Turdi to‘qsabo – ozodlik kurashchisi haqida to’liq ma’lumot oling
Post Views:
581
Hech kimga sir emas, yurtimiz hududida milliy ozodlik kurashiga boshchilik qilgan Madaminbek, Shermuhammadbek, Abdujabbor maxdum kabi o‘nlab qo‘rboshilarni hisobga olmaganda, birgina Qashqa vohasida harakat qilgan Turdi to‘qsabo, Gul oqsoqol, Davron oqsoqol, mulla Juma, Eshonqul Tursun, Juma qorovulbegi, Sherqul, Saidxo‘ja, Chori yasovulboshi, Bo‘ri to‘qsabo, Sharaf o‘zbek, Bahrombek, Xo‘jamqul va boshqa qo‘rboshilar haqida deyarli bilmasdik. Bilganlarimiz ham elas-elas gap-so‘zlar edi. Quyida ulardan biri – Turdi to‘qsabo haqida so‘zlashsak.
Ma’lumki, sho‘rolar hokimiyat tepasiga kelganda, mahalliy xalq orasida obro‘ topgan, ilm-ma’rifatli odamlarni o‘z tomonlariga og‘dirish maqsadida ularga turli mansablarini bera boshlaydi. Kosonning Arabxona qishlog‘idan yetishib chiqqan Turdi to‘qsabo 1920 yilgacha amirlik xizmatida bo‘lib, uni ham 1921 yil oxirlarida Koson tumani ijroqo‘m raisining muovinligiga qo‘yishadi. Ijroqo‘m raisligiga esa Obron qishlog‘ilik Gul oqsoqol tayinlanadi.
Oradan ozroq vaqt o‘tib, yuqori mansablarda faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy oqsoqollar sho‘rolarning asl niyatlarini tushunib qolishadi va sovetlarga qarshi chiqib, ozodlik kuchlari safiga qo‘shilib ketadilar. Hatto viloyat milisiya bo‘limining boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan Doniyorbek o‘z qo‘l ostidagi 180 nafardan oshiq qurollangan xodimlari bilan ozodlik bayrog‘ini ko‘taradi. Bu orada Gul oqsoqol, Turdi to‘qsabo, mulla Juma qorovulbegi singari o‘nlab qo‘rboshilar Kosonga yaqin Maymanoq tog‘i etaklarida o‘rnashib olib, bosqinchilarga qarshi kurashga kirishgandi.
Dovyurakligi va chavandozligi bilan dong‘i chiqqan Turdi to‘qsabo atrofida dastlab qirqqa yaqin yigit birikkan bo‘lsa, keyinroq ularning soni 600 nafarga yetadi. Atrof qishloqlardan to‘plangan yigitlarning shaxsiy oti bo‘lsa-da, qurol va o‘q-dori masalasida yetishmovchilik yuzaga keladi. Buning uchun Turkmaniston orqali Erondan qurol-yarog‘lar keltiriladi. Qo‘shni Afg‘oniston bilan bordi-keldi qilinib, amir qarorgohidan, shuningdek, turkiyalik Anvar poshodan yo‘l-yo‘riqlar olib turiladi. 1922 yilga kelib, Turdi to‘qsabo sho‘rolar tuzumiga qarshi kurashchilarning yalovbardoriga aylanadi. Arabxona qishlog‘i esa kurashchilar markaziga aylanadi.
Turdi to‘qsabo o‘z kurashi davomida amirlik davri ma’muriyatini tiklashni maqsad qilgandi. Ba’zida bunga muvaffaq ham bo‘ldi. Ammo bu vaqtinchalik bo‘lib, umri juda qisqa kechdi. Bunga sabab o‘sha yillarda Turdi to‘qsabo singari qizillarga qarshi kurashayotganlarning birlashmagani, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlamagani edi. Ular qizillarga qarshi kurashayotgandek bo‘lardilaru, amalda tarqoq holda edilar. Yagona rahbar izmida bo‘lib, bir maqsad sari harakat qilinmagani yakuniy maqsadga erishishga xalaqit berardi.
Birgina Turdi to‘qsabo atrofida to‘plangan mahalliy yigitlarni oladigan bo‘lsak, ularning yoshi har xil bo‘lganidek, dunyoqarashi, fikrlash doirasi, aql-idroklari ham birdek emasdi. Bu esa ular orasidagi birlikka, yagona maqsad sari harakat qilishga ancha putur yetkazayotgan edi. Boz ustiga avval uning to‘dasida bo‘lgan ba’zi nopok yigitlar Turdi to‘qsabo nomini sotib, sho‘rolar jamiyatiga o‘zlarini yaxshi ko‘rsatish harakatida ham bo‘layotgandi. Amal va yerli-suvli bo‘lish va’dasiga uchgan mahalliy yigitlar, imkon bo‘ldi deguncha sho‘rolar tomonga o‘tishga, ixtiyoriy taslim bo‘lishga harakat qila boshladilar. Ular sho‘ro rahbarlarini Turdi to‘qsabo va uning safdoshlari, ularga moddiy ko‘mak berib turgan kosonlik boylar to‘g‘risidagi bor sirdan xabardor qiladilar.
