Mantiqiy masalalar to’plami to’liq malumot oling

Mantiqiy masalalar to’plami to’liq malumot oling

MANTIKIY MASALALAR

o‘quv-uslubiy qo‘llanma

MUKADDIMA

«O‘zingni bilsang – olamni bilasan» degan edi buyuk yunon faylasufi Suqrot. Inson hamma vaqt, kundalik hayotda ham, ilmiy faoliyatda ham fikr yuritadi. Ammo mantiq ilmini bilmasdan turib to‘g‘ri fikr yuritish mushkul.

Mantiq olamdagi qonuniy, zaruriy bog‘lanish va aloqalar, tartib va izchillik, tafakkurning ichki aloqadorligi, tadrijiy fikrlanishi, turli qarashlar o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lanishlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, insonni hech bir narsaga befarq bo‘lmay, sinchkov qarashga, har bir voqea-hodisaga xolis baho berishga, shu yo‘l bilan muntazam va izchil fikr yuritish va har qanday oqilona fikrni isbotlay bilishga o‘rgatadi. Mantiq ilmi qonun-qoidalarini atroflicha o‘rganish va mustaqil fikr yuritish qobiliyatini rivojlantirish orqali amaliy hayot uchun kerakli xulosalar chiqarish, davr ruhini anglash, voqea-hodisalarni haqqoniy tahlil qilish oson kechadi.

Mantiq ilmini chuqur o‘rganish uchun milliy g‘oya va mafkuraning mohiyatini teran ifoda etadigan, hayot bilan uzviy bog‘langan o‘quv adabiyotlarini yaratish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Prezidentimiz I.A.Karimov Respublika Oliy Majlisi IX sessiyasida «…darsliklarda millat fikri, millat tafakkuri va millat mafkurasining eng ilg‘or namunalari aks etishi kerak»ligini ta’kidlab o‘tgan edi.

«Mantiqiy masalalar» o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi yuqoridagi talablar asosida yozilgan bo‘lib, talabalarda mantiqiy fikr yuritish madaniyatini o‘stirishga, to‘g‘ri fikr yuritishga, bahs-munozara paytida o‘zining va boshqalarning fikr-mulohazalariga tanqidiy munosabatda bo‘lishga, hozirjavoblikka, suhbatdoshining fikr-mulohazalaridagi xatolarni anglashga yordam beradi. Shuningdek, haqiqatni aniqlash, uni yoqlab chiqish, asoslash uchun mantiqiy qoidalardan foydalana bilish, o‘z fikrini lo‘nda va ishonarli qilib bayon etish ko‘nikmalarini hosil qiladi.

Mantiq ilmining ta’lim-tarbiya jarayonidagi ahamiyati beqiyos. Zero, ilm-fan ildam rivojlanayotgan bir paytda ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda ilmiy-nazariy tajribalar orqali to‘plangan ma’lumotlarni samarali tahlil qilish mantiq ilmini mukammal bilishni taqozo etadi.

FIKRLASH MASALALARINI YECHISH QOIDALARI

Mantiq ilmi hiyla «qiyin» fanlar qatoriga kiradi. Shu bois uni muvaffaqiyatli o‘zlashtirishning yo‘li olingan nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlashdir. Ushbu qo‘llanma bu borada Sizning eng yaqin yordamchingiz bo‘ladi. Unda berilgan masalalarning biri oddiy bo‘lsa, boshqasi chuqur fikr yuritish orqali, yana biri esa tajriba asosida yechimini topadi. Tafakkur masalalarini yechish uchun esa mantiqiy fikrlash, mantiq ilmi qoidalaridan xabardor bo‘lish lozim bo‘ladi.

Fikrlash – insonning aniq dalillarni kuzatib, umumiy xulosa chiqarishga intilish, voqea-hodisalarning sabablarini aniqlash va kelajakni oldindan ko‘ra bilishdan boshlanadi.

Fikrlash jarayonlari quyidagicha:

1. Avvalo hal etilishi lozim bo‘lgan muammo aniqlab olinadi. Chunki muammo bo‘lmasa odam hech narsa haqida o‘ylamaydi. Hal etilishi lozim bo‘lgan masalani yechish uchun uning mohiyatini to‘la tushunish, masala shartlarini tahlil qilish, nima berilgan va nimani topish kerakligi haqida mulohaza yuritiladi.

2. Masalani yechish uchun zarur bo‘lgan bilimlar (qoida, dalil, qonun, teorema, ta’rif) ishga solinadi.

3. Gipoteza, ya’ni taxminlar o‘rtaga tashlanadi, taxminlardan eng to‘g‘risi tanlab olinadi.

4. Masala yechiladi, natija tekshiriladi.

Fikrlash masalalarini yechish, mulohaza yuritish orqali talabalar dunyoqarashida o‘ziga xos xususiyatlar takomillashadi, ya’ni fikrning chuqurligi, kengligi, o‘tkirligi, tanqidiyligi, fikrlash tezligi va mustaqilligi muhim ahamiyatga egadir.

Aql-farosat murakkab nazariy va amaliy muammolarni hal etishdagina emas, balki kishining juda oddiy, odatdagi kundalik ishlarida ham namoyon bo‘ladi. Bu jihatdan yunon faylasufi Demokrit hayotidan olingan voqea ibratlidir. Kunlarning birida Demokrit juda ustalik bilan bog‘langan katta bir boylam o‘tinni sira qiynalmasdan ko‘tarib ketayotgan yigitni uchratib qoladi. Demokrit yigitdan o‘tinni sochib tashlashni va yana ilgarigidek qilib taxlab bog‘lashni iltimos qiladi. Yigit uning iltimosini bajaradi va epchillik bilan o‘tinni taxlab bog‘laydi. Shunda Demokrit «Hoy yigit, sen shunchalik zo‘r aql-farosat egasi ekansanki, yuksak ishlar bilan shug‘ullanmog‘ing lozim» deydi va uni shogirdlikka oladi. Keyinchalik o‘tinchi yigit mashhur faylasuf bo‘lib yetishadi. U Protagor edi.

Ushbu o‘quv-uslubiy qo‘llanma talabalarning fikrlash faoliyatida muammoli vaziyatlar yaratish, ularda hamma narsani bilishga intilishini kuchaytirish kabi shaxsiy fazilatlarni takomillashtirishda yordam beradi. Qo‘llanma Oliy va o‘rta maxsus ta’lim o‘quv yurtlari talabalariga, falsafa, mantiq ilmi bilan qiziquvchilarga, shuningdek, yosh o‘qituvchilarga amaliy mashg‘ulotlarda o‘qitishning interfaol usullarini qo‘llashda yordam beradi.

1. «Mantiq – aql gimnastikasidir». To‘g‘rimi?

2. «Ular bazmda yig‘lovchi, urush paytida kuluvchi, boshliqlari ortidan har yo‘lga boruvchi, sovuq va ochlikka qanoat qiluvchi, urushda chidamli, dardga sabrli, tinchlik va rohatning nomini ham bilmaydigan xalqdir. Barchasining ruhoniyati va qalbi bir xil, taomu libosda takallufsizdir». Sizningcha bu qaysi xalqning ijtimoiy qatlami ahvoliga berilgan baho?

3. IX asrning buyuk shoiri, fors-tojik mumtoz she’riyatining asoschisi Abu Abdulloh Rudakiy (884-954)ning she’rlari yuksak insoniylik, dohiyona tafakkur, tuyg‘ular tozaligi, xalqona soddalik, ma’naviyat ruhi, nurli tarovati bilan kishini maftun qiladi. Uning ushbu chistoni ham fikrimizning yorqin dalilidir:

Quloqsiz eshitar, cho‘loqdir tez yurar,

Tilsizdir gapirar, ko‘zi yo‘qdir ko‘rar.

Qilich kabi o‘tkir, yurishi ilondek,

Chehrasi qayg‘uli, oshiqlarga o‘xshar.

Abu Abdulloh Rudakiyning ushbu to‘rtligida nima ta’riflangan?

4. A., B., S., D., J. ismli kishilar bir-birlari bilan bog‘liq holda ishlaydilar. Agar A. rejani bajarsa, B. ham bajaradi. Agar B. bajarsa S., C. bajarsa D., D. bajarsa, J. rejani bajaradi. S. rejani bajarmadi. Ulardan qaysi birlari rejani bajargan bo‘lishi mumkin?

5. Futbolchilar komandasi 11 kishidan iborat bo‘lib, ularning o‘rtacha yoshi 22 ga teng. O‘yin paytida bir futbolchi shikastlanib, o‘yindan chiqib ketdi. Qolgan o‘yinchilarning o‘rtacha yoshlari 21 ga teng bo‘ldi. O‘yindan chiqib ketgan futbolchi necha yoshda bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

6. Ekilgan ekin orasiga ot bilan kirgan kishi noto‘g‘ri ish qilganini tushunib, ekinga zarar yetkazmagan holda qanday qilib ekinzordan chiqib ketishi mumkin?

7. Dunyoda shunday shahar borki, uch revolyutsiyani boshidan kechirgan, uning qishi qisqa, yoz faslida esa kechasi chiroq yoqmasdan ham gazeta o‘qish mumkin. Shimolda unga teng keladigan shahar yo‘q. Bu qaysi shahar?

8. Tasavvur qiling. Havoni bulut qoplab, yomg‘ir quya boshladi, lekin yog‘ayotgan yomg‘irning shovqini bor bo‘lsa-da, biror tomchisi yerga tushmadi. Yer qup-quruq turibdi. Qanday qilib?

9. Uch og‘a-iniga o‘n yettita ot meros qolibdi. Ota o‘z vasiyatida otlarning yarmini katta o‘g‘liga, uchdan bir qismini o‘rtancha o‘g‘liga, to‘qqizdan bir qismini kichik o‘g‘liga deb taqsimlab bergan edi. O‘g‘illar merosni bo‘lisha olmabdilar. Qozi esa merosni bir zumda hal qilibdi. Qozi qanday tadbir o‘ylab topgan?

10. Abbosiylar xalifasi Ma’mun ar-Rashid (833 yilda vafot etgan) aytgan ekan: «Shomning ko‘zi – Damashq, Rumning ko‘zi – Kustantana, Iroqning ko‘zi – Bag‘dod, Movarounnahrning ko‘zi – …». Xalifa qaysi shaharni Movarounnahrning ko‘zi deb aytgan bo‘lishi mumkin?

11. Nima uchun «ko‘z bilan ko‘rgan yuz marta eshitgandan afzal»?

12. Ko‘cha qoidasini buzganligi uchun bir necha kishini ushlab turgan inspektor ularni rost gapirishga undab, «agar qoidabuzar rost gapirsa ming so‘m, agar yolg‘on gapirsa uch ming so‘m jarima olaman» degan shart qo‘ydi. Bunday paytda birorta qoidabuzar jarimadan qutulib qolishi mumkinmi?

13. Nima uchun «qari bilganni pari bilmas?»

14. Sud oldida uch kishi turibdi. Ulardan har biri jinoyatchi yoki jinoyatchi emas. Sudya jinoyatchi doimo yolg‘on gapirishini, jinoyat sodir etmagan kishi rost gapirishini bilgan holda bu uch kishining qaysi biri jinoyatchi-yu, jinoyatchi emasligini bilmasdi. Sudya tajribasini ishga solib birinchi kishini so‘roq qilib ko‘rdi. Qolgan kishilardan «Birinchi so‘roq qilingan o‘zini jinoyatchiman, deb tan oldimi?» deb so‘radi. Ikkinchi kishi «Jinoyatchiman deb tan oldi» dedi. Uchinchi kishi «Jinoyatchiman deb tan olmadi» dedi. Sizningcha ikkinchi va uchinchi sudlanuvchilardan qaysi biri jinoyatchi emas?

15. Bunga nimani joylashtirsa bo‘ladi?

16. Yettita bir xil olmani sakkiz kishiga teng bo‘lish uchun nima qilish kerak?

17. Bir tushuncha bir vaqtda ham to‘g‘ri, ham noto‘g‘ri bo‘lishi mumkinmi?

18. Bir sigir har yilning boshida bir buzoq tug‘adi. Agar buzoq hayotining har to‘rtinchi yilidan boshlab xuddi onasi kabi har yili yilning boshida bittadan buzoqlasa, 20 yilda sigirlarning umumiy soni nechta boshga yetadi?

19. Qadimda jinoyat qilgan kishilar uchun turli qonunlar o‘ylab topishgan. Bir mamlakat podshosi antiqa jazo usulini kashf qilgan va ko‘p jinoyatchilar jazodan ozod bo‘lib, qutulib ketganlar. Podsho qanday usul qo‘llagan bo‘lishi mumkin?

20. So‘zlarning omonimini toping:

Til Yulduz

Kapalak Ilon

Olim Ot

Sariq Muz

Silliq Jon

21. Chinorning bo‘yini qanday qilib o‘lchash mumkin?

22. Bu binoning sakkiz eshigi bor. Har bir eshikning ortida sakkizta xonasi bor. Kirib xonalarni aylansangiz, ajib bir holni ko‘rasiz. Xonalarning ranglari mos ravishda biri oqqa, biri qoraga bo‘yalgan. Bu nima bo‘lishi mumkin?

23. Go‘sht tog‘ tepasida tez pishadimi yoki tog‘ etagidami?

24. Yer sharida shunday dengiz borki, unda nafaqat cho‘milishingiz, balki suvning ustida dam olib, bemalol kitob o‘qishingiz, choyxo‘rlik qilishingiz mumkin. Bu qaysi dengiz?

25. Aql kirishi uchun aql tishi chiqishini kutib o‘tirish shartmi?

26. Olamda to‘rt narsa yo‘q. Ularni toping.

1. Osmonning ustuni.

2. …

3. …

4. …

27. Istalgan sonni 10 ga ko‘paytirish uchun nima qilish kerak?

28. Quyidagi tushunchalarni qanday munosabat birlashtiradi?

uy – hovli – imorat

xona – mehmonxona

ishli – ishsiz

g‘azab – jaholat

ko‘ngil – yurak – dil

osuda – tinch – tashvishsiz

tojir – savdogar

rashha – tomchi

muqobil – teng – barobar

astrologiya – yulduzshunoslik

nafis – nozik – latif

komil – takomil – mukammal

sirli – ajib – mo‘jiza

daryo – dengiz – okean

29. Bobosi shunday yoshdaki, otasi bobosidan ikki barobar kichik, tog‘asi otasidan ikki barobar kichik, jiyani tog‘asidan besh barobar kichik. Ularning bari necha yoshda?

30. Sparta davlatining asoschisi Likurg «u» jonivorlar hayotini o‘ziga namuna deb, rus podshosi Pyotr I esa ularning hayotini o‘ziga ibrat deb bilganlar. Fransuz qiroli Napoleon Bonapart ular hayotidagi tartib, intizom va qoidalarida davlat tuzumining ilk kurtaklarini ko‘rib ajablangan. Bu yerda so‘z qaysi jonzod haqida ketmoqda?

31. Tushunchalarni taqqoslang:

fikr – tafakkur – mutafakkir

kashf – kashfiyot – mukoshif

hisob – muhosaba – muhosib

32. Ushbu she’rni mantiqiy tahlil qiling:

Asl bo‘lmagin aslo, kamol shuning o‘zidir,

Bor, unda mavh bo‘l, visol shuning o‘zidir.

Otmoq uchun kamon, o‘q hozirlagan ey inson –

Sen undan uzoqdasan, o‘lja shuning o‘zidir.

«Biz jon tomiridan ham yaqinroqmiz» dedi U –

Sen qidirma yiroqdan, Yaqin shuning o‘zidir.

33. Quyidagi tushunchalarning mazmun jihatdan qarama-qarshisini toping:

avval, dono, do‘st, mard, baxt, sog‘lom, erkin, kecha, hayot, hozir, tinchlik, katta, sho‘x, ochiq, chiroyli, toza, to‘g‘ri.

34. Osmonda g‘ozlar uchib ketyapti. Uchayotgan g‘ozlar 100 ta bo‘lishi uchun ular qancha bo‘lsa shuncha, keyin shunchaning yarmicha, so‘ng yarmisining yarmicha va nihoyat yana bir g‘oz qo‘shilishi lozim. Uchib ketayotgan g‘ozlar soni nechta?

35. Quyidagi tushunchalarning nisbatdoshini toping:

go‘zal – _____________

keng – _____________

murakkab – _____________

jiddiy – _____________

chuqur – _____________

sekin – _____________

ustoz – _____________

shirin – _____________

kafolat – _____________

sardor – _____________

36. «U» shu qadar shirinki, totib ko‘rging keladi, shu qadar achchiqki, tilingni kuydiradi. «U» nima bo‘lishi mumkin?

37. Quyidagi iboralarda ifodalangan tushunchalarni izohlang:

Xamirdan qil sug‘urgandek

Parvoyi falak

Daryodan tomchi

38. «Jonli mushohada» nima?

39. Quyidagi tushunchalarning turini ayting, abstrakt tushunchalarni aniqlang:

adolat, nazariya, yadro, xayol, yomg‘ir, hikmat, sevinch, komil, orzu, farzand, mahorat, vijdon, masala, kamalak, yoshlik.

40. «U» – erta bilan to‘rt oyoqlab yursa, tushda ikki oyoqlab yuradi, kechqurun esa uch oyoqlab yuradi. «U»ni toping.

41. Hamma narsa uchun eng avvalo nima kerak?

42. Odam qancha ko‘p qiziqsa, shuncha ko‘p o‘qiydi. Qancha ko‘p o‘qisa, shuncha ko‘p biladi. Qancha ko‘p bilsa, yashashi shuncha qiyin bo‘ladi. O‘ylab ko‘ring-chi, nima uchun?

43. Buyuk davlat arbobi, sohibqiron Amir Temur (1336-1405)ning hech kanda qilmaydigan odati bo‘lgan ekan. Biror jang yoki yurishlardan avval eng birinchi bir maqbarani ziyorat qilgan. Amir Temir kimning maqbarasini ziyorat qilgan bo‘lishi mumkin?

44. Men yong‘oqni olib, uni chaqdim, ichidan mag‘zini oldim, po‘chog‘ini tashlab yubordim. Men bilishning qanday operatsiyasini bajardim?

45. Italyan olimi Galileo Galiley (1564-1642) yozishicha, «3-4 tirsak balandlikdan yiqilgan otning oyog‘i sinishini kim bilmaydi. Lekin bunday balandlikdan yiqilgan it ziyon ko‘rmaydi. 8-10 metr balandlikdagi daraxtdan yiqilgan mushuk ham shikastsiz qoladi. Shuningdek, minora ustidan tushib ketgan chigirtka, va hatto oy sathidan yiqilgan chumoli lat yemaydi». Bu yerda Galiley haqmi? Nima uchun?

46. «U» shunday tezkorki, yuguradi, yugurgandan o‘tadi, o‘q emas otiladi, qush emas, lekin uchadi. «U» nima?

47. Faraz qiling, mol bozoriga kirib kelyapsiz. Ro‘parangizda bir odam bozor ichidan sigir yetaklab chiqib kelayapti. O‘ylab ko‘ring-chi, bu odamning sigirni sotib olgani yoxud sigirini sota olmay qaytarib ketayotganini bir ko‘rishda qanday bilish mumkin?

48. Asaldan shirin, zahardan achchiq nima bo‘lishi mumkin?

49. Yassaviylik tariqatining asoschisi turkistonlik Ahmad Yassaviy (1105-1166)ning falsafiy-irfoniy qarashlari «Hikmatlar» va «Devoni hikmat»da aks etgan. Ahmad Yassaviy uzoq umr ko‘rgan. Ahmad Yassaviy shogirdariga «hayotim davomida uch haqiqatni angladim, bir umrlik xazina nima ekanini bildim. Eng og‘ir dard nimaligini tushunib yetdim. Eng yaxshi qasosni qanday olishni angladim» deb aytgan. Yassaviy hazratlari bu yerda nimalarni nazarda tutgan?

50. Mantiq ilmi sizga yolg‘on va rost munosabatlarini o‘rgatadi. Zero, haqiqat bilan yolg‘onning jisman ko‘rinishi mavjud bo‘lib, ular orasida masofa ham shu qadar qisqadir. O‘ylab ko‘ring-chi, yolg‘on va rostning ko‘rinishlari nimalarda aks etadi?

51. «Otam ham, onam ham, do‘stu yorim ham sensan, sen qanchadan-qancha shaharlarni kezding, dengizlarda suzding. Qanchadan-qancha boyni xonavayron qilding, kambag‘allarni odam qilding, qancha sanamlarni yo‘ldan ozdirding. Mana endi joyingni topding, endi hech kimning rohatini buzolmaysan, bu yerda seni hech kim ombur bilan ham sug‘urib ololmaydi». O‘ylab ko‘ring-chi, so‘z nima haqida bormoqda?

52. Ikki qadrdon do‘stlar uzoq yillardan so‘ng uchrashib qolishibdi. Ulardan biri do‘stini mehmon qilmoqchi bo‘lib, uyiga taklif qilibdi. Do‘sti rozi bo‘lib, «faqat uchta shartim bor. Meni podshoga ro‘para qilmaysan, menga zahar bermaysan, meni zindonga solmaysan» debdi. Do‘sti esa shartlarni tushunmasdan, rosa boshi qotibdi. Ayting-chi, o‘sha uch shartning ma’nosi nima edi?

53. Inson tanasida shunday a’zo borki, uning undan to‘qqiz qismi suvdan iborat. Bor yo‘g‘i bir qismi to‘qima va hujayralardan iborat. Inson tanasidagi bu sersuv a’zo nima?

54. Oq dengizning «Oq dengiz» deb atalishiga sabab nima?

55. Tarixda mashhur kishilar ko‘p bo‘lgan. «Buxoro tarixi» asari bilan mashhur bo‘lgan tarixchi olim Abu Bakr Ja’far Narshaxiy (899-959)ning yozishicha, «u»ning bir ko‘zi ko‘r, boshi kal, yuzi badbashara bo‘lgan. O‘z davrining yetuk ma’rifatparvar kishisi bo‘lsa-da, yuziga ko‘k parda tutib yurgan, XIII asrning 70-80 yillarida arab xalifaligiga qarshi qo‘zg‘olonga boshchilik qilgan. Qo‘zg‘olon mag‘lubiyatga uchragach, o‘zini olovga tashlab halok etgan». O‘ylab ko‘ring-chi, bu mard inson kim edi?

