bilan kesak hamisha kesak,
Choldevor o’rtasida ko’milgan bir xum oltin.

Tomonlar

Qonunda yozilmagan kuchlar bordir dunyoda,
Ko’zga tashlanmas, ammo qo’zg’alsa shahdi yomon.
Noziklikda tarozu shayinidan ziyoda,
Urishtirguvchi hamda Yarashtirguvchi tomon.

Ulug’ yoshdaman, biroq hadigim bordir katta,
Qo’rqaman kim bilandir oshno bo’lib qolishdan.
Urishtirguvchi tomon topar seni albatta,
Ishin boshlar oraga nifoq, nizo solishdan.

Bu mening xulosamdir, do’stlikni xufya saqlang,
Ihota aylang uni har xil shirin so’zlardan.
Ayniqsa, muhabbatni oshkor etmay ardoqlang,
Zada bo’lmasin toki turfa yovuz ko’zlardan.

Urishtirguvchi tomon har qayda doim shaydir,
Chang soladi tap tortmay e’tiqodga, iymonga.
Oila rishtasin-ku maroq bilan uzgaydir,
Hatto Vatan tuyg’usin olmoq bo’lar nishonga.

O’ylayman goh, odamzot nahotki loqayd boqar,
Nahotki, ezgulikni asray olmaydi omon.
Urishtirguvchi taraf chittakdek qanot qoqar,
Og’ir karvonga o’xshar Yarashtirguvchi tomon.

Ka’batulloh

Hanuz biri ikki boʻlmagan eldan,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.
Bagʻri xun, tolei kulmagan eldan,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Bir zamon uning ham boʻlgan qudrati,
Dunyoni yoritgan zehni, fikrati.
Hatto qirgʻoqlarni buzgan shiddati,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Tegirmon toshidek aylandi taqdir,
Karvonlar toʻzgʻidi, sarbonlar soʻqir.
Bandi boʻlgan edi ulugʻ yurt, axir,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Avj oldi igʻvo-yu firib, razolat,
Yigʻladi bir chetda yetim adolat.
Bormi saodatga, axir, kafolat,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Xor boʻldi Vatanda kimki ilmi bor,
Birovlar zar bilan topdi e’tibor.
Hiylagar koʻpaydi, koʻpaydi makkor,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Duch kelgan sanamga sigʻindik gohi,
Bizga keng ochildi Shayton dargohi.
Axir, nima edi elning gunohi,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Magar boʻri ekan odamga odam,
Bir-birin boshini yegay damodam,
Haqiqat yoʻq joyda yashnagay yolgʻon,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Qay zamon odamlar bad fe’lin sezdim,
Vafoli doʻst izlab dunyoni kezdim.
Topmadim, topmadim, baridan bezdim,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Qoshingda tiz choʻkib turibman shu dam,
Dilimda iltijo, qoʻlimda qalam.
Shafqating ayama mendan ham,
Egam, Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Shukrona ayturman oʻzingga, yo Rabb,
Yuz burdik hidoyat yoʻliga qarab.
Haq degan yurtimning baxtini soʻrab,
Keldim, madad bergil, yo Ka’batulloh.

Shokalad

Cho’ntagimga solib oldim to’rtta shokalad,
Va o’zimcha bitta shartni ayladim tayin:
Kimki meni aldamasa, siylayman albat,
Shokoladni shu odamga sovg’a etayin.

Kun bo’yi biror g’olib chiqmadi, ajab,
Boz ustiga bilmas edi hech kim shartlarni.
Uyga qaytdim, bolalarni bayram deb aldab,
Bo’lib berdim cho’ntakdagi shokoladlarni.

Uchinchi bo’lim

Tiriklikning ehtimol yarmin
O’tkazasan xushomad qilib.
Kimlarningdir bosh kiyimlarin
Garderobda qoziqqa ilib.

Nasib etsa birorta mansab,
Endi senga xushomad bo’lgay.
G’animlar ham iltifot aylab,
Garderobga telpaging ilgay.

O’zingni ham qildingmi hurmat?
Deysan, bunga tegmadi qo’lim.
Bu insoniy, qisqa bir muddat,
Umringdagi uchinchi bo’lim.

Fazilat

Ariza yozib yo iltimos qilib,
Hech kim bu dunyoga kelgan emasdir.
Har banda o’tirsa o’rnini bilib,
Nafsiga berilmay yashasa, basdir.

Mehnatu tafakkur, tajriba bois
Mukarram bo’lgaydir hamisha inson.
Kim bundan mosuvo – hurmat nojoiz,
Uning odamligi aslida gumon.

Oyoqsiz bo’lsa-da suv ham yurolgan,
Ibrat ol, hech qursa, sen unga qarab.
Oshyonu uyasin o’zi qurolgan
Chumoliga sharaf, qushlarga sharaf.

Qarayman, moziyning dovonlarida
Botirlar mash’ali to hanuz porlar.
Gard bo’lmish tarixning maydonlarida
Yasama polvonu soxta tulporlar.

Mansabu shon-shuhrat, boyligu dunyo
Halollik tufayli aziz, muborak.
Nainki zaminga, ko’kka ham hatto
Faqat fazilatli bandalar kerak.

Shayton

Kechir, sherim

Kechir she’rim, kechirgin meni,
Yilar o’tib, charchadim, toldim.
Shunday paytlar bo’lodiki, seni
Muhofaza qilolmay qoldim.

