9-Mavzu. G‘arb mamlakatlarida integratsiyalashuv jarayonlarining jadallashuvi. Yevropa ittifoqi va AQSH munosabatlari
Integratsiyalashuv jarayonlari va ularning natijalari
XX asrning ikkinchi yarmida boshlangan kapital, tovarlar, xizmat ko‘rsatish va ishchi kuchining erkin harakatlanishi G‘arbiy Yevropa mamlakatlarida rivojlanish va yashash darajasini bir-biriga yaqinlashtirdi. Ishchi kuchlarining rivojlangan mamlakatlarga mavsumiy yoki shartnoma asosida ishga borishi kam rivojlangan mamlakatlarda ishsizlik muammosini hal qilishga ko‘maklashdi. Qoloq mintaqalarni rivojlantirish umumyevropa dasturlari ham bu mintaqalarning iqtisodiy o‘sishiga yordam berdi.
Ikkinchi jahon urushi Yevropa davlatlari uchun qanday natijalar bilan yakunlandi? |
Integratsiya ta’sirida rivojlangan Yevroatlantika mamlakatlarida astasekin yagona iqtisodiy siyosat modeli shakllanib bordi. Ular o‘rtasidagi asosiy farq iqtisodiyot ustidan davlat nazoratining darajasi, unga ta’sir ko‘rsatish usullari bilan bog‘liq edi. 1990-yillardan boshlab Yevropa integratsiyasining keyingi rivojlanishi ikki yo‘nalish bo‘yicha bordi. Birinchidan, yangi a’zolarni qabul qilish yo‘nalishi bo‘lib, 1996-yili a’zolar soni 15 taga yetdi. 2002-yili Kopengagenda (Daniya) bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yevroittifoqqa yangi a’zolar – Vengriya, Kipr, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya, Estoniya qabul qilindi.
Albatta, yangi a’zolar uchun o‘tish davri ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu davr mobaynida ular o‘z qonunchiligini, moliyaviy va iqtisodiy tizimini yagona Yevropa talablariga moslashtirishi lozim edi. Ularga o‘zlarining ichki muammolarini hal qilish uchun Yevroittifoq budjetidan subsidiyalar berildi. Ikkinchidan, integratsiyaning chuqurlashuvida Yevropa mamlakatlarida o‘zaro siyosiy munosabatlar sohasini ham qamrab olish yo‘lidan borildi. Yevropa parlamentining maqomi oshdi, Yevroparlamentga to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovlar o‘tkaziladigan bo‘ldi.
1987-yili Yevropa Iqtisodiy Hamkorlik tashkilotini YIga aylantirish bilan u «ichki chegaralarsiz makon» bo‘lib qoldi. 1993-yili yagona Yevropa fuqaroligini ta’minlagan Maastrixt kelishuvlari kuchga kirdi. YIga kiruvchi mamlakatlar fuqarolari hech qanday vizasiz Ittifoqning istalgan mamlakatida o‘zi xohlagan muddat yashashi va mahalliy saylovlarda ishtirok etishi mumkin bo‘ldi. Qonunchilikni birxillashtirish huquqiy me’yorlarning yagona Yevropa tizimi shakllanishiga olib keldi.
2002- yili Yevropada (Buyuk Britaniyadan tashqari) yagona valuta – yevro joriy qilinishi YI davlatlarini yanada yaqinlashtirdi. Kelishilgan yagona tashqi va mudofaa siyosati olib borilmoqda. Endi Yevropa Ittifoqiga amalda konfederatsiya tipidagi yagona davlat tuzilmasi sifatida qarash mumkin bo‘ldi. Yevroatlantika mamlakatlarining keyingi integratsiyasi G‘arbiy Yevropa bilan Shimoliy Amerika davlatlarining yanada yaqinlashuvi asosida yuz bermoqda.
1987-yili … Maastrixt kelishuvlari … |
Ammo so‘nggi paytlarda YI ga kiruvchi bir qator davlatlar qarzining haddan oshib ketishi katta muammolarni keltirib chiqardi. 2015-yilgi saylovlarda Gretsiyada hokimiyatga kelgan A. Sipras boshchiligidagi so‘llar hukumati mamlakatning qarzini kreditorlar qo‘ygan shartlar bo‘yicha uza olmasligini e’lon qildi. Shundan so‘ng o‘tkazilgan referendumda Gretsiya aholisining ko‘pchiligi hukumatni qo‘llab ovoz berdi. Gretsiya hukumati qarzlarning bir qismidan voz kechishlarini talab qildi. Gretsiya qarzini restrukturizatsiya qilish to‘g‘risida Yevrokomissiya kelishuvga erishgan bo‘lsada, Yevropa markaziy banki va Xalqaro valuta fondi bilan muzokaralar yana davom etdi.