56. Bir savdogar o‘g‘lining savdodagi fahm-farosatini sinash uchun 500 so‘m pul berib, «ham o‘zimiz, ham sigirimiz, ham tovug‘imiz uchun yemish bo‘ladigan narsa olib kel» debdi. Ayting-chi, o‘g‘il nimalarni xarid qilgan bo‘lishi mumkin?

57. Nima uchun aynan taksi avtomobillariga shahmat belgisini qo‘yish rasm bo‘lgan? Ular shahmat ishqibozlarimi yoki?…

58. Bahorning ilk nafasi bodom gullari orqali seziladi. Lekin uning erta gullashi bog‘bonlar uchun xavotirli. Chunki sovuq ta’sirida bodom gullari to‘kilib ketadi. Bog‘bonlar bodom barvaqt gullamasligi uchun ajoyib xiyla ishlatishgan. Bu esa bodomlarning hosili mo‘l bo‘lishiga zamin yaratgan. Xo‘sh, o‘ylab ko‘ring-chi, bog‘bonlar qanday xiyla ishlatishgan ekan?

59. Podsho bosh vazirlik o‘rniga munosib kishi tayinlash maqsadida saroy ahliga shunday savol beribdi: «Yer yuzida, yer ostida va osmonda nima ko‘p?» Vazirlikka da’vogar a’yonlar o‘z fikrlarini bildirishibdi. Fozillik va donolikda mashhur bir piri komil esa to‘g‘ri javob beribdi va podshoning xos kishisi, vaziriga aylanibdi. O‘ylab ko‘ring-chi, u qanday javob bergan ekan?

60. Kompyuter inson miyasidan andoza olib yaratilgan. O‘ylaydi. Hisob-kitob qiladi. Masalani yechadi. Xulosa chiqaradi. Eslab qoladi. Keraksiz axborotlarni xotirasidan o‘chirib tashlaydi. Sizningcha inson bilan kompyuter orasidagi eng katta farq nima bo‘lishi mumkin?

61. «Do, re, mi, fa, sol, lya, si, do» notalarining asoschisi buyuk yunon matematigi . . . . » O‘ylab ko‘ring-chi, u kim?

62. Ajdodlarning naqadar teran bilim va tajribaga ega bo‘lganliklari tarixdan ma’lum. Ular har qanday sohada daho bo‘lishgan. Ayniqsa, ajabtovur jazolash usullarini ham o‘ylab topishgan. Og‘ir jinoyat qilgan kishini qamashmas, o‘ldirishmas, dorga osishmas, qamchi bilan urishmas, lekin shunday jazolar ekanlarki, jinoyatchi bundan ko‘ra o‘limni afzal bilar ekan. O‘ylab ko‘ring-chi, u qanday jazo ekan?

63. Buyuk nemis shoiri Gyote (1749-1832) ilk bora ayolni gulga o‘xshatgan. Uni ikkinchi marotaba gulga qiyoslagan shoir … Sizning-cha kim bo‘lishi mumkin?

64. Islom dinida shariat qonunlari farz bo‘lib, erkaklarning begona ayolga qarashi, hattoki, tabib bo‘lsa ham davolash maqsadida ayolning qo‘lini ushlashi man etilgan. Bunday hollarda tabiblar ayolning kasalini aniqlash uchun qanday chora qo‘llashgan ekan?

65. Fransuz adibi Viktor Gyugo (1802-1885) yalqovlikka shunday ta’rif bergan ekan. «Yalqovlik – ona, o‘g‘li – o‘g‘irlik, qizi esa … ».

O‘ylab ko‘ring-chi, yalqovlikning qizi nima bo‘lishi mumkin?

66. Keksalar duo qilishganda «To‘rt muchang sog‘ bo‘lsin» deyishadi. «To‘rt mucha» nima?

67. «U» nima bo‘lishi mumkin?

Juda qadimiy chuqur o‘pqon, tubsiz,

Ne-ne inson yiqilib g‘arq bo‘ldi, esiz.

Faqat donolar o‘tdi, undan aql-la ipsiz,

Unga parvo qilmaganga hurmatlar cheksiz.

68. Bir kishi o‘g‘il ko‘ribdi. Bir ko‘zachaga o‘g‘lining tug‘ilgan kunida bittadan tanga tashlashni odat qilibdi. Shu tariqa har tug‘ilgan kunda tanga tashlayveribdi. Otasining vafotidan so‘ng o‘g‘il ham bu ishni davom ettiribdi. Yillar o‘tib, o‘g‘il qaribdi. O‘limi oldidan tangalarni sanab yoshini bilmoqchi bo‘libdi. Buni qarangki, tosh o‘n sakkizta chiqibdi. Mulohaza qilib ko‘ring-chi, o‘g‘ilning yoshi nechada ekan?

69. Sharq falsafasiga ko‘ra, erkak qalbi qilichda. Xo‘sh, Sharq falsafasiga ko‘ra, ayol qalbi … nimada?

70. Mashoyixlar fikricha, insonni uch toifaga ajratish mumkin ekan:

atrofdagilarning havasini keltiradigan.

atrofdagilarning kulgu-mazaxiga qoladigan.

atrofdagilarning rahmi keladigan.

Bu uch toifa insonlar kimlar?

71. Rimlik mashhur notiq, faylasuf va siyosiy arbob Sitseron (mil. avv. 106-43 yy.)ga «Rim haloskori va yurt otasi» degan faxriy nom berilgan. Uning «Davlat», «Qonunlar haqida»gi asarlari bizgacha yetib kelgan. Inson erkinligi – uning moddiy va ma’naviy, shuningdek, jismoniy tomondan hech kimga qaram emasligi hisoblanadi. Sitseron fikricha, inson mutlaqo erkin bo‘lishi uchun … nimaning quli bo‘lishi shart. Mulohaza qiling-chi?

72. Bu so‘z arabcha «hibba» degan ma’noni beradi, asl ma’nosi ustiga tuproq tortilgan urug‘dir. Hayotning asli va asosi ana shu urug‘dadir. Bu so‘z barchani birdek zavqlantiradi, ertangi kunga ishonch uyg‘otadi, «u»siz hayotning ma’nosi qolmaydi, «u» tufayli dillar yashnaydi, ko‘zlar quvnaydi, qalb haroratga to‘ladi. «U» nima?

73. O‘ylab ko‘ring-chi, u nima?

U nimadir, quv yog‘ochdan og‘zi bor,

U nimadir, o‘rtasida mag‘zi bor.

U nimadir, yelkasida og‘zi bor,

U nimadir, suv ostida qimirlar.

74. Qo‘qon xoni Amir Umarxon jufti haloli malika Nodirabegim bilan bir masala ustida tortishib qolishibdi. Xon jahl bilan: «Sizga ruxsat. Saltanat xazinasidan o‘zingiz uchun eng qimmatli narsani oling-da, yurtingizga jo‘nang» debdi. Fahm-farosatli Nodirabegim shunday aqlli yo‘lni tanlaganki, xon aytgan so‘zidan qaytgan ekan. Nodirabegim nima qilgan bo‘lishi mumkin?

75. Har bir xalqning milliy urf-odat va an’analari bor. Hindistonda sigirni e’zozlashsa, Misrda «u»ni e’zozlashgan. Hattoki «u»ni o‘ldirib qo‘ygan odam jallod qo‘liga topshirilib, o‘limga mahkum qilingan. O‘z ajali bilan o‘lgan «u» mo‘miyolanib, maxsus qabrlarga qo‘yilgan, «unga» aza tutilib, motam liboslari kiyilgan. Ayting-chi, bu qadar e’tiborga sazovor bo‘lgan «u» hayvon nima ekan?

76. Donolar fikricha, ota-onang sen uchun xazina, jigarlarning sen uchun tayanch, do‘sting sen uchun … nima bo‘lishi mumkin?

77. XV-XVI asrlarda Ispaniya juda katta dengiz flotiga ega bo‘lgan. Lekin uzoq safarga chiquvchi kema ekipaji oldida bir muammo ko‘ndalang bo‘lgan, ya’ni «yoki har bir matrosga bittadan, yoki hech bir matrosga emas». Bu muammo nima edi, buni matroslar qanday hal etishgan?

78. Mitaning yomoni tegirmondan ham butun chiqarmish. Qanday qilib?

79. Tasavvuf qiling, yo‘lda ikki yo‘lovchi bir sandiqqa duch kelishdi. Birinchisi «bu yerga sandiq qayerdan kelib qoldi ekan» deb, ikkinchisi esa «sandiqning ichida nima bor ekan» deb o‘ylayapti. Sizningcha yo‘lovchilar kim bo‘lishi mumkin?

80. Shahzoda bir donishmandning qiziga oshiq bo‘libdi. Qiz unga shart qo‘yibdi. «Mening qalinimga (sep) o‘nta uloq, yigirmata bo‘ri, o‘ttizta yo‘lbars, qirqta tulki, ellikta otning no‘xtasi, oltmishta jilovlangan ot, yetmishta maymun, saksonta chaqaloq, to‘qsonta tuxum, yuzta mayyit bersinlar» debdi. Shahzodaning boshi qotibdi. O‘ylab ko‘ring-chi, ular nima bo‘lishi mumkin?

81. Hukmdor ko‘ngliga nima xush kelsa, o‘shani talab qiladi, chunki u podshoh. Qadim zamonda bir podshoh oshpazlarini sinovdan o‘tkazmoqchi bo‘lib, ularga shart qo‘yibdi: «O‘n kishilik ovqat tayyorlaysiz, unga ikki hovuch tuz soling, suzishdan avval yana bir kosa tuz soling. Uni suzib oldimga qo‘yganingizdan so‘ng men yana uni tuz bilan iste’mol qilmog‘im lozim». Oshpazlar bu shartni muvaffaqiyatli ado etibdilar. Podsho buyurgan taom nima bo‘lishi mumkin?

82. Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. (570-632) safarlaridan birida yo‘l yoqasidagi katta bir daraxt soyasida hordiq chiqarganlar. Jo‘nashdan avval u daraxtni kestirib tashlashga buyruq berganlar. Mulohaza qiling, Payg‘ambarimiz s.a.v.ga daraxtni kesishning nima zarurati bo‘lgan?

83. «U»ning qismati juda og‘ir, G‘arbda ham, Sharqda ham u haqda bir xil fikr bildirishgan: «u» doimo barhayot, lekin hamma vaqt ham baxtli emas. «U»ning do‘stlaridan ko‘ra dushmanlari ko‘p. «U» nima?

84. Mulohaza qiling: janjallashayotgan ikki kishidan qaysi biri ko‘proq aybdor?

85. «Haqiqiy matematik bo‘lish uchun biroz matematikaga zid bo‘lgan bir narsadan xabardor bo‘lish kerak» deyishadi. Sizningcha, haqiqiy matematik yana nimadan xabardor bo‘lishi kerak?

86. Nima uchun usta ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alaydi?

87. Ular shu qadar chiroyli iboralar bilan bezanganki, bularni huddi karamdek, qurbaqa misol, tuz kabi, kuzgi yomg‘irdek, deya siylab gapirishadi. Ular qaysi toifadagi kishilar bo‘lishi mumkin?

88. Qadimgi Rimda notiqlik san’ati shu qadar rivojlanganki, notiqlar nutq so‘zlaganda bir oyoqda turishlari majbur bo‘lgan. O‘ylab ko‘ring-chi, bunga nima sabab bo‘lgan?

89. Qanday qilib tuya hammomni orzu qilishi mumkin?

90. Inglizlar futbolni jon-dildan sevishadi. Ularning fikricha, futboldagi eng chiroyli narsa … . O‘ylab ko‘ring-chi, nima ekan?

91. Nima uchun mol egasiga o‘xshamasa harom o‘ladi?

92. «U» shunday zalvorliki, bir kishiga og‘irlik qiladi, ikki kishi uchun ayni muddao, uch kishi esa uni butunlay yo‘qqa chiqaradi. «U» nima ekan?

93. Bu foniy dunyoni nega besh kunlik deb atashadi? Nega olti kunlik yoki yetti kunlik emas. Mushohada qiling.

94. Har bir inson uchun bu dunyoda eng yaqin va eng aziz inson … Sizningcha kim bo‘lishi mumkin?

95. Quyoshning Sharqdan chiqib, G‘arbga botishini hamma biladi. Mashoyixlar talqiniga ko‘ra, nur Sharqdandir. Buni alohida ta’kidlashning mohiyati nimada?

96. Nima uchun el og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi?

97. Bir vaqtlar qadimgi Gretsiya va Rimda «u» qullarning xos belgisi sifatida qaralgan. Ayni vaqtda «u» o‘zini o‘ta zamonaviy deb bilgan yoshlar uchun moda hisoblanadi. Ayting-chi, u nima?

98. Bir uy borki, unga kirgan ko‘r bo‘lib kishi kiradi, ko‘zli bo‘lib chiqadi. U yer qayer?

99. Parvo ham qilma, beparvo ham bo‘lma. Qanday qilib?

100. Odatda kechasi quruqlik ustidagi havo salqin, suv ustidagi havo esa issiq bo‘ladi. Nima uchun?

101. Buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy (810-870)ning «Al-adab al-mufrad» kitobida keltirilishicha, Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.: «Bu dunyoda yaxshi yashashni xohlasang savdogar bo‘l, agar sen u dunyoda yaxshi yashashni xohlasang taqvodor bo‘l, agar ikki dunyo saodatini topmoq istasang … bo‘l» deganlar. Ikki dunyo saodatini topmoq uchun qaysi kasb egasi bo‘lish kerak deb o‘ylaysiz?

102. Buyuk mutasavvif shoir, nishopurlik Shayx Fariduddin Attor (vafoti 1229 yil)ning fikricha, inson sirlarini ikki kishiga bemalol aytishi mumkin ekan. Birinchisi uning eng yaqin sevimli kishisi bo‘lsa, ikkinchisi unga unchalik yaqin bo‘lmasligi mumkin ekan. Mulohaza qilib ko‘ring-chi, Fariduddin Attor kimlarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin?

103. Tush payti. Qattiq jala quymoqda. 6 soatdan so‘ng quyosh nur sochib, havo ochilib ketishi mumkinmi?

104. Dexqonlarning o‘ziga xos irimi bor. Uni ekayotganlarida «g‘ovak bo‘lma zich bo‘l, bo‘sh bo‘lma qattiq bo‘l, qari bo‘lma yosh bo‘l, kichik bo‘lma, katta bo‘l» deb niyat qilishadi. O‘ylab ko‘ring-chi, u qanday sabzavot ekan.

105. Podshoh xazinachi bo‘lishni orzu qilganlarni imtihon qilmoqchi bo‘lib, saroyga taklif etibdi. Ularni bittadan chaqirib, «Tanovor»ga o‘ynab berishini so‘rabdi va eng chaqqon raqs ijro etgan kishini xazinabonlikka tayinlabdi. Nahotki, chaqqonlik bilan o‘ynagan odam eng sadoqatli, mohir xazinachi bo‘lsa?

106. Fors-tojik mumtoz adabiyotining asoschilaridan biri, «Navro‘znoma» asarining muallifi Umar Xayyom (1048-1131) chuqur falsafiy mushohadalarga boy ruboiylar yozgan. Uning fikricha, «inson umri bebahodir. Uning yoshligi beparvolikdir, navqironligi musobaqa va qariligi esa … ». Umar Xayyom fikricha qarilik nima?

107. Qadimgi yunon mutafakkirlari fanlarning otasi – falsafa, onasi – tarix, podshosi – matematika deyishgan. Podshoning o‘n nafar vaziri bo‘lgan. O‘ylab ko‘ring-chi, ular qaysilar?

108. Pul jigardan paydo bo‘lganmi? Qanday qilib?

109. Tarixdan ma’lumki, olimpiada qadimgi Yunonistonda paydo bo‘lgan. Olimpiya o‘yinlariga fuqarolarning barchasi qatnashish huquqiga ega bo‘lgan. Faqatgina Aleksandr Makedonskiy o‘yinlarda qatnashmagan. O‘ylab ko‘ring-chi, sabab nimada bo‘lishi mumkin?

110. Bu shifobaxsh o‘simlik ko‘hna zamonlardan beri e’zozlanib kelinadi. Qadimgi Misr, Rimda quruvchilarning kundalik ovqatlariga qo‘shib berilgan. O‘z o‘rnida kuchli antibiotik vazifasini bajargan. Naql qilishlaricha, u insonni har qanday kasallikdan asrar ekan. Shunday bo‘lsa-da, islom olamida uni iste’mol qilgan kishini hatto masjidga yo‘latishmaydi. Bu shifobaxsh o‘simlikning nomi nima?

111. Odatda kechasi quruqlik ustidagi havo salqin, suv ustidagi havo esa issiq bo‘ladi. Nima uchun?

112. Buyuk nemis shoiri va mutafakkiri Gyote (1749-1832) «Butun insoniyat har jihatdan «u» zotdan minnatdor bo‘lmog‘i lozim. U zotning hayotlari, axloqlari, so‘zlari hozirga qadar ahamiyatini yo‘qotmagan» deb yozgan edi. U zot kim bo‘lishi mumkin?

113. Mashoyixlar fikricha, umr misoli bir piyola suv. Qanday qilib?

114. Alloh inson uchun barcha ne’matlarni bunyod qilgan. Ana shu ne’matlardan biri kim uchundir juda sevimli, ayniqsa, talabalar uchun. Chunki talabalar hech qachon unga to‘ymaydilar. Shekspir esa bu ne’matni «dunyodagi eng shohona ziyofatning eng lazzatli taomi» deb baho bergan. Siz ham har kuni shu lazzatli ne’matdan bahramand bo‘lasiz. O‘ylab ko‘ring, u nima?

115. Ushbu topishmoqni toping:

O‘n sakkiz ming qiz edik,

Qirg‘in keldi, qirildik,

Allohning mo‘jizasi,

Yana qayta tirildik.

116. O‘rta asrlarda «u» kasallik keng tarqalib, undan barcha kishilar birdek aziyat chekkanlar. Hattoki fransuz qirollari Fransisk II, Karl IX, Lyudovik XIII lar ham o‘sha kasallik tufayli vafot etganlar. O‘ylab ko‘ring-chi, «u» kasallik nima?

117. Iskandar Zulqarnayn (Aleksandr Makedonskiy, vafoti mil. avv. 323 yil) Yer yuzi va Yer osti podshohligiga erishgan, navqiron 33 yoshida vatanidan uzoqda olamdan o‘tgan. Uni Yunonistonga «xuddi hozirgina dunyodan ko‘z yumgandek» yetkazib borganlar. O‘ylab ko‘ring-chi, qanday qilib?

118. Inson miyasidagi xujayralar 30 yoshgacha rivojlanib, so‘ng birin-ketin nobud bo‘lar ekan. Yaponiyalik olimlar fikricha, buning oldini olishning osongina yo‘li bor ekan. Hattoki, uni har bir kishi qilishi mumkin ekan. Sizningcha u nima bo‘lishi mumkin?

119. Jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, olim, yozuvchi, davlat va jamoat arbobi Abdurauf Fitrat (1886-1938) «u»ni shunday ta’riflagan: «u» – dunyo imoratlarining eng mukammali va muqaddasidir». «U» nima ekan?

120. Psixologlar «u» orqali kishi xarakterini bemalol aniqlashgan. Birinchisidan – yaxshi do‘st, mehnatkash insonlar, ikkinchisidan asabi tarang, ortiqcha talabchanlar, uchinchisidan ko‘proq rahbar va ijodkorlar, to‘rtinchisidan daholar va mutafakkir notiqlar ko‘proq chiqar ekan. Sizningcha, bu yerda inson xarakterini nimaga asoslanib aniqlangan?

121. Qilich va nayza bilan hosil bo‘lmagan ishlarni … nima bilan qo‘lga kiritsa bo‘ladi?

122. Quyidagi tushunchalarning munosabatini aniqlang:

akademik – professor – dotsent – fan nomzodi – aspirant – magistr – bakalavr

uy – ko‘cha – qishloq – tuman – viloyat – respublika

inson – kompozitor – daho – Betxoven

123. O‘rgimchak to‘riga hashorotlardan tortib qurt-qumursqalargacha ilinadi. Lekin negadir o‘rgimchak o‘z to‘riga o‘zi ilinmaydi. Uning sababi nimada?

124. Dunyoda eng chaqqon nima?

125. Dunyoda shunday o‘simlik turi borki, uni qirq yil quritib, osib qo‘yilsa va yana qayta ekilsa, ko‘karib ketar ekan. O‘ylab ko‘ring-chi, bu qanday o‘simlik bo‘lishi mumkin?

126. Shoirlar yilning beshinchi faslini nima deb ataydilar?

127. Uchta vagonda 90 ta yo‘lovchi bor. Agar birinchi vagondan ikkinchi vagonga 12 kishi o‘tib, ikkinchi vagondan uchinchi vagonga 9 kishi o‘tsa, har uch vagonda kishilar soni teng bo‘ladi. Har bir vagonda necha kishi bo‘lgan?

128. Nima uchun o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa ham qo‘ymaydi?

129. Ushbu harflarni shunday joylashtiringki, ularni bo‘yiga ham, eniga ham o‘qish mumkin bo‘lsin. Unda bir respublika poytaxti va daryolarning nomlari kelib chiqadi.

A A A A

B K K L

M R R R

U U U U

130. Ingliz mutafakkiri Frensis Bekon (1561-1626) fikricha, «kitob o‘qish odamni bilag‘on qiladi. Suhbat topqir qiladi». Yozib olish-chi? U nimaga o‘rgatadi.

131. Qanday qilib o‘g‘rini qaroqchi urishi mumkin?

132. Beva ayolning echkisini o‘g‘rilar urib ketishadi. U shohga arz qilib borsa, Shoh: «E, uxlab qolibsiz-da, esiz» deydi. Shunda beva ayol podshoga shunday so‘z deydiki, podsho hayratlanib unga bir bosh sigir hadya qiladi. Ayol podshoga nima degan bo‘lishi mumkin?

133. Yer yuzida shunday bir nuqta borki, u yerda qutb yulduzi naq peshonangda turadi, hamma tomoningiz janub, sutka, kecha va kunduzga bo‘linmaydi, 360 gradus aylanib butun dunyoni sayohat qilishingiz mumkin. Bu nuqta qayer?

134. Buyuk donishmand Luqmoni Hakimning farzandlariga yozgan «Nasihatnoma» asaridagi uch nasihatni alohida qayd etilgan hamda bu nasihatning ikkitasini yodda saqlash, bittasini unutib yuborish yozilgan edi. O‘ylab ko‘ringchi, nimani yodda saqlab, nimani unutish kerak?