Quduq qazdim, suv tanqis damlar,
Erishdim ham balki yutuqqa.
Cho’ktirdilar lekin odamlar
O’zim qazgan o’sha quduqqa.

Arg’uvon

Bog’imga ekkandim to’rt tup arg’uvon,
Vaqt o’tib, navqiron bo’ldi nihollar.
Dersiz: — Nimasiga bo’lasiz hayron,
Tegrangizda ko’p-ku teraklar, tollar.

Shoyon quvonch bergay yashillik bari,
Yantoq shakari ham boldan kam emas.
Lekin arg’uvonga boqqanim sari
Dilimda ortadi hayrat va havas.

Axir, ko’z o’ngimda ulg’aydi nihol,
Nega g’ururlanmay, ekkan men o’zim.
Balki ne og’ochlar topgaydir zavol,
Bularning umri-chi, juda ham uzun.

Bir kuni mening ham tinar qonlarim,
U yog’i ne kechar? Mavhumdir bizga.
Mening shu azamat arg’uvonlarim
Kirgaydir bezavol necha bir yuzga.

Dovul urmasa bas, kesmasalar bas,
Bo’y sochib, hamisha gurkirab turgay.
Qancha yuraklarda qo’zg’atib havas,
Kelajak kunlarning jamolin ko’rgay.

Shifokor

Shifokor bo’lishni xohlading yakkash,
Boshqa kasbu kordan tamom kechgansan.
«Xudo ursin» degan kalomga o’xshash,
Gippokrat nomiga qasam ichgansan.

Arab shayximi u, podachimi yo,
Sening qabulingda oddiy bir bemor.
Qonun quvlab yurgan o’g’rini hatto,
Davolashing shartdir, chunki va’dang bor.

Seni shogirdidek yaratgandir Rab,
Hayoting insonga baxshida butkul.
Aziz odam uchun tursang ham yig’lab,
Yovuz bemordan ham uzolmaysan qo’l.

Har qanday mushkulning topilar kori,
Havo bor bemoring yotgan xonada.
Faqat mehr degan noyob bir dori,
Uchramas hech qanday dorixonada.

Deyman, bari senda erur mujassam,
Xalating singari xizmating ham sof.
Gippokratga qancha ichmagin qasam,
Qalbingdan ketmasin Shafqat va Insof.

To’rtliklar

Nochorning ustidan kulma hech qachon,
Bilmasdan kamsitma, boyvachcha o’g’lon.
Topgan aqchasiga non olgaydir u,
Keksa onasiga yo dori-darmon.

***

Dunyoda tiriklik emasdir oson,
Xudkashlik esa-chi, yomondan yomon.
Faqat Yaratganning ismin takror et,
Boshqa chora yo’qdir, yo’q o’zga imkon.

***

Seni ko’ray dedim – tonglarim otdi,
Orazing yorishib, tunni yo’qotdi.
Lekin qora soching yuzingga tushgach,
Yana tun boshlandi, quyosh ham botdi.

***

Tashna qultum suvni orzu etgaydir,
Oltin piyolani axir netgaydir?!
Bemorga mol-dunyo va’da aylama,
Bir og’iz shirin so’z unga, yetgaydir.

***

Mag’izni po’choqqa qarshi qo’yar u,
Olovni o’choqqa qarshi qo’yar u.
Ikkisi to abad birlashmasin, deb
O’rtoqni o’rtoqqa qarshi qo’yar u.

***

Dunyoda uchraydi shundaylar, bilsang,
Alif ham chiqmaydi qornini tilsang.
Hammani o’ziga o’xshatadi u,
– Qancha olding, – deydi, yaxshilik qilsang.

Vatan mehri

Xastalikka yo’liqdim Vatanimdan yiroqda,
Vayron bo’ldi ming karra shundoq ham vayron ko’nglim.
Dengizu tog’lar osha, goh yayov, goh uchoqda
Meni ko’rgani kelding, Bibisora, jon singlim.

Ellik yil ayro tushgan ikki jigarband misol
Aka-singil yig’lashdik, yelkalarga qo’yib bosh.
Shu lahza onam ruhi charx urardi ehtimol,
Balki otam arvohi tilardi bizga bardosh.

Noshukurlik yomondir, yashadim-ku harqalay,
Qayga borsam, muxlislar bizniki deb atashdi.
Biroq o’tgan yillarning fe’lin ham aytib o’tay:
Avvalo qo’rqitdilar, so’ngra esa talashdi.

Boylik va amal topish qiyin emas dunyoda,
Jindek chaqqonlik bilan ustakorlik bo’lsa, bas.
Dushman-ku poylab turar har o’ru har qiyoda,
Faqatgina chin do’stni uchratmoq oson emas.

Men ham bir do’st axtarib, shamol misoli yeldim,
Goho topdim, gohida topolmay chekdim alam.
To’rt muchaning qadrini yoshim o’tganda bildim,
Jarohat topdim goho tuyaning ustida ham.

Donishmandlar hayotni aslida sinov deydi,
Bu hikmatni har inson o’zicha anglar biroq.
Tiriklikda sobit bir mantiq bo’lsa qaniydi,
Bo’rilar qolib ketib, qo’yni sinashar ko’proq.

Sog’ayib, safingizda yurarman hali men ham,
Oshno bo’lib she’r degan abadiy bir sehrga.
Yolg’iz Xudoga soldim, gar birovdan yetsa g’am.
Lekin mudom talpindim insoniy bir mehrga.

