Gidrosfera va suv zahiralari haqida umumiy ma`lumot to’liq malumot oling
Gidrosfera va suv zahiralari haqida umumiy ma`lumot
Mundarija
скрыть
Suvning biosfera va xalq xo’jaligi tarmoqlaridagi ahamiyati
Yer kurrasida suvlardan iborat bo’lgan qobiq, gidrosfera deb ataladi. Unga biosferadagi barcha suvlar-okean, dengiz, ko’l, daryo, muzliklar, yer osti suvlari va atmosfera havosi tarkibidagi suv bug’lari kiradi.
Gidrosferaning umumiy suv miqdori taxminan, 1403 mln km3 bo’lib, shundan okean suvlari 1370 mln km3, muzliklar 24 mln km3, yer osti suvlari 8 mln km3, ko’l suvlari 0,23 mln km3, tuproq tarkibidagi suvlar 0,007 mln km3, atmosfera tarkibidagi suv 0,014 mln km3, daryo suvlari 0,002 mln km3 suvni tashkil etadi.
«Biz tiriklikni suvda yaratdik», deyiladi Qur`oni Karimda. Darhaqiqat, suvsiz hayot yo’q! Suv kundalik hayotimizning barcha sohalarida qo’llanilishi bilan boshqa tabiiy resurslaridan tubdan farq qiladi. Ko’mir, neft, gaz va boshqa yoqilg’ilar biri ikkinchisining o’rnini bosishi mumkin, yoki issiqlik energiyasi, elektr energiyasi, atom energiyasi va quyosh energiyasidan foydalanish mumkin. Ammo kundalik hayotimizda suvning o’rnini bosadigan boshqa tabiiy resurs yo’q.
Suvning kundalik hayotimizdagi ahamiyati quyidagilardan iborat:
1.Suv biosferadagi barcha jarayonlarda va, xususan, fotosintez jarayonlarining kechishiga, modda va energiya almashinishiga faol qatnashadi. Masalan, fotosintez jarayonida yiliga 225 mlrd tonna kislorod ajralib chiqadi, qariyb 300 mlrd tonna organik moddalar vujudga keladi.
2.Yer kurrasidagi barcha suv manbalari (okean, daryo, dengiz, ko’l, muzliklar, suv havzalari va boshqalar) sayyoramizda issiqlik rejimini, ya`ni iqlimni tartibga solib turadi.
Gidrosferadagi suv yozda quyosh energiyasini yutib, qishda atrof-muhitni sovib ketishdan muhofaza qiladi. Atmosfera havosi tarkibidagi suv bug’lari esa, quyosh radiasiyasining filtri hisoblanadi.
Suv barcha tirik organizmlar uchun yashash vositasidir. Chunki har qanday tirik organizm to’qimalarida ma`lum miqdorda suv mavjud. Masalan, voyaga etgan kishining tanasida 70 % gacha suv bo’ladi, yosh chaqaloqlarda esa, 97 % suv bo’ladi.
O’simliklar va hayvonot to’qimalarida 50-90 % atrofida, go’sht tarkibida 50 %, sutda esa, 85-90 % atrofida suv bo’ladi.
Suvsiz kimyoviy va biokimyoviy jarayonlar amalga oshmaydi.
5.Suv tirik organizmlar tanasida haroratni boshqaruvchi modda, ya`ni termoregulyator vazifasini ham bajaradi. Shuning uchun inson atrof-muhit haroratiga va jismoniy mehnat ko’lamiga qarab, bir sutkada 2,4- 6,5 litr suv iste`mol qiladi.
Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Qashkadaryo, Surxandaryo, Ohangaron va Chirchiq daryolari respublikamizning asosiy suv manbalari hisoblanadi.
Respublikamizda hammasi bo’lib 10-12 mlrd m3 oqar suv mavjud bo’lib, qolgan 85-90 mlrd m3 suv kishni mamlakatlar (xususan, Tojikiston va Kirgiziston) dan oqib keladi.
Amudaryo suv yigish maydoni va yillik suv hajmi jihatidan boshka daryolardan yuqori turadi. Amudaryoning uzunligi 1900 km, faqatgina tog’larda suv yig’ish maydoni 2770 km2 ga tengdir. Amudaryoning qariyb 83% suvlari Tojikiston xududida, faqatgina 6% suvi O’zbekiston hududida shakllanadi.
Sirdaryoning uzunligi 2140 km bo’lib, suv yig’ish maydoni 150 ming km2 va yillik suv hajmi 37,1 km3 ni tashkil yetadi. Sirdaryoning qariyb 80% suvlari Qirg’iziston hududida, faqatgina 13% suvi respublikamiz xududida shakllanadi.