135. Muhammad s.a.v. «Ikki kishi bir kishidan yaxshi, uch kishi ikki kishidan yaxshi, to‘rt kishi uch kishidan yaxshi, ko‘pchilik bo‘ling» deganlar. Fikrni taqqoslang va isbotlang.

136. Dunyoda eng qimmat narsa nima bo‘lishi mumkin?

137. Qadimgi yunon faylasufi va matematigi Pifagor (mil. avv 580-500 yy.) Unga quyidagicha ta’rif bergan: «u» kishiga doimo tetiklik va quvnoqlik bag‘ishlaydi. Osoyishta kayfiyat bag‘ishlovchi deb ta’riflangan sabzavotning nomi ………» Pifagorning ta’rifi nimaga bag‘ishlangan edi?

138. Shunday sonni topingki, agar uni 2, 3, 4, 5, 6 sonlariga bo‘linganda 1, 2, 3, 4, 5 qoldiq qolsin, ya’ni

X:2=? (1)

X:3=? (2)

X:4=? (3)

X:5=? (4)

X:6=? (5)

139. Ushbu mantiqqa oid tushunchalarni to‘g‘rilab o‘qing:

akrauftk Tzise

tqaimn uhzomaal

adrtiyenk yntyaia

zgiyes ddzyaiit

uoslxa oaltbsshi

140. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor (1907-1968) o‘zbek adabiyoti taraqqiyotiga «Qo‘shchinor chiroqlari», «Shohi so‘zana», «Tobutdan tovush», «Sinchalak» kabi asarlari bilan salmoqli hissa qo‘shgan. Adibning e’tirof etishicha, «u» «hamma vaqt, hamma odamning joniga tekkan narsa. Lekin odamzod joniga tekkan narsadan qutulish yo‘lini bilmasa osmon yiroq, yer qattiq bo‘ladi, unga ko‘nikadi, shunchalik ko‘nikadiki, bu narsa joniga tekkanini ham payqamay qo‘yadi». Abdulla Qahhor bu yerda nimani nazarda tutgan bo‘lishi mumkin?

141. Irimchilar uchun bu kun shu qadar qo‘rqinchli ediki, hatto buyuk shoir Gyote o‘rnidan ham turmas, Fransiya qiroli Napoleon jangni to‘xtatar, buyuk qirol Bismark hatto hech bir hujjatga qo‘l qo‘ymas ekan. O‘ylab ko‘ring-chi, u qaysi kun bo‘lishi mumkin?

142. Odamsiz mamlakat, uysiz shahar, daraxtsiz o‘rmon, suvsiz daryo qayerda bo‘lishi mumkin?

143. «Apteka» va apteka so‘zi o‘rtasida qanday farq bor?

144. Ushbu so‘zlarni mazmuniga qarab tuzsangiz, o‘zbek maqollaridan birini o‘qiysiz:

quyon, tutolmas, birini, ikki, ham, quvlagan.

145. Yomg‘ir suvida tuz bo‘lishi mumkinmi?

146. Qariyb 90 foiz kishilar qo‘llariga qog‘oz va ruchka tushib qolsa birinchi bo‘lib … nimani yozadilar?

147. Shoirning «Sevib turgan yurak aslo qarimas» degan she’rining mantiqan xato fikr ekanligini qanday izohlash mumkin?

148. O‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi, shoir, olim va davlat arbobi Alisher Navoiy (1441-1501)ning «Hayrat ul-abror» (Yaxshi kishilarning hayratlanishi) asarining 6-maqolot 32-bobida ular shunday ta’riflanadi. «Ular el ishi uchun dard chekishga, kibr-havoning kulini ko‘kka sovurishga tayyor, odob-axloq ular uchun yo‘q, chegarasiz, o‘z tilini o‘zi kesuvchi, o‘z maqsadi uchun it bo‘lib vovullashga, maymundek sakrashga tayyorlar. Ular uchun rasvolik va sharmandalikning ahamiyati yo‘q. Ular avval ham bo‘lgan, hozir ham bor». O‘ylab ko‘ring-chi, ular kimlar?

149. 1 dan 16 gacha bo‘lgan sonlarni doiraga shunday joylashtiringki, kvadratlarining yig‘indisi hamda kvadratlarning burchaklaridagi 4 ta sonning yig‘indisi 34 ga teng bo‘lsin:

150. O‘tmishda xalq yetti xazinani ro‘zg‘orning asosi deb bilgan.

1. Ipak qurti – qizlarning sepi.

2. Tovuq – jonning darmoni.

3. Asalari – oilaning tabibi.

4. Sigir – oilaning qassobi

5 Objuvoz – qozonning yog‘i

6 O‘rmon – imoratning suyagi

7. ………. – qorinning belbog‘i

O‘ylab ko‘ringchi, nima qorinning belbog‘i bo‘lishi mumkin?

151. Hamma A xususiyatga ega bo‘lgan narsalar B xususiyatga ega bo‘lsa, Hamma B xususiyatga ega bo‘lgan narsalar A xususiyatga ega deyish mumkinmi?

152. Mashhur amerikalik avtomobillar magnati Genri Forddan «Eng yaxshi avtomobil qaysi» deb so‘rashgan. Genri Ford fikricha, «eng yaxshi avtomobil …» ekan. Sizningcha, Ford nima deb javob bergan?

153. Shunday bir asar borki, uni hech bir shoir yozolmagan, baxshilar to‘qib chiqara olmagan, sozandalar o‘z kuyi sifatida o‘zlashtira olmagan. Bu asarda insonning barcha yaxshi-yomon his-tuyg‘ulari mujassam. O‘ylab ko‘ring-chi, bu qanday asar?

154. Ushbu so‘zlarning turdosh nomlarini toping.

Quyosh, mantiq, sevgi, inson, dil, chaqqon, o‘y, tartib, ulug‘, fuqaro, yer, hodisa, kitob, hayot, hikoya, gavhar, do‘st, yer.

155. Gruziya xalqi juda mehmondo‘st va pazanda xalq bo‘lib, eng sevimli taomlari mantiga o‘xshagan «Xachapuri»dir. Lekin uni bir uchini tugib qo‘yib, qotirib pishiriladi. O‘ylab ko‘ring-chi, «Xachapuri»dagi tugunchalarning nima keragi bor?

156. Jaloliddin Rumiy quyidagi ibratli she’rining mohiyati nimada?

Sabr qilkim, sabr keltirgay najot,

Sabr sergaklikka chun qo‘lu qanot.

O‘zni tiykim, ko‘p zaharli ul giyoh,

O‘zni tiymoqlikda nuri anbiyo.

Yel ufursa, ko‘kka uchgaydir xazon,

Yel esib, tog‘ni qo‘porgaydir qachon?

157. Quyidagi tushunchalarning qarama-qarshisini toping:

erkinlik, omonat, nazokat, yetuk, chin, xushyor, yalqov, o‘tkir, zukko, ixcham, mag‘rur, mehribon, mo‘rt, shirin, hunarmand.

158. Ushbu ta’riflar to‘g‘ri ekanligini aniqlang:

1. Spiritizm lotincha «arvoh» so‘zidan olingan bo‘lib, o‘lgan kishining ruhi bilan aloqa bog‘lashdir.

2. Abstraksiya – fikriy amaldir.

3. Ma’rifat – oliy darajadagi bilish va bilimdir.

4. Ilm – biror narsa haqida o‘qib, tekshirib, hosil qilingan bilimdir.

5. Elita – fransuzcha «sara, eng yaxshi, saralangan» degan ma’noni bildiradi.

6. Fatvo – shariat va din qonun-qoidalari asosida biror yuridik masala yuzasidan chiqariladigan xulosa, qaror, ko‘rsatma, buyruq.

7. Topishmoq – topilishi kerak bo‘lgan narsa, hodisaning ramz va o‘xshatmalar orqali ifodalangan qisqa tavsifi, jumboq.

159. Qadimda «u»ni quyosh orqali bilishgan. Keyinchalik qumdan foydalanishgan. So‘ngra uning o‘rniga suvni ishlatishgan. Nihoyat toshlar uni mukammal holatga keltirgan. O‘ylab ko‘ring-chi, u nima?

160. Ushbu tushunchalarni klassifikatsiya qiling:

kitob (mavzular bo‘yicha).

talaba (ma’lumot nuqtai nazaridan).

jinoyat kodeksi (mavzular bo‘yicha).

tushuncha (mavzular bo‘yicha).

tafakkur (mavzular bo‘yicha).

yozuvchilar (sinflar bo‘yicha).

xarakter (mavzular bo‘yicha).

161. Nemis mumtoz falsafasining asoschisi F.Gegel (1770-1831)ning fikricha, «falsafaning mazmuni, uning ehtiyoj va manfaatlari dinning ehtiyoj va manfaatlari bilan tamomila mushtarak, uyg‘undir. Dinga xos bo‘lgan narsa abadiy haqiqat, Xudo va uni anglashdir. Falsafa dinni qay darajada kashf qilsa, o‘zini shu darajada namoyon etadi va aksincha, qay darajada o‘zini namoyon etsa, dinni shu darajada kashf qiladi. Falsafa va din o‘zaro mutanosibdir. Agar Xudo dinda e’tiqod shaklida tasavvur qilinsa, falsafada mantiqiy yo‘l bilan bilinadi». Gegelning fikri to‘g‘rimi?

162. Ushbu tushunchalar ayniyat qonuniga mos keladimi?

Jirafa. Eng bo‘yni uzun hayvon.

Vatan. Kishining kindik qoni to‘kilgan joy, ona yurti.

Yer sharining eng baland cho‘qqisi. Everest tog‘i. Dengiz sathidan 8848 metr baland tog‘ tizmasi.

Jaholat. Hech narsaga tushunmaslik. Bilimsizlik, nodonlik, eng yomon xulqdir.

Yolg‘on. Xato. Adashish. Tushunmaslik.

Elita. Eng saralangan, tanlangan. Eng xushbo‘y atir. Elita modalar uyi.

Senat. Parlamentning yuqori palatasi. Qonun chiqaruvchi organ.

163. Nima uchun ongni ushlab, ko‘rib bo‘lmaydi?

164. Quyidagi tushunchalarning (real va nominal) turini aniqlang:

Nozik – fors-tojik olingan bo‘lib, yuksak mahorat bilan ishlangan bejirim, nafis, latif degan ma’noni anglatadi.

Nozik – ingichka, yupqa, harir.

Nozik – alohida ehtiyotkorlikni talab etadigan, qaltis.

Nozik – xotin-qizlar ismi.

165. Vaqt – har qanday mavjudlikning asosiy shakllaridan biridir. Vaqt bir o‘lchovli bo‘lib, uzluksiz faqat bir tomonga, ilgarilanma harakat qiladi. Sizningcha vaqt inson hukmidami yoxud inson vaqt hukmidami?

166. Quyidagi tushunchalarga nominal ta’rif bering:

Mantiq – _________

Falsafa – _________

Iqtisod – _________

Statistika – _________

Konstitutsiya – _________

167. Tabiatshunos olim, akademik V.I.Vernadskiyning fikricha, odamzodning Yer sayyorasida ko‘payib borishi insondan tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishni, atrof-muhitni asrashni, yangi energiya manbalarini izlab topishni va qo‘llashni talab qiladi. Fikrning noto‘g‘ri ekanligini isbotlash mumkinmi?

168. Quyidagi tushunchalarga real ta’rif bering:

talaba –_________ shaxs – _________

ezgulik – _________ tenglama – _________

tarozi – _________ qahramon – _________

sovg‘a – _________ roman – _________

alloma – _________ baxt – _________

iymon – _________ gazeta – _________

169. 45 sonini shunday 4 qismga ajratingki, agar birinchi sondan 2 ni ayirsak, ikkinchi songa 2 ni qo‘shsak, uchinchi sonni 2 ga ko‘paytirsak, to‘rtinchi sonni 2 ga bo‘lsak bir xil son kelib kelib chiqsin. Ushbu sonlarni toping.

170. Quyidagi ta’riflarning (aniq va noaniq) tuzilishini aniqlang:

1. Sahna – tomoshaxona, spektakl qo‘yiladigan, konsert beriladigan joy.

2. Tarozi – og‘irlik o‘lchov asbobi.

3. Shpargalka – talabaning imtihon vaqtida o‘qituvchiga ko‘rsatmay, yashirincha foydalaniladigan javoblar.

4. To‘ti – tropik o‘rmonlarda yashaydigan chiroyli, rang-barang patli qush.

5. Qazi – otning go‘shtidan otning yo‘g‘on ichagiga tiqib tayyorlangan, pishirilgan yaxna go‘sht mahsuloti.

6. Hisobot – shaxsning korxona rahbariga ma’lum bir ish topshiriqning bajarilishi haqida og‘zaki yoki yozma ravishda beriladigan rasmiy axborot.

7. Kislorod – havo tarkibiga kiruvchi, nafas olish, yonish uchun zarur bo‘lgan, vodorod bilan birlashib suv hosil qiladigan himiyaviy element, rangsiz, hidsiz gaz.

8. Miqdor – voqelikdagi narsa va hodisalarning hajmi, son, taraqqiyot darajasi jihatdan harakterlaydigan kategoriya.

9. Qonun – inson donoligining yuksak ifodasi bo‘lib, u odamlar to‘plagan tajribadan jamiyat farovonligi yo‘lida foydalaniladi.

171. Butun olam tortishish qonunini kashf etgan olim qaysi hodisaga asoslangan bo‘lishi mumkin?

172. Turkiston jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri Abdurauf Fitrat (1886-1938) U haqida shunday yozgan edi: «Yotsam tushimda, uyg‘onsam yonimda, ko‘z yumsam miyamda, ko‘z ochsam qarshimda mungli bir hayol kelib turadur. Bu bir xotun hayoli. Bir xotunni egnida ipakli, lekin yirtiq eski bir ipakdan boshqa bir kiyimi yo‘q. Bosh oyoqlari yalang‘och, tirsaklarigacha qop-qora loyqadan botgan, baqirurga tovushi, qutilishga kuchi qolmagan. Ey mungli xotun, sen kimsan? Yonimda, ko‘zimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechuk munglisan, nechuk ketmaysan. Qayg‘u tutunlari ichra yog‘dusiz ko‘zlaring nechuk yosh yomg‘urin to‘kadur. Zulm zanjirlari ila bog‘langan qo‘llaring nechuk har yonga uzatilur, nima tilaysan? Oh, sen kimsan?» Buyuk Fitrat ushbu misralarda nimani nazarda tutgan?

173. O‘ylab ko‘ring-chi, Arshdan ham ulug‘roq qilib yaratilgan narsa nima?

174. Rus shoiri Aleksandr Blok (1880-1921) fikricha, «faqat sevgan kishigina inson degan nomga loyiq». Mantiqan fikrlang va javob bering. Demak, sevmagan kishi inson degan nomga loyiq emas?!

175. Fransuz faylasufi Gelvetsiy insonning bilish jarayonida quyidagi chalkashliklarga uchrashini e’tirof etgan: birinchisi tabiiy chalkashliklar, u johillik tufayli sodir bo‘ladi. Ikkinchisi qo‘lga kiritilgan chalkashlik bo‘lib, yolg‘on va shubhali fikrlar tufayli yuzaga keladi. Gelvetsiyning fikrini isbotlang.

176. Sizga tegishli bo‘lgan nimangizni sizdan ko‘ra boshqalar ko‘proq aytadilar?

177. Ushbu keltirilgan misollar formal mantiqning qaysi qonunlariga to‘g‘ri keladi?

1. Hasan hamisha rost gapiradi,

Hasan hech qachon rost gapirmagan.

2. Hamma qushlar – parrandalardir,

Ba’zi parrandalar ucha olmaydigan qushlardir.

3. Ba’zi o‘simliklar zaharlidir,

Hech bir o‘simlik zaharli emas.

4. Alisher Navoiy «Xamsa» asarining muallifidir,

Alisher Navoiy «Xamsa» asarining muallifi emas.

178. Qariyb barcha masjid va maqbaralarning atrofiga tut daraxti ekilgan. Demak, tut karomatli daraxt ekan-da?

179. «Suvni ko‘rmay, etik yechmaydilar». Nima uchun?

180. Buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy e’tirof etishicha, «u» – porloq yulduzdir, tovlanib turuvchi gavhardir, tole’ quyoshidir, keng dengizdir, kuydiruvchi shu’ladir, ajdohodir, yashindir, shunchalik qaysarki, uning oldida podshoh ham, gado ham teng». U nima?

181. Quyidagi tushunchalarning farqini tushuntiring:

– tananing bo‘yindan yuqori qismi bosh deyiladi.

Boshga tushganni ko‘z ko‘rar.

Eh, sho‘rlik boshim.

Tabib tabib emas, boshidan o‘tkazgan tabib.

– aql-hush, miya.

Bu haziling bilan boshimni og‘ritma.

Odamning ko‘rki bosh bilan.

Uka, aqlni ishlat.

Domla, sizni oltin boshingiz borda.

– boshchilik rahbarlik, eng katta, yuqori.

Bosh vrach.

Boshliq o‘tirganlarga savol nazari bilan qaradi.

Bosh shtab.

– eng muhim, asosiy.

Bosh masala,

bosh gap,

bosh maqola,

bosh sabab.

– eng oldingi, birinchi.

Bosh xotin,

bosh barmoq.

– sanoq. Yuz bosh qo‘y, har bosh sigir.

– Joy. Bozor boshi, o‘choq boshi, tegirmon boshi.

– Manzil. Daryoning boshi, ko‘chaning boshi.

– Muqaddima. Asarning boshi, yilning boshi, ishning boshi, to‘yning boshi, satrning boshi.

– Meva hosili. Bir bosh uzum, bir bosh karam, bir bosh piyoz.

182. Otasining o‘g‘li, lekin akasi ham, ukasi ham emas. U kim bo‘lishi mumkin?

183. Ingliz davlat arbobi, diplomat, o‘tkir qalam sohibi Filipp Chesterfildning (1694-1773) «Farzandga maktublar» asari hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Chesterfild yozadi: «Doimo seni maqtay boshlashsa, darrov o‘ylab ko‘rgin: Sen shu maqtovga loyiqmisan, yo‘qmi? Bundan so‘ng yurish turishingni tuzatib olishga, hech qanday kinoyaga o‘rin qoldirmaslikka harakat qil. Bir toifa odamlar borki, shuhrat orttirish maqsadida yolg‘onni ko‘p ishlatadi-yu, ularga quloq solsang ulardan zo‘r qahramon yo‘q, ular g‘irt ahmoq bo‘lgani uchun maqtanchoq, yolg‘onchi bo‘lishadi. Yolg‘on bilan biror maqsadga erishib bo‘lmaydi, yolg‘onning umri qisqa, to‘g‘ri ezgulik kishilikka e’tibor, obro‘, hurmat keltiradi». Chesterfildning fikrlari to‘g‘rimi?

184. Nemis sotsiolog olimi R.Darendorf fikricha, sinflarning asosiy belgisi mulkka bo‘lgan munosabatdan iborat emas. Taraqqiyot, asosan, ijtimoiy va madaniy tengsizlik tufayli amalga oshadi. Fikrning noto‘g‘riligini isbotlash mumkinmi?

185. Naql qilishlaricha, Qur’onda tilga olingan Luqmoni Hakim ming yil umr ko‘rgan, Alloh unga cheksiz hikmat ato etgan ekan. Bir kishi Luqmoni Hakimdan behisob bilimni qanday egallaganini so‘raganda, qisqa va lo‘nta javob beribdi. Luqmoni Hakim unga qanday javob bergan bo‘lishi mumkin?

186. Quyida keltirilgan misollar mantiqning qaysi qonunlariga to‘g‘ri keladi?

«Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi, dil dilning oynasidir».

«Ko‘cha handon, uy zindon».

«Egri turib, to‘g‘ri so‘zla».

«O‘xshatmaguncha uchratmas».

«Harakatda barakat».

«Qalovini topsang qor yonar».

«Bir boshga bir o‘lim».

187. Buyuk nemis faylasufi Gegel «dialektika haqidagi ta’limotimni «U»ning asarlariga tayanib yaratdim» deb e’tirof etgan Sharqning buyuk mutafakkiri va jo‘shqin shoiri kim?

188. Ushbu tushunchalarning sinonimlarini toping.

Orfey – Mahobhorat.

Apollon – San’at.

Janglar qissasi – Ruhiy qashshoqlik.

Qo‘pollik – Koloss.

Tezis – Sevgi xudosi.

Dunyoning yetti mo‘jizasidan biri – Yer xudosi.

Qalam – Quyosh xudosi.

Antey – o‘rtasiga ingichka, uzun grafit joylangan cho‘p shaklidagi yozuv asbobi.

Estetika – Ilmiy asar, maqolaning asosiy fikri bayon qilingan qisqacha sharh.

Gelios sharafiga o‘rnatilgan muazzam haykal – Navqiron yigit.

189. «Achchiq savol berib shirin javob kutma». Nima uchun?

190. Xaridor kiyimlik sotib olmoqchi. Sotuvchi matoni maqtamoqda:

– Kechagina fabrikadan keltirdik, mana ko‘ring, juda chiroyli, chidamli, gullarini aytmaysizmi, chiroyli, dazmolga hojat yo‘q, hushbichim ko‘ylak chiqadi. Oling pulingiz yoniningizda ketadi. Xaridor esa:

– Rangi o‘chib ketmasmikin, deb so‘rasa. Sotuvi: Qiziqsiz-a, bir oydan beri oftobda turgan bo‘lsa rangi qolarmidi, dedi.

Bu iboralar mantiqiy qonunlarning qaysi biriga to‘g‘ri keladi?

191. Shirinsuhan shoir, mohir hajvchi Ubayd Zakoniy (vafoti 1370 yil) fors-tojik adabiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan. Uning «Risolai Dilkusho» (Ko‘ngilochar risola) asarida keltirilishicha, «Xasislikda nom qozongan bir boydan «nima uchun bir tiyin ustida 100 marta dumaloq oshasiz» deb so‘rashsa, boy: «nega endi men bir kun, bir hafta, bir oy, bir yil, bir umrga yetadigan molimdan kechar ekanman» debdi. O‘ylab ko‘ring-chi, boy nimalarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin?

192. Dunyoda shunday kishilar toifasi borki, «ular avval ham bo‘lgan, hozir ham bor, keyin ham bo‘lajak. Ular na Xudoga ibodat qiladilar, na shohga itoat etadilar. O‘zlarini bazmda xotamdek, jangda Rustamdek tanitadilar. Boshqalar pishirgan oshni meniki deb paqqos tushiradilar. Hali bichilmagan ko‘ylakka yeng qadaydilar, tug‘ilmagan buzoqqa qoziq qadaydilar». Ayting-chi, ular kim bo‘lishi mumkin?