Kim bo’libman ahir men, mehrga zor-ku bashar,
Chulg’ab olmish olamni zo’ravonlik va aqcha.
Oddiy bir to’pteparga qiyoslab ko’rsang agar,
Gomer va Tolstoyning narxi bo’larkan qancha?!

Ha, odam bolasi bu, qon qaqshatar dillarni,
Qo’li hech bo’shamaydi ig’vo bilan urushdan.
Ko’rdim afsus dunyoda hatto shundoq ellarni,
Zavq oladi o’z birin toptab, yerga urishdan.

Sen Vatanim mehrini keltirding, Bibisora,
Endi oyoqqa turgum sog’ — omon, o’ynab-kulib.
Bilib qo’y, bu mehrni topib bo’lmaydi sira,
Inchunin, u ko’ringay gohida singil bo’lib.

Saviya

Ha, birodar, o’z-o’zingni
Maqtashdan avval,
Hisobga ol saviyangni,
Ongingni tugal.
Mahallada yashar edi
Bir musofir zot,
Ilm bilan mehnat edi
Uning chun hayot.
Atay kelib biror kimsa
Olmasdi xabar,
Olim g’oyat xoksor edi,
G’oyatda kamtar.
Bir kun yuksak mukofotni
Berdilar unga,
Biroq hech kim zarra parvo
Qilmadi bunga,
Va inchinun mahallada
Yashardi bir boy,
U ham bir kun ola qoldi
Siylov, hoynahoy.
Qutlagani kelishdilar
Jami boyonlar,
Dimog’lari ko’kka yetgan
Kibor insonlar.
Bayram qildi yarim shahar
Balandi, pasti,
Lekin olim qayda qoldi?
Hech kim bilmasdi.
Ha, birodar, o’z-o’zingni
Maqtashdan avval,
Hisobga ol saviyangni,
Ongingni tugal.

Malak

Nechun oʻgʻirlading oʻy-u fikrimni,
Nechun xayolimni aylading sarson.
Endi men bilmasman borar yerimni,
Endi tuygʻularim qoldi sargardon.

Seni koʻrgandayman tushimda faqat,
Uchib oʻtgandaysan misoli yulduz.
Samoviy moʻ’jiza, ilohiy tal’at,
Tengi yoʻq bir malak, qoshlari qunduz.

Nasib etarmikan biror kun visol,
Nasib etarmikan tutmoq qoʻlingni.
Va yo noshud qolgan munajjim misol,
Poylab oʻtarmanmi qaytar yoʻlingni…

Oq ot

Navoiy «Xamsa»ni tugatdi yozib,
Qutlashga yig’ildi arkoni davlat.
Bayqaro ayricha hurmat ko’rgazib,
Oq otin minishga ayladi da’vat.

Lekin uzr dedi shoiri davron,
Balki bu holni u kibr deb bildi.
Shunda sekingina lutf etdi Sulton:
– Buni otning o’zi iltimos qildi…

Yaxshilik

O’kinmagin, qartayib, qarib
Qoldim dema butkul orqada.
Bir kun senga berar qaytarib,
Haqqing bo’lsa olaqarg’ada.

Yaxshiligim ketdi, deb bekor,
Afsus chekmas haqiqiy erlar.
Birovidan qaytmasa zinhor
Boshqasidan qaytadi derlar.

Sog’inch

Seni sog’insinlar,
Sen ko’p sog’inding,
Chora yo’q baribir ikki holda ham.
Daryodek tosharding, ko’l kabi tinding,
Faqat ruhing qoldi sen bilan hamdam.

Afsus, sog’inchning ham bordir adog’i,
Keyin unutilish, bari abasdir.
Sog’ingan odamning ko’nglida dog’i,
Sog’intirganga ham oson emasdir.

Diplomat

Do’konlar

«Sog’lik» degan do’konda edim
Men, dardlardan azob tortuvchi.
– Bir oz bering sog’liqdan, – dedim,
– Tugab qolgan, – dedi sotuvchi.

«Omad» degan do’konga kirsam,
Peshtaxtalar turar qup-quruq.
– Kuting, – deydi sotuvchi beg’am,
Omad hali kelganicha yo’q.

Salom-alik

Umrimdan ming marta roziman, biroq
Gohida ko’ksimni ortiq keribman.
Yoshlik – g’o’rlik ekan, anglamay, ko’proq
Katta shaytonlarga salom beribman.

Vaqtning tezligiga hayron qolaman
Va kulib qarayman buning bariga.
Endi yoshim ulug’, alik olaman
Kichik shaytonlarning salomlariga.

Qo’riqchi it

Orzu qilgan ekan boyvachcha yigit,
Uy qurdi, aqchani sarf etdi talay.
Uyni qo’riqlardi, lekin cho’loq it,
Bo’ynigacha qo’tir, bir ko’zi g’ilay.
Shundoq imoratni qurdingmi, Odam,
Topib qo’y-da endi, loyiq itni ham.

Ota duosi

Oʻgʻlim, soʻramasman sendan mol-dunyo,
Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
Mayli, koʻzlarimga boʻlmagil ziyo,
Yonimda yursang bas sogʻ-u salomat.

Mayli, koʻtarmagil meni yelkangda,
Qalqon ham boʻlmagil yogʻsa malomat.
Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
Tepamda tursang bas sogʻ-u salomat.