1925 yilning boshiga kelib, Turdi to‘qsaboni oradan ko‘tarish Qashqadaryo okrugi firqa, sovet tashkilotlari, qizil armiya qismlari va umuman, jazo organlarining asosiy muammosiga aylanadi. O‘sha damda Turdi to‘qsabo to‘dasining safi ancha siyraklashib, yurt mustaqilligi uchun o‘limini bo‘yniga olgan sadoqatli yigitlargina qolgan edi. Buyam yetmaganday sovet tashviqot quroli bilan Turdi to‘qsabo to‘dasi xalqqa yomonotliq qilib ko‘rsatila boshlangandi. Viloyat bosmachilikka qarshi kurash kengashi qishloqlarning sho‘rolarga mayli bo‘lgan aholi vakillaridan ko‘ngilli guruh tuzishga qaror qiladi.
Xo‘sh, aholi o‘rtasida sho‘rolarga mayl qaerdan kelib chiqdi? Masalan, 1925 yilning oktyabr’ oyida Olato‘n qishlog‘ining 12 ta uyi yoqib yuborilgan va aholiga “Buni Turdi to‘qsabo yigitlari qildi, ular qishloqning qolgan uylarini ham yoqib yuboradi” degan shov-shuv tarqatilgan. Natijada aholining Turdi to‘qsabo yigitlariga nisbatan nafrati qo‘zg‘atilgan va ko‘ngilli guruhning aksar a’zolari Olato‘n qishlog‘i hisobidan to‘ldirilgan. Shu qishloqlik mulla Tog‘ay va uning to‘pari Turdi to‘qsaboga qarshi sovetlarga, qizil armiya qismlariga ko‘ngilli guruh a’zolari sifatida faol yordam berishgan.
1925 yilning 7 noyabri Turdi to‘qsabo uchun halokatli kun bo‘ladi. Qamashi tumanidagi Sartuldi qishlog‘ida qizil armiya qismlari 24 yigitdan iborat Turdi to‘qsabo to‘dasini aniqlab, jangga kirishadi va soat 17 da ularni o‘rab olishga muvaffaq bo‘ladi. Qattiq otishuv chog‘ida Turdi to‘qsabo va uning oti o‘ldiriladi.
To‘qsabo Chimdan g‘arbroqda joylashgan Qoratikan qishlog‘i qabristoniga dafn qilinadi. Oradan ikki kun o‘tib, uning qabri ochiladi. Sovet hokimiyatining ashaddiy dushmani sifatida qo‘rboshining xoki tahqirlanadi – boshi tanasidan judo etiladi va ishonch hosil qilish uchun Qarshiga olib kelinadi.
Tarixchi Poyon Ravshanov yozganidek, “Qo‘rboshi Turdi to‘qsabo halokati Qashqa vohasida o‘tgan asrning 20-yillari boshlarida vujudga kelgan, sovet hokimiyatiga qarshi katta kuchga aylangan ozodlik harakati uchun katta yo‘qotish, mag‘lubiyatning ibtidosi edi”.
Sovet mafkurasining ta’siri o‘laroq, bunday shaxslarga nisbatan yaqin-yaqinlargacha noto‘g‘ri, adolatsiz munosabatda bo‘lib kelindi. Ozodlik kurashi bilan bosmachilik qorishtirib yuborildi. Masalan, 1997 yil “Nasaf” nashriyoti tomonidan “Koson: tarix sahifalarida” nomli kitob chop etilgan bo‘lib, unda “Bosmachilar” harakati va uning tugatilishi” nomli bo‘lim keltirilgan. Kitobning 14-sahifasida shunday yoziladi: “Bosmachi”larning xuruji kuchaydi. Ahmad oqsoqol “bosmachi”larning talablarini bajarmaganligi uchun uni kechasi uyidan olib chiqishadi va tog‘ orasida tiriklayin uloq qilib chopishadi. Bunday harakatlar ommani g‘azabga keltirmay qolmasdi…”
Bu aslida yuqorida aytganimizdek, ozodlik harakati ishtirokchilarini yomonotliq qilish maqsadida tashkil qilingan kirdikorlar ekani endi-endi ayon bo‘layapti.
Bundan tashqari, kitobda Turdi to‘qsabo 1922 yilning boshlarida tor-mor qilingani aytiladi. Biroq manba keltirilmaydi. Aslida Turdi to‘qsaboning o‘z to‘dasiga 1925 yil 7 noyabr’ kunigacha bosh bo‘lgani haqida aniq hujjatlar bor.
Shu sabab professor Poyon Ravshanov o‘zining “Qamoq saltanati” asarida vaqt va tarix haqida fikr yuritar ekan, “Yurt boshiga kulfat kelganda fidoyi o‘g‘lonlar, mard bahodirlar, erksevarlar ko‘ksini qalqon qiladi. Milliy tuyg‘udan yiroq nomardlar, xudbinlar, betayinlar, nafs bandalari, qora yuraklar ularni sotadi. Tarix, aslida oq va qorani juda aniq ajratib beradigan donishmand fandir. Chunki, uning tayanchi, tamali vaqtdir. Vaqt hamma narsaning aslini yuzaga chiqaradi”, degan to‘xtamga kelgandi.
Shunday ekan, hamma narsani o‘z nomi bilan, qahramonni qahramon, bosqinchini bosqinchi, deb atash bizning burchimiz ekanini, shunda tarix haqiqati buzilmasligini unutmasligimiz darkor.
Shomurod SHARAPOV
Malumotlar
Turdi to‘qsabo – ozodlik kurashchisi