193. Bu nima? O‘ylab ko‘ring:

taqinchoqsiz ziynat,

saltanatsiz haybat,

mehnatsiz ibodat,

devorsiz qal’a,

uzrdan qutulish,

farishtadek ozodlik,

ayblardan xolilik.

194. Yunon faylasufi Suqrot (mil. avv. 469-399 yy.)ni qatl etish uchun olib ketishayotgan edi. Yo‘lda bir ayol uni ko‘rib «Voy, men o‘lay. Nahotki bular sen bechorani gunohsiz o‘ldirib yuborishsa» deb yig‘lab yuboribdi. Shunda Suqrot «Ey tentak, nahotki sen mening biror gunoh qilib, shu gunoh tufayli qatl qilinishimni va dunyodan gunohkor bo‘lib ketishimni istasang» debdi.

Bu tafakkur qonunlarining qaysi biriga misol bo‘la oladi?

195. «Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab icharmish». Nima uchun?

196. To‘ldiring:

197. Ushbu reklamalardagi mantiqiy xatolarni toping:

1. Yoshlikni to‘liq his qilish uchun … uning MOBILE telefoni «Yoshlar uchun»ga ulangan.

2. Uzdunrobita doimiy taraqqiyotga qo‘shiling.

3. WESTERN UNION: Tezda, ishonchli, mehr bilan. Pul oluvchilar uchun tekindir.

198. Fransuz faylasufi R.Dekartning fikricha, shubha inson kamoloti darajasining kemtikligidir. Dekartning fikrini qanday asoslash mumkin?

199. Mahmud Zamaxshariy fikricha, «din bemorlar uchun yaxshi doridir, falsafa sog‘lom kishilar uchun ozuqadir». Buni qanday izohlash mumkin?

200. Qalamni qog‘ozdan olmay turib, to‘rtta nuqta orqali uchta chiziq tortib uchburchak hosil qilish mumkinmi?

201. Quyidagi fikrlarni taqqoslang:

Gapira bilish talantdir.

Aqlli kishining bir ishorasi ham kifoya.

Odamlar bilan ularning aqliga monand gaplash.

Ko‘p o‘ylaydigan odam kam gapiradi.

Yaxshi gapirish uchun yetarli aqlga ega bo‘lishi kerak.

Sukut saqlash uchun yetarli mulohazaga ega bo‘lishi lozim.

Qanday so‘z aytsang javobiga o‘shani eshitasan.

202. Bir fozilning ta’kidlashicha, «aql bilan his doimo mutanosiblikni saqlayversa, bu yorug‘ olam ishlarining ko‘pi chala qolgan, yo bo‘lmasa, ko‘pchilik hodisalar ro‘y bermagan bo‘lur edi. Hatto hayotning bu qadar qiziqligi, ehtirosliligi va sermazmunliligi xavf ostida qolar edi». Sizningcha-chi?

203. U shunday aziz dargohki, uning to‘rtta shoxi bo‘lib, har shoxi uchtadan kichik shoxchalarga bo‘lingan. Har bir shoxchalarning barglari bor. Daraxtning mevasi ko‘p bo‘lib, uning rangi esa ikki xil. U nima?

204. Buyuk mutafakkir Amir Xusrav Dehlaviyning fikricha, mamlakatning inqirozi, xalq hayotining fojiali holatiga diniy adovat, mazhablar o‘rtasidagi nizolar, diniy mutaassibliklar olib keladi. Fikr to‘g‘rimi?

205. Shunday insonlar borki, «u»lar sayohat qiladilar, yo‘q yerda yo‘q xabarni topib keladilar, afsona, voqealarni qiziqarli bayon qiladilar, bo‘zni shoyiga almashtirish ilinjida, eng hasis ham, eng saxiy ham ular, ularning hamma narsasi bor, faqat insof yo‘q. Ularga yaqin yursang kuyib qolasan, uzoq yursang foyda topasan». O‘ylab ko‘ring-chi, bu toifa kishilar kimlar?

206. Yaponlar chindan ham ajoyib xalqda. Ular baliqlarni televizorning yonginasidagi akvariumda boqishadi. Qiziq, yaponlar televizor ko‘risharmikin yoki baliqni?

207. Qadimgi yunon faylasufi, qomusiy bilimlar sohibi Arastu (mil. avv. 384-322 yy.) buyuk sarkarda Iskandar Zulqarnaynning ustozi bo‘lgan. Bir kuni odamlar undan: «Sen boshqalardan nimang bilan farq qilasan» deb so‘rashibdi. Arastu bu savolga qanday javob bergan bo‘lishi mumkin?

208. Tarixdan ma’lumki, buyuk allomalar yashagan davrlarda na gaz, na elektr, na ruchka, na yozuv mashinkasi bo‘lgan. Hozir esa ijod uchun hamma narsa muhayyo. Shunday bo‘lsa-da, nima uchun buyuk Hofiz Sheroziy, Firdavsiy, Shayx Sa’diy, Fariduddin Attor, Mavlono Rumiy, Alisher Navoiy kabi zabardast allomalar yo‘q? Siz nima deb o‘ylaysiz?

209. Quyidagi mantiqiy iboralarni izohlang:

1. Qobiliyatsiz odam qo‘ziqoringa o‘xshaydi, bo‘yi boru, ildizi yo‘q.

2. Faqat qorong‘u tunni ko‘rgan odamgina yorug‘ kunning qadriga yetadi.

3. Podshoga yaqin bo‘lish yo‘lbarsning yonida yotgan bilan barobar.

4. Astoydil qasd qilsang, tog‘ni dalaga aylantirish mumkin.

5. Ming tanga puling bo‘lsa-da, u dunyoga sariq chaqa ham olib keta olmaysan.

6. Hech qachon quyosh faqat menga nur sochadi, deb o‘ylama.

7. Bilmagan narsasi haqida gapirish – nodonlikdir.

210. Nima uchun kerakli toshning og‘irligi yo‘q?

211. Nemis shoiri Gyote «fors mumtoz she’riyatining porloq yulduzi» deb ta’riflagan, asarlarida insonni Xudo darajasida ulug‘lagan, fors-tojik adabiyotiga salmoqli xissa qo‘shgan alloma kim bo‘lishi mumkin?

212. Ma’lumki, yog ta’limoti asosida murakkab jismoniy mashqlar yotadi. Yoglarning fikricha, insonning ko‘rinmas hayotiy quvvati umurtqa pog‘onasining quyi qismida o‘ralib yotgan ilon singari joylashgan bo‘lib, ma’lum tabiiy-ruhiy mashqlar (nafas olish usullarini o‘zlashtirish, ovqatlanish qoidasiga rioya qilish, ochlikka o‘rganish, axloqiy me’yorlarni o‘zlashtirish, tananing turli holatga kira olishi va boshqalar)dan so‘ng bu hayotiy kuch uyqudan uyg‘onib, umurtqa pog‘onasining quyi qismidan yuqori qismiga ko‘tarilib, insonda g‘ayritabiiy kuch hosil bo‘lar ekan. Fikrning xatoligini qanday isbotlash mumkin?

213. Podshoh Xusrav Parvezning oldiga bir baliqchi keldi va unga katta laqqa tortiq qildi. Xusrav uni taqdirladi va unga shunday savol berdi:

– «Balig‘ing erkakmidi, modamidi?» Podsho agar baliqchi baliqni erkak edi, desa ham, moda edi, desa ham javobni noto‘g‘ri deyishi aniq edi. Ziyrak va aqlli baliqchi podshoning savoliga shunday javob beribdiki, podsho uni yana taqdirlabdi. O‘ylab ko‘ring, baliqchining qanday javob bergan?

214. Mashhur fransuz ma’rifatparvarlaridan biri D’Alamber (1717-1783)ning fikricha, axloq-odob ijtimoiy muhitga bog‘liq emas. Fikrning noto‘g‘ri ekanligini isbotlang.

215. Sosoniylar sulolasining adolatpesha va himmatli podshohi Anushervonning vaziri Buzurgmehr aql-zakovat, ilmu-donishda yetuk bo‘lgan. Buzurgmehr e’tirof etishicha, «hayot ajoyib narsa: kim seni sevsa, sen unga loqaydsan, kim seni sevmasa, sen unga parvonasan». Bu yerda vazir haqmi?

216. Ushbu so‘zlarning sinonimlarini o‘ylab toping:

taqvim, dabdaba, sovg‘a, farosat, osmon, munofiq, javohir, zamon, farzand, narvon, shirinchoy, topishmoq, rivoyat, oyna.

217. Bu shunday kasbki, bu kasbga qabul qilinuvchilar uchun alohida talablar ishlab chiqilgan, ya’ni ular yosh, chaqqon, go‘zal, sehrli ovozga ega bo‘lishlari, istarasi issiq, jozibali va har qanday holatda ham o‘zini yo‘qotmaydigan, sarvqomat bo‘lishlari lozim. O‘ylab ko‘ring-chi, gap qaysi kasb egalari haqida ketmoqda?

218. Uchinchisi mustasno qonunini qo‘llab, quyidagi misollarni to‘g‘riligini tekshiring:

1. Ikkalamiz bir yerda qolsak bo‘lmas. Agar siz uyga ketsangiz, men mashina bilan qolaman.

2. Yo‘qni bor qilgan ham odam, borni yo‘q qilgan ham odam.

3. Muhabbat yo yaxshilik, yo yomonlikdir. Agar yaxshilik bo‘lsa unga ergashmoq, agar yomonlik bo‘lsa undan qutulmoq lozim.

4. Barchaga yoqishni istagan odam yo o‘ta kulgili, yo o‘ta aqlli bo‘ladi.

5. Maqtanchoq har qancha maqtanmasin, uning maqtovi bilan bir pog‘ona ko‘tarila ham olmaydi, shuningdek biror yangi fikr ham aytolmaydi, aksincha pand yeydi, kulguga qoladi.

6. O‘zimizdagi barcha yaxshi-yomon fazilatlarni o‘zimizdan boshqa bilmaydi.

219. 60, 50, 40, 30, 20, 10 sonlari o‘rtasiga qo‘shuv va ayiruv ishoralarini shunday qo‘yingki, natija 70 chiqsin.

220. «Qozonda bo‘lsa, cho‘michga chiqadi». Qanday qilib?

221. Dunyoda yana shunday odamlar toifasi borki, «Ular eshak ustiga ortganlari tezak bo‘lsa ham o‘zlaricha mag‘rur, insoniyliklarining chegarasi maymundan befarq bo‘lsa-da, ko‘zlariga g‘urur, bugun topganini bugun yeydi, vatani xorlik vayronasi, ertaning g‘amini chekmaydi, bugun qilgan ishlarini ertaga ham huddi shunday takrorlaydi. Hech qachon taqdirdan nolimaydilar. Ular hamma narsaga befarq, topgan-tuganlarini yeb tugatmaguncha uyquni o‘ylamaydilar». O‘ylab ko‘ring-chi, ular kimlar?

222. Odob oltindan qimmat emish. Odobni bozordan olish mumkinmi?

223. Quyidagi gaplardagi mantiqiy buzilishlarni izohlang:

Xushomadga o‘ch odam xushomadsiz yasholmaydi.

Bekorchilik bor yerda dangasalikka o‘rin yo‘q.

Bekorchilikning birinchi nuqtasi zerikish.

Yalqovlik va kambag‘allik so‘nggi nuqtasi.

224. «Titanik» filmi ekranga chiqqach, juda ko‘p fikrlar bildirildi. «Nyu York Tayms» gazetasining fikri eng takrorlanmas va eng to‘g‘ri, deb e’tirof etildi. Gazetaning yozishicha, «filmning muvaffaqiyatli chiqishida Leonardo di Kaprioning o‘rni beqiyos. Agar filmning bosh qahramoni roliga Arnold Shvarsnegger yoki Van Damm kabi mashhur aktyorlarni chaqirilganda edi … film muvaffaqiyatsizlikka uchrardi. Chunki … ». Nima uchun?

225. Yetarli asos qonunini qo‘llab quyidagi misollarni tekshiring:

1. Hammani maqtaydigan odamlarga ishonma.

2. Og‘zingdan chiqmagan so‘z sening asiring, og‘zingdan chiqqaniga sen asir bo‘lasan.

3. Bul sababni ul sabab keltirgusi

Besabab qay bir sabab kelmish o‘zi?

4. Ko‘zda nurning nuri dilning nuridir,

Nur, ko‘zning nuri, ko‘ngil qo‘ridir.

226. Ayniyat qonuni qayerda buzilganini ko‘rsating:

Pokliging – sog‘liging.

Tozalik – sog‘lik garovi.

Oq bo‘lmasa bo‘lmasin – pok bo‘lsin.

Sog‘ tanda sog‘lom aql.

Sog‘ olma shohidan tushmas.

Sog‘liging boyliging.

227. Bolajonlar sevib iste’mol qiladigan «u»ni dastlab «achchiq suv», deb atashgan. U avval suyuq holda bo‘lgan. Keyinchalik qattiq holda ishlab chiqarila boshlagan. Hozir uning bir necha yuz turi mavjud. U hamisha sevimli va mehmonlarning izzat-hurmati bo‘lib kelgan. U nima bo‘lishi mumkin?

228. Quyidagi keltirilgan fikrlarning to‘g‘ri yoki xato ekanligini aniqlang. Ularning qaysi biri hukm bo‘la oladi:

1. Imom al-Buxoriy «Al-adab al-mufrad» asarining muallifidir.

2. O‘qituvchi – insonni shakllantiradi.

3. Qiyin fanlar yo‘q, faqat hazm qilish qiyin bo‘lgan izohlar bor.

4. Bir soatlik yaxshi dars — buyuk bir asardir.

5. Adabiyot ixlosmandlari.

6. Milliy istiqlol g‘oyasi.

7. Nuqsonsiz odam bo‘lmaydi.

8. Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.

9. Terror – siyosiy dushmanlarni qirib yo‘qotish, o‘ldirish darajasiga olib boradigan zo‘ravonlik.

10. Ideal – eng yuksak va olijanob maqsad, eng yuksak orzu va tilak, kamolatga yetgan eng yuksak timsol, namuna.

11. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuchdir.

12. Ko‘p o‘qigan ko‘p bilar.

229. Sosoniylar podshohi Bahromgo‘r davrida fazlu-hikmatda tengi yo‘q hakim bo‘lib, uni vazirlik darajasiga ko‘tarmoqchi bo‘lishibdi. Podsho uni har sohada sinab imtihon qilibdi. Hakim hamma imtihonlardan o‘tibdi, lekin so‘nggi imtihondan o‘ta olmabdi. Bahromgo‘r esa xato ish qilib qo‘ymaganiga hursand bo‘libdi. Hakim qanday xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin?

230. Jaloliddin Rumiy ushbu masnaviysida nima demoqchi?

Sen siniq bo‘lkim, siniqlikda najot,

Sen faqir bo‘lkim, faqirlikda najot.

Tog‘ maskan erdi ma’danlarga chin,

Pora-pora bo‘ldi kirki zarbidin.

Gerdayish o‘tdir, olovdir sen uchun,

Sen o‘zingni o‘tga otgaysan nechun?

O‘qni ko‘r, yerda xatarsiz uxlagay,

Bosh ko‘tarsa, bir baloga uchragay.

Bosh ko‘tarsa, unga uchraydir to‘siq,

O‘q bo‘lur ul, chorasiz qolganda o‘q.

Boqki, manmanlik-da bir narvon emish,

El chiqib narvonga, ko‘p sarson emish.

Ulki nodon intilur yuksaklikka, bas,

Bilmagay, yuksaklikda yuksakdir shikast.

Zarradirkim, yuksalib sarson bo‘lur,

Ul magarkim shirkati Yazdon bo‘lur.

231. Buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy «Hayrat ul-abror» asarida «unga» shunday ta’rif bergan. «Mayxonada ham uning haqida bahs to‘xtamaydi, Ka’baning libosi ham u tufayli qoradir. Agar u filga o‘z kuchini ko‘rsatsa, fil oyoq ostida qolgan chumolidek ojiz bo‘lib qoladi». Navoiy nimani nazarda tutgan?

232. Quyidagi tushunchalarni dixotomik bo‘ling:

issiq, komil inson, dengizchi, badiiy asar, murakkab masala, tirik mavjudod, shirin choy, qumri, davlat, badiiy, yozuvchi. ilmiy asar, diydor, xafa, tabiat, ishchilar.

233. Buyuk arab olimi va tarixchisi Ibn Arabshoh «U»ni shunday ta’riflaydi: «U uzun bo‘yli, gavdasi kelishgan, boshi katta, peshonasi keng, ovozi jarangdor, kuch-quvvati jasurligi bilan teng, mutanosib edi, yelkalari keng, muskullari kuchli edi, o‘limni aslo pisand qilmas, qariyb yetmishga kirib o‘layotgan vaqtida ham aql zakovati ham, dovyurakligini yo‘qotmagan edi. Hazilni yoqtirmas, haqiqat qanchalik achchiq va qattiq bo‘lmasin uni eshitishni ma’qul ko‘rardi. Nihoyatda botir va mard bo‘lib, kishilarni o‘zini hurmat qilishga va o‘ziga bo‘ysundirishga majbur eta bilardi». Ibn Arabshoh ta’riflagan bu tarixiy shaxs kim edi?

234. Ba’zi jamiyatshunos olimlar «jamiyat asrlar bo‘yi turli boylikdan tarkib topgan» desa, boshqa bir guruh olimlar «jamiyat u-bu yerda sochilib yotgan boylik asosiga qurilgan, bu boylikni qo‘l sochib turadi» deydilar. Bu olimlardan qaysi birining fikri to‘g‘riroq?

235. Quyidagi hukmlardan «aylantirish» yo‘li bilan xulosa chiqaring.

Do‘stingga hazil qilma, oxiri urushdir.

Seni hurmat qilishlarini istasang, o‘zingni hurmat qil.

O‘rinsiz savol xunuk javobga sabab bo‘ladi.

O‘zini dono hisoblagan odamga aql o‘rgatmoqchi bo‘lgan kishi vaqtini bekor o‘tkazadi.

Vijdoni toza odam hech kimga hasad qilmaydi.

Yolg‘onchilik zo‘ravonlik boshlangan joyda tug‘iladi.

O‘ylamay aytilgan gap – otilgan o‘qdir.

Sog‘ tanda sog‘lom aql.

Inson dunyoni qanchalik bilsa, o‘zligini ham shunchalik anglaydi.

O‘z e’tiqodini aytmoq uchun jur’atli bo‘lish kerak.

236. Nima uchun boshi yo‘qning oshi yo‘q?

237. O‘zbek ma’rifatparvar shoirasi Jahon otin Uvaysiy (1779-1845)ning ushbu she’rida nima ta’riflangan?

Bu na gumbazdir, eshigi, tuynugidan yo‘q nishon,

Necha gulgun pok qizlar manzil aylabdir makon.

Tuynugin ochib, alarning holidin olsam xabar —

Yuzlarida parda tortug‘liq turarlar bag‘ri qon.

238. Ushbu hukmlardan xulosa chiqaring:

1. Bemaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘ladi.

2. So‘z aql tarozusidir.

3. Uyat o‘limdan qattiq.

4. Qush uyasida ko‘rganini qiladi.

5. Farzand – belning quvvati.

239. G‘aznaviylar hukmroni Sulton Mahmud (998-1030) 1017 yilda Xorazmni G‘aznaviylar davlatiga qo‘shib olgan. G‘azna shahrida musulmon olamida mashhur bo‘lgan kishilarni yig‘ib, olimlar uyini tashkil etgan. Buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy ham asir olinib, umrining oxirigacha u yerda faoliyat ko‘rsatgan. Bir kuni Sulton Mahmud Beruniyni chaqirib, «Ayt-chi, saroydagi to‘rt eshikning qaysi biridan chiqib ketaman. Agar to‘g‘ri topa olmasang boshingdan ayrilasan» debdi. Beruniy bu muammoni osonlik bilan hal qilibdi. Sizningcha, Beruniy bu mushkul vaziyatdan qanday xalos bo‘lgan bulishi mumkin?

240. Mashoyixlar fikricha, «insonning baxt-saodati nafsni qondirishdagina emas, balki … .» Sizningcha, insonning baxt-saodati nimada?

241. Bog‘bonlarning ajabtovur ishlari kishini hayratga soladi. Ular kech kuzda yong‘oq, o‘rik, olma, nok kabi mevali daraxtlarning tanasini issiq mato bilan o‘rab qo‘yishadi. Qish chillasida esa ularni yechib tashlashadi. Bu ham mevaning hosildorligini oshirish uchun bog‘bonlarning navbatdagi hiylasimikin yoki…?

242. Nima uchun besh qo‘l baravar emas?

243. Podshoning aqlu-farosatda tengsiz xizmatkori bo‘lib, u har qanday mushkul vaziyatni osongina hal etar ekan, bir kuni podshoning g‘ulomi narvondan chiqib ketayotganini ko‘rib «Hoy, Said, agar narvondan yuqoriga chiqsang ham, pastga tushsang ham, shu joyingda tursang ham, boshing ketadi» debdi. Xizmatkor buning yechimini osongina hal etibdi, ham boshi omon qolibdi. Xizmatkor nima qilgan bo‘lishi mumkin?

244. Oddiy mantiq qonunlari buzilgan joyda … nimalar bo‘lishi mumkin? O‘ylab ko‘ring. Ona ovqatga bir hovuch tuz tashladi. Ota ham ovqatga bir hovuch tuz tashladi. O‘g‘il ham xuddi shuni takrorladi. Ovqat esa mazali bo‘ldi. Sabab nimada?

245. Bashariyat shoiri Mavlono Jaloliddin Rumiy (1207-1273) «Masnaviyi ma’naviy», «Devoni Kabir», «Maktubot», «Fihi mo fihiy» (Ichindagi ichindadir) kabi asarlar muallifidir. Mavlono Rumiyning deydiki, «dengizga borib, undan faqatgina bir ko‘za suv olmoq bilan qanoatlanish achinarli. Dengizdan olish mumkin bo‘lgan dur-javohirlar va boshqa qanchadan-qancha narsalar bo‘la turib, birgina suv olishning nima qimmati bor? Aqlli insonlar bu bilan qanday qilib maqtanadilar va nima degan odam bo‘ladilar?» Bunga Siz nima deysiz?