Sog’inch

Seni sog’insinlar,
Sen ko’p sog’inding,
Chora yo’q baribir ikki holda ham.
Daryodek tosharding, ko’l kabi tinding,
Faqat ruhing qoldi sen bilan hamdam.

Afsus, sog’inchning ham bordir adog’i,
Keyin unutilish, bari abasdir.
Sog’ingan odamning ko’nglida dog’i,
Sog’intirganga ham oson emasdir.

Kundalik gaplar

Menga tashvishlardan yiroq yur, deysan,
Charchagansan, deysan, shundaylikcha ham.
Faqat sen muttasil g’amimni yeysan,
Lekin hayot boshqa, azizam, bekam.

Magar kirsang biror dorixonaga,
Kissavur urganday chiqasan bo’m-bo’sh.
Ishongin hozirgi bu afsonaga,
Nolimay, aqchangga qilgin xayr-xo’sh.

Ishxonang eshigin beso’roq albat
Kimdir ochib kirar salobat bilan.
Hech bir murosaga qilolmas toqat,
Dahoman, deydi u vajohat bilan.

Uyingga qaytasan, nabiralar shod,
Bobom keldilar, deb soladi chuvvos.
Sen uchun o’sha dam boshlanar hayot,
Toza va musaffo xayolingga mos.

Go’yo o’zaniga tushganday daryo,
Go’yoki yo’q endi hech kimdan ginang.
Choy kelar, shopirib qaraysan, obbo,
Damlashni bilmabdi kichkintoyginang.

Parhez

Bir bemor kasali qo’zib turgan kez,
Do’xtirga borgandi, buyurdi parhez.

Dedi:
— Kamaytiring yog’liq kabobni,
Konyakning o’rniga torting gulobni.

Bedana sho’rvadan oz-ozdan iching,
Somsa va norindan tamom voz keching.

Bemor tushib qoldi g’alati holga,
So’ngra izoh berdi ushbu ahvolga:

— Do’xtirjon, ko’ngilni qilabering to’q,
Bunday taomlarni ko’rganim ham yo’q.

Maqtanish

Odam zoti bilsa ekan maqtanishni ham,
Lekin hazm qilolmadim bir holatni hech:
Uni yomon demasdan birorta odam,
«Yaxshiman», deb dod solar ertadan to kech.

Iftixor

Men uni ko’rganman, der edi birov,
Yonida turganman, der edi birov.
Kattakon majlisda hech ayamasdan
Men uni urganman, der edi birov.

Taklifnoma

So’kar, dunyo degan bir g’amxonani,
Kiborlarni so’kar g’azabga to’lib.
Va lekin to’y qilsa, “Taklifnoma”ni
O’shalarga eltar birinchi bo’lib.

O’zbekman

Yangi bir asrning ostonasi bu,
Yetishdim umrimning qutlugʻ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda gʻulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:

— Mana, men — Oʻzbekman, qoʻlimda tug’im,
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yoʻgʻim,
Shuning ichidadir men uchun oftob.

Oʻzbekman, inshoolloh, iymonim butun,
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman, kimdandir ustun,
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.

Oʻzbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida oʻzimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir boʻlib,
Goʻdak yigʻisiga yoʻqdir toqatim.

Oʻzbekman, qanchalik jafo chekmayin,
Oʻzimga haq boʻldim, oʻzimga haqman.
Yashadim yovlarga boʻyin egmayin,
Bu kun oʻz erkiga erishgan xalqman.

Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana, yangi asr ostonasidan Oʻtdim.
Bismillohir rahmonir rohim.

Martaba

Unutish

Unut bahorlarni, qishlarni unut,
Unut osmonlarning zangor ko’ylagin.
Yulduzlarni unut, qushlarni unut,
Ularni ko’rmadim deya o’ylagin.

Dunyoda jamiki mavjud narsani,
Yaralmagan degin, yo’q deb bil, erkam.
Hayratga solursan shunda barchani,
Shunda unutarsan balki meni ham

To’ylar

To’yga aytgan edi aziz bir do’stim,
Do’konni aylanib, sovg’a ham oldim.
Bordim, to’yxonada yo’q edi hech kim,
Yanglishib kelibman men bir kun oldin.

Yana bir og’aynim, o’z-o’ziga to’q,
To’y qilishni kutdi, kutdi ichikib.
Borsam, tantanadan zarra nishon yo’q,
Axir, men kelibman bir kun kechikib.

Hayot shukronaga mutloq munosib,
Tiriklik o’zidir oliy mukofot.
Har kimga baxt-iqbol aylasin nasib,
Uysizga uy bersin, bemorga najot.

To’yning-ku uzrini aytmoqlik oson,
Qutlovning eshigi hamisha ochiq.
Lek dilingni qiynar boshqa bir armon,
Qayda u — nasibang, senga yarashiq.

Yonma-yon yurarkan sevinch bilan g’am,
Bir holni tushunmay, hayronman, ammo
Dunyoni ne’matim deganding, Egam,
Erta keldimmi men, kechikdimmi yo?

Do’stlar va raqiblar

Yoshlik yillarimni eslayman sekin,
Gohida tinibman, gohida qaynab.
Turfa satrlarni bitibman, lekin
Bir so’z ham yozmabman qalamni qiynab.

O’rni kelganida kechdim daryodan,
Bitta o’zim qoldim girdobda goho.
Kuch oldim do’stlarim bergan hirmondan,
Tortdi oyog’imdan raqiblar ammo.