Italiya va Ispaniyaning ham qarzlari juda katta miqdorni tashkil qiladi. Ayni paytda YI da iqtisodiy jihatdan yetakchilik qilayotgan Germaniya va Fransiyaning siyosiy bosimidan ham norozilik kuchayib bormoqda. Bu norozilikning yorqin namoyishi Buyuk Britaniyada 2016-yil iyunda o‘tkazilgan referendum bo‘lib, unda ishtirok etgan aholining yarmidan ko‘pi mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishi uchun ovoz berdi. 2016- yil sentabrda Bratislava shahrida bo‘lib o‘tgan YI rahbarlari yig‘ilishida ilk bor Buyuk Britaniya bosh vaziri qatnashmadi. Unda nutq so‘zlagan GFR kansleri A. Merkel YI og‘ir inqirozda ekanligini tan oldi.
Bu inqirozning yana bir namoyishi 2017-yil oktabr oyida Ispaniyaning Kataloniya avtonom viloyatida o‘tkazilgan referendum bo‘ldi. Uning natijalariga ko‘ra Kataloniya mustaqilligi e’lon qilindi. Ammo Madriddagi markaziy hokimiyat referendum natijalarini tan olmadi, Kataloniya hukumati a’zolarini qamoqqa oldi va avtonomiyaning to‘g‘ridan to‘g‘ri Madriddan boshqarilishini e’lon qildi.
YI va AQSH munosabatlari
«Sovuq urush» yakunlanib, kommunizm xavfi bartaraf qilingandan so‘ng AQSH bilan YI o‘rtasidagi munosabatlarda ham o‘zgarish yuz berdi. 1990-yili YI va AQSH o‘rtasida Deklaratsiya – Transatlantik xartiya imzolandi. Unda ikkala tomonning yaqin hamkorligi, muhim masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlari ta’kidlandi.
2002-yili Kopengagenda (Daniya) bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Yevroittifoqqa yangi a’zolar – Vengriya, Kipr, Latviya, Litva, Malta, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, Chexiya, Estoniya qabul qilindi. 2002-yili Yevropada (Buyuk Britaniyadan tashqari) yagona valuta – yevro joriy qilindi. 2015-yil saylovlarda Gretsiyada hokimiyatga A.Sipras keldi. |
YI va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning o‘ziga xos tomoni shundaki, unda an’anaviy ikki tomonlama shartnomalar mavjud emas. Bu munosabatlar xalqaro tashkilotlarning me’yor va qoidalari bilan tartibga solinadi. 2007-yili YI va AQSH Transatlantik iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi va Transatlantik iqtisodiy kengash joriy qildi. Ammo tomonlar bu kelishuvni to‘liq amalga oshirishga shoshilmadi. 2000-yillar davomida bir qancha kelishuvlar imzolanib, ular tomonlar o‘rtasidagi aloqalarning turli xususiy jihatlarini tartibga solishga qaratildi.
AQSH va YI dunyoda eng yirik energiya iste’molchilari bo‘lib, ular atmosferaga eng ko‘p zaharli moddalarni chiqaradi. 2000-yillar boshlarida ikki tomon energetika samaradorligi, xavfsizlik va iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida bayonot, Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risida BMT ning Parij konvensiyasini imzoladi. Ammo 2017-yili AQSH prezidenti D.Tramp mamlakatning bu konvensiyadan chiqishini e’lon qildi. AQSH bilan YI o‘rtasidagi munosabatlarda ma’lum kelishmovchiliklar mavjud. Bu kelishmovchiliklar ayniqsa xalqaro muammolarni hal etishdagi yondashuvlarning farqida keskin ko‘zga tashlanmoqda.
AQSH xalqaro mojarolarni hal qilishda kuchga tayanish tarafdori, YI esa diplomatik imkoniyatlardan oxirigacha foydalanish lozim deb hisoblaydi. Shunga qaramasdan, ular o‘zaro siyosiy, harbiy strategik va iqtisodiy hamkorlik manfaatlari orqali bir-biri bilan uzviy bog‘langan. AQSH va YI yagona Yevroatlantik sivilizatsiyaning vakillari bo‘lib, bu ular o‘rtasidagi munosabatlarni belgilovchi asosiy omil hisoblanadi.
Kapital – bu qo‘shimcha qiymat olishda foydalaniladigan moddiy, intellektual va moliyaviy vositalar yig‘indisi. Subsidiya – davlat yoki boshqa biron-bir muassasa tomonidan boshqa davlat, muassasa, alohida shaxsga ko‘rsatiladigan moliyaviy yoki moddiy yordam. Restrukturizatsiya – bu qarz yoki kreditni to‘lash shartlarini qayta ko‘rib chiqish va o‘zgartirish. |
1990-yil…. 1987-yili … 2015-yilgi … 2017-yili … |
Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
- 1990-yillari Yevropa integratsiyasi qanday yo‘nalishlar bo‘yicha davom ettirildi?
- Buyuk Britaniyaning YIdan chiqishiga qanday omillar sabab bo‘ldi?
- YI va AQSH munosabatlari qanday hujjatga asoslanadi?
- YI va AQSH o‘rtasida qanday masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud?
Mustaqil ish
Internet vositasida Transatlantik xartiyaning mazmun mohiyati bilan tanishing. |
Maktab darsliklari, Ta‘lim
9-Mavzu. G‘arb mamlakatlarida integratsiyalashuv jarayonlarining jadallashuvi. Yevropa ittifoqi va AQSH munosabatlari