BOLOTNIKOV QOʻZGʻOLONI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
BOLOTNIKOV QOʻZGʻOLONI haqida malumot bilib oling.

BOLOTNIKOV QOʻZGʻOLONI (1606—07) — krepostnoylikka qarshi xoloplar, dehqonlar, shaharliklar, streleslar, kazaklarning Ivan Bolotnikov yetakchiligidagi qoʻzgʻoloni. 1606-y. ning iyulida Jan. Gʻarbiy Rossiyada boshlangan. Qoʻzgʻolonchilar 1606-y. avg. —sent. da Kromi va Kaluga yaqinida podsho qoʻshinlariga zarba berishgan. Podsho Vasiliy IV Shuyskiy siyosatidan norozi boʻlgan dvoryanlar unga qarshi qoʻzgʻalib, oʻz otryadlari bilan Bolotnikov qoʻzgʻoloniga kelib qoʻshilganlar. Koʻzgʻolonchilarning Kromi va Yeles atrofida hamda Ugra, Lopasnya daryolari boʻyida podsho askarlari ustidan qilgan gʻalabalaridan soʻng qoʻzgʻolon juda keng hudud (Rossiyaning jan. gʻarbi, jan. dagi 70 ga yaqin shaharlar, shuningdek quyi va oʻrta Volga boʻyi) ga yoyilgan. Qoʻzgʻolonchilar Moskvani 2 oy davomida (1606-y. 7 okt. dan 2 dek. gacha) qamal qilib turganlar. Podsho hukumatining qoʻzgʻolonchilar orasida ixtilof chiqarib, dvoryan otryadlarini dehqonlardan ajratish maqsadidagi turli nayranglari natijasida Moskva yonidagi jangda (1606-y. ning noyab.) dvoryan otryadlari dehqonlarga xiyonat kilib, podsho tomoniga oʻtib ketgan. Qoʻzgʻolonchilar shu tufayli Kotla daryosi boʻyida magʻlubiyatga uchrab (1606-y. 2 dek.) Kalugaga chekinganlar. 1607-y. yozkuz fasllarida qoʻzgʻolonchilar Ileyka Muromes otryadlari bilan Tula ostonalarida podsho qoʻshini bilan kurashganlar. 4 oylik qamaldan soʻng Tula taslim boʻlgach (1607-y. 10 okt.), B. Q bostirilgan.

Ensiklopediya.uz
BOLOTNIKOV QOʻZGʻOLONI