Agar tog’ atalsa u shonli ravoq,
Oltin zinasiga qo’ydim bir kun bosh.
Do’stlarim qutlovga qo’l cho’zdi, biroq
Raqiblar tepadan otib turdi tosh.

Ravon yo’l yo’q ekan, har yon so’qmoqdir,
Yo’lbars ham yurmagan chigal bu o’rmon.
Do’stlar-ku yulduzdek senga mayoqdir,
Raqiblar bildirmay qo’yarlar qopqon.

Bu yorug’ dunyoda yo’l yurib albat,
Oxiri to’xtaysan, paymonang to’lib.
O’sha kun do’stlarga bermasdan navbat,
Raqiblar so’z aytar birinchi bo’lib.

Insonga ko’rgilik azaldan o’tgan,
Doimo vijdonga keltirganlar shak.
Xudoyim urganu payg’ambar turtgan
Raqibning ustozi — Iblisdir beshak.

Madad

Yashin urgan daraxt,
Yarador bo’ri,
Qoyaga urilib,
Yiqilgan burgut.
Tanida bor bo’lsa
Hayotning nuri,
Tangrim, sen ularni
Aylama unut.

Yovuzga kuch berib,
Zolimni qo’llash
Ehtimol Iblisning
Azaliy kasbi.
Nochoru ojizga
Madadni yo’llash
Yaratgan Egamga
Xos erur asli.

Butun bo’lolmadim,
Jonim ham yarim,
Lekin to’liq sezdim
Tiriklik sasin.
Beozor do’stlarim-
Chumolilarim,
Gurs-gurs qadam tashlang,
Tangri qo’llansin.

Odam va tulpor

Ko’ngli bu dunyodan sovigan odam
Kasalga chalingan tulporga o’xshar.
Odam qiyo boqmas siymu zarga ham,
Tulpor arpasiga tashlamas nazar.

Undayin odamga ikki dunyo bir,
Chayla va qasrning farqi yo’qdir, bas.
Undayin tulpor ham hamisha dilgir,
Poygalarga zarra rag’bati bo’lmas.

Eslash

Otam bilan birga otga mingashib,
Kitob dovonidan oshgandik bir vaqt.
Qarab bo’lmas edi pastga engashib,
Bir qadam narida jarlik– halokat.
Qanday o’tgan edik u yo’ldan omon?
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Tun edi, shahardan qishloqqa qarab,
Katta akam bilan tushardik qirdan.
To’rtta bo’ri bizni olgandi o’rab,
Ufqda to’rt otliq ko’rindi birdan.
Biz ular tufayli qolgandik omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Kezdim, yer yuzini sayohat qildim,
Ortga qaytar bo’ldim kemada bir kun.
Dengiz nimaligin o’shanda bildim,
Baloyi azimday quturdi to’lqin.
Kemamiz to’fondan chiqdi-ku omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Nima ham qilardim, issiq jon ekan,
Musofir yurtlarda chalindim dardga.
Tiriklik aslida imtihon ekan,
Axir zor bo’ldim-ku men ham madadga.
Kunimdan bor ekan, tuzaldim omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Bugun nasib etdi salobatli yosh,
Shukrona aytaman barchasi uchun.
Lekin nokaslar ham bo’ldilar yo’ldosh,
Umrimni egovlab yedilar butun.
Ne baxtkim, baridan o’toldim omon,
Eslasam, entikib ketaman hamon.

Dunyo

Dunyo Bir kimsa umrining soʻngiga qadar,
Yigʻdi mol-u dunyo, yigʻdi siym-u zar.

Uni qiziqtirdi na doʻstning holi,
Va na qoʻshnisining oʻksik ahvoli.

U chindan mol-mulkning jilovin tutdi,
Faqat nafs ortidan ot surib oʻtdi.

Bir kuni ba hukmi taqdiri azal,
Shamshirin koʻtarib keldi-ku ajal.

Endi na siym-u zar qutqara olur,
Na billur, na gavhar qutqara olur.

Rozi yo norizo — farqi yoʻq mutloq,
Bunday choq chorasiz hatto doʻst-oʻrtoq.

Beshafqat ajalga berar ekan tan, U dedi:
«Shu ekan, dunyo shu ekan».

Marhumga marhumlik koʻrilgay loyiq,
Uni qabristonga eltdi xaloyiq.

Uyum tuproq boʻldi quvonchi-gʻami,
Kimdir boqib dedi: «Shunga shunchami»…

Mulk

Ojiz banda, gaplarimni ko’nglingga olma,
Zamin Alloh mulki erur, sen changal solma.
Musofirsan, muhojirsan yerning ustida,
Muddatingni yashadingmi – yo’lingdan qolma!

Hayot

Buvi nabirasin avaylar har vaqt,
Shamollab qolma, deb uqdirar faqat.
Nabirasi deydi: – Sog’ yuring Siz ham,
Bilaman, buvijon, dorilar qimmat.

Xeshu aqrabo

Ishlaring yurishib turgani asno,
Ko’payib ketadi xeshu aqrabo.
Darvinning kitobin qo’ltiqlab olib,
«Tog’a», deb keladi maymun ham hatto.

Qariyalar suhbati

Kun ko’rish

Chalpak yoqqan emas osmondan aslo,
Har kim nasib etgan luqmasin yegan.
Odam bolalarin lafzida ammo,
Bitta ibora bor Kun ko’rish, degan.