Shuni alohida ta`kidlash kerakki, Orol dengizi xavzasining suv resurslarining shakllanishiga Tojikiston Respublikasi alohida o’rin tutadi. Tojikiston hududida daryo suvlarining hajmi 52,7 km3ni tashkil yetadi yoki Orol dengizi havzasiga quyiladigan suvlarning qariyb 44% tashkil yetadi.
Bir kishi o’rtacha bir sutkada shaxsiy gigiena va maishiy kommunal zaruriyatlari uchun 150-450 litr suv ishlatadi. Ammo bu ko’rsatkich xizmat turiga va yaratilgan shart sharoitlarga bog’likdir. Agar suv quvurlari va kanalizatsiya quvurlari mavjud bo’lmasa, unda 30-50 litr suv sarflanadi. Agar suv quvurlari va kanalizatsiya quvurlari mavjud bo’lsa, 180-230 litr suv sarflanadi. Markaziy isitish tizimida esa, bir kishi uchun sutkasida 275- 400 litr suv sarflanadi.
Rivojlangan mamlakatlarda bir kishi uchun bir sutkada o’rtacha 500-600 litr suv sarflanadi. Ammo rivojlanayotgan mamlakatlarda esa bu ko’rsatkich 2-3 marotaba kichik bo’lib, 200-250 litr suv sarflanadi.
Maishiy xo’jalik ehtiyojlari uchun bir kishiga bir sutkada shaharlarda 150 litr suv (bir yilda 55m3 suv), qishloq joylarida esa, 50 litr suv (bir yilda 18-20m3 suv) sarflanadi.
Hozirgi paytda dunyoda 200 mln gektar yerlarni sug’orish uchun yiliga yer osti manbalaridan va daryolardan 2800 km3 suv olinmoqda. Bu esa daryo suvlarini 7 % ni tashkil yetadi. Sug’orish uchun olingan suvning 80 % yoki 2300 km3 suv ishlatilsa, uning 20 % yoki 470-480 km3 suv daryo va ko’llarga oqava suv sifatida oqizilib yuboriladi.
Bir tonna don etishtirish uchun 3 ming m3 suv, bir tonna sholi yetishtirish uchun 7 ming m3, bir tonna makkajo’xori yetishtirish uchun esa, 1500 m3 suv sarflanadi. 1 kg o’simlik massasi hosil bo’lishi uchun o’simlik turiga qarab 150 m3 dan 1000 m3 gacha suv sarf bo’ladi. Bir gektar g’o’zani sugorish uchun 12000-20000m3 suv sarflanadi.
Respublikamizning yillik suv sarfi 62-65 km3 bo’lib, shuning 25km3 Amudaryodan, 11km3 Sirdaryodan, qolgan qismi daryochalardan va yer osti suv manbalaridan olinadi. Olinadigan umumiy suv miqdoridan 85 % yoki 53-55 km3 ni qishloq xo’jaligi tarmoqlari ehtiyojlarini qondirish uchun, 12-16 km3 suv sanoat tarmoqlariga va atigi 3 % yoki 1,7 km3 suv kommunal xo’jaligi korxonalarning ehtiyojini qondirish uchun sarflanadi.
Xalq xo’jaligining barcha tarmoqlari uchun olinadigan yillik suv miqdoridan (62-65km3 suvdan) 23-25 km3 suv zovurlar orqali ochiq suv havzalariga qaytariladi. Shundan 5km3 suv Amudaryoga, 10 km3dan ziyodroq Sirdaryoga, qolgan 8-10 km3 suv kichik daryolarga va ko’llarga oqizilmoqda.
Respublikamiz hududidan oqib o’tadigan suvlar 4,8 mln gektar yerlarni o’zlashtirib, ularni sug’orishga kifoyadir. Ammo hozirgi paytda 4,4 mln gektar yerlar o’zlashtirilgan bo’lib, suvdan foydalanish koeffisienti 95-98 % ni tashkil etmoqda. Shuning uchun respublikamizda ichimlik suviga va sug’orishga yaroqli bo’lgan suvlarga ehtiyoj nihoyatda oshib bormoqda. Suv tanqisligi, chiqindi suvlarni tozalash va ulardan qayta foydalanish muammolari vujudga kelmoqda.
Mutaxassislar Markaziy Osiyo sharoitini inobatga olib, ekinlarni sug’orishga o’rta hisobda bir gektar yerga salkam 10 ming m3 suv sarflanishi maqsadga muvofiq ekanligini asoslab berganlar. Amalda esa O’zbekiston xo’jaliklarida 1960-1990 yillar mobaynida sug’oriladigan har bir gektar ekin maydoniga 17,2 ming m3 suv sarflangan, ya`ni 7,2 ming m3 suv ortiqcha suv sarflanib kelingan.
1993 yilda har bir gektar sug’oriladigan yerga 13,2 ming m3 , 1994 yilda 12,6 ming m3 va 1995 yilda 11,2 ming m3 suv sarflangan. Bu har yili qo’shimcha m3 suvni tejab, uni Orol dengiziga quyishga imkon beradi.
