BOYOʻGʻLILAR haqida malumot bilib oling.
BOYOʻGʻLILAR, boyqushlar (Athene) — yapaloqqushlar oilasiga mansub tungi yirtqich qushlar urugʻi. Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrikada tarqalgan, 20 tacha turi bor. Oʻzbekistonda bir turi — uy boyoʻgʻlisi (A. noctua) uchraydi. Oyoqlari kuchli va paxmoq, tumshugʻi qayrilgan, pati mayin, tovushsiz uchib kelib, oʻljasini tutib oladi. Koʻzlari oʻtkirligidan salgina yorugʻni ham sezadi. Xira kulrang pati qorongʻida koʻzga chalinmaydi. Boyoʻgʻlilarning bu turi Yevropa, Shim. Afrika, Osiyoda ham tarqalgan. Uni dasht va choʻllarda, xaroba va qabristonlarda uchratish mumkin. Nari bilan modasi fakat urchish davrida birga yashaydi. Bahorda (urchiydigan vaqtda) kechalari, baʼzan kunduzi ham sayraydi. Ovozi yigʻlagan bolaning tovushini eslatadi. Uyasini turli kovaklarga quradi. 4—9 ta tuxum qoʻyadi. Tuxumdan bir oyda joʻja chiqadi. Boyoʻgʻlilar mayda kemiruvchilar, kaltakesaklar, hasharotlar va kichik qushlar bilan oziklanadi. Zararkunanda kemiruvchilarni qirib, xoʻjalikka foyda keltiradi.
Ensiklopediya.uz
BOYOʻGʻLILAR