Aslida bu qismatga yo’liqqan har kas
Orzu umididan ayrilgan demak.
Qayda bir unumni ilg’adimi, bas,
O’sha tomonga u yugurgan beshak.

Kun ko’rish degani o’rtab dillarni,
Amallab yashashdan bir belgi, nishon.
Zabtiga olgay u hatto ellarni,
Ne-ne mardlarni ham aylagay yakson.

-Nega yolg’on aytding, aldading nega,
Nega haqni yoqlab bermading turish?!
Deydi:-sen Haq deysan, jon kerak menga,
Kun ko’rish kerakmi, axir kun ko’rish.

Kun ko’rish yo’lida yurarlar kuylab,
Kun ko’rish dardida to’karlar ko’z yosh.
Agarda teranroq qarasang o’ylab,
Jallod ham kun ko’rish uchun olgay bosh.

Faqat kun ko’rish deb qilingan ishdan,
Bahra toparmikan birorta banda.
Odam charchar bir kun bunday yumushdan,
O’zini o’ylar-ku hech bo’lmaganda.

Ulug’ orzularga etgandi da’vat
Fidoyi insonlar – benazir zotlar.
Nahotki, kun ko’rish yo’lida faqat
Yonib bitgan bo’lsa o’sha hayotlar?!

Insof bera qolsin har kimga Egam,
Hayot ko’zgusida turlanmoq nechun.
Ehtimol, mana shu satrlarni ham,
Yozib turgandirman kun ko’rish uchun.

Mashrab

Enagasi alla aytar Mashrabga boz-boz,
– Katta bo’lsang Xon bo’lasan, allayo alla.
O’sha zahot eshitilar beshikdan ovoz:
– Aldayo alda!

Aprel

Borliq kiyib olgan moviy bir libos,
Yel esar – bahorning pildiroqlari.
Qalbingda uyg’otar ajib ehtiros,
Aprel osmonining qaldiroqlari.

Yomg’ir taraladi ko’m-ko’k adirda,
Uzoq qirda esa yaltirar quyosh.
Bunday nafislik yo’q hech bir atirda,
Ruhingni yayratar havo, tog’u tosh.

Qofiya yig’ishar she’rga – nazmga
Jajji jilg’alarning shildiroqlari.
Atrofni chaqirar yashil bazmga
Aprel osmonining qaldiroqlari.

Chidaysan bolam

Jismimni ko’tarib turibdi tuproq,
Yerning ustidaman, yo’q zarra nolam.
O’zi chorlar bir kun bag’riga, biroq
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Hay dunyo, o’zingni bir pulga sotding,
Kalava topding-u uchin yo’qotding.
Men kabi oxiri g’aflatda qotding,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Inson ezgulikdan topgay farog’at,
Nima zarur unga zulmu qabohat.
Kimdir urishtirib, qilgaydir rohat,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Yerni ham, ko’kni ham ayladim tavof,
Lekin hech biridan chiqmadi javob.
Bo’g’zimda «Nega?» deb qotdi bir xitob,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Dunyoga boqmadim men aslo yovdek,
Goho to’ssa hamki yo’limni g’ovdek.
Har holda gaplashdik ikki soqovdek,
Mensiz qolganingda chidaysan, bolam.

Bir qarasam…

Bir qarasam, do‘st-u yordan ko‘nglim to‘qday,
Bir qarasam, atrofimda hech kim yo‘qday.

Bir qarasam, suyanchiqday bolalarim,
Bir qarasam, ular siniq lolalarim.

Bir qarasam, bu dunyoda baxtim borday,
Bir qarasam, butkul olam menga torday.

Bir qarasam, murodimga yetgandayman,
Bir qarasam, ko‘zim ochiq ketgandayman.

Bir qarasam, shon-shuhratga yo‘g‘rilganman,
Bir qarasam, endigina tug‘ilganman.

Ikki xushomadgo’y

Ikki xushomadgo’y uchrashdi bir kun,
Ochig’i, tajriba almashmoq uchun.

Shundoq boshlab qoldi gapni havaskor:
– Mening qalbim to’la g’urur, iftixor.

Oxiri meniki bo’ldi xo’jayin,
Ishlarim yurishib ketmog’i tayin.

U kun o’zlarini yaladim ancha,
Tovonidan tortib tizzasigacha.

Gal keldi ikkinchi xushomadgo’yga,
Gapin boshladi u, tolgancha o’yga:

– Hozirgi kasbdoshlar o’zgargan butkul,
Kamtarlikni bilmas, maqtanar nuqul.

Mana biz dongdormiz, taniydi har kim,
Lekin o’tiribmiz, gerdaymasdan jim.

Aytsam ishonmaysan, eh sodda ukam,
Yalaganmiz undan yuqorisin ham.

Lo’ttiboz

Vijdonli odamlar ortgani sayin,
Lo’ttiboz soni ham ko’payib borar.
Tekinxo’r atalur bu qavm tayin,
Ajabki, ko’p ishni shular boshqarar.

Vijdonning boshiga chiqqani ko’yi,
O’zini mengzaydi tengi yo’q dovga.
Jinjakcha kelmaydi o’zining bo’yi,
Yoqsa, tutantiriq bo’lmas olovga.

Ta’ma

Men qaysi domlaga ergashay, hayhot,
Ishonchim toptasa ta’magir hayot.
Duo qilganman, deb bir yil muqaddam,
Haqin so’rab keldi bugun o’sha zot.