Shuni ham eslatib o’tish kerakki, yerlarni meliorativ holati viloyatimizda bir xil emas. Shuning uchun 1 gektar yerni sug’orish uchun o’rtacha 5-20 ming m3 suv sarflanadi.
Yer osti suv manbalari respublikamizning tabiiy boyligi bo’lib, undan ichimlik suv sifatida, sug’orish, sanoatda va chorvachilik fermalarida keng foydalaniladi.
Yer osti suvlari asosan yog’ingarchiliklar va sug’orish suvlarining tuproq orqali filtrlanishi tufayli tabiiy holda paydo bo’ladi. Hozirgi paytda yiliga 5,5 km3 suv yer osti suv manbalaridan olinmoqda. Agar bu ko’rsatkich 17,6 km3 ga yetkazilsa, birinchidan, yer osti suvlarining umumiy zahirasiga ziyon yetmaydi, ikkinchidan, yer osti suvlari hisobiga Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlari qishloq aholisining ichimlik suvga bo’lgan ehtiyojlari qondirilgan bo’lar edi. Chunki respublikamizda shahar aholisi 85-95 %, qishloq aholisi esa 10-15% markazlashtirilgan ichimlik suv ta`minotiga ega, xolos.
Bir tonna ko’mir qazib olish uchun 2-4 m3 suv, 1 tonna neft mahsulotlarini qayta ishlashga 30-40 m3 suv, 1 tonna shoyi ishlab chiqarishga 400 m3, 1 tonna mis, karton va qog’oz ishlab chiqarishga 500 m3 suv, 1 tonna azotli o’g’itlar ishlab chiqarishga 600 m3 suv, 1 tonna ip gazlamaga 1000-1500 m3 suv, 1 tonna sintetik tola olish uchun 3500 m3 1 tonna sintetik tola olish uchun esa 2500-5000m3 suv sarflanadi.
Ishlab chiqarilgan bitta mahsulot birligiga sarflangan suv miqdorini suv sarflash koeffisenti deb ataladi va m3/t o’lchov birligida o’lchanadi. Masalan, 1 tonna nikel ishlab chiqarishda 400 m3 suv, 1 tonna ammiak ishlab chiqarish uchun 1500 m3 suv, 1 tonna azot kislotasi ishlab chiqarish uchun 100 m3 suv sarflanadi.
Kimyo sanoatida suv xom ashyo va reagent, isituvchi va sovutuvchi, erituvchi, katalizator, xom ashyolarni texnologik jarayoniga tayyorlab beruvchi modda sifatida qo’llaniladi.
Kimyo sanoati suvni eng ko’p sarflaydi, shuning uchun bunday korxonalar suv manbaiga yaqin joylarga quriladi.
Kapron tola ishlab chiqaradigan korxona, aholisi 120 mingga teng bo’lgan bitta shahar suvini sarflaydi. Yirik elektr kimyo kombinatlari, 800 ming nafar axoliga yetadigan suvni sarflaydi.
Shuni ham yodda tutish kerakki, suv yer yuzasining 70 % ni qoplaydi, uning umumiy hajmi 1345 mln. km3 bo’lib, chuchuk suv esa uning 2 % ni tashkil yetadi, xolos. Hozirgi paytda suv miqdorining atigi 12-15 % ishlatilib, ifloslangan holda ochiq suv havzalariga oqizilmoqda. Suvning iste`moli esa, har 12 yilda 2 baravar ko’paymoqda. Demak, aholining chuchuk suvga bo’lgan ehtiyoji kundan kunga oshib bormoqda. Hozirgi paytda dunyo aholisining 1/3 qismi ichimlik suvini tanqisligiga uchragan.
Xalk xujaligining turli soxalarida suvdan foydalanish dunyo mamlakatlari o’rtasida turli ko’rsakichlariga ega. Masalan, agar Evropa mamlakatlarida sanoat tarmoqlarida 48 % suv, qishloq xo’jaligida esa 39% suv sarflansa, Osiyo mamlakatlarda bu ko’rsatkichlar mos ravishda 5 % va 88 % ni tashkil etadi. Agar Afrika mamlakatlarida sanoat tarmoqlarida 4 % suv va qishloq xo’jaligida 72 % suv sarflansa, Shimoliy Amerikada bu ko’rsatkichlar mos ravishda 36 % va 36 % suvni tashkil yetadi. Agar Avstraliyada sanoat tarmoklarida 36 % suv va qishloq xo’jaligida 50 % suv sarflansa, Mustaqil Davlatlar Xamdo’stligida bu ko’rsatkichlar mos ravishda 28 % va 62 % suvni tashkil etadi.
Darsliklar
Gidrosfera va suv zahiralari haqida umumiy ma`lumot