246. Yaxshi asar yozgan yozuvchi yaxshi inson bo‘lishi mumkinmi?

247. Chesterfild fikrlarini mantiqiy qonunlar asosida tahlil qiling: «Boshqalar senga qanday munosabatta bo‘lishini istasang, avval o‘zing ularga shunday munosabatda bo‘lgin. Boshqalarda nima fazilat xush ko‘rinsa, bilginki, ular ham senda shu hislatlar bo‘lishini xohlashlari mumkin. O‘zingni ortiqcha jiddiy qilib ko‘rsatma.O‘zingdan uzoq gaplaring bilan atrofdagilarni zeriktirmagin, mavrudi bo‘lsa qisqa, qiziqarli biror narsa ayt. Sen uchun muhim gap boshqalar uchun ahamiyatsiz bo‘lishi mumkinligini unutma.Ilm – misoli soat. Sen uni ichkari cho‘ntakda saqla. Soatingiz necha bo‘ldi, deb so‘rashsa, javob ber, yo‘qsa hozir mana shuncha vaqt bo‘ldi, deb hammaning g‘ashiga tegma. Eng muhimi zamonni bilish tarixdan ham zarurroq, ammo tarixsiz zamonni anglab bo‘lmaydi. Kaltabin atrofidagi kishilarning xarakteridan ko‘ra, ularning kiyinishlariga ko‘proq e’tibor berishadi. Jamiyatda ayollarning fikri ko‘pincha kishi obro‘si, mavqeini belgilab beradi». Chesterfild bu yerda haqmi?

248. Qadimda shunday kasb egalari bor ediki, ular hamisha quvg‘inga uchraganlar, ularni hatto hech kim ko‘rishni ham istamasdi. Bozorga borishsa hech kim ularga narsa sotmas, biror narsaga qo‘l tegizsalar, uni hech kim olmas edi. Ko‘p hollarda hatto ularga kelin topish ham muammo edi. Kasblari taqozosi bilan ko‘pincha yuzlarini yashirgan holda xizmatlarini bajarishga majbur bo‘lgan bu kishilar qaysi kasb egalari bo‘lgan?

249. Bir olim dedi: «Men Mendeleyev davriy jadvaliga yangi element kiritdim. Kashf etilgan element turli xossalarga ega. Massasi 40 kgdan 120 kg gacha bo‘lgan izotoplari mavjud. Fizik xususiyatlari: ma’lum bir ta’sirda eriydi. Tez qaynab, tez soviydi. Kengayish koeffitsienti yil sayin ortib boradi. Kimyoviy xususiyati: oltin, kumush singari qimmatbaho metallar bilan osongina muomalaga kirishadi. Qo‘llanilishi: bittadan ortig‘ini saqlab bo‘lmaydi. Aks holda reaksiyaga kirishib, Sizni parchalab tashlaydi». O‘ylab ko‘ring-chi, yangi elementning nomi nima bo‘lishi mumkin?

250. O‘ylab ko‘ring, xulosa chiqarish qoidalariga amal qiling:

1. Hamma butun sonlar ikkiga bo‘linadi.

10 ham 2 ga bo‘linadi.

Demak, 10 butun son.

2. Hamma narsalar o‘z nomiga ega.

Gazeta – narsa,

Demak, gazeta o‘z nomiga ega.

3. Ba’zi advokatlar deputat.

Axmedov – advokat.

Demak, Ahmedov deputatdir.

251. Germaniyada tartib-intizom hamma narsadan ustun turadi. Lekin germaniyalik haydovchilar jarimani yo‘l qoidasini buzganliklari uchun emas, balki … uchun to‘lar ekanlar. O‘ylab ko‘ring-chi, haydovchilar nima uchun jarima to‘laydilar?

252. Quyidagi hukmlarni chegaralash yo‘li bilan aylantiring:

1. Ba’zi mamlakatlarda qishda havo iliq bo‘ladi.

2. Barcha bilimdonlar – kitobxonlardir.

3. Hamma olimlar ziyolilardir.

4. Hamma kitlar sut emuzuvchilardir.

5. Hamma foydasiz ishlar – ahmoqlikdir.

6. Hamma savollar javobga ega bo‘ladi.

7. Hamma fikrlovchilar insonlardir.

8. Suv 1000 S da qaynaydi.

253. Inson tanasida shunday a’zo borki, u organizmdagi energiyaning me’yorida sarflanishiga yordam beradi. Tashqi salbiy ta’sirlarni kamaytiradi. Bu a’zo nima?

254. Abu Nasr Forobiyning yozishicha, kishida bir xususiyat mavjud bo‘lsa, u kishidan albatta dono yetishib chiqar ekan. Dono bo‘lish uchun ko‘p yozish, ko‘p gapirish emas, balki …. Sizningcha, dono bo‘lish uchun ko‘proq nima qilish kerak ekan?

255. «Tentakning oyog‘i sakkizta» deyishadi. Nima uchun?

256. Ushbu she’rni mantiqiy tahlil qiling. Shoir nima demoqchi?

Bu ulug‘ tabiat hikmatiga boq,

Insonda bir til-u, ikkita quloq.

Demak, u deydiki, bir marta so‘zlab,

Boshqani ikki bor lozim tinglamoq.

257. Quyidagi bevosita xulosa chiqarishning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlang.

1. Falsafadan seminar mashg‘uloti qiziqarli o‘tdi.

Demak, talabalar falsafaga qiziqadilar.

2. Ba’zi yozuvchilar she’r ham yozadi.

Demak, ba’zi shoirlar yozuvchilardir.

3. Ma’naviyat – til, din va amal birligidir.

Demak, ma’naviyat insonga xosdir.

4. Ma’rifatga intilish xalqning azaliy fazilatidir.

Demak, ma’rifatni unutish – paymol bo‘lishdir.

258. 2 ta gugurt cho‘pini shunday joylashtiringki, natijada 5 ta kvadrat hosil bo‘lsin.

259. Mantiqiy xatolar nimaning … natijasi bo‘lishi mumkin?

260. Quyidagi tushunchalarning mazmuni va hajmi o‘rtasidagi nisbatni aniqlang:

fan – axloqshunoslik fani;

adabiy asar – roman;

atom – demokratik jamiyat;

kitob – badiiy kitob.

261. Qirq kishi bir mayizni qanday qilib bo‘lib yeyishi mumkin?

262. Buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoy (1828-1910) fikricha, «Odam kasr jadvaliga o‘xshaydi. Odamning o‘zi kasrning surati bo‘lsa, maxraji — o‘zi haqidagi fikrlardir. Maxraj kattalasha borgan sari surat kichiklasha boradi». Fikr to‘g‘rimi?

263. Ma’naviyat quyoshi Jaloliddin Rumiy fikricha «bilmagan juda ko‘p, bilganlar esa oz, ularni ajratish uchun nima qilish kerak? Bilmaganlar ko‘p, biroq ulardan bir nechasi bilish orqali hammasini tanisa bo‘ladi. Masalan, bir hovuch bug‘doyni taniganing holda yer yuzidagi jamiki bug‘doylarni taniysan yoki ozgina shakar yeb ko‘rgan kishi barcha turli shirinliklarning ichida shakar borligini ajrata oladi». Fikr to‘g‘rimi?

264. Quyidagi hukmlarning ma’nolarini aniqlang:

1. Ma’naviyat – millat ko‘zgusidir. Ma’naviyat insonning iymoni, e’tiqodi, vijdoni, o‘z-o‘zini anglashi, millat g‘ururi va kamolotidir.

2. Kimki o‘z yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi. Hech nimani sevmagan inson o‘z yurtini ham seva olmaydi.

3. Ilm bir chiroqdurki, seni rohat va farog‘atga hech bir zahmatsiz yetkazadi. Rohat va farog‘at eshiklari ilm orqali ochilur, nurga yo‘g‘rilur.

4. Insonni inson qilib yetishtiruvchi tarbiyadir. Tarbiyachining o‘zi tarbiyalangan bo‘lsagina haqiqiy insonlar shakllanadi.

265. Bir ot kuchi amalda nimaga teng? Mulohaza qilib ko‘ring.

266. Yunon faylasufi Suqrotdan «Siz kattalardan ko‘ra yoshlar tarbiyasiga ko‘proq ahamiyat berasiz, buning sababi nima» deb so‘rashganda u shunday javob bergan ekan: «Yoshlar daraxt niholiga o‘xshaydilar, qanday egsang, shunday egiladilar, mening va’z-nasihatlarini toshga muhr o‘ygandek ko‘ngillariga joylashtirb oladilar. Shuning uchun men ularning tarbiyasiga ko‘proq e’tibor beraman». Suqrotning fikri to‘g‘rimi?

267. Tabobat ilmining sultoni, buxorolik «shayx ur-rais» Abu Ali Ibn Sino (980-1037) qomusiy bilimlar sohibi bo‘lib, 450 dan ortiq asarlar yozgan. Ibn Sino shunday yozadi:

Biz uch tarafdamiz: men, sen, u

Agar sen men tarafga intilsang biz g‘olib chiqamiz.

Agar sen unga intilsang, men mag‘lub bo‘laman.

Ibn Sino bu yerda nimalarni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin?

268. Quyidagi uchta so‘z orqali bir-biriga bog‘langan gaplar tuzing:

1) shamol, kapalak, savat;

2) qo‘l, ayiq, yulduz;

3) an’ana, tuproq, issiq;

4) dalil, karam, skripka;

5) chumoli, ko‘zgu, munozara.

269. Quyidagi xulosa chiqarishlardagi munosabatni aniqlang, ularning xato yoki to‘g‘riligini ko‘rsating.

a. Hasan Botirning kursdoshi.

Botir Nodirning kursdoshi.

Demak, Hasan Nodirning kursdoshi.

b. Navoiy Jomiyning izdoshi.

Jomiy Dehlaviyning izdoshi.

Demak, Navoiy Dehlaviyning izdoshi.

c. Har qanday tirik mavjudot uchun ozuqa kerak.

Baliq – tirik mavjudot.

Demak, baliq uchun ozuqa kerak.

270. Donolar o‘giti hamisha tahsinga sazovor. Zero, qari bilganni pari bilmas. Tabiblar unga shunday ta’rif berganlar. Uning achchig‘i jigardagi qurtni o‘ltiradi, bemazasi me’dani baquvvat qiladi, shirini semirtiradi. Bu shifobaxsh ne’mat nima ekan?

271. Mushuk uchishni istayotgan bo‘lsa, u nimani orzu qilmoqda?

272. Quyidagi asoslardan xulosa chiqaring.

1) Hamma talabalar bo‘lg‘usi mutaxassislardir.

2) Guruhimizdagi talabalar stipendiya oldilar.

3) Hech bir falokat tasodifsiz bo‘lmaydi.

4) Hech bir tanqid asossiz bo‘lmaydi.

273. Quyidagi hukmlarni «chegaralash» yo‘li bilan aylantirib, fikrlarni tahlil qiling.

Har bir chinakam falsafa o‘z zamonasining ma’naviy tojidir.

Hamma yaxshiliklar – ezgulikdir.

Hech bir yomonlik jazosiz qolmaydi.

Hamma o‘qituvchilar ziyolidir.

Hech bir johil olim emas.

Hamma o‘simliklar yuqoriga qarab o‘sadi.

Hech bir inson maqsadsiz yashamaydi.

Hech bir savol javobsiz emas.

Hamma sut emizuvchilar umurtqalidir.

Hech bir xato fikr haqiqatga olib bormaydi.

274. Devorning ham qulog‘i bor deydilar. Rostdanmi?

275. Buyuk yunon faylasufi Suqrotdan so‘radilar:

– Donosan, ayt-chi, shuncha o‘qib nima natijaga erishding. U javob berdi: – Faqat bir narsani angladim, hech narsa bilmas ekanman.

Suqrot bu yerda haqmi?

276. Odatda restoranga kirgan har bir xo‘randaga menyu (taomnoma) taqdim etiladi. Qizig‘i shundaki, erkaklarga alohida, ayollarga alohida menyu berilar ekan. Sizningcha, menyulardagi farq nimada?

277. Paradoks. Buterbrod stoldan yerga yog‘ surtilgan tomoni bilan tushadi. Shu holatni angliyalik klassik va fazoviy mexanika asoschisi Isaak Nyuton (1643-1727)ning olamni tortishish qonuni bilan ifodalab bo‘ladimi?

278. Qadimgi tabiblarning yozishicha, miyada aql paydo bo‘ladi, me’dada ta’m, mushaklarda kuch paydo bo‘ladi. O‘t pufagida esa … O‘ylab ko‘ring-chi, insonning o‘t pufagida nima paydo bo‘ladi?

279. Ovqat pishirish jarayonida eng ko‘p isrof bo‘ladigan narsa nima?

280. Bir faylasuf shunday degan ekan: «Idishning chiroyliligida hikmat yo‘q. Gap uning ichidagi narsadadir». Faylasuf nima demoqchi?

281. Bir oqil kishining qiziga bir boy va bir kambag‘al yigit sovchi bo‘lishdi. Ota ular bilan gaplashib bo‘lgach, qizini kambag‘al yigitga berishga rozi bo‘libdi. Oqil kishi nega bunday qilgan?

282. Sillogizmning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini aniqlang.

1) Hamma o‘simliklar yerdan unib chiqadi.

Beda – o‘simlik.

Demak, beda yerdan unib chiqadi.

2) Hamma metallar tokni o‘tkazadilar.

Alyuminiy – metall.

Demak, alyuminiy elektr tokini o‘tkazadi.

283. «U» arzimas narsa, lekin ahamiyati katta. Uni birovdan olsangiz kayfiyatingiz ko‘tariladi. Birovga hadya etsangiz, bundan davlatingizga zarracha putur yetmaydi. Qadimgi Xitoy maqolida esa shunday deyilgan: «Usiz savdogarning do‘kon ochmagani ma’qul». O‘ylab ko‘ring-chi, u nima ekan?

284. Quyidagi xulosa tuzilishining mantiqan to‘g‘riligini aniqlang:

1) Sofdil odam hech qachon vijdonga dog‘ tushirmaydi.

Hasan hech qachon vijdoniga dog‘ tushirmagan.

Demak, Hasan – sofdil odam.

2) Har qanday hodisani, u qanchalik murakkab bo‘lmasin,

tushunish va izohlash mumkin.

Har qanday hodisa muayyan sababga ega.

Demak, har qanday sababni tushunish, izohlash mumkin.

3) A. Qahhorning «Sinchalak» asaridan:

Qalandarov garchi chalasavod bo‘lsa-da, tajribali dehqon.

Qalandarov – maqtov yomg‘iri ostida qolib ketgan rais.

Demak, maqtov yomg‘iri ostida qolgani uchun Qalandarov chalasavod

bo‘lib qolgan.

285. Gunohkor odamni o‘ldirishga hukm qilingandi. U podshoga aytgan birgina iltimosi bilan o‘limdan qutulib qoldi. Gunohkor odam shohdan nimani so‘ragan?

286. Ushbu tushunchalarni turlarga ajrating va izohlang:

tulpor, qashqa, bedov, do‘nan, qirchang‘i, duldul, saman, yo‘rg‘a, ot, ayg‘ir, baytal, biya, toy, toychoq, qorabayir, abjir.

287. Quyidagi sillogizmlardan xulosa chiqaring:

1. Sovuq havo qancha og‘ir bo‘lsa, shuncha pastda yuradi.

2. Qor issiqlikni yomon o‘tkazadi, shuning uchun qor qatlami qushlarni muzlab qolishdan saqlaydi.

3. Yomg‘ir yoqqandan so‘ng gullarning hidi atrofga tez tarqaladi.

4. Huzur-halovatga mehnat bilan erishiladi.

5. Sevgi ajib bir gul, ammo tubsiz jar yoqasida o‘sgan bu gulga yaqin bormoq va uzmoq oson emas. Buning uchun jasorat kerak.

6. Insonda hamma narsa – yuz ham, kiyim ham, qalb ham, fikr ham go‘zal bo‘lishi kerak, deydi A.P. Chexov.

7. Xulq – insonning qiyofasini ko‘rsatadigan ko‘zgudir.

8. Barcha xushomadgo‘ylar odatda aldamchi bo‘lishadi.

288. Avstriyalik olim, psixoanaliz asoschisi Zigmund Freyd (1856-1939)ning quyidagi predikativ tafakkur turining mohiyatini tushuntiring. Xulosa to‘g‘rimi?

Aqlli odamlar yozda ko‘p choy ichadilar.

Men yozda ko‘p choy ichaman.

Demak, men aqlli odamman.

289. Islom olamida musavvirlarning o‘ziga xos o‘rni bo‘lsa-da, ular doimo nazoratda bo‘lganlar. Ularga bir narsa qattiq ta’qiqlangan. Buyruqni bajarmagan musavvir qattiq jazolangan. Ayting-chi, musavvirlarga nimani chizish qat’iy ta’qiqlangan?

290. Xorazmshoh Ma’mun ibn Ma’mun davrida yurtni dushman bosib olgan va qamal qilgan. Zolim podshoh Mahmud G‘aznaviy Xorazmshohga elchi yuborib, taslim bo‘lishni so‘raydi. Ma’mun ibn Ma’mun unga shunday javob qaytaradi: «Xalqimni uch oy qovuni boqsa, uch oy sog‘ini boqadi, uch oy qovog‘i boqsa, uch oy chavog‘i boqadi». O‘ylab ko‘ring-chi, xon nimalarni nazarda tutgan?

291. Ushbu tushunchalar o‘rtasidagi munosabatlarni mantiqiy kvadrat yordamida aniqlang.

1. Hamma atir gullar – gullardir.

Hech bir atirgullar – gul emasdir.

2. Hamma guvohlar to‘g‘ri ko‘rsatma beradilar.

Hech bir guvoh to‘g‘ri ko‘rsatma bermaydi.

3. Hech bir talaba suratkash emas.

Ba’zi talabalar suratkashdir.

4. Ba’zi kompyuter o‘yinlari qiziqarli.

Ba’zi kompyuter o‘yinlari qiziqarli emas.

5. Baykal ko‘li – dunyodagi eng chuqur ko‘l.

Baykal ko‘li – dunyodagi eng chuqur ko‘l emas.

292. XX asrga qadar g‘oz patlarining aynan o‘ng qanoti juda qadrlanganlining sababi nimada?

293. Ingliz ruhoniysi va iqtisodchisi T.R.Maltus (1766-1834) «Aholi haqida qonun tajribasi» asarida shunday yozishicha, «Qashshoqlikning sababi ijtimoiy munosabatlarda emas, balki absolyut aholi ortiqchaligidadir, bu esa tarixdan yuqori turuvchi «nufusning tabiiy qonuni» ta’sirining natijasi, bu qonunga ko‘ra, aholi geometrik progressiya, tirikchilik vositalari esa arifmetik progressiya shaklida ko‘payadi». Maltusning fikrlari noto‘g‘riligini isbotlang.

294. «U» o‘z davrining mashhur lirik va falsafiy shoiri edi. Uning otasi chodirdo‘z bo‘lgan. U ham otasining ishini davom ettirgan va umrining oxirigacha ota kasbiga sodiq qolgan. Shuning uchun ham uning taxallusida kasbiga ishora bor. Buyuk shoirning kimligini toping.

295. Quyidagi sillogizmlarni tahlil qiling. Xulosa chiqarishda qanday xatoga yo‘l qo‘yilgan?

Dahshatdir – g‘azabnok dengiz to‘lqini,

Dahshatdir – sig‘masa daryo o‘zanga.

Dahshatdir – qashshoqlik, dahshatdir – zo‘rlik,

Ammo yomonroqdir agarda taqdir –

Ravo ko‘rsa yomon xotinni senga!

296. «Do‘stning do‘stligi dasturxondagi ovqatning nechog‘lik ko‘pligida emas, balki uning mehmondo‘stligi bilan o‘lchanadi». Siz qanday fikrdasiz?

297. Jahon mumtoz adabiyotining buyuk siymosi, bashariyat shoiri Jaloliddin Rumiyning quyidagi fikrlarini mulohaza qiling.

«Insonning ichi dahliz, dunyo esa uy. Avval dahlizga, so‘ng uyga kiriladi. Dahlizda ko‘ringan barcha narsalar uyning ichkarsida ham mavjud. Masalan, shu o‘tirgan uyimizning rejasi me’morning hayolida gavdalanib, shakllanib, keyin uning o‘zi maydonga kelgan.

Dunyoni uy, dedik. Tushuncha va fikrlar shu uyning dahlizlaridir. Dahlizdagi borliq uyning ichida mavjud ekanligi haqiqatini bilishing kerak. Dunyoda paydo bo‘lgan jamiki xayrli va xayrsiz ishlar, avvalo dahlizda yuzaga chiqadi… ». Bu yerda Rumiy hazratlari haqmi?

298. Ushbu hukmlardan sillogizm qoidalariga rioya qilgan holda xulosa chiqaring.

1) Har qanday fan metodologik asosga ega.

2) Hamma dramaturglar yozuvchi.

3) Hamma imkoniyat voqealikda aks etadi.

4) Tajriba — faoliyatning bosqichidir.

5) O‘z-o‘zini anglagan inson olamni anglaydi.

299. «Yolg‘izlik erkin bo‘lish imkonini beradi, hech kim hijronini yoqtirmaydi, visolni hamma yaxshi ko‘radi». Fikrning noto‘g‘riligin isbotlang.

300. Ushbu she’rni tafakkur qonunlari asosida tahlil qilish mumkinmi?

Qanday yaxshidir, og‘izsiz qalbdan kulmoq,

Ko‘zsiz qalb bilan butun dunyoni ko‘rmoq.

O‘tirib, turib qaragin va kuzatgil, juda yaxshidir

Oyoqlar minnatisiz butun olamni kezmoq.

301. Vaqt eng yaxshi tabib, ammo eng yomon … nima bo‘lishi mumkin?

302. O‘zbek ma’rifatparvar shoiri, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniy (1878-1934) yoshlar tarbiyasiga chuqur ahamiyat bergan. «Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasidir» deydi Avloniy. Buyuk mutafakkirning purma’no so‘zlarini bugungi kun uchun ham shior qilish to‘g‘rimi?

303. Mirzo Ulug‘bek «u»ni «uzugimning ortidagi mamlakat» degan. U nima bo‘lishi mumkin?

304. 140 sonini shunday ikki qo‘shiluvchiga ajrating-ki, agar birinchisini 8 ga, ikkinchisini 12 ga bo‘linganda, bo‘linmalar o‘zaro teng bo‘ladilar. 140 soni qanday qo‘shiluvchilarga ajratilgan?

305. «Yomonlikni eng go‘zal so‘zlar bilan daf qil». Ushbu iboraning to‘g‘riligini isbotlang.