Tutash dunyolar

Marhum jo’ralarim,
Eslayman sizni,
Endi aylangansiz tushga, ro’yoga.
Birma-bir ketdingiz tark etib bizni,
Boshqa o’lchovdagi boshqa dunyoga.

Balki o’zga erur unda tizim ham,
Xayolga erk berib, taxmin qilaman.
Qanchalik rangbarang bo’lmasin olam,
Ruhingiz o’shadir, buni bilaman.

Sirli xilqatingiz o’zingizga xos,
Albatta farqlidir odat-tarzingiz.
Hech kimda boylik yo’q, hech kimda libos,
Demakki, hech kimdan yo’qdir qarzingiz.

Sizni ko’rgim kelar, sog’inaman goh,
O’tsa tomoshalar, bayram, ko’riklar.
Chehrangiz namoyon bo’lar banogoh,
Mening yakkalashsa manov tiriklar.

Mayli tursangiz ham cheksiz yiroqda,
Oromda yotgaysiz, mudom ko’ngil to’q.
Urush begonadir, hatto u yoqda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yo’q.

Jami ezgulikni qutlaysiz beshak,
Ajratmay Shimolu Janub yoqlarni.
Majlis ham qilmassiz, bilmassiz demak
Koridorda yurgan maqtanchoqlarni.

Sodiq farishtangiz pospondir, illo
Xonangiz – koinot mudom sarishta.
Yerda ro’zg’or qilsa bir kun mabodo,
Aqldan ozardi o’sha farishta.

Eslayman sizlarni shu dam Shukurjon,
Do’stim Ubaydulloh, azizim O’tkur.
Duolar qilaman, maqtayman chunon,
Iloho, ruhingiz bo’lsin tinch, masrur.

Lekin kuyingayman do’st deb baribir,
Axir tiriklik ham hikmat-ku azal.
Sizni eslaganda eslanar qadr,
Bu – noqis dunyoda ibrat har mahal!

Sira unut bo’lmas suronli hayot,
Kurash va g’alaba, turfa xil hislar.
Sizni tushimizda ko’rgaymiz bot-bot,
Balki sizning tushga kirgay majlislar.

Qishloq ziyolilari

Sizdan necha nafar qoldi, bilmadim,
Oradan o’tdi-ku ellik-oltmish yil.
Sizga ehtiromim kanda qilmadim,
Aslo uzilmadi Sizdan bu ko’ngil.

Biringiz fel`dshersiz — o’rtacha do’xtir,
Biringiz muallim — galstuk taqqan.

Sizda armon degan so’z o’zi yo’qdir,
Siz — nurli ufqqa entikib boqqan.

Namuna bo’ldingiz qishloqqa, elga,
O’rischa so’zni ham qotirardingiz.

Rioya aylashib adabiy tilga
“Juda”ni “yuda” deb gapirardingiz.

O’zni nimagadir aylab safarbar,
Hayoliy dushmanga qiron solgansiz.

O’q yebdi, deyishsa, qaydadir askar,
Siz ham boshingizni boylab olgansiz.

Siz do’xtir bo’lgansiz, bilmasdan asli
Qaerda joylashgan o’pka yo yurak.

Bemorga bergansiz taskin-tasalli,
Har xil dori-darmon shart emas demak.

Muallim bo’lgansiz, bitta kostyumni
Rosa yigirma yil tepkilab kiygan.

Biror shogirdingiz besh olgan kuni
Qalbingiz Napoleon faxrini tuygan.

Sizni chulg’ab olmish ishonch mutlaqo,
Buyuk orzularga to’liqqan miya.

Qoq po’stak ustida yostiqsiz hatto
Uyquga ketgansiz «Yashasin!» deya.

Sizni qadrlardi el-yurt begumon,
Siz ham xalq qadriga shaksiz yetgansiz.

Lekin barchangiz ham ba hukmi zamon,
Biri ikki bo’lmay o’tib ketgansiz.

Saraton

Tarbiyachi

Qavmimni qanchalik zukko deb bilmay
Afsus, ko’p uchratdim saviyasizni.
Gaping tuzsiz desang, hech parvo qilmay,
Oldingga keltirib qo’yadi tuzni.

Falonchini arslon desangiz agar,
Qaytadan so’raydi: — hayvonmi, deya.
O’zini shu holda aqlli sanar,
Minglab soddalarga berar tarbiya.

Bo’ri ovi

Qishloqmi yo ovulga bo’ri oralab qolsa,
Otlanib chiqar edi darhol botir yigitlar.
Bo’ri qochib borardi, qani u qutulolsa,
Odamdan himo olib, chopardi ovchi itlar.

Oxiri yiqitdilar bo’rini kaltak urib,
majaqlab tashladilar metindek katta boshin.
Zarari tegmaydigan o’lik dushmanni ko’rib,
G’ajimoqchi bo’lardi ko’ppaklar endi loshin.

Arqon bilan bog’lashdi jondorning oyog’ini,
Qishloq bo’ylab erinmay sudrashdilar yarim kun.
Bolalar siltashardi bir qarich tayog’ini,
Muhimi, tomoshabin bayram qilardi butun.

Ha, zamonlar o’zgardi, lekin hayvonot bordir,
Azamat yigitlar ham ketgan emas yo’qolib.
Har kimsa o’z o’ljasin mahv qilishga qodir,
Hatto chumchuq so’ygan ham o’zini sanar g’olib.

Ehtimol, ovchilikka yo’q endi uncha talab,
O’ltirib ko’rabergin, ekranda turfa olam.
Va lekin tomoshabin o’sha-o’shadir, ajab,
Sudrab chopadi topsa mushukning o’ligin ham.

Tuyg’u

Hayratlanar ko’zlar,
Hayratlanar qalb,
O’zi shundoq bo’lar yoshlik mahali.
Lekin hayratingni qo’ymagin sarflab,
Ulug’ mo»jizalar oldinda hali.

Hayotda duch kelar turfa vaziyat,
Ko’zlaring nogahon yoshga to’lajak.
Uni ham mayli sen bir nafas to’xtat,
Xursand chog’laringda kerak bo’lajak.

Boshqa bir tuyg’u ham mavjuddir biroq,
U ketsin, dil degan toza gulshandan.
Azizim, g’azabdan forig’ bo’l tezroq,
Ruhingni xalos et faqat o’shandan.

Kechuv

Allaqaysi zamonlar
Yer yuzin bosib to’fon,
Necha-necha ellarni
Quturib to’lqin yutgan.
Va nihoyat vahshiy suv
Oqib o’zani tomon,
Omon qolgan elatlar
Daryodan kechib o’tgan.

Kechuvlarning nomi bor,
Kim ko’yganin bilmayman.
Har holda baho mavjud
Har biriga munosib.
Rost degan kechuv bo’lgan,
Bunga shubha qilmayman,
Alloh rahmidan aslo
Qolmagan u benasib..

Yolg’on deb atalgandir
Ikkinchi kechuv nomi,
Unda bandalar nuqul
O’triklar to’qishgandir.
Iblis yo’ldan ozdirib,
Yo’qolib intizomi,
Avval men o’taman deb,
Bir-birin nuqishgandir.

Qaysi kechuvdan o’tdik?
Hech kimning yodida yo’q.
Bilganim shu, shoirim,
Biz bitta qayiqdamiz.
Maqtov albatta yoqar,
Yolg’ondan ham ko’ngil to’q,
Faqatgina rost gapdan
Ozgina hayiqamiz.

Suymasa Hudoyim

Suymasa Xudoyim o’z ishin bilgay,
Tilingan joyingni qaytadan tilgay.
Ayrilgan bo’lsang gar ko’zdan, quloqdan,
So’qir bilan karni ro’para qilgay.

Bazzoz

Bazzoz gazlamasin sotib turardi,
Biroq o’tmas edi bir o’ram mato.
Ba’zan yelkasiga tashlab ko’rardi,
Hech kim olmas edi o’shani ammo.

Undan yaktak tikdi oxiri bazzoz,
Ma’qul deb matoning shunaqasini.
Endi qutlar edi odamlar boz-boz,
Ko’rmaganmiz, derdi bunaqasini.

Vafo

“Menga vafo qimagach sanam
Xotinlarga hurmatim nechun?”
Shu baytlarni yozayotgan dam,
Osonmidi Lermontov uchun.

Endi misga aylangan oltin,
Vafo so’zin anglashar arang.
Lermontovni ayblashdan oldin,
Hayotga ham qayrilib qarang.

Taqdir

Men-ku bu dunyoni obdon o’rgandim,
Ummonidan torib tog’igacha to.
Quvonchli kunlarni rosa ko’rgandim,
Benasib qolmadim g’amdan ham hatto.

Endi xohlaysanmi, yo’qmi – baribir,
Ro’baro’ keladi senga ham olam.
Faqat quvonchimni ko’rsatsin taqdir,
Boshqasin takrorlash shart emas, bolam.

Mehr

Negadir yosh bola va yoki bemor,
Gunoh ish qilgandek boqar javdirab.
Ovozingni baland qildingmi bir bor,
Ular hadik ichra qolar dovdirab.

Yo’q axir ularning zarra gunohi,
Mudrar qalblarida bardosh va sabot.
Faqat mehrga zor ular nigohi,
Kutganlari esa shafqat va najot.

So’kong’ich

Sharh

Bu dunyoda soddalar bisyor,
O’tmishda ham uchragan ancha.
Biri deydi: – Iqtidoring bor,
Shuning uchun bergansan qancha?

Boshqasi der: – Aqling zo’r chindan,
Gapni gapga rosa ulading.
Jon og’ayni, yashirma mendan,
Buning uchun qancha to’lading?

Deyman, yo’qdir ularning narxi,
Ular – hayot, ular – zarurat.
Lekin bordir ozgina sharhi:
Tekin erur nodonlik faqat.

To’da

Ming yillardan buyon jami hayvonlar,
Bo’rilar, shoqollar, sherlar, arslonlar.

To’da-to’da bo’lib yashab kelishgan,
Birga ov qilishgan, birga yeyishgan.

To’daning bosqini dahshat juda ham,
Mamontni yiqitgan bir to’da odam.

Agarda qo’zisa to’daning fe’li,
Unga teng kelolmas soylarning seli.

Xos unga yovuzlik, shafqatsizliklar,
Qorni to’q bo’lsa-da, toqatsizliklar.

Irsiyat so’zini aytishmas bekor,
Barchasi to hanuz yo’qolmagan, bor.

Bi hisni yashirib axir netaman,
To’dani ko’rganda qo’rqib ketaman.

Sherlar
Abdulla Oripov sherlari eng sara sherlar to‘plami