306. Induktiv xulosa turlarini aniqlang.

1) Hamma yozuvchilarning xayoli parishon bo‘ladi.

2) Baxri opa ko‘p bolalarni tarbiyagan, mehribon insondir.

3) Qushlarning hammasi havodan nafas oladilar.

4) Adashishlik har bir insonga xosdir. Lekin xatoda qattiq turib

olish faqat ahmoqqa xosdir.

307. Yunonlar har jihatdan sog‘lom bo‘lish tarafdori bo‘lganlar. Ular shunday deydilar: «Kuchli bo‘lishni istasang – yugur, go‘zal bo‘lishni istasang – yugur, aqlli bo‘lishni istasang – … » . Yunonlar fikricha, aqlli bo‘lish uchun nima qilish kerak?

308. Quyidagi sillogizmlarning aksiomasini ko‘rsating.

1. Hech bir namoyish sababsiz yuz bermaydi.

2. Har qanday zaruriyat tasodif mevasidir.

3. Hamma faylasuflar idealist emas.

4. Oila – ma’naviyat o‘chog‘idir.

309. «U» – eramizdan avvalgi VI yillarda ham u mashhur bo‘lib, «tetiklik eleksiri» nomini olgan. Ruslarga XVI asrda mo‘g‘ullar orqali kirib kelgan. 1679 yildan u haqida Xitoy bilan Rossiya shartnoma tuzgan. U sayohatda ham, kasallikda ham, mehmonlarni kutish, bakteriyalarga qarshi kurashlarda ham bir xil ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekistonga Hindiston, Xitoy, Seylondan keltiriladi. O‘ylab ko‘ringchi, u nima bo‘lishi mumkin?

310. Quyidagi xulosa chiqarishning munosobat turlarini aniqlang.

Agar «a» «b» ga teng bo‘lsa, «b» ham «a» ga teng.

«a» o‘z-o‘ziga teng.

Demak, b ham o‘ziga teng.

311. Qadimgi Rimda ularni «bolalarni maktabga olib borib keluvchilar» deb atashgan. Keyinchalik buyuk kasb egalari ana shu nom bilan nomlandi. Sizningcha, bola yetaklovchilar kimlar?

312. Entimemani (qisqartirilgan xulosa chiqarish) to‘liq holga keltiring.

1) Karimov majlisga kelmadi, chunki u kasal.

2) Bu kishi to‘g‘riso‘z, chunki vijdonlidir.

3) Yomg‘ir yog‘di va yer xo‘l bo‘ldi.

4) Agar insonning kimligini bilmoqchi bo‘lsangiz, uning so‘zlariga boqing.

313. Bu narsaning ommalashuvi natijasida o‘smirlar o‘rtasida chekishni 19 foizga kamaytirib yuborgan. Oldin o‘smirlar sigaretani kattalarga o‘xshash uchun qo‘lga olgan bo‘lsalar, endi esa uni shu maqsada qo‘llmoqdalar. Darsda ham, ko‘chada ham, avtomobilda ham, ovqatlanayotganda ham qo‘ldan qo‘ymaydilar. Aksariyat o‘smirlar uchun u ehtiyoj emas, balki moda uchundir. Ayting-chi, u nima?

314. She’rni o‘qing. Shoir nima demoqchi?

Illat izlaganga – illatdir dunyo,

G‘urbat izlaganga g‘urbatdir dunyo.

Kim neni izlasa topur begumon.

Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo.

315. Muhammad s.a.v: «Eshiklarni qulflanglar, meshning og‘zini bog‘langlar, chiroqlarni o‘chiringlar, chunki sichqon uyni yoqib yuboradi» degan ekanlar. Mulohaza qilib ko‘ring-chi, sichqon qanday qilib uyni yoqib yuborishi mumkin?

316. Quyidagi fikrlar qarama-qarshi bo‘la oladimi?

1. Jon bor joyda qazo bor.

Jon bor joyda qazo yo‘q.

2. Jo‘ra – oshna-og‘ayni demakdir.

Jo‘ra – bu do‘stimning ismi.

3. Hech bir urush adolatli emas.

Hamma urushlar adolatli emas.

317. Ushbu tushunchadan xulosa chiqaring:

To‘rtinchi qavatga chiqib olganga birinchi qavat haqida gapirish oson. Ammo birinchi qavatda turgan kishi to‘rtinchi qavat haqida nima deya oladi? Fikr to‘g‘rimi?

318. Shoh Abdullatif «Risolai Sindi» asaridagi quyidagi misralarda nimani ta’riflagan? Shoirning fikrini tushuntiring.

Dengizdagi chig‘anoqlar

Umidvordir bulutlardan.

Ichmas sho‘r suvlarni ular,

Umid qilar yomg‘ir suvidan.

Toqat qilib zulmatlarga

Aylanurlar marvaridga.

Chig‘onoqdan o‘rganing qizlar,

Yaxshilikni, ezgu-umidni.

O‘zgarsa-da dengiz oqimi

Sabr bilan kutar bulutni.

Intizorlik yo‘l-yo‘rig‘ini

Chig‘anoqdan o‘rganing qizlar.

Osmondan suv iltijo qilar,

Atrofiga solmasdan nazar.

319. Dono xalqimizning «arining zahrini chekmagan bolning qadrini bilmaydi» deyishiga sabab nima bo‘lishi mumkin?

320. Quyidagi analogiyalarni tahlil qiling:

burgut – samolyot

ninachi – vertolyot

kompter – inson miyasi

ko‘k qurt – poyezd

robot – odam

321. Xitoy faylasufi va davlat arbobi Konfutsiy (vafoti mil. avv. 479 yil) fikricha, «Inson xayoliga nima kelsa, shuni qilishga emas, balki jamiyat tomonidan belgilab qo‘yilgan ijtimoiy tabaqa mohiyatidan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarishga mas’uldir. Inson har bir shaxs o‘ziga belgilangan ijtimoiy mavqe darajasidan sidqidildan faoliyat yuritish, ya’ni ota o‘z o‘rnida, bola – farzand sifatida, hukmdor esa hukmdordek ish qilishi lozim». Konfutsiy bu yerda haqmi?

322. Odil shoh Anushervon aytgan ekan: «Har kishining bilimi bo‘lsa-yu, unga loyiq aqli bo‘lmasa bu bilim unga zarar yetkazadi». Nima uchun?

323. Mantiq qonunlariga amal qilgan holda suhbatdoshingizning fikrlarini tahlil qiling. Talabalar «Muhabbat nima?» mavzusida bahslashib qoldilar. «Muhabbat – hurmat zaminida vujudga keladi» dedi Hasan. Komil esa, e’tiroz bildirdi: «Bo‘lmagan gap, muhabbat bir odat, kishi yorinigina emas, ota-onasi, jinovorlarni ham yahshi ko‘radi» dedi. Qayum esa «Voy, seni qara-yu, muhabbat ichingda, hamma narsa qaynab-toshib, odam mast bo‘lib yurganida bu hisni boshidan o‘tkazadi» dedi. Alisher «Muhabbatning ming xil qirrasi bor, har bir o‘z nuri, o‘z g‘ussasi, o‘z baxti va o‘z taxti, o‘z bo‘yiga ega» dedi. Nemat esa «Muhabbat – aql idrokingga bo‘ysunmaydi, uni his etiladi» dedi. Bobur «Muhabbatdangina muhabbat tug‘iladi» dedi. Sizningcha kim haq?

324. Quyidagi misollardan ommaviy induksiyani ajratib ko‘rsating.

1. Ot xirillasa, havo ayniydi.

2. O‘rgamchakning in qura boshlashi – havoning ochilib ketishidan,

inining ustida qimirlamay turishi yomg‘irdan darak beradi.

3. Maynalar erta ketsa – qish erta tushadi.

4. Kuzda chumoli uyumi ko‘p bo‘lsa, qish qattiq keladi.

5. Yangi oy tug‘ilishi arafasida iqlim o‘zgarishi mumkin.

6. Yulduzlarning ko‘p jivirlashi, havoning o‘zgarishidan

darak beradi.

7. Kurkurak ko‘rmaguncha tok ochilmas.

8. Turna erta kelsa, ko‘klam erta keladi.

9. Kunduzi issiq, kechasi sovuq bo‘lsa, havo ochiq bo‘ladi.

10. Mushuk suv oldiga boraversa, ko‘proq suv ichsa, havo ayniydi.

325. Bir ayol tuxum to‘la savatni bozorga olib borardi. Tiqilinchda bir yigit nogahon ayolga urilib ketadi. Savat ayolning qo‘lidan tushib, tuxumlar yer bilan bitta bo‘ldi. Yigit tovon to‘lash uchun ayoldan tuxumlar sonini so‘raydi. Ayol esa tuxumlarning qanchaligini bilmasligini aytadi. Lekin «Tuxumlarni 2, 3, 4, 5, 6 tadan olib, sanaganimda har gal savatda 1 dona tuxum qolar, qachonki 7 tadan sanaganimda idishning tagi bo‘m-bo‘sh edi» dedi. O‘ylab ko‘ring-chi, tuxumlarning soni nechta bo‘lgan?

326. Quyidagi fikrlarda qonuniyat buzilganmi?

1. «Men sizga ochiq-oydin aytdim, deydi firibgar sud raisiga qarab. Shuning uchun ham meni rostgo‘y, vijdonli odam deb hisoblashingizni so‘rayman» deb qo‘shib qo‘ydi.

2. Yolg‘onchi yolg‘onchiligini tan olsa, u yolg‘onchi. Agar yolg‘onchi yolg‘onchiligini ro‘y-rost tan olar ekan, demak u rost gapirmoqda. Agar u rost gapirayotgan bo‘lsa, demak u yolg‘onchi emas.

3. «Ilgari sudlanganmisiz? so‘radi sudya sudlanuvchidan. «Yo‘q» dedi u, faqat javobgar shaxs sifatida sudga tushganman». Nozidlik qonuniga ko‘ra mulohazalarni tahlil qiling.

327. Quyidagi tushunchalarning to‘g‘riligini tekshiring. Har bir tushunchaga mos so‘zlarni qo‘ying.

1. Morfologiya – nutq organi.

2. Ko‘mir – xamirni achitish uchun ishlatiladigan achitqi.

3. Til – sarkarda, amaliyot – askardir.

4. Til – kishilarning o‘zaro aloqa vositasi.

5. Fan – so‘zning grammatik shakllari haqidagi ta’limot.

6. Daryo – ko‘p yoki hamma narsani o‘z ichiga qamrab olgan.

7. Universal – daraxtzor bilan qoplangan katta maydon.

8. Xamirturush – osmonda nur sochuvchi, quyoshga o‘xshagan jism.

9. O‘rmon – irmoqlar yig‘indisi.

10. Yulduz – yer qatlamida tabiiy yo‘l bilan hosil bo‘lgan qattiq va qora rangli yonilg‘i.

328. Quyidagi fikrlarning mantiqiy to‘g‘ri ekanligini tekshirib ko‘ring. Izohlang.

Mastlik – aqldan ozish mashqidir.

Ishlagan odam zerikmaydi.

Yolg‘onchi yolg‘onsiz yashay olmaydi.

Aytilgan so‘z – otilgan o‘q.

Siz nimani tushunmasangiz, u sizga begona.

329. Abbosiylar xalifasi Ma’mun ar-Rashidning oldiga ikki ayol hamda bir chaqaloqni olib kelishibdi. Ikki ayol ham chaqaloq meniki deb da’vo qilayotgan edi. Xalifa shunday hukm chiqaribdiki, masalaning yechimi topilib, chaqaloq o‘z onasiga qaytarilibdi. Xalifa qanday yo‘l tutgan?

330. Og‘ir jinoyat qilingan va jinoyatchi izsiz yo‘qolgan edi. Jinoyat sodir bo‘lgan joyni tekshirilganda jinoyatchining oyoq izlari ikki xil hajmda ekanligi aniqlangan. Jinoyat sodir bo‘lgan joydan anor donachasi topilgan. Bunday jinoyat sodir qilgan shaxs yaqinda Kavkazdan kelgan bo‘lsa kerak deb taxmin qilinadi va tezda jinoyat ochiladi. Jinoyat qanday qilib fosh etilgan?

331. Qarama-qarshi fikrlarni tahlil qiling.

1. Qaytmayman bu yorug‘ yo‘ldan,

Yurmayman, yurmayman, qorong‘u yo‘ldan!

2. Menga unisiyam, bunisiyam kerakmas, ey o‘rgildim.

3. Turmush og‘ir qimmatchilik, hammasi o‘zingizga bog‘liq, to‘qlarning

hech biri ishi yo‘q dardimiz ko‘p. So‘zlashga til bor, mador yo‘q.

4. Haqiqiy sevgini hech narsaga tenglashtirib bo‘lmaydi. Sevgi

insonning eng qimmatli ezgu-orzusi. Sevgi – armonning ertagi.

5. Mehmonni laziz ovqatlar bilan emas, balki shirin so‘z va iltifot

bilan kutib olmoq zarur.

332. Quyidagi ritorik so‘roqlar va murojaatlar hukm bo‘ladimi?

1) Ko‘rmoq istarsan, vale yo‘qdir ko‘zing,

Boshdin — oyoq yorsen, mahbub o‘zing!

2) Narsa yo‘qkim, xorijiy olam erur,

Har ne istarsan, o‘zingda jam erur!

3) Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil,

Ko‘z bo‘lurmi, Haqni ko‘rmas bo‘lsa ul!

333. Ikki kishi taksi shofyoriga hujum qilgan va undagi pullarni olib qochgan. Jabrlanuvchi shofyorning aytishicha, ular mashina ovozidan undagi kamchilikni aytib shofyorni lol qoldirgan. Jinoyatchilar professional shofyorlar deb taxmin qilingan. Tekshirish natijasida xuddi shunday bo‘lib chiqqan. Izquvarlar taxminini qanday asoslash mumkin?

334. Olis qishloqdan musofir kishi shaharga keldi. Musofir odamning borar yeri yo‘q edi. Unga choyxonachining rahmi keldi va unga joy berdi. Musofir bir necha oy choyxonada yashadi va birdaniga yo‘qolib qoladi. Samovorga o‘t yoqmoqchi bo‘lgan choyxonachining ko‘zi qon izlariga tushadi. O‘tinxona ichida musofir qonga belangan holda o‘lib yotardi. Choyxonachi bu haqda izquvarlarga xabar berdi. Tekshiruv uzoq vaqt davom etdi, lekin natija chiqmadi. Bir kuni choyxonachi bozorga tushadi. Sotuvchining oldida turgan buyum ko‘ziga issiq ko‘rinadi. Chunki bu buyumning birinchi qismini musofir unga sovg‘a qilgan edi. Hozir ham bu sovg‘a uning uyida saqlanayotgan edi. Choyxonachi militsiyaga xabar berdi. Tez orada jinoyatchilar topildi va jazolandi. Sizningcha, aybdorni aybiga iqror qilgan, qotillikni fosh etgan o‘sha buyum nima bo‘lishi mumkin?

335. Vaqt bir o‘lchovlimi yoki …?

Oshiq uchun uyqu yo‘q, faraz qilar kechani uzun,

Kecha esa o‘zi ma’lum me’yoridagi uzunlikda harakat qiladi.

Oshiq uchun ma’shuqadan judolikda o‘tgan muhabbat kechasi

bir yilga tengdir. Ammo mahbubga yetishganda uning

qisqaligi bir mudrashga tengdir.

(Abu Muhammad al-Matroniy)

336. Quyidagi so‘zlarni sinonimini toping?

dixotomiya ma’rifat

klassifikatsiya mutafakkir

mantiq hodisa

test teologiya

menejment konkurs

337. Aflotunning fikricha, «ortiqcha nasihat … .» Sizningcha, ortiqcha nasihat nima bilan teng?

338. Quyidagi tushunchalarga real ta’rif bering.

Individ, odam, shaxs, inson, go‘zallik, osmon, farosat,

qadriyat, daraxt, ong, aql, sichqon, shkaf, salobat, jurnal.

339. Rus yozuvchisi va ma’rifatparvar mutafakkiri N.G.Chernishevskiy (1828-1889)ning fikricha: «Qoziqqa ilib qo‘yilgan kiyimning go‘zalligini anglab bo‘lmaydi, odam uning go‘zalligini kiyilgandagina biladi». N.G.Chernishevskiyning fikri mantiqan to‘g‘rimi?

340. Quyidagi tushunchalarga nominal ta’rif bering.

mantiq statistika

asimmetriya menejment

optika kompyuter

huquq konstruksiya

341. Bir kishi inson yarim kechada yig‘lab, o‘z-o‘ziga so‘zlardi: «Bu olamning nimaligini aytaymi? U bir sandiqcha bo‘lib, biz shu quticha ichidamiz. O‘z nodonligimiz, jaholatimiz bilan uning ichida ming savdo pishiramiz, yelib-yuguramiz, g‘am chekamiz, oldi-berdi qilamiz». Uning fikri to‘g‘rimi?

342. Ushbu topishmoqlarni toping.

1. Bir qop un, ichida ustun.

2. Dumaloqqina tosh, ichini ochsang osh.

3. Qoziq ustida qor turmas.

4. Yumaloq semiz, yog‘i yo‘q

Terisi qalin, tuki yo‘q.

5. Kunduzi izzatda, kechasi xizmatda.

6. O‘zi yo‘qdek, tovushi o‘qdek.

7. Beli ingichka ot – toqqa chiqsa ham tolmas,

To‘fon bo‘lsa ham o‘lmas.

8. O‘t emas, kuydirar, pichoq emas, so‘ydirar.

343. «Dunyoda shunday narsa borki, «u» – achchiq, ammo foyda beruvchi, suhbati zerikarli, ammo maqsadga olib boruvchi, ulfatdir, umidi uzun, ammo oxirgi istakka eltuvchi, ulovdir yurishi taxir, ammo manzilga yetkazuvchi, tuyadir – qadami og‘ir, tekin bekatga tushiruvchi, tab’ undan olinadi, zaminida maqsad hosil bo‘ladi. U shodlikning kalitidir». U nima?

344. Nima uchun baxtning ko‘zini ko‘r deydilar?

345. Bir musofir shaharga kelgach, soch oldirmoqchi bo‘libdi. Shaharda ikkita sartarosh bo‘lib, birinchi sartarosh ozoda kiyingan, xonasi shinam, tartibli ekan, ikkinchisining xonasida tartib yo‘q, ustaning sochi ham betartib holatda edi. Musofir fikr qildi va soch oldirish uchun ikkinchi sartaroshxonani tanladi. Nima uchun?

346. Laqmaning kallasi – tarozining pallasi. Nima uchun?

347. Ushbu she’riy masalani hal qiling:

Yuzta xorijiy mehmon

Yig‘ilgan turli yerdan

Birga sayr qilar shodon,

Biroz qiynalar tildan.

Ular yetmish beshiga

Onadir nemis tili

Sakson uch nafariga

Qadrdon farang tili

o‘n mehmon tili o‘zga

Bu tillarni bilmaydi

Nemis, farangcha so‘zga

Sira parvo qilmaydi.

Mehmonlar bir qanchasi

Ikki tilni biladi

Nemis hamda farangcha

Muomala qiladi.

Jam bo‘lishib o‘ylasin

Qiziqqanlar barchasi

Ikki tilda so‘zlashar

Mehmonlarning qanchasi?

348. Ikki sayyoh yo‘lda tashna va och musofirni ko‘rib qolishibdi. Undan hol-ahvol so‘rashibdi. Birinchi sayyohda uchta non, ikkinchisida esa ikkita non bo‘lib, birgalikda ovqatlanibdilar. Musofir bu iltifotdan xursand bo‘lib, ularga beshta oltin tanga sovg‘a qilibdi va «Har kim bergan noniga qarab o‘z ulushini olsin» debdi. Sayyohlar pulni olishibdi, lekin bo‘lisha olmabdilar. Da’vo qilib, qoziga boribdilar, qozi tangalarni bo‘lishda adolatli yo‘l tutibdi. Qozi nima qilgan bo‘lishi mumkin?

349. «U»ning tarixi juda ajoyib. Biz unga shunchalik o‘rganib qolganmizki, hayotimizni usiz tasavvur qila olmaymiz. Uning Vatani Afrika. Yevropaga kelishi XVI asrda yashagan ingliz dengiz sayyohi, vitse-admiral Frensis Dreyk nomi bilan bog‘liqdir. XVII asrda Germaniya, Angliyada XVIII, asrda Fransiyada ham unga o‘rgana boshladilar. Buyuk Pyotr I uni Gollandiyadan olib kelgan. Avvaliga faqat shaharliklar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, XIX asrning 30-40 yillarida dehqonlar unga qarshi «isyonlar» o‘tkazganlar. Keyinchalik hamma xalq, millat, davlatlarning muhim ahamiyat kasb etadigan narsasiga aylandi, hozir ham shunday. Ayting-chi, «u» nima?

350. Ushbu fikrlarning qaysi biri to‘g‘ri?

«Odam 2000 yildan kam umr ko‘radi».

«Odam zoti 2000 yildan ortiq umr ko‘radi».

351. Quyidagi ayiruvchi xulosa chiqarishni mantiqiy tahlil qiling.

1. Bu kishi yoki o‘qituvchi yoki vrach.

Bu kishi vrach.

Demak, bu kishi o‘qituvchi emas.

2. Ishdagi suv yoki qaynoq, yoki issiq yoki sovuq.

Idishdagi suv qaynoq ham, issiq ham emas.

Demak, idishdagi suv sovuq.

3. Bu talaba yoki kontraktda yoki budjetda o‘qiydi.

Bu talaba byujetda o‘qiydi.

Demak, bu talaba kontraktda o‘qimaydi.

4. Qo‘shma gaplar yoki bog‘langan, yoki bog‘lovchisiz, yoki ergashgan

bo‘lishi mumkin.

Bu qo‘shma gap bog‘langan ham, bog‘lovchisiz ham emas.

Demak, bu qo‘shma gap ergashgan qo‘shma gap.

5. Badiiy asarlarning qimmati uning badiiy mazmuni yoki shakli

bilan aniqlanadi.

Ushbu badiiy asar shakli bilan originaldir.

Demak, ushbu badiiy asar o‘z mazmuni jihatidan ahamiyatlidir.

6. Inshodagi xato yoki orfografik, yoki stilistik, yoki punktuatsion

bo‘lishi mumkin.

Ushbu inshoda na stilistik, na punktuatsion xato bor.

Demak, ushbu inshoda faqat orfografik xato bor.

7. Film yoki hujjatli, yoki ilmiy, yoki badiiy bo‘lishi mumkin.

«Bog‘bon» filmi badiiydir.

Demak, «Bog‘bon» filmi na hujjatli, na ilmiy filmdir.

8. Akmal bugun darsga kelmadi. U yoki kasal yoki muammosi bor yoki

transport kutgan yoki uxlab qolgan.

Akmal kasal ham emas, muammosi ham yo‘q, transportni ham

kutmagan. Demak, Akmal uxlab qolgan.

352. Ushbu she’rdagi «ot» so‘zlarini izohlang.

Qo‘lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot,

Yaxshilik qil, bolam yomonlikni ot.

Nasihatim yod qilib ol, farzandim,

Yolg‘iz yursa, chang chiqarmas yakka ot.

(Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li)

353. Bir otaning uch qizi bo‘lib, ular uyli joyli bo‘lishgan, o‘zlaridan tinchigan edilar. Qizlar otalarini ko‘rish uchun har xil vaqtda kelardilar. Katta qiz ikki kunda bir, ikkinchi qiz uch kunda bir, uchinchi qiz esa oradan besh kun o‘tganda kelar ekan. Qizlar bir-birlari bilan doimo diydor ko‘risha olmas ekanlar. Ayting-chi, qizlar necha kunda bir-birlari bilan uchrashar ekanlar?

354. Quyidagi hukmlarning tasdiq yoki inkor ekanligiga mantiqiy tahlil bering:

1) Alisher Navoiy – o‘zbek adabiy tilining asoschisi.

2) Oziqli ot xorimas.

3) Puxta holin bilmagaydir, hech xom.

4) Oz so‘zla, soz so‘zla.

5) Yangisini qurmaguncha, eskisini buzmang.

6) Abdulla Qahhor «Sinchalak» povestining muallifidir.

355. Dunyodagi eng buyuk faylasuflar bir yerga yig‘ilishib: Har birimiz shunday so‘z aytaylikki, dunyo turguncha tursin, deyishibdi.

Xitoy faylasufi dedi: «Men aytgan so‘zimni qaytarib olishdan ko‘ra, aytmagan so‘zni og‘izdan chiqarmaslikka harakat qilaman». Hind faylasufi dedi: «Men o‘z foydasini ko‘zlab aytgan so‘zi zarar bergan va o‘zini halok qilgan odamga hayron qilaman».

Eron faylasufi dedi: «Og‘zimdan chiqmagan so‘zim – qulimdir, aytganim hojam».

Rum faylasufi dedi: «Men aytmagan so‘zimdan hech vaqt pushaymon bo‘lmaganman. Inson har narsadan ko‘proq o‘z tili tufayli baloga yo‘liqadi». Barcha fikrlarni mulohaza qiling, kimning so‘zi siz uchun ahamiyatliroq deb hisoblaysiz?

356. Bilim jarayonida savolning ahamiyatini teranroq tushuntiring va savollarga javob bering.

1. Yo‘qlik nima?

2. Nima uchun bordan yo‘q bo‘lmaydi, yo‘qdan bor bo‘lmaydi?

3. Absolyut haqiqat bo‘lishi mumkinmi?

4. Fantaziyaning asosida nima yotadi?

5. Yashashdan maqsad nima?

6. Ma’naviyat millat belgisimi?

7. Mehnat baxt keltiradimi?

8. Inson baxtli bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?

9. O‘z qadrini bilmagan o‘zganing qadriga yetishi mumkinmi?

357. Ma’lumki, Markaziy Osiyo tarixiy va me’moriy obidalari bilan hozirga qadar dunyoni lol qoldirmoqda. Xalq me’morlari va ustalari tomonidan qurilgan buyuk me’morchilik va san’at obidalari qariyb o‘n asrdan ziyod vaqtdan beri yashab kelmoqda. Obidalarning atrofida aynan tut daraxtlari savlat to‘kib turadi. Me’moriy obida va tut daraxtining qanday uyg‘un jihatlari bo‘lishi mumkin?

358. Ko‘zga ko‘rinmas, qo‘lga ilinmas, usiz hech joyda hayot ham bo‘lmas. O‘ylab ko‘ring-chi, u nima?

359. Quyidagi shartli xulosa chiqarishning to‘g‘riligini aniqlang.

1. Agar x son oltiga bo‘linsa, u ikkiga ham bo‘linadi. X ikkiga bo‘linmaydi. Demak, x soni oltiga bo‘linmaydi.

2. Agar suv muzlagan bo‘lsa, u holda kechasi sovuq bo‘ladi. Kechasi sovuq bo‘ldi. Demak, suv muzlagan.

3. Agar Hasan ilg‘or bo‘lsa, Komil yolqov. Hasan ilg‘or. Demak, Komil yolqov bo‘ladi.

360. Quyidagi mulohazalarni aniqlang.

Jinoyat qidiruv xodimi A., B., B., M. ismli kishilardan shubhalanib, ularni so‘roq qildi. Ulardan biri jinoyatga qo‘l urgan edi. So‘roq natijasida quyidagi javob olindi:

A. dedi:

1) Men jinoyatga qo‘l urganim yo‘q.

2) Men uyda edim.

3) Kim jinoyatga qo‘l urganini M. biladi.

B. dedi:

1) Men buni qilganim yo‘q.

2) Men ko‘pdan beri M. bilan gaplashmayman.

3) Bu ishda V. aybdor.

V. dedi:

1) Men aybdor emasman.

2) M. jinoyatga qo‘l urgan.

3) M. meni aybdor, deb yolg‘on gapirdi.

M. dedi:

1) Men jinoyatchi emasman.

2) Bunga A. aybdor.

3) Mening aybdor emasligimni B. biladi, chunki o‘sha vaqtda u bilan birga edik. Nihoyat ularning tan olishlaricha, har birining bergan uch javobidan bittasi xato edi. O‘ylab ko‘ring-chi, gumon qilingan shaxslardan qaysi biri jinoyatga qo‘l urgan bo‘lishi mumkin?

361. Qadim zamonlarda «u»ning vazifasini kaptarlar bajargan. Keyinchalik havo sharlaridan foydalanilgan. Hattoki zambarak o‘qlari ham «u»ning vazifasinini ado etishiga to‘g‘ri kelgan. O‘ylab ko‘ring-chi, «u» nima bo‘lishi mumkin?

362. Ular kim ekanligini aniqlang?

Biladigan va bilishini ham biladigan kishi.

Biladi, lekin bilishini bilmaydigan kishi.

Bilmaydigan, lekin bilmasligini biladigan kishi.

Bilmaydigan va bilmasligini ham bilmaydigan kishi.

363. Ma’lumki, telegraf, telefon, poyezd, avtomobil va samolyotlar inson vaqtini tejash, kam mehnat qilishga qaratilgan. Bu bo‘sh vaqt esa inson dam olishi, uning ma’naviy rivojlanishi uchun hizmat qiladi. Lekin telegraf, telefon, poyezd, avtomobil va samolyotlarga ular paydo bo‘lmasdan oldingiga nisbatan kam vaqt sarf qilmoqdamiz deb ayta olmaymiz-ku!?

364. Bir kichkina shaharda sartarosh bo‘lib, o‘z soch soqolini olmagan hamma kishilarning soch-soqollarini olar edi. Sartarosh o‘z soch-soqolini ola oladimi?

365. Qadimgi Yunonistonda Iskandar Zulqarnayn (mil. avv. IV asr) podsholigi davrida bir bahaybat jonivor paydo bo‘libdi. Ko‘p xalqlar nobud bo‘libdi. Unga qarshi hech qanday chora foyda bermabdi. Iskandar olimlarni yig‘ib, maslahat qilibdi. Iskandarning ustozi dono Arastu ajoyib bir chorani aytibdi va hamma bahaybat jonivordan qutulibdi. Ayting-chi, Arastu qanday chora topgan?

366. Ushbu iboralardan induktiv xulosa chiqarish turini toping.

1. Bu odam hamisha xato qilib yuradi.

2. Yomg‘ir yog‘ishi oldidan qushlar yer bag‘irlab uchadi.

3. Turib qolgan suv buziladi.

4. Yetilmagan xamir tandirda turmaydi.

5. Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi.

6. Qarg‘a qarg‘ani ko‘zini cho‘qimaydi.

7. Qozonda bo‘lsa, cho‘michga chiqadi.

8. Davradan jim chiqib ketgan – donodir.

9. Navro‘zdan so‘ng qish bo‘lmas, mezondan so‘ng yoz bo‘lmas.

367. Nomalum kishilar tomonidan bir necha o‘g‘irlik sodir bo‘lgan. Ularning hammasida umumiy bitta tomon bor bo‘lib, o‘g‘rilar uy egasi kir yuvib, yuvgan narsalarini hovliga yoygani chiqib ketganda, uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, uydagi qimmatbaho narsalarni olib chiqib ketishga ulgurar edilar. Bunday o‘g‘irlik shahardagi uch joyda sodir bo‘lgan edi. Bundan har uchchala o‘g‘irlikni ham bitta guruh amalga oshirgan degan taxmin qilindi va jinoyatchilar qo‘lga olindi.

368. Bir tepalikda qotillik sodir bo‘lgan. Bu haqda hech kim bilmagan. Qotillik sodir bo‘lgan vaqtda bir kishi pastroqda o‘z uyining derazasini bo‘yayotgan edi. Izquvarlar bu odam qotillikda guvoh bo‘lganini aniqlaganlar. Ular guvohni qanday qilib topganlar?

369. U shunday bir inson ediki, har bir ishni buyuk muhabbat va fidoyilik bilan ado etgan. U kim bo‘lishi mumkin?

370. Qadim zamonlarda daraxt va butalar tikanlari, payraxalar, baliq qiltanog‘i, hayvonlarning tishlaridan «u»ning vazifasini o‘tagan. Metall kashf etilib, ular temirdan yasalgan, lekin ular qimmat bo‘lganidan tez tarqalmagan. Hozirda uning tabiiy va sun’iy moddalardan yasalgan turlari mavjud bo‘lib, qariyb har bir xonadonda uni uchratish mumkin. U nima?

371. Quyidagi isbotlash va raddiyalarning to‘g‘ri yoki xato ekanligini ko‘rsating:

1. Hasan – egoist, u o‘z manfaatini hammadan yuqori qo‘yadi, dedi o‘quv ustasi. Hasan – egoist emas, balki u o‘zini o‘ta sevadi, shuning uchun ham hamma vaqt o‘z manfaatini esdan chiqarmaydi, dedi murabbiysi. Ulardan qaysi biri haq?

2. Praktika – bilimlarimiz haqiqatligi kriteriysidir. Shuning uchun har bir ilmiy nazariya bevosita hayotda tasdiqlangan bo‘lishi kerak, degan isbotlashda qanday xatoga yo‘l qo‘yilgan?

372. Quyidagi asoslardan xulosa chiqarish mumkinmi?

1. Olimlar keng fikr egasi.

2. Guruhimizdagi hamma talabalar stipendiya oladi.

3. Oybek asarlari badiiy jihatdan yuksak mahorat bilan yozilgan.

4. Hech bir inson xatosiz bo‘lmaydi.

5. Miqdor o‘zgarishlari sifat o‘zgarishlariga olib keladi.

373. Quyidagi gipotezani tahlil qiling:

374. Shovqin-suron – jahondagi hal etilishi lozim bo‘lgan muhim masalalardan biri hisoblanadi. Nerv kasalliklari, qon bosimining oshib ketishi sezgi qobiliyatini yo‘qotish kabi kasalliklar muntazam shovqin-suron to‘lqinining oqibatidir. Fransuz mediklarining fikricha, psixiatriya shifoxonasida davolanayotgan mijozlarning har beshtadan biri shovqin tufayli aqlidan judo bo‘lgan. Amerikalik olimlar Fider va Gudxilning fikricha, hozirgi zamon yoshlarining eshitish qobiliyatlari tobora yomonlashmoqda, bunga esa kuchli ovoz kuchaytirgichlar aybdor. 90 ditsibelga yetgan tovush insonning ko‘rish qobiliyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Hatto shovqin tufayli nihollar so‘ladi, quriydi, qushlarning patlari to‘kiladi, sigirlarning suti kamayadi, o‘quvchilar darslarini o‘zlashtirolmaydi. Shaharlardagi shovqin-suron kishi umrini 8-10 yilga qisqartiradi. Olimlar fikricha, suv va daraxtlar shovqinlarni tutar ekan. Bitta daraxt 20 detsibelgacha bo‘lgan shovqinni pasaytirar ekan. Demak, qancha ko‘p daraxt ekilsa, shuncha shovqin-suron pasayar ekan-da?

375. Sizningcha odamlar inson degan buyuk nomga sazovor bo‘lish uchun nimalar qilishi lozim?

376. Tarixdan ma’lumki, buyuk fransuz sarkardasi Napoleon davrida soldatlarning mundiri yengiga tugma qadash odati bo‘lgan. Keyinchalik pidjak va palto yengiga ham tugma qadash odatga aylangan. Sizningcha, tugma bezak sifatida ishlatilganmi yoki uni boshqa maqsadda ishlatilganmi?

377. Nima uchun «yoshlik beboshlik» deydilar?

378. Bir orif dedi: «Zahmat chekmaguncha xazinani topmassan, jonni tahlikaga qo‘ymaguncha, dushmanga zafar topmassan, tuxumni sochmaguncha xirmonni ko‘tarmassan». Kishi tuxumni sochib ham xirmon ko‘tarishi mumkinmi?

379. «U» inson hayotida shunchalik katta ahamiyatga egaki, Rossiyada ho‘kiz pufagi, Xitoyda shoxdan yasalgan nafis taxtacha, Yevropada mumlangan mato, yog‘li qog‘oz «u»ning o‘rnida ishlatilgan. Ayniqsa, shaffof mineral – slyudaning xaridori chaqqon bo‘lgan. Bu narsa nima?

380. Insonni 10 xil yo‘l bilan sinovdan o‘tkazish mumkin ekan:

Yigitni – urushda

Dehqonni – ekish-yig‘ishda

Xo‘jayinni – g‘azablanganda

Savdogarni – hisobda

Qarindoshni – baxtsizlik yuz berganda

Zohidni – qanoatda

Kambag‘alni – sabrda

Davlatmandni – sahovat va mehmonnavozlikda

Xotini va davlati qo‘lidan ketganni – toqatda

Do‘stni – _______________.

381. Odamlar Yerni yassi deb tasavvur qilishgan, qadim zamonlarda uni kartalarda shunday tasvirlashgan. Yerning dumaloqligini bilishgach, «u» paydo bo‘lgan. Uning ixtirochisi Kichik Osiyoning Pergam shahrida miloddan avvalgi 150 yilda yashagan Krates bo‘lib, «un»dan hamisha foydalanishgan. Kosmik raketalar koinotga parvoz qilishgandan so‘ng «u»ning naqadar foydali ekanligiga yana bir karra iqror bo‘lindi. «U» nima bo‘lishi mumkin?

382. Do‘stning do‘stligini qachon sinab bilish mumkin?

383. Bir etikchi kosib bo‘lib, bir juft etikni o‘g‘liga berib, uni sotib kel dedi. Etikni 25 sumga pulladi. 3 so‘mni yashirib 22 sumni otasiga berdi. Otasi esa xaridorlardan ko‘p pul olibsan, ularga 1 so‘mdan qaytar dedi. O‘g‘il xaridorga pulni qaytarib berdi. Keyin esa hech hisobini chiqara olmadi. Uning etik sotgan puli 25 so‘m emas 26 so‘m chiqaverdi.

(25-3)=22 22-2=20

20+3=23 23+3=26

Bir so‘m haqiqatdan ham ortiqmikan? Bola qayerda adashgan?

384. Ilgari uni quyoshga qarab, xo‘roz qichqirig‘iga yoki shamning qancha qismi yonganiga, lampa shishada qancha iroqmoy qolganiga qarab aniqlashgan. Kunduzi eng ishonchlisi quyosh bo‘lsa, tunda suv eng ishonchli «u» bo‘lgan. Keyinchalik suv o‘rniga qum «u»lar ishlatilgan. «U» nima bo‘lishi mumkin?

385. «U» bo‘lmasa kim ham dasturxonga yaqin keladi deysiz. Lekin hammavaqt ham shunday bo‘lmagan. Masalan, Amerika qit’asi kashf etilmaguncha, hindular «u»ning nima ekanligini bilishmagan va uning o‘rniga garmdori iste’mol qilishgan. Afrikaning ayrim hududlarida «u» oltin bilan teng qadrlangan. Xitoyda esa pirojniy shaklidagi «u»lar pul o‘rnida ishlatilgan. Hattoki, unga bag‘ishlangan mojaro, urushlar, dahanaki janglar bo‘lgan. «U»siz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. U nima?

386. Quyidagi tezislarni mantiqiy yo‘l bilan isbotlang.

1. Makon va zamon obyektiv abadiy, cheksizdir.

2. Makon uch o‘lchovli, zamon bir o‘lchovlidir.

3. Mantiq – tafakkur shakllari va qonunlari haqidagi fan.

4. San’at – voqelikni badiiy obrazlarda ifodalanishidir.

5. Tarixni yaratuvchi kuch – xalq ommasidir.

6. Insonning manaviy, ruhiy dunyosini qamrab oluvchi olamni manaviy olam deyiladi.

7. Tasavvurdagi, idealdagi olam – abstrakt olamdir.

8. Zaruriyat – narsa va hodisalarning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishini ta’minlaydigan shart-sharoit, munosabatidir.

9. O‘zingni bilsang, olamni bilasan.

387. Ushbu iboralardan qiziqarli gap tuzish mumkinmi?

1. «Lom-lim demadi».

2. «Yog‘ tushsa yalagudek».

3. «Ko‘ngli bo‘sh».

4. «Esi chiqib ketdi».

5. «Terisiga sig‘may ketdi».

6. «Jag‘i ochildi».

7. «Kapalagi uchdi».

8. «Og‘zi qulog‘iga yetdi».

9. «Kalavaning uchini topdi».

10. «Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi».

388. To‘rtta shunday son topingki, ularning ketma-ket ko‘paytmasi 70 chiqsin.

389. «U»ning vatani Hindiston. Uni «tosh asal» deb ataganlar, turli kasalliklarni davolashda ishlatganlar, u avvallari dori-darmon sifatida foydalanilgan. Hatto u Rossiyada dorixonalarda sotilgan. Ular avvallari o‘simliklardan olingan bo‘lsa, keyinchalik kimyoviy usullardan foydalanilmoqda. U nima bo‘lishi mumkin?

390. Quyidagi analogiyalar asosida qanday qonuniyatlar kashf etilgan?

1. Yorug‘lik bilan tovush o‘rtasidagi qaysi o‘xshashliklarga asoslanib, fiziklar yorug‘likning to‘lqin xususiyatini kashf etganlar?

2. O‘simliklarning ildizi bilan ust qismi shoxi va yaprog‘i o‘rtasidagi o‘xshashlikdan jamiyat bilan tabiatning o‘xshashligiga oid qanday qonuniyat kashf etilgan?

3. Ingliz fizigi Isaak Nyuton yerdagi jismlarning harakati va ularning osmon jismlari o‘rtasidagi o‘xshashlikdan qanday qonunni kashf etgan?

4. Rus fiziolog olimi I.P.Pavlov hayvon nerv sistemasi bilan odam nerv sistemasi o‘rtasidagi o‘xshashlikdan qanday qonunni kashf etgan?

391. Qamoqdan ashaddiy jinoyatchi qochdi. Hech kim uning izini topa olmadi. Bir qishloqda begona kishining aylanib yurganini xabar qildilar. Izquvarlar qishloqqa yetib keldilar va dalada zig‘ir o‘rayotgan dehqonni ko‘rib, undan «Bu yerdan hech kimsa o‘tmadimi» deb so‘radilar. «Balki o‘tgandir, deb javob berdi «dehqon» boshini ko‘tarmay. Yo‘ldan o‘tgan har bir odamga qarashga vaqtim yo‘q». Inspektor «Katta rahmat» dedi-yu, yugurib ketdi. Birdan to‘xtadi va zig‘ir o‘rayotgan kishini ushlab, qo‘liga kishan soldi. «Bu safar osongina qutula olmaysan, ayyorliging o‘tmaydi» dedi. Inspektor qanday qilib «dehqon»ning aynan o‘sha qamoqdan qochgan jinoyatchi ekanini bilgan?

392. Quyidagi paradoksni tahlil qiling. Nemis fizik olimi, nisbiylik nazariyasi asoschisi Albert Eynshteyn (1879-1955) e’tiroficha, agar egizak tug‘ilgan bolaning birini yorug‘lik tezligidagi kemada kosmosga uchirib, birini Yerda qoldirilsa, o‘n yildan so‘ng, kosmosga uchgan bola 11 yoshga kiradi. Ammo yer yuzida qolgan egizakning ikkinchisi allaqachon qarib ketgan bo‘ladi. Chunki jism tezligi o‘ta yuqori bo‘lsa, vaqt sekin o‘tadi. Fikr to‘g‘rimi?

393. Quyida keltirilgan iboralardagi mantiqiy xatolarni tahlil qiling.

1. – «Iye, bu yerda nega yolg‘iz o‘tiribsiz» deb so‘radi Gulchiroy.

– «Chunki, o‘zimdan boshqa hech kim yo‘q-da» deb javob berdi Aziza.

2. O‘ylagin-u, faqat yig‘lama. O‘ylasang, yig‘lab bo‘lmaydi. Axir bir vaqtning o‘zida qanday qilib ikki ishni qilish mumkin?

3. Ikki kishi eshikni taqillatmoqda. Eshikni hech kim ochmayapti. Shunda birinchi kishi yonidagi sherigiga dedi:

– Bekorga taqillatyapmiz. Ikki sababga ko‘ra bekorga! Birinchidan, men ham sen ham eshikning tashqari tarafidamiz. Ikkinchidan, ularning shovqini shu qadar kuchayganki, bizning taqillatganimiz tugul o‘zlarini ham eshitmayotgan bo‘lsalar kerak.

394. Tasavvur qiling: dushman qarorgohini alanga ostida qoldirish uchun kamonchilar o‘q uchiga chirmalgan paxtaga moy surtib, uni yoqib, yonib turgan o‘qlar otishmoqda. Xitoyda shu maqsadda yog‘och uchiga porox o‘ralgan. Portlovchi poroxli o‘qlar ancha olisga borib tushgan va shunda poroxning o‘zini otib ko‘rishgan va natijada … kashf etilgan. O‘ylab ko‘ring-chi, dastlab bayram mushakbozligiga xizmat qilgan, keyinchalik davlatlarning kuchliligi belgisidan biri bo‘lgan narsa nima?

395. Nima uchun vahimaning ko‘zi katta bo‘ladi?

396. Bir podsholikda zolim shoh bo‘lib, chegara ko‘priklarga sipohlarni qo‘yib qo‘ygan, har bir ko‘prikdan o‘tuvchi kishi albatta «Qayoqqa borayapsan» degan savolga javob qaytarish lozim ekan. Agar sayyoh yolg‘on gapirsa dorga tortilar, rost gapirsa daryoga otilarkan. Zukko dehqon ko‘prikdan o‘tishda sipohning savoliga shunday javob qaytarganki, uni ko‘prikdan o‘tkazishdan boshqa choralari qolmagan. Zolim shoh esa o‘z buyrug‘ini bekor qildirgan ekan. Dehqon savolga qanday javob bergan?

397. Ikki do‘st o‘rmonga archa daraxti uchun boribdilar. Qaytishda bir-birlari bilan garov boylashishibdi. «Kimki qishloqqa oxiri kirib borsa, uni antiqa sovg‘a kutadi». Garov juda ajoyib bo‘lib, hech kim uyga shoshilmas, vaqtni o‘tkazar edilar. Shu payt o‘rmonda Qorbobo uchrab qolibdi va ularga ajoyib maslahat beribdi. Do‘stlar tezda otlarga minibdilar-da, qishloqqa jo‘nab qolibdilar. O‘ylab ko‘ring-chi, Qorbobo do‘stlarga qanday maslahat bergan bo‘lishi mumkin?

398. Hikoyada keltirilgan ushbu iboralarni tahlil qiling: «… endi To‘lanboy otaning yoshiga, didiga mos keladigan, toza tabiatli, qo‘y ko‘rmasa ham, qumaloq ko‘rgan ayol topish lozim edi. Izlashga tushdilar. Topilishga topildi-ku, birining bo‘yi past, birining o‘yi, birining sochi tovonini o‘padi, birining aqli tovuqdan o‘tadi, biri bozor ko‘rgan echki bo‘lsa, biri bozorning betini ko‘rmagan, biri o‘zini bozorga solgan, biri eshik ko‘rgan bo‘lsa, biri beshik ko‘rgan. Yolg‘izlik yaratganga yarashgan, bandasiga bir bosh – bir balo, ikki bosh – qozon osh». Fikrlarni izohlang.

399. O‘z qadrini bilish takabburlik va xushomadgo‘ylik o‘rtasidagi xislatdir. Takabbur kishilar bilan yaxshi muomala qila olmaydi, chunki o‘zini hammadan ko‘proq yaxshi ko‘radigan, xudbin odamdir. Xushomadgo‘y esa, hamma bilan hamma yerda va har qanaqa muomalaga kirishib ketaveradi. O‘z qadrini bilgan kishi har kim bilan osh-qatiq bo‘lib ketavermaydi, faqat munosib odamlar bilan muomala qiladigan, o‘zini barchadan baland tutmaydigan, odamlardan qochmaydigan, mo‘tadil, me’yorni saqlaydigan odamdir. Kishi chegaradan chiqdimi, yoki takabbur, yoki xushomadgo‘y bo‘ladi, qoladi. Fikr to‘g‘rimi?

400. Quyidagi gipotezalarni tahlil qiling. Ilmiy bilimlar rivojida gipotezaning ahamiyati qanday?

XVII asrda yashagan rus olimi Lomonosovning jismlarning atom tizimini haqidagi gipotezasi.

1. Akademik O.Yu.Shmidt va V.G.Fesenkovlarning osmon jismlarining paydo bo‘lishi haqidagi gipotezasi.

2. Hozirgi zamon kimyogarlarining neftning organik va neorganik moddalarning birikmalaridan vujudga kelganligi to‘g‘risidagi gipotezasi.

3. Oparinning Yerda hayotning paydo bo‘lishi haqidagi gepotezasi.

401. Qadimgi yunon faylasufi Arastu fikricha, fazilat qarama-qarshi xislat va mayllar o‘rtasidagi holatdir. Inson hurmat-e’tiborga sazovor bo‘lishi uchun barcha his-hayajonlarida o‘rtachalikni ixtiyor qilishi lozim. Lekin hamisha o‘rtacha ish tutish qiyindir. Shuning uchun barkamol, hurmat-e’tiborga sazovor odam bo‘lish qiyin. Misol uchun, aylanani hamma ham chizaveradi, ammo uning markazini topishga ko‘pchilik qiynaladi. Shunga o‘xshash g‘azabga erk berish oson, buning ziddi beparvo bo‘lish ham oson, ammo bu masalada o‘rtacha yo‘l tutish qiyin. Suqrotning aytishicha, yaxshi odam va yomon odam bo‘lish bizning ixtiyorimizda emas. Hech kim o‘zining yaxshi va yomon fazilatlarini aytmaydi. Fazilatli bo‘lish, hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ilsh, yaxshi yoki nom olish insonning ixtiyoridadir. Fikr to‘g‘rimi?

402. Mashoyixlar fikricha, mullaning aytganini qilish, qilganini esa qilmaslik kerak ekan. Nima uchun?

403. Bir yil tut ekkan kishi yuz yil gavhar terarmish. Qanday qilib?

404. «Mantiqiy xatolar» rost bo‘lishi mumkinmi?

1. Amerikaning shtatlaridan birida boshpanasiz, xuddi maqsadga hech qanday yo‘nalishi bo‘lmagan kishilarni aniqladilar.

2. Xizmatchi ishdan kech qolgani uchun boshliq unga aytdi: Bu haftaning o‘zida bu uchinchi kech qolish. Vaqtida ishga kelishingiz uchun qanday chora qo‘llaylik? Xizmatkor esa pinagini buzmay javob qaytardi: Bugun men uxlab qolibman. Lekin siz faqat menga yopishib olgansiz, boshqalar ham kech qolishadi-ku?!

3. Hasadguy va bahil kishi bir insonni yerga urish uchun shunday deydi: Sizning aqlingiz, tafakkuringiz darajasini Sizning qanday rangdagi kiyimni kiyganligingiz ko‘rsatib turibdi!.

4. Uyat – o‘limdan qattiq. Nomussiz yurmoqdan nomusli o‘lmoq afzal. Er yigitning uyalgani – o‘lgani.

405. Bir donishmand dedi: Agar maslahat qiluvchini o‘z tug‘ishgan akangdek qabul qilsang so‘zlarini jon deb qabul qilib, unga amal qilsang, mening so‘zlarimga ham e’tibor ber. Fikrni tahlil qiling. Donishmandning fikri to‘g‘rimi?

406. Supermarketda bir ayolning hamyoni yo‘qolib qolgani haqida xabar keldi. Hech kim supermatketdan tashqariga chiqmasligi haqida o‘sha zahoti buyruq berildi. Supermarket direktori aynan shunday holat bir hafta ichida beshinchi marotaba sodir etilayotganini ta’kidladi. Gumon qilinayotganlar birma-bir so‘roq qilina boshlandi. O‘ng qo‘li gipslangan va yelkasiga osib qo‘yilgan xaridorga navbat kelgach, inspektor «unga bunday qo‘l bilan o‘g‘irlik qilib bo‘larmidi» deb chiqarib yubormoqchi bo‘ldi. U kishi esa «To‘g‘ri aytasiz, singan qo‘l bilan qanday qilib birovning kissasiga qo‘l uraman, chap qo‘lim esa tabiatan nogiron. Demak, mendan gumon qilish xato, yaxshisi men keta qolayin» dedi. Inspektor unga qaradi va hamyon o‘g‘risi aynan shu kishi ekanini bildi. Uni so‘roq qildilar va qamoqqa oldilar. Inspektor qanday qilib hamyon o‘g‘risini aynan «qo‘li gipslangan» kishi ekanini bilgan?

407. A.Fitratning fikricha, «har bir kishi barkamollik yoshiga kirgach, o‘z saodati ta’mini uchun maydonga kirmasdan iloji yo‘q. Bu kurashda g‘olib chiqish uchun uch o‘lchov quroli – «salohi masseh»ga ega bo‘lishi kerak. Agar ana shu uch quroldan birisiz maydonga kirsa, mag‘lub bo‘lishi tabiiydir». A.Fitrat nazarda tutgan uch o‘lchov quroli nima bo‘lishi mumkin?

408. «U»ning vazifasini ilgari balchiq, loy, qum, sahro, cho‘lda esa qum bajargan. Qadimgi yunonlar moydan foydalanganlar. U nima bo‘lishi mumkin?

409. Ushbu she’rni tahlil qiling. Shoir nima demoqchi?

Bir qarashda misning ham tilloga o‘xshash rangi bor,

Misning bahosi boshqa-yu, tilloning o‘zga narxi bor…

410. Rus adibi F.M.Dostoyevskiyning yozishicha, «inson tubsiz tilsimot. Uni albatta yechish lozim». Sizningcha inson tilsimini qanday yechish mumkin?

411. Qadimgi Yunonistonda bir ayol beva qolibdi. Merosning jami 35000 dinor bo‘lib, merosni ayol ko‘zi yorigandan so‘nggina bo‘lish mumkin ekan, chunki farzand o‘g‘il bo‘lsa, ona va o‘g‘il farzandga biru ikki, agar qiz bo‘lsa ona va qiz farzandga ikkiyu bir hissadan meros tegishi qonunlarda ko‘rsatilgan edi. Oy-kuni yetgach, ayol bir o‘g‘il va bir qiz farzand ko‘ribdi. Ayting-chi, qonunga bo‘ysungan holda merosni ona, o‘g‘il va qizga qanday bo‘lish mumkin?

412. Mantiq ilmini «bilimlar tarozusi» deb ta’riflaganda Ibn Sino nimani nazarda tutgan?

413. Lotoreya ommabop o‘yin bo‘lib, foydaning 40 %i yutuq uchun, qolgani esa lotoreya tashkilotchilari va obodonchilik, sihat-salomatlik ishlari uchun sarflanadi. Har bir lotoreyaning bahosi 100 so‘m bo‘lsa, yutuq uchun 100000 so‘m ajratilgan bo‘lsa, qolgani uchun yana qancha lotoreya bileti sotilishi kerak?

414. Bir savdogar safarga ketishidan avval 100 botmon temirini do‘stining uyiga qo‘yibdi. Safardan qaytgach, temirni so‘rab borsa do‘sti «Men omonatni uyni burchagiga qo‘yib xotirjam yuraveribman, la’nati sichqonlar fursatni g‘animat bilib temirni kemirib qo‘yishibdi» debdi. Savdogar «Gaping to‘g‘ridir. Men ham sichqonlar temirga o‘ch bo‘ladi deb eshitgan edim» debdi va shunday antiqa usul topibdiki, do‘sti unga temirni bus-butun qaytarib beribdi. Savdogar qanday hiyla ishlatgan ekan?

415. Qanday qilib o‘tmas pichoq qo‘l kesishi mumkin?

416. Buyuk Imom A’zam Abu Hanifa shogirdlariga der ekanlar: Sallalaringizni ulug‘lang, yenglaringizni keng qiling va salobatli kiyininglar. Ushbu so‘zlarning ma’nosini ayting. Buyuk Imom bu yerda nimani nazarda tutganlar?

417. Bir narsa to‘g‘risida bir-birini inkor etuvchi ikki hukm ayni bir vaqtda chin bo‘lishi mumkin emas. Bu formal mantiqning qaysi qonuniga to‘g‘ri keladi?

418. Nima uchun bir kam dunyo deydilar?

419. Oriflardan biri farzandiga dedi: «shoshilma, shoshib ish qilsang – buzib qo‘yasan, shoshib gapirsang – yanglishasan, shoshib o‘qisang – tushunolmaysan, shoshib yursang – qoqilasan, shoshib yesang – tiqilasan, shoshib ichsang – … ». Uning fikricha, shoshib ichgan kishi nima bo‘ladi?

420. Kunduzi o‘rmonda adashib qolgan kishi qanday qilib o‘rmondan chiqishi mumkin?

421. «Musofir bo‘lmaguncha, musulmon bo‘lmaysan» deydi xalqimiz. Nima uchun?

422. Inson bir vaqtning o‘zida ham jasoratli, ham adolatli ish qilishi mumkinmi?

423. Arablar har so‘zning o‘z joyi va har joyning o‘z so‘zi bor, deydilar. Bu maqolning ma’nosi nima?

424. Ushbu anogrammani yechib, ortiqcha so‘zlarni chiqarib tashlang.

altug‘ (lug‘at)

bokti ( )

malsho ( ) afdrat ( )

chukra ( )

taqnim ( )

425. Bir sayyoh qaysi yurtga borsa, avval o‘sha yurtning bozorini, keyin mozorini aylanar ekan. Sayyoh bir mamlakatda g‘alati manzaraning guvohi bo‘libdi. Har bir qabr tepasida tosh lavhalar bo‘lib, shunday bitiklar bor ekan: «Falonchi yetmish yil umr ko‘rdi va sakkiz yil yashadi, …. ellik besh yil umr ko‘rdi va o‘n besh yil yashadi, ….. oltmish yetti yil yashadi va yigirma bir yil yashadi, …. yetmish to‘qqiz yil yashadi va bir yil ham yashamadi». Sayyoh bu sinoatning tagiga yetolmabdi va chuqur o‘yga tolibdi. Sizningcha gap nimada? Bitiklarning ma’nosi nima?

426. Bir donishmand fikricha, «aql qancha qisqa bo‘lsa, til shuncha uzun bo‘ladi». Buni qanday izohlash mumkin?

427. Insonning sochi uning husnidir. Har bir boshda o‘rtacha 150 ming tola soch bo‘lsa, Har oyda 3 mingtasi tushib ketar, yana yangilari chiqar ekan. O‘ylab ko‘ring-chi, har bir soch tolasi boshda qancha umr ko‘radi ekan?

428. Mashhur fransuz faylasufi va matematigi R.Dekart «Men fikrlayapman, demak mavjudman» deganda nimani nazarda tutgan?

429. Sizningcha aqllilik va donolik bir xil tushunchalarmi yoki turlicha hodisalarmi?

430. Shaharlararo qatnovchi poyezd kupesida olti kishi bo‘lib, ular samimiy suxbatlashib borardilar. Birdan chiroq o‘chib, hammayoq qop-qorong‘u bo‘lib qoldi. Chiroq yongunga qadar hamma jim o‘tirdi, nihoyat yorug‘lik keldi. Kupeda o‘tirgan ayol chinqirdi: «Mening brilliant-to‘g‘nog‘ichim! Uni o‘g‘irlashdi». Kupedagilar bir-birlariga qaradilar. Shunda bir kishi «Iltimos, tinchlaninglar, men allaqachon kim olganini bilib bo‘lganman, uning kimligini hozir aytaman» dedi va o‘sha zahoti o‘g‘ri topildi. Ayting-chi, u kishi to‘g‘nog‘ich o‘g‘risini qorong‘ida bo‘lsa ham qanday qilib topa olgan?

431. «Har qanday yomonlikning ham yaxshi tomoni bor» deyilgan fikrning noto‘g‘riligini isbotlash mumkinmi?

432. Fors-tojik mumtoz she’riyati bo‘stonining sarvari, ilohiy ishq kuychisi Hofiz Sheroziy Sharqdagina emas, G‘arbda ham hurmat va shuhratga sazovor bo‘lgan. Uning g‘azallarida fikriy teranlik, salmoqli mulohazakorlik, hayotga tashnalik, jo‘shqin muhabbat, ma’naviy barkamollik aks etgan. Shoir «u»ni to‘rt xil joyda to‘rt xil gavhardir, deb ta’riflab, unga she’r bitgan:

Zumurradmen tok ichinda,

Shisha ichra aqiq, noyob.

Xum ichinda zuhro ersam,

Jom ichinda – yorqin oftob.

Hofiz Sheroziy bu yerda nimani nazarda tutgan bo‘lishi mumkin?

433. Ushbu iboralarni tahlil qiling:

«Kulib turgan odamning oldida yig‘lama».

«Yig‘lab turgan odamning oldida kulma».

Nima uchun? Kulish va yig‘lash insonning o‘z ixtiyorida emasmi?

434. Mashoyixlar fikricha, ko‘ngil ko‘ngildan suv ichadi. Qanday qilib ko‘ngil suv ichishi mumkin?

435. Bir faylasuf olomonga dedi: «Yomonlarni ehtiyot qiling! Yomon yo‘q bo‘lsa, yaxshilikning qadri bilinmay qoladi». Faylasufning fikrini qanday rad etish mumkin?

436. Yolg‘onchilik yomonlikdir, jaholat esa yovuzlikdir. Yolg‘onchiik yovuzlikmi?

437. Mahmud Qoshg‘ariy (vaf. XI asr oxiri)ning «Devonu lug‘ot it-turk» asari qimmatli va ibratli hikmatlar bilan yo‘g‘rilgan, ta’lim-tarbiya, xulq-odob, ilm-fan, ma’rifatga chorlovchi asardir. Mutafakkirning yozadi: xalqqa yaxshilik qil, yaxshilikni suv ichiga tashlasang-da, suv ustida ko‘rasan. Fikrni izohlang.

438. Axloq odobga doir kitoblar shu qadar ko‘pki, sanab ado qilib bo‘lmaydi. Lekin nima uchun insonning xulqiga dog‘ bo‘lib tushadigan zararli xulqlar – fitna-fujur, yolg‘onchilik, xudbinlik, ayyorlik, munofiqlik, aldamchilik, tekinxo‘rlik, tovlamachilik, talonchilik … hali ham yashab kelmoqda?

439. Inson murakkab biosotsial jonzot bo‘lib, uch buyuk qudrat – tana, ruhiyat, ma’naviyat yig‘indisidir. Insonning insonligini belgilovchi eng muhim xususiyat nima?

440. Bir kishi dedi: toki biz hayotdan yashashdan qo‘rqar ekanmiz, o‘limdan ham qo‘rqamiz. To‘liq mukammal yashamoq uchun unga tegishli hamma narsadan, ham sizni xafa qiladigan hamma narsadan voz kechmog‘ingiz kerak. Go‘zallik va muhabbat ichra yashaydigan odam o‘limdan qo‘rqmaydi, chunki sevmoq – o‘lmoq demakdir va shundagina Siz yashaysiz. Fikrni tahlil qiling.

441. Mashhur shoir va orif Jaloliddin Rumiyning ushbu masnaviysini o‘qing. Shoir nimani anglatmoqchi?

Ko‘ngil ichra nechuk olam, nechuk sulton, bilmassan.

Tanim sarg‘aydi, poyim ustuvor, chandon, bilmassan.

Munavvar bir quyoshmen, dur to‘la to‘lqinli ummonmen,

Zamin tegramdadir, dilda yashar osmon, bilmassan.

Jahon bo‘stonida bir bolaridek uchganim-uchgan.

Asaldek so‘zlarim, lekin senga pinhon, bilmassan.

Kalomdin ham muborakdir ular, men oshiyon qurdim.

Kabutarlarga dermanki, keling, ey jon, bilmassan.

Aql begona senga, yo‘q emish, fahmu farosat ham –

Bilarman, deb dam urma, bilganing yolg‘on, bilmassan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Abdulla Qahhor hikmatlari. – T.: O‘zbekiston, 1990.

2. Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. – T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1993.

3. Abu Rayhon Beruniy. Hikmatlar. – T.: Fan, 1973.

4. Akimushkin I. Tabiat ajoyibotlari. – T.: Mehnat, 1985.

5. Buyuk Imom Abu Xanifa. – T.: Istiqlol, 2004.

6. Voronsev V. Tafakkur gulshani. – T.: 1981.

7. Getmanova A. Logika. – M.: Vlados, 1998.

8. Grigorev B. Klassicheskaya logika. – M.: Vlados, 1996.

9. Jumaniyozov R. Harflar tilga kirganda. – T.: O‘qituvchi, 1995.

10. Jo‘rayev M., Holmuhamedov K. Yetti iqlimdagi yettilar. – T.: Fan, 1989.

11. Ivin A. Nikiforov A. Slovar po logiki. – M.: Vlados, 1998.

12. Ivlev Yu. Logika / Uchebnik dlya vuzov. – M.: Logos, 1998.

13. Yo‘ldoshev Q., Muftaydinov Q. Iqtisodiy bilim asoslari. – Andijon.: Andijon nashriyoti, 1995.

14. Karimov I. «Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q» // Muloqot. – Toshkent, 1998. – №5.

15. Karimov I. Donishmand xalqimizning mustahkam irodasiga ishonaman. / Fidokor gazetasi muxbiri savollariga javoblar // Fidokor. – Toshkent, 2000 yil 8-iyun.

16. Karimov I. Barkamol avlod O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori / O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida so‘zlangan nutq. 1997 yil 29 avgust.

17. Kondakov N. Logicheskiy slovar spravochnik. – M.: 1976.

18. Mantiq. Ma’ruzalar matni. T.: O‘AJBNT, 2001.

19. Makovelskiy A. Istoriya logiki. – M.: 1967.

20. Melxorn G., Melxorn X. Geniyami ne rojdayutsya. – M.: Prosvesheniye, 1989.

21. Otaqo‘ziyev D. Riyoziyot gulshani. – Namangan.: Namangan nashriyoti, 2000.

22. Rahimov I. Logika. – T.: O‘qituvchi, 1980.

23. Rahimov I. Logikadan amaliy mashg‘ulotlar va metodik tavsiyalar. – T.: O‘qituvchi, 1988.

24. Skirbekk G., Nils Gile. Falsafa tarixi. – T.: Sharq, 2002.

25. Falsafa lug‘ati. – T.: Fan, 1974.

26. Falsafa. Ensiklopedik lug‘at. – T.: O‘zME, 2004.

27. XayrullayevM., Haqberdiyev M. Mantiq. – T.: O‘qituvchi, 1993.

28. Shomaqsudov Sh, Shorahmedov Sh. Nega shunday deymiz. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti, 1988.

29. Yangi va eng yangi davr G‘arbiy Yevropa falsafasi. – T.: Sharq, 2002.

30. O‘rinboyev B., Soliyev A. Notiqlik mahorati. – T.: O‘qituvchi, 1984.

31. O‘zbekistonda ijtimoiy-falsafiy fikrlar tarixidan lavhalar. Akademik M.Xayrullayev tahriri ostida. – T.: Fan, 1995.

32. Hamroyev K. Qatradagi kamalak. – T.: O‘qituvchi, 1985.

Darsliklar
Mantiqiy masalalar to’plami